Astionimlar haqida etnospesifik fikrlarning aksiologik tavsifi
Abstract
Ushbu maqolada ingliz va fransuz tillari sohiblari ongida Angliya, AQSh, Avstraliya va Fransiya shaharlari nomlaridan shakllangan avtostereotiplarning semantik qiymatlari tahlil qilinadi. Avtostereotiplarning turgʻun iboralar vositasida ifodalanish imkoniyatlari va statistik chastotasi ochib berildi. Ushbu maqola ikki qismdan iborat boʻlib, birinqi qismda ingliz tiliga xos astionim tarkibli iboralarda Buyuk Britaniya, AQSh va Avstraliya shaharlarining nomlari tahlilga tortilgan boʻlsa, ikkinchi qismidab fransuz lisoniy shaxsi ongida vatan hududida joylashgan astionimlar bilan bogʻliq holda shakllangan avtostereotiplar, ya’ni fransuzlarning oʻz vatani hududidagi muayyan shaharga tegishli boʻlgan fikrlari, hukmlari va baholarining semantik asoslarini tahlil etishga bagʻishlangan.
Keywords:
astionimlar avtostereotip etnomadaniy: aykonimlar etnosemantik tasavvur substantiv frazeologizm obrazli tasavvurKichik Vatan tushunchasining tarkibiy qismi sifatidagi astionimlar "oʻz makoni-oʻzga makon" oppozisiyasining muhim tarkibiy qismini tashkil qiladi. Shahar nomlari bilan bogʻliq holda paydo boʻlgan avtostereotiplar, ya’ni etnik jamoa vakillarining katta vatani hududidagi kichik vatan-muayyan shaharga tegishli boʻlgan fikrlari, hukmlari va baholarining semantik asoslarini tadqiq etish keyingi paytlarda katta qiziqish uygʻotmoqda. Shu bois, diqqat markazimizda ingliz va fransuz tillari sohiblarining ongida shakllangan avtostereotiplarning turgʻun iboralar vositasida ifodalanish imkoniyatlari turadi. E’tibor, eng avvalo, astionim birlamchi nomining shakllanishi asosida turgan etnosemantik omilga, keyin esa ikkilamchi nomning vujudga kelishiga sabab boʻlgan etnomadaniy omillarga qaratiladi. Tadqiqotimiz ob’ektini ingliz va fransuz tillari lekcikografik manbalari asosida yigʻilgan, poytaxt shaharlardan tashqari, katta-kichik shahar va qishloqlar haqidagi ta’riflar va turgʻun iboralar tashkil qildi.
- Ingliz tiliga xos astionim tarkibli iboralarda Buyuk Britaniya, AQSh va Avstraliya shaharlarining nomlari uchraydi. Biroq, ularning qoʻllanish chastotasi biz yiqqan misollarda turli koʻrsatkichlarga ega: Britaniya shahar nomlaridan hosil boʻlgan iboralar 85%ni, AQSh shahar nomlari tarkibli iboralar 14%ni, Avstraliya aykonimlari ishtirokidagi iboralar 1 % tashkil qiladi. Avstraliya shahar nomlarining iboralar tarkibida nisbatan kam miqdorda uchrashini mamlakat tarixining uzoq oʻtmishga ega emasligi, mos ravishda, astionimlar haqida avtosteretiplarning milliy ongda hali toʻliq shakllanmaganligi kabi ekstralingvistik omillar bilan tushuntirish mumkin.
- Ingliz astionimlari haqida ingliz tili sohiblarining ongida shakllangan avtostereotiplarning soʻzlar va turgʻun iboralar vositasida ifodalanish imkoniyatlarini koʻrib chiqamiz.
Astionim birlamchi nomining shakllanishi asosida ona vatan hayoti bilan bogʻliq etnosemantik tasavvur turadi. Ingliz shahar va qishloqlarining nomlarida Buyuk Britaniyaning tarixi muhrlangan. Lancaster, Leicester, Manchester shaharlarining nomlarida caster, cester, chester qoʻshimchalari mavjud boʻlib, ular lotincha «castra» soʻzidan kelib chiqqan va “harbiy lager” degan ma’noni anglatadi. Rimliklar bu joylarda qarorgohlar qurishgan. Ushbu shaharlar rim qoidalariga binoan qurilgan. Shahar markazida xochni hosil qiladigan ikkita toʻgʻri koʻcha mavjud. Xochning markazini esa “market-cross” deb nomlangan bezak va soatlari bor bino egallagan.
