Лингвопоэтические особенности утвердительно-отрицательных слово-предложений

Авторы

  • Ташкентский государственный аграрный университет
Tasdiq-inkorlar so‘z-gaplarning lingvopoetik xususiyatlari

Аннотация

В данной статье анализируются лингвопоэтические особенности утвердительно-отрицательных слово-предложений в художественных текстах на языках с различной типологической системой. Утвердительно-отрицательные слово-предложения рассматриваются не только как языковые единицы, выражающие подтверждение, уверенность или отрицание определённого факта, но и как важный компонент, определяющий стилистическую ценность художественного произведения. В статье раскрываются эмоционально-экспрессивные функции данных единиц, их художественная роль в речи персонажей и авторском высказывании, а также подчёркивается их различное эстетическое назначение в лирических, эпических и драматических жанрах. Кроме того, утвердительно-отрицательные слово-предложения рассматриваются в литературных произведениях разных народов с применением сравнительно-стилистического и лингвопрагматического методов анализа, а также с привлечением фонетического анализа, позволяющего обосновать их эмоциональное воздействие. Результаты исследования способствуют раскрытию семантико-стилистической нагрузки этих единиц в художественном тексте на языках разных систем и определяют новые направления лингвопоэтического анализа. Также освещаются интонационные особенности данных единиц, их роль в синтаксическом контексте и взаимодействие со стилистическими фигурами, что позволяет глубже понять эстетическое намерение автора и его идеологическую позицию.

Ключевые слова:

Утвердительно-отрицательные слова художественный текст стиль эмоционально-экспрессивный лингвопоэтический фонетический

Kirish

Har qanday tilda tasdiq va inkor so‘z-gaplar muloqot jarayonida muhim kommunikativ vazifalarni bajaradi. Ular orqali gapiruvchi voqelikka bo‘lgan munosabatini, ishonch yoki shubhasini, qabul yoki rad etishini ifoda etadi. Xususan, badiiy matnlarda tasdiq-inkor so‘z-gaplar nafaqat ma’no ifodalash, balki badiiy ta’sir kuchini oshirish, qahramon xarakterini ochib berish, muallifning individual uslubini namoyon qilishda ham muhim lingvopoetik vosita sifatida xizmat qiladi. Bugungi kunda tilning pragmalingvistik, lingvopoetik, kognitiv va lingvomadaniy xususiyatlarini birgalikda o‘rganishga bo‘lgan ehtiyoj kuchayib bormoqda. Ayniqsa, tasdiq-inkor so‘z-gaplarning turli janrdagi badiiy matnlarda qanday semantik-stilistik yuk orqali estetik ta’sir kuchini oshirishi, ularning emotsional va ekspressiv imkoniyatlari, intonatsion xususiyatlari tadqiq etish talab etilmoqda.

Asosiy qism

Lingvopoetik nazariyaning ilmiy asoslarini tahlil qilish bilan shug‘ullangan zamonaviy rus tilshunos olimlar qatorida A. Lipgartning ham nomi alohida tilga olinadi (Lipgart, 2013).

Lingvopoetika filologiyaning har qanday kontekstda til birliklari orqali namoyon bo‘ladigan estetik xususiyatlarni o‘rganuvchi alohida bo‘limi sifatida qaraladi. So‘z san’ati til, nutq vositasida voqe bo‘ladi. Nutqning qanday voqelanganini, so‘z san’atining lisoniy xususiyatlarini tilshunoslik o‘rganadi. Demak, lingvopoetik yo‘nalishdagi tadqiqotlar metodi va metodologiyasiga ko‘ra tilshunoslik va adabiyotshunoslik sohalari nazariyalari stilistika bilimlari bazasida o‘zaro uyg‘unlashadi, natijada har ikki fan integratsiyasiga asoslangan lingvopoetika shakllanadi (Toshxo‘jaeva, 2017).

Tilshunos M.Yo‘ldoshevning ta’kidlashicha, “Nasrda unlilarni cho‘zish, undoshlarni qavatlash, tovushlarni takrorlash, so‘zlarni noto‘g‘ri talaffuz qilish, tovush orttirish yoki tovush tushirish kabi fonetik usullar yordamida ekspressivlik ta’minlanadi” (Yo‘ldoshev, 2007). Darhaqiqat, yozuvchi tasdiq-inkor so‘z-gaplarni qo‘llashda shunday usullardan foydalanganini uchratamiz. Badiiy matnlarda unli tovushlarni cho‘zish matnning drammatik mazmunini kuchaytiradi va personajning ichki hissiyotlarini va kechinmalarini chuqurroq anglashga xizmat qiladi.

