Specific social aspects of marriage relations in Islam (Marriage of Ali roziyallohu anhu to Fatima roziyallohu anho)
Abstract
This article analyzes the unique social aspects of marriage relations in Islam, specifically through the example of the marriage of Ali (may Allah be pleased with him) to Fatima (may Allah be pleased with her). The religious, historical, social, and ethical foundations of marriage are examined, and through this historical event, the significance of Islamic marriage and its role in society are highlighted. The marriage of Ali and Fatima serves as an important example of how marital relations are formed and maintained in Islam. The study explores the spiritual and social dimensions of marriage, as well as the concepts of respect, affection, and responsibility between spouses.
Keywords:
Islom dini nikoh Ali roziyallohu anhu Fotima roziyallohu anha nikoh munosabatlari diniy asoslar ijtimoiy ahamiyat oila munosabatlari tarixiy voqea.Kirish
Nikoh – inson hayotidagi eng muhim va muqaddas ijtimoiy institutlardan biridir. Islom dini nikohni nafaqat shaxsiy baxt va oilaviy barqarorlikning asosi, balki jamiyatning sog‘lom rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy muhitni yaratish vositasi sifatida qaraydi. Nikoh orqali insonlar o‘rtasida mustahkam ahloqiy va ijtimoiy rishtalar yuzaga keladi, bu esa oila va butun jamiyatning barqarorligini ta’minlaydi.
Islomda nikoh munosabatlari nafaqat diniy qoidalar bilan tartibga solinadi, balki ularning ijtimoiy jihatlari ham alohida e’tibor talab qiladi. Bu jihatlar o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, mas’uliyat va jamiyatdagi o‘rinni belgilash kabi tamoyillar orqali namoyon bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan, Ali roziyallohu anhuning Fotima roziyallohu anhoga uylanishi misoli islomiy nikohning ijtimoiy mohiyati va ahamiyatini chuqurroq anglashga imkon beradi.
Ushbu maqolada nikohning islomiy ijtimoiy jihatlari tahlil qilinib, Ali va Fotimaning nikohi orqali bu munosabatlarning qanday shakllanishi va jamiyatda qanday o‘rin tutishi ko‘rib chiqiladi.
Metodologiya
Ali ibn Abu Tolib (r.a.) islom tarixida ulug‘ sahobalardan biri bo‘lib, Rasululloh Muhammad (s.a.v.)ning sevimli qizi Fotima (r.a.)ga uylangan. Ularning nikohi hijratning ikkinchi yili Madinada o‘tkazildi. Bu nikoh nafaqat oila barpo etish, balki islom jamiyatining mustahkamlanishida ham muhim ahamiyat kasb etdi. Ali va Fotima (r.a.)ning hayotlari sabr, sadoqat va poklik namunasi bo‘lib, musulmonlar uchun ibratdir.
Fotima bashariyat sayyidi va taqvodorlar imomi bo‘lmish Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning qizlari bo‘lib, onasi Xadicha binti Xuvaylid edi. Kunyasi Ummu Abiyho (otasining qizi) edi. Fotima roziyallohu anho tug‘ilganida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘ttiz besh yoshda edilar, hali payg‘ambar bo‘lmagan edilar(Ibn Sad). Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam Fotimani hijratning ikkinchi yili Badr g‘azotidan keyin Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga uzatdilar. O‘rtalarida Hasan, Husayn va Ummu Gulsum ismli farzandlar tug‘ildi. Fotimaning vafoti Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning vafotlaridan olti oy keyin sodir bo‘ldi, Alloh undan rozi bo‘lsin.