Birmingham yoki Brighton nomlari tarkibidagi ingliz-saksoncha «ham» soʻzi “qishloq”, «ton» soʻzi esa “shahar” degan ma’noni anglatadi. Bunday nomlar Angliyaning East Anglia deb nomlangan sharqiy qismida, sharqiy angllarning erlarida uchraydi. Essex va Sasseks grafliklari esa sharqiy va janubiy sakslarning erlari boʻlgan. Quyidagi nomlar ham ingliz-sakson qoʻshimchalari vositasida shakllangan: “bridge” (Cambridge: Cam - bu daryoning nomi, bridge - koʻprik); “ford” (Oxford: ox - hoʻkiz, ford - kechuv); “mouth” (Portsmouth: port –port, mouth – daryoning quyilish joyi).
Anglo-sakslar keltlarni Britaniyaning shimoliy va gʻarbiy qismlariga haydab yuborishgan. U erlarda Penzance, Llandudno (llan - cherkov), Loch Ness kabi koʻplab kelt nomlari saqlanib qolgan.
Grimsby, Derby (kiyklar qishlogʻi) nomlaridagi «By» - skandinavcha “shahar”, “qishloq” degan ma’noni bildiradi. Bu nomlar vikinglar yashagan shimoli-sharqda tarqalgan.
Astionim ikkilamchi nomining shakllanishi asosida ona vatan hayoti bilan bogʻliq etnomadaniy tasavvur turadi. Shahar norasmiy nomlarining asosiy xususiyatlaridan biri nafaqat ob’ektlarni nomlash, balki muayyan xususiyatlari bilan bogʻliq holda ularni tavsiflash qobiliyatidir. Har qanday nom qoʻyish nomlash sababi, vaziyat va ragʻbatlantiruvchi dalilni nazarda tutadi. Ustuvor tomoni emosional ekspressiv baholovchi birliklardan iborat boʻladi. Rasmiy nomlardan farqli oʻlaroq, norasmiy yoki ikkilamchi nomlar, aksariyat hollarda, turgʻun soʻz birikmalari vositasida taqdim etilib, frazeologik ma’noga ega boʻladi, biroq ular ingliz tilining frazeologik lugʻatlarida deyarli qayd qilinmagan. Ushbu birliklarning lingvomadaniy imkoniyati juda ahamiyatli boʻlib, ular asrlar qa’ridan keladigan axborotni bergan holda, shaharlar bilan bogʻliq sirlarni ochib beradi.
Tuzilish nuqtai nazaridan, norasmiy nomlarni taqdim etuvchi leksik birliklarning aksariyat qismini ot tarkibli substantiv frazeologizmlar tashkil qiladi. Bu erda eng chastotali modellar quyidagilar: 1) Adj+N, masalan: the Great Wen- («Katta chipqon») - London shahrining ikkilamchi nomi. Misoldan koʻrinib turibdiki, bu salbiy baholovchi metaforik qayta anglanishli birlik; 2) N+N. Ushbu turdagi birliklar orasida laqab-frazeologizmlar mavjud boʻlib, unda birinchi komponent egalik kelishi-gidagi otni anglatishi mumkin, masalan: Lover`s Leap –(«Oshiqning Sakrashi») – Vaterloo koʻprigining laqabi, baxtsiz sevgi tufayli oʻz joniga qasd qilish joyi. Bu metonimik ravishda neytral qayta anglangan birlik. Yana bir turi birinchi komponenti atoqli ot boʻlgan laqabdir, masalan: Colnbrook Churchyard –(«Kolnburg Qabristoni») – Temzadagi joyning laqabi, bu erda XVIII-XIX asrlarda oʻgʻri va qaroqchilar talon-taroj qilingan va oʻldirilgan yoʻlovchilarning jasadlarini suvga choʻktirganlar. Bu frazeologik laqabning ikkinchi komponenti, birinchi misoldagi kabi, metaforadir; 3) N+preposition+N. Bu eng chastotali model, bunda of eng koʻp uchraydigan predlog boʻlib, ob’ektning funksiyasini koʻrsatadi, masalan: the Arch of Suicide – («Oʻz joniga qasd qilish Arki»), the Bridge of Sorrow – («Qaygʻu koʻprigi») – Vaterloo koʻprigining laqabi – Londonlik oʻzini oʻzi oʻldiradiganlarning eng mashhur joyi.