– Mayli, – deya shivirladi Akrom, – sekin shovqin solmasdan tishlayman. Sen ham baqirib yubormaysan. Xo‘pmi?

– Yo‘-o‘-o‘-q, – dedi Dildora ham shivirlab boshini qimirlatarkan, - og‘riydi. (N.Ismoilov, Tabib) Bu parchada yozuvchi yo‘q inkor so‘z-gapini Yo‘-o‘-o‘-q tarzda qo‘llashi taklifga qarshilikni kuchaytirish bilan birga Dildoraning qiz bolaga xos nozik erkalanishini anglatadi. Kontekstdan yana Dildoraning Akromning taklifiga ta’sirlanishini va og‘riydi qo‘shimcha javobi orqali unda ozgina qo‘rquv hissi borligini ham anglashimiz mumkin.

– Bunaqangi ishyoqmaslarni Xudo urmaganiga hayronman! – dedi onasi bir kuni kuyunib. – Kolxozga-ku besh tiyinlik nafi yo‘q. Aqalli o‘zining tomorqasini eplasa-chi! Yo‘-o‘-o‘q! Bularga tayyori kerak! Birov naqdlab qo‘ysa-da, bular moldek bo‘kib, yeb yotaversa! (Hoshimov, 2015). Ushbu misolda esa, ona obrazi orqali emotsional, nadomat his-tuyg‘usi ochib berilgan. Yozuvchi uning ichki his-tuyg‘usini kuchaytirish maqsadida, inkor ifodani cho‘zib, Yo‘-o‘-o‘q shaklida qo‘llagan, bu esa matnning emotsional ta’sirini kuchayishiga xizmat qilgan. Bu talaffuz orqali onaning ishyoqmas, tanbal erkaklarga nisbatan nafrati, shuningdek, o‘tkir inkori va afsusi anglashiladi. Bular moldek bo‘kib, yeb yotaversa jumlasi ishyoqmas erkaklarning tasvirini yorqin ifodalashga yordam beradi.

Ingliz, rus tillaridagi badiiy matnlarda ham turli emotsional tasvirni yaratishda tasdiq yoki inkor so‘z-gaplarni cho‘zish kabi fonetik usullarni uchratamiz. Masalan,

Ingliz tilida: “Is your wife at home?” she inquired.

“No,” he said, “Carrie’s out; but won’t you step in? She’ll be back shortly.”

“No-o,” said Mrs. Vance, realising the change of it all. “I’m really very much in a hurry. I thought I’d just run up and look in, but I couldn’t stay. Just tell your wife she must come and see me. (Th. Dreiser, 1900).

(“Yo‘q,” dedi u, “Kerri tashqarida; lekin siz kirmaysizmi? U tez orada qaytib keladi.” “Yo‘-o‘q,” dedi Vens xonim hammasi o‘zgarganini tushunib. “Men juda shoshib qoldim. Men yugurib kelib, ichkariga qarayman deb o‘yladim, lekin qololmadim. Xotiningizga ayting, u meni kelib ko‘rishi kerak.)

Ingliz tili badiiy asaridan olingan ushbu parchada inkorning “No,” hamda “No-o,” ko‘rinishlari berilgan. Bu birliklarning ikkisi ham inkor ma’noni bersa-da, o‘ziga xos lingvopoetik xususiyatga ega. “No,” erkak nutqidagi oddiy, to‘g‘ridan to‘g‘ri inkor javobni ifodalaydi. Bu javobda hech qanday emotsiya sezilmaydi. Vans xonimning “No-o,” cho‘ziq talaffuz qilgan inkor javobi esa, uning emotsional holatini ifodalab, uzrli va ilojsiz vaziyatda ekanligini ifodalaydi. Inkor so‘zni ikki xil fonetik uslub bilan berilishi qahramonlar nutqining o‘ziga xos xususiyatlarini ochib berishga xizmat qiladi.

Rus tilida:

– Он постоянно в Вешках?

– Не-е-ет… Мы его прикомандировали к Черновскому полку, к обозу. (Булгаков, 1940).

Rus romanidan olingan parchada inkorning cho‘ziq talaffuzi personajning ikkilanishi va ma’lumotni ochiqlashdagi ehtiyotkorligini bildiradi. Demak, muallif shu usul bilan personajning ruhiy holatini hamda ma’lumotni yashirishga bo‘lgan harakatini tasvirlab bergan.