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu aytadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzuriga qizlari Fotimani so‘rab sovchilar kelishayotgan ekan. Ozod etgan cho‘rimiz bor edi. U mendan: “Fotimani so‘rab, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzurlariga sovchilar kelayotganidan xabaring bormi?”, deb so‘radi. Men: “Yo‘q”, dedim. U: “Unga sovchilar kelmoqda. Sen ham Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga borib so‘rab ko‘rgin, uni senga bersalar kerak”, dedi. “Men nimamga uylanaman, hech narsam yo‘q-ku”, dedim. “Sen boravergin, borsang uni senga beradilar, deb o‘ylayman”, dedi. U meni borishga qistayvergach, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzurlariga bordim. U zotning oldilarida o‘tirar ekanman, haybatlari bosib, xijolatdan tilim so‘zga kelmay qoldi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Nega kelganding? Biron hojating bormidi?”, deb so‘radilar. Indamay o‘tiraverdim. “Fotimaning qo‘lini so‘rab kelganga o‘xshaysan?”, dedilar. “Ha, shunday”, dedim. “Mahrga berishga biron narsang bormi?”, deb so‘radilar. “Hech vaqom yo‘q, yo Rasululloh”, dedim. “Seni qurollantirganimda bir sovut bergan edim, o‘shani nima qilding?”, dedilar. U qiymati nari borsa 400 dirhamli bir sovut edi. “Turibdi”, dedim. “Bor, o‘shani unga mahr qilib ber, men Fotimani senga berdim”, dedilar. O‘sha sovut Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning qizlari Fotimaning mahri bo‘ldi (Bayhaqiy).
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Fotimani choyshabsimon bir mato, bitta mesh va teridan qilinib, ichiga izxir barglari solingan bir to‘shama bilan kelinlik uyiga uzatdilar (Subtiy).
Bir rivoyatda: “Keyin men sovutimni bozorga olib borib, 400 dirhamga Usmon ibn Affonga sotdim. Pulini berib, sovutni qo‘liga olganidan so‘ng u: “Pul seniki, sovut meniki bo‘ldi, shundaymi?”, dedi. “Ha”, dedim. “Endi bu sovut mendan senga hadya bo‘lsin”, deb uni qo‘limga tutqazdi. Men sovut bilan pulni olib borib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam oldilariga qo‘ydim va Usmonning qilgan ishini aytib berdim. U zot uning haqqiga yaxshilik tilab duo qildilar (Irbiliy).
Asmo binti Umays aytadi: Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning qizlari Fotimaning kelinlikka uzatilishida hozir bo‘ldim. Tong payti Rasululloh sollallohu alayhi va sallam eshik oldiga kelib: “Ey Ummu Ayman, inimni menga chaqirib bering”, dedilar. Men: “U iningiz bo‘lsa-yu, qizingizni unga berayapsizmi?”, deb so‘radim. “Ha, ey Ummu Ayman”, dedilar. Ali chiqib keldi. U zot bir idishchada suv chorlab, (unga dam soldilar), Aliga o‘sha suvdan sepdilar va uning haqqiga duo qildilar. So‘ng menga: “Fotimani chaqiring”, dedilar. Fotima uyalganidan kiyimiga qoqinib-suqinib yurib keldi. “Kel qizim, uyalma, men seni ahli baytim ichidan o‘zimga eng suyumli bo‘lgan kishiga uzatdim”, dedilar. So‘ng unga ham suvdan sepib, duo qildilar. Keyin Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qaytib ketayotgan edilar, yo‘lda mening qoramga ko‘zlari tushib: “Kim bu?”, dedilar. “Men”, dedim. “Asmo?”, dedilar. “Ha”, dedim. “Asmo binti Umaysmi?”, dedilar. “Ha”, dedim. “Rasulullohning qizini qutlab, to‘yiga keldingizmi?”, dedilar. “Ha”, dedim. Shunda u zot mening haqqimga duo qildilar (Fazoilus sahoba).
Buraydadan rivoyat qilinadi: Ali Fotimaga xaridor bo‘lganida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Nikoh to‘yiga ziyofat lozim”, dedilar. Shunda Sa’d: “Bitta qo‘chqor mendan”, dedi. Ansorlardan bir jamoasi bir necha so’ jo‘xori keltirdilar. To‘y kechasi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Aliga: “To myenga yo‘liqmaguningcha hech narsa qilmagin”, dedilar. So‘ng suv chorladilar, undan o‘zlari tahorat qildilar, keyin uni Alining ustidan quydilar. Keyin: “Allohumma borik fiyhima va borik alayhima va borik fiy shiblihima” (Ey Alloh, ularga muborakli qil, ustlariga barakot yog‘dir, avlodlariga baraka ato et) deb duo qildilar (Tabaroniy).