Buyuk Britaniyaning Bath, Bridport, Berwick, Dover, Brighton, Bristol, Birmingham, Cambridge, Canterbury, Chester, Colchester, Coventry, Dunmow, Dunstable, Durham, Hull, Manchester, Newcastle, Ripon, Scarborough, Stafford, Trumplington, Watford, Yarmouth kabi shaharlari nomlaridan iboralar hosil boʻlgan. Ushbu guruhning koʻpgina frazeologik birliklarida aynan shaharlarga xos ekstralingvistik tavsiflar ta’kidlanadi, masalan, Bridport - Bridport dagger jallodning arqoni , to be stabbed with a Bridport dagger (adab.) osib oʻldirilmoq [Dorsetdagi shahar arqon, chilvir, toʻr ishlab chiqarishi bilan avval ham mashhur boʻlgan, hozir ham mashhur]. Bristol - Bristol milk/cream xeres (kuchli uzum vinosining bir navi). Xeres Ispaniyadan Bristol shahri orqali olib kelinadi. Ibora shu bilan bogʻliqki, Bristolda aroq zavodlari joylashgan edi; Bristol Compliment – beruvchining oʻziga keraksiz boʻlgan sovgʻasi, Shipshape and Bristol fashion – joy-joyida; batartib (Bristol port shahri sifatida tanilgan); dressed up like a Bristol pin-merchant kiyimlari yap-yangi, chaqmoqday kiyingan. [Bristol – Angliyadagi poʻlat ishlab chiqarish zavodlari joylashgan shahar]. Manchester - the quickest way out of Manchester haqiqatdan qochish. [Manchester – Angliyaning shimoliy gʻarbidagi shahar]. Newcastle - to carry coals to Newcastle bema’ni ish bilan shugʻullanmoq. [Newcastle – Angliyaning shimoliy-sharqida joylashgan shahar]. Ripon - as true as Ripon steel ishonchli, sodiq, haqiqiy [Ripon – Angliyadagi poʻlat ishlab chiqarish zavodlari joylashgan shahar].
- Amerika astionimlari, asosan, yirik shaharlarning nomlarini oʻz ichiga oladi va har bir astionim, kichik vatanning tarkibiy qismi sifatida, etonomadaniy jamoa ongida shakllangan tasavvurlarni oʻzida mujassam-lashtiradi. Kichik vatan haqida shakllangan bunday etnomadaniy tasavvurlar quyidagicha kognitiv koʻrinishga ega:
- a) Jinoyatchi banditlar, geroin va kokain tarqatish makoni: Chicago - Chicago overcoat tobut (soʻzma-soʻz: chigago paltosi) [Chikago – AQShning Illinoys shtatidagi shahar, bu keskin ijtimoiy qarama-qarshiliklar va kontrastlar shahri, tasavvurda jinoyatchilar va banditlar shahri sifatida gavdalanadi]. Shu bilan birga, Chikago shahriga berilgan norasmiy nomlar turli tematik guruhlarga tegishli boʻlib, Chikago shahrini turli belgilari boʻyicha ta’riflaydi;
- b) mamlakat iqtisodiy va madaniy hayotining markazi sifatida tavsiflanadi: Crossroads of the Continent – materikning chorrahasi; World’s Leading Convention City – s’ezdlar va anjumanlar shahri; Queen City of the Lakes –koʻllar malikasi;
- v) Chikago shahrining hajmi boʻyicha Nyu-Yorkdan keyingi ikkinchi shahar ekanligi nazarda tutiladi: The Second City (ikkinchi shahar), The Big Onion (katta piyoz);
- g) Chikagoni shamollar Shahri (The Windy City yoki Big Windy) deb ham atashadi. The Windy City laqabining kelib chiqishi xususida bir nechta versiyalar mavjud: Michigan koʻliga yaqinligi bilan bogʻliq iqlim sharoiti; siyosiy versiya; Butunjahon koʻrgazmasi; Sinsinnati shahri bilan raqobat. Agar laqab kelib chiqishining iqlim versiyasi haqida gapiradigan boʻlsak, shuni ta’kidlash joizki, Chikagoda boshqa shaharlarga qaraganda shamol koʻp emas. Sababi ob-havo sharoitida boʻlmasdan, maqtanchoq deb baholanadigan Chikago aholisining fe’l-atvoridadir [Origin of Chicagoʻs Electronic resource]. Sinsinnati bilan raqobatga kelsak, bu raqobat 1860 yillarda boshlangan. Sinsinnati muzlatilgan goʻsht mahsulotlari savdosi bilan mashhur boʻlgan va oʻzini “Porkopolis” (porc - choʻchqa goʻshti) deb atagan. 1860 – yillarning boshlarida Chikago savdo boʻyicha Sinsinnatidan oʻzib ketadi va “Porkopolis” laqabini oʻziniki qilib oladi. Ushbu shaharlar oʻrtasidagi beysbol oʻyinlari ham shiddatli kechgan. “Windy City” laqabi oʻsha paytlarda sport yangiliklarida tez-tez paydo boʻlgan: The WINDY CITY Jay-Rollers La-Crosse Team Wins Inaugural Game against Cincinnati Nannies. THAT WINDY CITY. Some Freaks of the Last Chicago Tornado.
