Особенности формирования экологических терминов в английском и узбекском языках

Авторы

  • Узбекский государственный университет мировых языков
Особенности формирования экологических терминов

Аннотация

В данной научной статье проанализированы особенности образования экологических терминов в узбекском и английском языках. В ходе исследования экотермины были изучены как лексические единицы, выражающие научные понятия в области окружающей среды и экологии, и выявлены их лексико-семантические, морфологические и структурные особенности. Показано, что в английском языке экотермины формируются преимущественно посредством композиции, аффиксации, аббревиации и интернациональных терминов, в то время как в узбекском языке, обладающем агглютинативной структурой, термины образуются в основном аффиксальным способом, словосочетаниями и на основе заимствований. Кроме того, проанализирована адаптация терминов, заимствованных из латинского, русского, английского и других языков, к узбекскому языку. В ходе исследования было отмечено, что термины в узбекском языке обогащаются национальными морфологическими средствами, а в английском языке существует модель, основанная на международном научном стиле. В работе особое место занимает процесс формирования новых терминов, связанных с современными экологическими проблемами, и их интеграция в лексическую систему. В результате были сопоставлены возможности терминообразования двух языков, выявлены общие и отличительные черты. Статья представляет интерес для лингвистов, переводчиков и специалистов, работающих с экологическими текстами.

Ключевые слова:

Экотермин экологическая терминология узбекский язык терминообразование аффиксация словосочетание заимствованные термины экологическая лексика терминосистема лингвистика

Kirish

Hozirgi global ekologik muammolar tilshunoslikda yangi soha – ekologik terminologiyaning shakllanishiga sabab bo‘lmoqda. Ingliz va o‘zbek tillarida ekoterminlar lug‘aviy boylikning ajralmas qismi sifatida qaralib, ular zamonaviy ilmiy va ommaviy matnlarda keng qo‘llanilmoqda. Ushbu maqolada ingliz va o‘zbek tillarida ekoterminlarning yasalish xususiyatlari morfologik, semantik va terminologik yondashuvlar asosida tahlil qilinadi.

Ekoterminlar – ekologiya faniga oid ilmiy tushunchalarni ifodalovchi maxsus atamalardir. Ular aniq semantik doiraga ega bo‘lib, terminologik standartlarga javob berishi zarur (Sager, 1990). Terminologik tizimda aniqlik, yagona ma’no va tarmoq doirasidagi muvofiqlik asosiy mezon hisoblanadi (ISO 704:2009).

Zamonaviy ekologik atamalar (ekoatamalar) insoniyatning atrof-muhit holati, barqaror taraqqiyot, biologik xilma-xillik va iqlim o‘zgarishi borasidagi tobora ortib borayotgan tashvishlarini aks ettiradi. Fan va texnologiyalarning xalqaro tili sifatida ingliz tili ekoatamalarning shakllanishi va tarqalishida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ularning paydo bo‘lish xususiyatlari til tipologiyasi, leksik-semantik mexanizmlar, shuningdek, lotin va yunon tillaridan o‘zlashtirilgan so‘zlarning ta’siri bilan belgilanadi.

Ekoleksika – tilning ekologiya sohasidagi bilim, tajriba va ijtimoiy anglashni ifodalovchi qatlami bo‘lib, u har bir tilning o‘ziga xos dunyoqarashi, madaniyati va texnologik rivojlanishini aks ettiradi. Til orqali ekologik bilimlar uzatiladi, ijtimoiy ongda barqaror atamalar shakllanadi, ekologik muammolarga bo‘lgan yondashuv ham til vositasida shakllanadi.

Yuqorida ta’kidlanganidek, ekoleksikaning shakllanishi va boyishida bir nechta omillar muhim  o‘rin egallaydi:

Davlat siyosati – muayyan mamlakatda ekologik siyosat faol olib borilsa, bu o‘z navbatida yangi atama va tushunchalarning yaratilishiga turtki beradi. Masalan, “yashil iqtisodiyot”, “chiqindisiz ishlab chiqarish”, “uglerod solig‘i” kabi atamalar ijtimoiy-siyosiy ehtiyoj tufayli paydo bo‘lgan.