Ali va Fotima Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga eng suyukli kishilar bo‘lgani holda, yashash sharoitlari og‘ir, qashshoqlik va qiyinchilikda sabr bilan kun kechirar edilar. Ali roziyallohu anhu aytadi: Bir necha kunlab na bizning uyimizda, na Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uylarida yeyishga hech vaqomiz bo‘lmas edi. Bir kuni ko‘chadan bir dinor topib oldim. Olsammi, olmasammi, deb ancha o‘ylanib turdim. Keyin muhtojlik vajidan uni oldim-da, unfurushlar yoniga borib, un sotib oldim. Keyin uni Fotimaga olib kelib: “Xamir qorib, non yopgin”, dedim. Fotima ochlikdan qiynalib xamir qila boshladi, quvvatsizligidan boshi tog‘oraga tegay derdi. So‘ng non pishirdi. Men Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam huzurlariga borib, bo‘lgan voqeani aytib bergan edim, u zot: “Yeyaveringlar, Alloh azza va jalla sizlarga O‘zi rizq ato etibdi”, dedilar (Nadviy).
Sha’biydan rivoyat qilinadi, Ali roziyallohu anhu dedi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning qizlari Fotimaga uylanganimda mening ham, uning ham bitta qo‘y terisi (po‘stak)dan boshqa to‘shagimiz yo‘q edi. Kechasi ustida uxlar edik, kunduzi unda tuyaga yem berardik. Mening undan (Fotimadan) boshqa xizmatchim yo‘q edi” (Nadviy).
Mujohiddan rivoyat qilinadi, Ali roziyallohu anhu dedi: “Bir marta Madinada qattiq och qoldim. Ish izlab, Avoliy tomonga chiqdim. Qarasam, bir xotin bir talay kesak to‘plab qo‘yibdi. Ularni ivitmoqchi bo‘lsa kerak deb o‘yladim. Oldiga borib gaplashdim, bir chelak suvga bir donadan xurmoga kelishdik. So‘ng men o‘n olti chelak suv tortib chiqardim, hatto qo‘llarim qavarib ketdi. Keyin u xotin menga o‘n olti dona xurmoni sanab berdi. Men xurmolarni olib, Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam huzurlariga bordim va u kishiga qilgan ishimni aytib berdim. U zot ham xurmodan yedilar” (Musnadi Ahmad).
Fotima roziyallohu anho g‘oyat sodda va faqirona hayot kechirar, uning turmushi farovonlikdan ko‘ra qashshoqlikka ancha yaqin edi. Quyidagi voqea uning naqadar qiyinchilikda kun o‘tkazganini va Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan xizmatkor so‘raganida u zot bunga qanday munosabat bildirganlarini hikoya qiladi. Ali bir kuni Fotimaga: “Qasamki, suv tortib chiqaraverib, ko‘kragim og‘rib ketdi. Otangga Alloh asirlar beribdi. Borib, xizmatkor so‘rasang-chi”, dedi. Fotima ham: “Qasamki, men ham qo‘l tegirmon ishlataverib, qo‘llarim qavarib ketdi”, dedi. So‘ng Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam huzurlariga bordi. Fotima aytadi: U zot: “Nima yumush bilan kelding, ey qizim?”, deb so‘radilar. Men uyalib, muddaomni aytolmadim, “Siz bilan salomlashgani keldim”, dedim. Uyga qaytganimda Ali: “Nima qilding?”, deb so‘ragan edi, “So‘rashga uyaldim”, dedim. Keyin ikkalamiz birga bordik. Ali: “Yo Rasululloh, qasamki, suv tortaverib ko‘kragim og‘rib ketdi. Fotima qo‘l tegirmon ishlataverib qo‘llari qavarib ketdi. Alloh sizga biroz yengillik yaratibdi, asirlar ato etibdi. Bizga ham birorta xizmatkor