Yozuvchi qahramonning biror voqelikka hayrati, uning realligiga ishonchsizligi kabi ichki emotsiyalarini ochib berish uchun ham tasdiq-inkor so‘zlardan foydalanadi. Bunda ko‘pincha, ha, yo‘g‘a/ha, yo‘g‘e kabi bir-biriga zid bo‘lgan ifodalar qo‘llaniladi. Masalan,

Bobomiz boshqatdan qaraydi.

Vo darig‘o, shu ko‘rinmish ajina bo‘ldimi? Ha, yo‘g‘-a! Umri shu dalada o‘tdi — bir nima-da ko‘rmadi. Yo, shu ko‘rinmish tush bo‘ldimi? H-a, yo‘g‘-a! O‘lik-tirik sergak vaqt-a! (Murod, 1994) Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” asaridan olingan ushbu parchada Ha, yo‘g‘-a! iborasi bilan asar qahramonining voqelikka shubha va gumoni orqali uning ruhiy holati tasvirlangan. Ha, yo‘g‘-a! leksik birligining takror qo‘llanishi orqali qahramonning butun vujudida kechayotgan hissiyotlariga urg‘u berilib, kitobxonning tasavvurida real gavdalanishiga imkoniyat yaratadi. Bir-biriga zid bo‘lgan ushbu Ha, yo‘g‘-a tasdiq-inkor ifodasi o‘zbek tilida gaplashuvchilar so‘zlashuv nutqiga xos lingvomadaniy xususiyatlarini ko‘rsatib beruvchi ibora sanaladi. Bu ifoda orqali insonning voqelikka qarshi mulohazasi yuritayotgani tushuniladi. Bunday ifodalarning badiiy matnda qo‘llanishi, uning ta’sirini kuchaytiradi. Etiborlisi shuki, bu iboralarning ingliz va fransuz tillarida aynan muqobillari yo‘qligini kuzatiladi. Biroq bu tillarda ham hayrat va ishonchsizlikni ifodalovchi bir qator ifodalar mavjud. Masalan, ingliz tilida: Really? No way – Rostdanmi? Bo‘lishi mumkin emas; No, it can't be – yo‘q, bo‘lishi mumkin emas, Yes, but… no, that can't be – ha, lekin... yo‘q, bunday bo‘lmasa kerak fransuz tilida: Ah bon? Non, c'est pas possible! – Rostdanmi?, Yo‘q, bu mumkin emas!, Non, c'est pas vrai! - Yo‘q, bu chinmas! kabi ifodalar hayrat, ishonchsizlik va ziddiyatni ifodalaydi, lekin o‘zbek tilidagi Ha, yo‘g‘-a tasdiq-inkoriga aynan muqobil bo‘la olmaydi.

Qat’iy inkor so‘z-gaplari badiiy asarda qahramonning biror voqelikka, fikr yoki taklifga keskin munosabatini ifodalashga hamda inkorlik hissini kuchliroq va ta’sirliroq yetkazib berishga xizmat qiladi. Masalann, o‘zbek tilida:

– Meni aytganimni qilasan! – baqirdi uy bekasi.

– Hech qachon!! – uv solib yig‘ladi Mahliyo. – Otamning arvohini chirqiratmayman! Harom yo‘lga yurmayman! (Abbosxon, 2011).

Ingliz tilida:

“Does it mean nothing to you when I say that I love you? I don't believe you've ever realized what it is that I want from you. If you like, I'd marry you and promise never even touch you with my finger. I wouldn't mind even that, so long as you were with me. But I can't go on with my life alone, always alone. Can't you bring yourself ever to forgive me?”

“Never, never! I wouldn't marry you if you were the last man on earth. I'd as soon marry the – the sweeper!”(Orwell, 1934). (“Men seni sevaman, deb aytganim sen uchun hech narsani bildirmaydimi? Sen mendan nima istaganimni hech qachon tushunmagan bo‘lsang kerak. Xohlasang, senga uylanardim va hatto bitta barmog‘imni ham tegmaslikka va’da bergan bo‘lardim. Sen yonimda bo‘lsang, bu menga yetarli. Lekin, hayotimni o‘zimcha, har doim yolg‘iz o‘tkaza olmayman. Meni kechirolmaysanmi?”

“Hech qachon, hech qachon! Yerda qolgan so‘nggi erkak bo‘lsang ham senga tegmasdim. Bunday qilgandan ko‘ra, supiruvchiga tekkanim yaxshi!”)

Rus tilida:

Вдруг взгляд Наполеона случайно падает на меня, странная мысль мелькает в глазах его: “Ребенок! – говорит он мне вдруг, – как ты думаешь: если я приму православие и освобожу ваших рабов, пойдут за мной русские или нет?” – “Никогда!” – вскричал я в негодовании. Наполеон был поражен. (Достоевский, 1868).