Ijtimoiy-iqtisodiy holat – sanoatlashuv, shaharlashtirish, resurslardan foydalanish darajasi bevosita yangi tushunchalarni yaratishga olib keladi. Masalan, “ekologik adolat” yoki “iqlim migratsiyasi” kabi atamalar.

Ilmiy taraqqiyot (nolisoniy omil sifatida) – ekologiya fani va boshqa tabiatshunoslik sohalaridagi yangi kashfiyotlar, nazariyalar ekoleksikani boyitadi. Bu jarayonda ekologik atamalarning ko‘pchiligi avvalo ingliz tilida shakllanadi, so‘ngra boshqa tillarga tarjima qilinadi.

Qiyoslanayotgan tillardagi ekoleksika global ekologik tafakkurning til orqali ifodalanishidir. Har bir til ekologik terminlarni o‘z ijtimoiy, siyosiy, madaniy va ilmiy tajribasi asosida qabul qiladi yoki yaratadi. Bu esa til va ekologik tafakkur o‘rtasidagi murakkab, ammo mazmunli aloqani ko‘rsatadi. Shuningdek, bu jarayonda ekoleksika madaniyatlararo muloqot, ilmiy integratsiya va barqaror taraqqiyot yo‘lida muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.

Terminologik tizimning shakllanishi va mustahkamlanishi asosan ikki asosiy manbaga tayanadi: birinchisi – tilning ichki imkoniyatlari (ya’ni mavjud so‘z yasash vositalari, ma’no kengayishi, morfologik va sintaktik qoliplar), ikkinchisi esa – chet tillaridan o‘zlashtirilgan birliklar (so‘zlar va iboralar). Aynan mana shu ikki manba terminlarning boyishiga va tilning ilmiy ifoda qobiliyatining kengayishiga xizmat qiladi.

Termin yasashda ikki asosiy yo‘l kuzatiladi: 

  1. Tub, yasama va qo‘shma leksemalardan foydalanish orqali yangi so‘z birliklari yaratish;
  2. Ma’noli so‘zlar orasida grammatik bog‘lanishni ta’minlovchi usullar yordamida kompleks tushunchalarni ifodalash.

Ushbu jarayon, o‘z navbatida, ekologik terminlar tizimining kengayishiga va ularning barqaror terminologik tizim sifatida shakllanishiga xizmat qiladi. Chunki mavjud ekologik muammolar va ularni bartaraf etishga oid strategik qarashlar til vositasida ifodalanmog‘i lozim, bu esa o‘z-o‘zidan terminologiyaning kengayishini taqozo etadi. Shu bilan birga, borliqdagi barcha ekologik tushunchalarni faqatgina tub yoki oddiy yasama terminlar (leksemalar) bilan ifodalab bo‘lmasligi, kompleks yondashuv ya’ni qo‘shma va analitik shakllar, metafora asosidagi so‘z birikmalari, qisqartmalar va boshqa vositalardan foydalanish zarurligini ko‘rsatadi.

Qator yevropa tillari singari ingliz tilidagi ko‘plab ilmiy terminlar qadimgi yunon va lotin ilmiy an’analaridan kelib chiqqan bo‘lib, bunga sabab, lotin va yunon tillari Yevropada uzoq vaqt davomida fan va falsafaning asosiy tillari bo‘lganidadir. Aynan shu holat ko‘plab bilim sohalarida terminologiyaning shakllanishiga katta ta’sir ko‘rsatgan.

Ingliz tili analitik tillar guruhiga mansub bo‘lib, unda so‘z yasalishi asosan quyidagilar hisobiga amalga oshiriladi:

Qo‘shma terminlar. Ular odatda kontekstda oson tushunilishi va terminologik jihatdan barqaror bo‘lgaligi sababli yangi termin yaratishning eng samarali usullaridan biri xisoblanadi. Bunda ko‘pincha otlar birikmasi qo‘llaniladi. Bunday atamalar bir nechta so‘z birikmasining barqaror shaklga ega bo‘lishi orqali hosil qilinadi (Crystal, 2008).