bersangiz”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Allohga qasamki, ahli suffaning qorinlari ochlikdan tirishib yotganda, ularga biron narsa topib berolmay turgan holimda, ularni qo‘yib, sizlarga bermayman. Men u asirlarni sotib, pulini o‘shalarga sarf qilaman”, dedilar. Biz qaytib ketdik. Keyin kechqurun o‘rnimizga yotgan paytimizda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam kirib keldilar. Yopinchig‘imiz kaltaligidan boshimizni o‘rasak, oyoqlarimiz ochilib qolar, oyoqlarimizni yopsak, boshimiz ochilib qolar edi. O‘rnimizdan qo‘zg‘olayotgan edik, u zot: “Qimirlamanglar”, dedilar. So‘ng: “Sizlarga mendan so‘raganingizdan ko‘ra yaxshiroq narsani xabar beraymi?”, dedilar. “Ha, aytib bering”, dedik. “Bir necha kalimalar borki, ularni menga Jabroil alayhissalom o‘rgatdi”, dedilar. Keyin: “Har namozdan keyin 10 marta tasbeh (subhanalloh) aytasizlar, 10 marta hamd (alhamdulillah) aytasizlar, 10 marta takbir (Allohu akbar) aytasizlar. To‘shagingizga yotar paytingizda 33 marta tasbeh aytasizlar, 33 marta hamd aytasizlar, 34 marta takbir aytasizlar”, dedilar (Buxoriy).
Jonimiz Allohning qo‘lida, qachon istasa O‘zi turgizadi.
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam bir kecha men bilan qizlari Fotimaning eshigimizni qoqib, bizni namozga uyg‘otdilar. Keyin uylariga qaytib, bir muncha vaqt namoz o‘qidilar. Biz tomondan biror sas tuymagach, kelib yana uyg‘otdilar, “Turinglar, namoz o‘qinglar!”, dedilar. Shunda men o‘tirgan holimda ko‘zlarimni ishqalab: “Allohga qasamki, biz faqat Alloh (peshonamizga) yozgan namozni o‘qiymiz. Bizning jonimiz Allohning qo‘lida. O‘zi qachon istasa, shunda (jonimizni) qo‘yib yuboradi”, dedim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam orqalariga burilib ketdilar. Ketib borarkanlar, qo‘llarini sonlariga urgancha: “Darhaqiqat, inson juda ko‘p janjal-bahs qilguvchidir” [Kahf: 54], deganlarini eshitdim(Musnad Ahmad).
Ushbu voqeani hikoya qilib berishida Ali roziyallohu anhuning garchi ish o‘z shaxsiga taalluqli bo‘lsa-da, faqat rost gapirishga va ilmni tarqatishga qattiq harisligi namoyon bo‘ladi. Agar istasa, ushbu voqeani aytmasdan yashirib qoldirsa bo‘laverardi. Qolaversa, tungi namoz farz ham emasdi.
References
Bayhaqiy, “Daloilun nubuvva” (3/160), sanadi hasan.
Buxoriy (3705), Muslim (2727).
”Fazoilus sahoba” (2/955). Sanadi sahih.
”Hilyatul avliyo” (2/39), “Siyaru a’lomin nubalo” (2/118).
Ibn Sa’d, “Tabaqot” (8/26).
Irbiliy, “Kashful g‘umma” (1/359). Majlisiy, “Bihorul anvor” (39-bet).
”Kanzul ummol” (7/133). Nadviy, “Al-murtazo” (41-bet).
”Kanzul ummol” (7/328). Nadviy, “Al-murtazo” (21-bet).
Musnad Ahmad (75).
”Sahih siyra nabaviya” (667-bet). Subtiy, “Musnadi Fotima az-Zahro” (189-bet).
”Sifatus sofva” (1/320). Musnadi Ahmad (1135).
Tabaroniy, “Mu’jam Kabir” (1153). “Fazoilus sahoba” (2/858), sanadi sahih.
”Usdul g‘oba” (5/520), “Al-isoba” (4/365).
Published
Downloads
How to Cite
Issue
Section
License
Copyright (c) 2025 Аббосбек Рахматов

This work is licensed under a Creative Commons Attribution 4.0 International License.