(To‘satdan Napoleonning nigohi tasodifan menga tushdi, uning ko‘zlarida g‘alati fikr chaqnadi: “Bola!” u to‘satdan menga dedi: “Siz nima deb o‘ylaysiz: agar men pravoslavlikni qabul qilsam va qullaringizni ozod qilsam, ruslar menga ergashadimi yoki yo‘qmi?” – “Hech qachon!” – jahl bilan qichqirdim. Napoleon hayratda qoldi.)

– Варя, я прошу… требую наконец! Если ты любишь меня, то возьмешь меня за бороду и дернешь… Вот моя борода, рви!

– Ни за что! Причинять боль человеку, которого я люблю больше жизни… нет, никогда! (Чехов, 2016).

Fransuz tilida:

Ayant saisi son bras, elle le serrait en répétant :

– Non ! non ! non ! tout de suite ! tout desuite ! Il le faut ! Il est là ! Dans cette église ! Il m’attend. (Maupassant, 1885).

(Undan qo‘lidan ushlab, qattiq siqqan holda takrorlay boshladi:

– Yo‘q! Yo‘q! Yo‘q! Darhol! Darhol! Bu zarur! U shu yerda! Shu cherkovda! U meni kutyapti!)

– Jamais, jamais ! dit Julien découragé ; je me ferais plutôt piler dans un mortier que de composer trois phrases ; je suis un cadavre, mon cher, n’espérez plus rien de moi. (Stendhal, 1927).

(– Hecham, hecham! – dedi Juliyen tushkunlikka tushib; Men uchta gap tuzgandan ko‘ra, ohakda ezilganimni afzal ko‘raman;           Men o‘likman, azizim, mendan boshqa hech narsa kutmang.) Demak, turli tillarda keltirilgan parchalardagi qat’iy inkorni ifodalovchi            Never, Nikogda, Ni za chto, Jamais birliklari o‘zbek tilidagi hech qachon, aslo kabi ifodalarga muqobil bo‘lib, har bir xalq badiiy asarida qahramonning ichki dunyosi, inkor qilish bilan bog‘liq bo‘lgan his-tuyg‘ularini ochib berishga va matnning uslubiy bo‘yoqdorligini oshirishga xizmat qiladi. Muallif bu kabi tasdiq-inkorlarni qo‘llash orqali voqelikning ahamiyati va jiddiyligini ko‘rsatib berishni, shuningdek, qahramonning ruhiy holati, vaziyatga nisbatan qat’iy qarashi va salbiy munosabatini teranroq ochib berishni maqsad qiladi.

Zotan, tasdiq – inkor so‘z-gaplar ham his-hayajonni ifodalagani sababli, she’riy janrlarda ham faol qo‘llanadi. Buni quyidagi misollarda ko‘rish mumkin:

Yo‘q-yo‘q, bu kutishlar emasdir najot,

Yo‘q-yo‘q, sevgi yolg‘on, yo‘q-yo‘q, ishq bir lof.

Yo‘q-yo‘q, axir dengiz emasdir hayot —

Qayg‘ulari – teran, tashvishlari – sof. (Bobojon, 2022).

Berilgan ushbu she’riy parchada Yo‘q-yo‘q inkor ifodasi takror ishlatilib, hech narsadan najot yo‘qligi, umidsizlik, ishonchsizlik kabi tuyg‘ular tasvirlangan. Bundan tashqari, Yo‘q-yo‘q ifodasi she’rni ehtirosli tarzda ifoda etilishiga xizmat qilgan, shuningdek shoir bu orqali qahramonning ishq-muhabbat va hayot haqidagi salbiy va pessimistik qarashlarini keskin ochib berishga muvaffaq bo‘lgan. She’rning yaratilishida ritm katta ahamiyatga ega. Zotan, tasdiq-inkorlarning takror talaffuz qilinishi she’r ritmini kuchaytiradi va uning tuzilishini boyitadi.

Oh, no no no, it was too cold always  

(Still the dead one lay moaning)  

I was much too far out all my life  

And not waving but drowning. (Smith, 1957).