  • greenhouse effect – issiqxona effekti /ta’sir
  • carbon footprint – uglerod izi
  • climate change – iqlim o‘zgarishi
  • waste management – chiqindilarni boshqarish
  • ecosystem services - ekotizim xizmatlari
  • greenhouse effect – issiqxona ta’siri
  • carbon cycle – uglerod aylanishi (sikli)
  • ecological niche – ekologik bo‘shliq
  • trophic levels – oziqlanish zanjiri darajalari

Affiksatsiya (affixation). Asosan lotin va yunon tillariga mansub old qo‘shimcha (prefikslar) va qo‘shimchalarning (suffikslar) qo‘llanilishiorqali yasaladi (Newmark, 1988).

Keng tarqalgan old qo‘shimchalar:

  • eko- (atrof-muhit, tabiat). Misol: ecosystem, ecocentric, eco-friendly;
  • bio- hayot, tirik. Misol: biodiversity, biocapacity, biogeochemical;
  • geo- yer. Misol: geosphere, geochemical;
  • gidro- suv. Misol: hydrosphere, hydroelectric;
  • micro- kichik. Misol: microclimate, microenvironment

Metaforaga asoslangan neologizmlar.

Misollar:

  • carbon sink – uglerod yutgich (so‘zma-so‘z "uglerod qobig‘i")
  • greenwashing – ekologik “tozalash” (o‘zini aslida boridan ko‘ra ekologikroq qilib ko‘rsatadigan kompaniyalar)
  • footprint – iz, ta’sir etish ma’nosida (mas. ecological footprint)

Leksik-semantik o‘zlashtirish. Bunda lotin, yunon tillaridan, shuningdek, turdosh fanlar (fizika, kimyo, geografiya) dan terminlarni o‘zlashtirib, ularni ekologiya ehtiyojlariga moslashtirish shuniladi (Sager, 1990).

Ingliz tilidagi ekologik atamalar turli xil so‘z yasash usullari yordamida shakllanadi. Eng samarali usullar so‘z qo‘shish, affiksatsiya va qisqartmalar hosil qilish, shuningdek, metaforik tasvirlardan foydalanishdir. Ingliz tilida yaratilgan atamalar ko‘pincha xalqaro tus olib, rus va o‘zbek tillari singari boshqa tillarga ham kirib boradi. Bu esa global ekologik muloqotda ingliz tilining yetakchi o‘rnda ekanligini namoyon etadi.

Umumxalq tilida qo‘llaniladigan so‘zlardan farqli o‘laroq, terminlar doimo aniq va maxsus tushunchalarni ifodalashga qaratilgan bo‘lib, ular o‘zbek adabiy tilining shakllanishi va taraqqiyoti jarayonida asta-sekinlik bilan tarkib topib, rivojlanib borgan.

Bugungi o‘zbek tilining lug‘at boyligida ma’lum darajada qo‘llanilayotgan yoki iste’moldan chiqqan qadimgi turkiy tilga oid so‘z birliklari tarkibida terminlar ham muhim o‘rin tutishini kuzatishimiz mumkin. Qadimgi turkiy til manbalarida qayd etilgan turfa soha terminologiyasi asosan sof turkiy tub va yasamalar hamda buddizm va moniyizm ta’sirida so‘g‘d, sanskrit, xitoy tillaridan kirib kelgan o‘zlashmalardan tashkil topgan edi (Dadaboyev, 2019). Bu holat qadimgi davrlardayoq turkiy tillarda ilmiy-texnik va diniy-ma’naviy sohalarda faol terminlar tizimi shakllana boshlaganidan dalolat beradi.

Eski o‘zbek adabiy tili terminologiyasining shakllanishi va rivojlanishida tilning ichki qonuniyatlari – morfologik va semantik imkoniyatlari, so‘z yasash modellari muhim rol o‘ynagan bo‘lsa-da, bu jarayonda tashqi, ekstralingvistik omillar ham sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Jumladan, ijtimoiy-siyosiy tuzumlarning o‘zgarishi, diniy-falsafiy g‘oyalarning kirib kelishi, madaniy aloqalar, chet el fani va texnologiyalari bilan tanishish natijasida lug‘at boyligi, ayniqsa, terminologik qatlam sezilarli darajada yangilanib, boyigan.

Bu holat shuni ko‘rsatadiki, til faqat ichki tizimdan iborat emas, balki u tashqi muhit bilan uzviy bog‘liq holda rivojlanadigan jonli organizm hisoblanadi. Aynan eski o‘zbek adabiy tilidagi terminlarning takomillashuvida ekstralingvistik omillar ta’sirini e’tibordan chetda qoldirmaslik muhim, chunki ular tilning tarixiy o‘zgarishlarini to‘g‘ri tushunishga yordam beradi.

Terminga xos belgilardan biri uning izohi va ta’rifiga oydinlik kiritish, terminning ma’noviy qurshovida mavjud qo‘shimcha semalarni yuzaga chiqarish ilm-fan tilining rivojlanishida, o‘zga sohaga oid terminologik tizimlar tarkibida yaqqol seziladi.

O‘zbek terminologiyasi tarixiy taraqqiyot jarayonida ichki leksik imkoniyatlar va boshqa tillardan o‘zlashtirilgan so‘zlar asosida boyib borgan. Terminlar yaratishda milliy leksikaga tayanish, chet tillaridan o‘rinli foydalanish hamda morfologik, sintaktik va semantik vositalardan unumli foydalanish muhim ahamiyatga ega.

Zamonaviy ilm-fan, texnika va ishlab chiqarish sohalarining jadal sur’atlar bilan rivojlanishi, global integratsiya va madaniy aloqalarning kuchayishi natijasida tillar o‘rtasida yaqin hamkorlik vujudga keldi. Bu esa turli tillarning lug‘at boyligini o‘zaro boyitib, yangi tushunchalarni ifodalash zaruratini keltirib chiqardi. O‘zbek tili ham bu jarayondan chetda qolmay, yangi terminlarni o‘zlashtirish orqali o‘z terminologik tizimini kengaytirib bormoqda. Bu holat o‘zbek tilining zamon bilan hamnafas rivojlanayotganini, yangi ilmiy va texnikaviy tushunchalarni qamrab olishga intilayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, bu jarayon tilning funksional imkoniyatlarini kengaytirsa-da, ayni paytda milliy tilning o‘ziga xosligini saqlab qolish muhimligini ham eslatib turadi. Shunday qilib, o‘zbek terminologiyasi o‘zining ichki resurslari bilan birga, chet tillaridan kirib kelgan leksik birliklarni ham o‘zlashtirgan holda, ilmiy va texnik tafakkur taraqqiyotini aks ettiruvchi boy tizim sifatida shakllanmoqda.

O‘zbek terminologiyasi rivojlanishida tub va yasama so‘zlar muhim ahamiyat kasb etadi. Osmon, yer, oy, quyosh, havo, kun kabi tub terminlar barcha davrlarda qo‘llanib kelingan bo‘lib, ular deyarli barcha terminologik tizimlarda uchraydi.

Yasama terminlar o‘zbek ekoterminologiyasining asosiy qismini tashkil etadi va ularning hosil bo‘lishi tilning ichki imkoniyatlariga bog‘liq. O‘zbek tilida ekologik terminlar yasalishi asosan morfologik usullar orqali amalga oshiriladi. Abdurahmonov (2020) fikricha, so‘z yasashning asosiy vositalari – affikslar, qo‘shimchalar, so‘z qo‘shish va qisqartmalar hisoblanadi. Demak, affiksatsiya, ya’ni qo‘shimchalar yordamida so‘z yasash usuli terminologiyada eng sermahsul va samarali yo‘ldir. Bu usul orqali nafaqat yangi tushunchalar ifodalanadi, balki mavjud so‘zlarga ilmiy yoki texnik mazmun yuklab, ularni aniq bir sohaga oid termin sifatida ishlatish imkoni tug‘iladi.