O‘zbek va ingliz tillarida keltirilgan ushbu parchalarda voqelikni inkor etish uchun Yo‘q-yo‘q va no no no ifodalari ishlatilgan bo‘lsa-da ularning hislari turli ma’nolarni aks ettiradi. O‘zbek tilidagi parchada inkor ifodalari orqali keng ijtimoiy tushunchalar inkor etilayotgan bo‘lsa, ingliz tilidagi parchada shaxsiy kechinmalar, iztiroblar va yolg‘izlik tasvirlangan hamda inkor ma’no tushunmovchilik sababli yuzaga kelayotganini ifodalaydi. Demak, ikki qahramonning kayfiyati, maqsadi va falsafiy yondashuvlarida lingvopoetik farqlar mavjud bo‘lib, o‘zbek tilida keltirilgan parchada keskin va qat’iy inkor hissi kuchliroq sanaladi. Shunga qaramay har ikki tilda inkor so‘z-gaplarni takror ishlatish orqali o‘quvchining yuragiga yetib boruvchi kuchli ehtiros yuzaga kelishi tillardagi o‘xshashlikni ko‘rsatishi ham mumkin.

Нет! – я не требую вниманья

На грустный бред души моей,

Не открывать свои желанья

Привыкнул я с давнишних дней. (Лермонтов, 1954). Rus tilida berilgan ushbu she’riy parchada ham Нет! inkor ma’noni ifodalab, qahramon shaxsiy muammolarida boshqalarning ko‘magini rad etadi. Qahramon o‘z tashvishlarini, azob-uqubatlarini boshqalarga bildirmaslikka, tashqaridan yordam kutishdan ko‘ra, o‘zida saqlab qolishni afzal ko‘rishligi ifodalab berilgan. Bu yerda Нет! inkor so‘zining lingvopoetik ko‘rinishi, lirik qahramonning o‘z prinsiplarida qat’iy turishini, o‘z ichki dunyosiga boshqa insonlarni yaqinlatmaslik hissini mahkam tutganligini, shu bilan birga, o‘ziga bo‘lgan ishonchi kuchli ekanligini ifodalaydi. Нет! ifodasining she’r boshida kelishi o‘quvchining keskin rad etilayotgan voqelikka e’tiborini jalb qilishga xizmat qiladi. Demak, lirik qahramon jamiyatga befarqligini va boshqalarning ko‘magiga muhtoj emasligini Нет! ifodasi orqali ochiqdan-ochiq qat’iy ifoda etadi.

Xulosa

Xullas, turli tizimli tillarda badiiy matnda qo‘llangan har qanday tasdiq-inkor so‘z-gaplar o‘ziga xos lingvopoetik qimmat kasb etadi va badiiy asarning shakllanishida muayyan vazifani bajaradi. Badiiy matnda tasdiq-inkor so‘z-gaplar qahramonning ruhiy holati, vaziyatga nisbatan qat’iy qarashi hamda salbiy va ijobiy munosabatini ochib beruvchi va badiiy uslub bo‘yoqdorligini oshirib, matn ritmini yaratishga ko‘maklashuvchi birliklar hisoblanadi.

 

 

Библиографические ссылки

Abbosxon N. (2011) Sho‘rqishloq.

Bobojon R. (2022) Dengiz va qiz haqida ballada.

Dreiser Th. (1900) Sister Carrie.

Hoshimov O‘. (2015) Xadikli tushlar.

Maupassant G. (1885) Bel-Ami.

Murod T. (1994) Otamdan qolgan dalalar.

Orwell G. (1934) Burmese days.

Smith S. (1957) Not Waving but Drowning.

Stendhal. (1927) Le Rouge et le Noir.

Toshxo’jaeva Sh. (2017) Erkin A’zam asarlari lingvopoetikasi. Filol.fan…falsafa d-ri (PhD) diss. avtoref. – 52 b. (Toshkent)

Yo‘ldoshev M. (2007) Badiiy matn va uning lingvopoetik tahlili asoslari. Fan nashriyoti. – B.41. (Toshkent)

Булгаков М. (1940) Тихий Дон.

Достоевский М. (1868) Идиот.

Лермонтов М. (1954) В альбом.

Липгарт А.А. (2013) Основы лингвопоэтики. Учебное пособие. Изд. 5-е.Книжный дом “ЛИБРОКОМ”, 2009, 2012. (Москва)

Чехов А. (2016) Собрание юмористических рассказов в одном томе.

Опубликован

Загрузки

Биография автора

Зулнура Каримова ,
Ташкентский государственный аграрный университет
Доцент

Как цитировать

Каримова , З. (2025). Лингвопоэтические особенности утвердительно-отрицательных слово-предложений. Лингвоспектр, 7(1), 49–55. извлечено от https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/970

Похожие статьи

<< < 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 > >> 

Вы также можете начать расширеннвй поиск похожих статей для этой статьи.