Termin yasalishida morfologik, sintaktik va semantik usullar tilning ichki imkoniyatlaridan foydalanishda eng samarali         va faol vositalar hisoblanadi. Aynan shu             usullar orqali:

  • Morfologik yo‘l bilan (ya’ni qo‘shimchalar yordamida) mavjud so‘zlarga yangi ma’no yuklanadi: masalan, bio- old qo‘shimchasi yoki -logiya, -izm, -lik kabi qo‘shimchalardan foydalanish orqali yangi ilmiy terminlar hosil qilinadi (biologiya, ekologizm, atroflik).
  • Sintaktik yo‘l bilan ikki yoki undan ortiq so‘z birikmasidan yangi termin yaratiladi (atrof-muhit, yer resurslari kabi).
  • Semantik yo‘l bilan esa mavjud so‘zga yangicha, ilmiy ma’no yuklanadi (tarmoq so‘zi ekologik kontekstdagi yangi termin sifatida).

Ushbu yasalish usullari vositasida o‘zbek terminologik tizimi muntazam boyib bormoqda, yangi fan sohalari, texnologiyalar va ijtimoiy jarayonlarga mos yangi terminlar shakllanmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, o‘zbek tilining ilmiy-texnik imkoniyatlarini kengaytirish va mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi.

So‘z turkumlari nuqtai nazaridan o‘zbek tili terminologiyasi asosan ot, sifat, ravish va fe’l so‘z turkumlariga xos so‘zlardan iborat. O‘zbek tilida yangi ekoterminlar ko‘pincha sifatdosh yoki ot yasovchi qo‘shimchalar orqali hosil qilinadi: biologik faol, qayta tiklanuvchi energiya, suv resurslari (Sharipova, 2023). Shak-shubhasiz, ot-terminlar o‘zbek terminlogiyasining poydevorini tashkil etadi. Ayni paytda, sifat turkumiga dahldor so‘zlarning terminologik leksika tarkibi taraqqiyotidagi o‘rni salmoqli ekanligini ham yoddan chiqarmaslik lozim. Fe’l-terminlar ham o‘zbek terminologiyasining sezilarli ulushi sanaladi (Dadaboyev, 2019).

Affiksatsiya usuli bilan yasalgan ot turkumiga mansub terminlar (turdosh otlar).

Ot (sifat) turkumli so‘zlardan yasalgan ot terminlar.

  • chi affiksli so‘z yasovchi model: dengizchi, kemiruvchi, sutemizuvchi, baliqchi;
  • lik affiksli so‘z yasovchi model: qirlik, jarlik, qumlik, bo‘shliq, tuzlik, tog‘lik;
  • siz + lik: vaznsizlik, suvsizlik va h.k.;
  • dosh + lik: urug‘doshlik va h.k.;
  • mas+lik: chanqamaslik, suvo‘tmaslik va h.k.;
  • chan+lik: eruvchanlik, sezuvchanlik, cho‘ziluvchanlik, o‘zgaruvchanlik va h.k.;
  • li+lik: chidamlilik, kalloriyalilik va h.k.;
  • qoq+lik: botqoqlik, yopishqoqlik, qayishqoqlik va h.k.;
  • (i)sh+lik: cheklanishlik, yemishlik, botishlik va h.k.;
  • roq+lik: yaltiroqlik, chinqiroqlik, o‘tloqlik, va h.k.
  • lik/-liq affiksi chet tillardan kirgan so‘z yasovchi morfemalar yordamida yuzaga chiqqan yasama so‘zlardan ot-terminlar hosil qiladi:
  • dor+lik: chorvadorlik, unumdorlik, hosildorlik, va h.k.;
  • kash+lik: pillakashlik  va h.k.;
  • kor(-gor, -kar)+lik: sholikorlik, g‘allakorlik va h.k.;
  • parvar+lik: tabiatparvarlik, insonparvarlik va h.k.;
  • chi+lik: paxtachilik, neokantchilik va h.k.;
  • shunos+lik: o‘lkashunoslik, tuproqshunoslik, metallshunoslik va k.

Xulosa qilib aytganda, “ot (sifat) + -lik//-liq” modeli hozirgi o‘zbek adabiy tilida ayniqsa termin yasash jarayonida eng sermahsul va faol affiksal qoliplardan biri sifatida muhim o‘rin egallaydi.

Murakkab tarkibga ega –chilik (-chi+lik) qo‘shimchali termin yasalish jarayonida nisbatan faol deyish mumkin. Ushbu usul orqali quyidagi terminlarni hosil qiladi: uzumchilik, qorako‘lchilik, dehqonhilik va h.k.;

  • lash: kurtaklash, payvandlash, standartlash va h.k.;
  • lashtirish: gazlashtirish, kodlashtirish, niqoblashtirish va h.k.;
  • cha: havo yostiqchasi, tayoqcha, zarracha va h.k.;
  • Fe’l turkumli asoslardan yasalgan ot terminlar.
  • g‘ich/gich//-qich: ag‘darg‘ich, bug‘latgich, purkagich, sovutgich, to‘sqich, kuchaytirgichk.;
  • (i)sh: siljish, quturish,bijg‘ish, so‘rilish, yoyilish k.;
  • ma: payvandlama, ko‘chirma, aylanma (suv o‘rami)k.;
  • (u)v//-(o)v: yemiruv, kemiruv, to‘qnashuv, o‘lchov va h.k.
  • (i)m//-(a)m/-/(u)m: qatlam, yuqum, tizim va h.k.;
  • g‘i/ - gi/ –g‘u//-qi/- ki: achitqi, yoqilg‘i, yonilg‘i, ko‘chki va h.k.;
  • (a)q, -//-(i)q, - (i)k: to‘siq, yoriq, toshloq, tuzoq va h.k.;
  • qon//-gan/-kan: bosqon, o‘pqon va h.k.;
  • di: yig‘indi, qirindi,chirindi, chiqindi, cho‘kindi, oqindi va h.k.;
  • qin / -kin: otqin, toshqin, to‘lqin va h.k.

Shuningdek, CO₂, EKO, metan, ozon kabi qisqartmalar va internatsional terminlar xalqaro miqyosda yagona shaklda qo‘llaniladi (Xudoyberdieva, 2019).

O‘zbek tili terminologiyasi tizimida semantik yo‘l bilan yasalgan terminlar ham ko‘zga tashlanadi. Terminlar sistemasida metaforaning o‘rni va rolini o‘rganish XX asrning 60-yillaridan boshlangan edi.                         M. Pavlovaning ta’kidlashicha, termin- metaforaning yuzaga kelishi har doim aniq individning ijodiy akti bilan boshlanadi. Metaforik ijod aktida albatta ikkita shaxs, ya’ni metaforani yasovchi va ushbu metaforaning mazmun-ma’nosini idrok etuvchi qatnashishi shart. Aks holda obraz, o‘xshatish, analogiya tom ma’nodagi metafora bo‘lmaydi. Zotan, uning asosiy, ya’ni ma’lumot (informatsiya) uzatish va muloqot vositasi sifatida xizmat qilish vazifasi yo‘qolishi mumkin (Pavlova, 1998). Demak, metaforalar murakkab g‘oyalarni soddalashtirib, ularni tushunish osonroq yoki his-tuyg‘ularga ta’sirchanroq qilishga yordam beradi.

Terminlarning meforalashishi turli yo‘llar bilan, tashqi yoki shakliy o‘xshashlik,  vazifalarning o‘xshashligi,  harakat tarzi o‘xshashligi, rang-tusdagi o‘xshashlik yoki amaldagi terminni yangi tushunchani ifodalash maqsadida qo‘llash asosida paydo bo‘ladi. Masalan: yashil iqtisodiyot – green economy, energiya vampiri – energy vampire, tarmoq choki – network wearing, kritik nuqta, tezkor xotira main memory, burilish nuqtasi - tipping point va h.k.

Umumiy tahlillardan kelib chiqib aytish mumkinki, hozirgi o‘zbek tilida ekologik terminlarni hosil qilishda morfologik usul yetakchi o‘rinni egallaydi. Xususan, turli affiks va affiksoidlar yordamida yangi leksemalarning shakllanishi ekologik leksikani boyitishning muhim manbai bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu holat ekologiya sohasida yuzaga kelayotgan yangi tushunchalarni ifodalash zarurati bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, tilning ichki taraqqiyot qonunlariga asoslangan holda rivojlanmoqda.

Hozirgi zamon o‘zbek tilidagi ekologik terminlarning shakllanish jarayoni tahlil qilinganda, eng faol va yetakchi usullardan biri sifatida morfologik vositalar orqali so‘z yasash alohida o‘rin egallaganini ko‘rish mumkin. Bu, avvalo, ekologik leksikani yangilash va boyitish zarurati bilan bog‘liq bo‘lib, ekologiya sohasida doimiy ravishda paydo bo‘layotgan yangi tushuncha va hodisalarni aniq va lo‘nda ifodalash ehtiyoji tilshunoslikda yangi terminlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Xususan, turli affiks va affiksoidlar yordamida hosil qilinayotgan yangi leksemalar zamonaviy ekologik nutq va matnlar uchun zarur bo‘lgan ilmiy uslubiy birliklarni ta’minlab bermoqda.

Morfologik yasalish jarayonida ikki asosiy yo‘nalish kuzatiladi. Birinchisi, tub (oddiy), yasama va qo‘shma leksemalar asosida yangi terminlar yaratishdir. Bunda mavjud so‘z negizlariga grammatik affikslar qo‘shilib, yangi ma’no yukiga ega bo‘lgan so‘z birliklari hosil qilinadi. Ikkinchisi esa murakkab tushunchalarni ifodalash uchun ma’noli so‘zlar orasida grammatik bog‘lanish hosil qilish orqali yangi termin birikmalarini shakllantirish hisoblanadi. Bu yondashuv murakkab, ko‘p qirrali ekologik hodisalarni aniqlik bilan ifodalashga xizmat qiladi.

Ekoterminologiyaning shakllanishi faqat morfologik yasalish bilangina cheklanib qolmay, balki qo‘shma (kompozit) so‘zlar, analitik birliklar, metaforaga asoslangan iboralar, qisqartmalar va boshqa semantik vositalar yordamida ham ro‘y beradi. Bu holat ekologik terminlar tizimining murakkablik darajasi tobora ortib borayotganini hamda ularning barqaror va mukammal terminologik tizim sifatida shakllanishga intilayotganini ko‘rsatmoqda.

Ingliz va o‘zbek tillarida ekoterminlar yasalishida ba’zi umumiyliklar mavjud: har ikki tilda kompozitsiya, affiksatsiya va qisqartmalar keng qo‘llaniladi. Biroq, ingliz tilida affiksal tizim ko‘proq rivojlangan bo‘lsa, o‘zbek tilida esa postpozitsion qo‘shimchalarning ahamiyati yuqori (Temur, 2017).

Shuningdek, ekologik muammolar va ularni hal etish strategiyalari tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotgani bois, bularni til vositasida ifodalash zarurati ham kuchayib bormoqda. Til esa bu ehtiyojni qondirish uchun o‘z ichki imkoniyatlaridan foydalanadi, xususan, yangi so‘z yasash qoliplari, morfologik vositalar va semantik yondashuvlar orqali ekologik tushunchalarga lingvistik qobiq yaratadi. Shu boisdan ham ekologik terminlar tizimida murakkab, ko‘p tarkibli va innovatsion shakllar keng qo‘llanilmoqda.

Bundan tashqari, ingliz tilidagi terminlar ko‘pincha xalqaro maydonda bir xil shaklda ishlatilganligi sababli o‘zbek tiliga tarjima jarayonida muayyan muammolar yuzaga keladi (Alimova, 2022). Newmarkning fikricha bu jarayonda ekvivalentlik va ekvivalentlik darajasini to‘g‘ri aniqlash tarjimon uchun muhim vazifa deb hisoblaydi (Newmark,            1988).

Xulosa

Olib borilgan tahlillar natijasida ma’lum bo‘lishicha, bugungi o‘zbek tilida ekologik atamalarni shakllantirishda morfologik so‘z yasash usuli yetakchi o‘rin egallaydi. Xususan, affiks va affiksoidlar yordamida yangi leksemalarning hosil qilinishi ekologik lug‘atni boyitishning asosiy manbalaridan biri sifatida xizmat qilmoqda. Bu holat ekologiya sohasidagi yangi tushunchalarni ifodalash zarurati bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, tilning ichki rivojlanish qonuniyatlari asosida yuzaga kelmoqda.

Shuningdek, terminologik tizimda tub, yasama va qo‘shma so‘zlar, metaforaga asoslangan birliklar, qisqartmalar hamda analitik tuzilmalarning faol qo‘llanilishi ekologik atamalarning ma’noviy va tuzilish jihatidan xilma-xilligini namoyon etmoqda. Bunday murakkab va boy tarkibli tizim ekologik atamalarni aniq, ilmiy va umumqamrovli tarzda ifodalash imkoniyatini yaratadi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ekologik atamalar tizimining rivojlanishi nafaqat tilshunoslik uchun, balki ekologik ta’lim, ilm-fan va amaliy faoliyat sohalarida ham muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbek tilida ekologik terminlarni standartlashtirish va ilmiy muvofiqlikni ta’minlash bugungi kunda dolzarb masala bo‘lib qolmoqda (Xudoyberdieva, 2019). Shu bois, o‘zbek tilidagi ekologik atamalarni ilmiy asosda tizimlashtirish va ularning yasalish xususiyatlarini chuqur o‘rganish dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.

Ekoterminlarning yasalish xususiyatlarini tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, ingliz tilida bu jarayon ko‘proq morfologik va internatsional omillarga tayansa, o‘zbek tilida esa milliy tilning yasama imkoniyatlari va tarjima usullariga asoslanadi. Ekoterminlarni shakllantirishda izchillik, normativlik va tarjimaning to‘g‘riligini ta’minlash, fanlararo muvofiqlikni saqlab qolish muhim hisoblanadi.

Библиографические ссылки

Abdurahmonov, A. (2020). O‘zbek tilining so‘z yasash tizimi. Toshkent: Fan nashriyoti.

Crystal, D. (2008). A Dictionary of Linguistics and Phonetics (6th ed.). Oxford: Blackwell Publishing.

Dadaboyev, H. (2019). O‘zbek terminologiyasi. Toshkent

ISO 704:2009 – Terminology work – Principles and methods. International Organization for Standardization.

Newmark, P. (1988). A Textbook of Translation. London: Prentice Hall.

Sager, J. C. (1990). A Practical Course in Terminology Processing. Amsterdam: John Benjamins.

Sharipova, Z. (2023). Ekoterminlarning lingvistik xususiyatlari va ularning o‘zbek tilida shakllanishi. Til va madaniyat, №2, 58–64.

Temur, O. (2017). O‘zbek tilida leksik o‘zgarishlar va yangiliklar. Tilshunoslik izlanishlari, №3, 41–45.

Xudoyberdieva, G. (2019). Atamalarni standartlashtirish va normallashtirish masalalari. O‘zbek tili va adabiyoti, №2, 27–30.

Павлова, М. (1998). Метафоры и когнитивные науки. Москва.

Опубликован

Загрузки

Биография автора

Нилуфар Арифджанова,
Узбекский государственный университет мировых языков

Старший преподаватель

Как цитировать

Арифджанова, Н. (2025). Особенности формирования экологических терминов в английском и узбекском языках. Лингвоспектр, 6(1), 157–165. извлечено от https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/932

Похожие статьи

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 > >> 

Вы также можете начать расширеннвй поиск похожих статей для этой статьи.