Laqabning Jahon koʻrgazmasi bilan bogʻliqligini (Jahon koʻgazmasini oʻz mamlakatida oʻtkazish uchun kurash boʻlgan) Chicago Tribune gazetasining redaktori Ch.Dana yozgan maqola sarlavhasi boʻyicha ham kuzatish mumkin: Chicago Dubbed ‘Windy’ in Fight for Fair of ‘93 - Chikago Windy laqabini 93 yarmarkasi uchun kurash natijasida qoʻlga kiritdi.
Ezma (ingl. long-winded) siyosatchilar va tez-tez boʻlib turadigan siyosiy uchrashuvlar bu laqab kelib chiqishining yana bir izohidir.
Gainesville - Gainesville green Geynsvil nashasining eng kuchli turi. [Gainesville – AQShning janubiy-sharqiy qismidagi Florida shtatida joylashgan Alachua shtatining katta shahri]. Florida shtati. San Francisco - Frisco speedball / San Francisco bomb tomirga yuboriladigan geroin, kokain va LSD aralashmasi. [San Francisco – AQShning janubiy-sharqiy qismidagi Florida shtatida joylashgan katta shahar].
Waltham - as wise as Waltham’s calf kaltafahm (soʻzma-soʻz: Uoltem buzogʻiday aqlli). [Uoltem – AQShning shimoli-sharqida joylashgan shahar, Bostonning gʻarbidagi sanoat shaharchasi].
- d) Fizik holat: Boston - bare as Boston Scalp sirti (yuzasi) tekis boʻlgan. [Boston – AQShning shimoli-sharqida, Massachusetts shtatining asosiy shahri]. Bundan tashqari, Boston shahrini Loviya shahri (Beantown) deb ham atashadi. Laqab mustamlakachilik davrlardagi Yangi Angliya aholisining eng sevimli taomi - Backed Beans (qoʻrda pishirilgan loviyalar) nomidan kelib chiqqan. Shu nomdan Chikago aholisining kulgili beaneaters «loviyaxoʻrlar» laqabi ham paydo boʻlgan. Boston shahrini madaniyat, sivilizasiyaning markazi sifatida The Hub laqabi bilan atashadi.
Wilmington - long Man of Wilmington juda baland boʻyli odam. [Wilmington – AQShning shimoliy Koralinadagi kichik shahar].
- e) Choʻchqa goʻshti ishlab chiqarish makoni: Cincinnati - Cincinnati oysters, Cincinnati quail - choʻchqa goʻshti mahsulotlari (soʻzma-soʻz: Sinsinnati chigʻanoqlari, bedanasi) [Sinsinnati – AQShning sharqida joylashgan Ogayo shtatidagi bir shahar. Sinsinnati bir paytlar dunyodagi eng yirik choʻchqa goʻshti ishlab chiqarish markazi boʻlgan]. Jamoaning kognitiv ongida Cincinnati shahrining norasmiy nomlari - “Porkopolis” (porc - choʻchqa goʻshti) va Queen City (malika shahar) toʻgʻrisidagi obrazli tasavvurlar ham mavjud;
- yo) Sinov maydonchasi, boshni qotiradigan ish tushunchasi: Peoria - that won’t play in Peoria bu mamlakatning hech qaerida ildiz otmaydi (soʻzma-soʻz: bu Peoriada oʻynalmaydi) [Peoria – AQShning Illinoys shtatidagi shahar. Tanbridj-Uells britaniyaliklar uchun barqarorlik, an’analar, oʻrtacha darajali ishonch ramzi boʻlsa, Peoria amerikaliklar uchun shunday shahardir. Ilgari Peoriya yangi pesalarni qoʻyish uchun sinov maydonchasi boʻlgan. Agar pesa u erda muvaffaqiyat qozona olmagan boʻlsa, u hech qachon Broadwayda qoʻyilmagan]. Philadelphia - enough to puzzle a Philadelphia lawyer chigal ish; oʻta chalkash, miyani qotiradigan, tushunib boʻlmaydigan (soʻzma-soʻz: Filadelfiyalik huquqshunosning boshini qotirish uchun etarli). Amerikacha a Philadelphia lawyer aqli oʻtkir yurist iborasidan hosil boʻlgan. [Philadelphia – AQShning shimoliy-sharqida joylashgan Pensilvaniya shtatidagi shahar].
Bundan tashqari, Vatan haqida ingliz tilida 20dan koʻproq frazeologizmlar mavjud boʻlib, ular Amerika shaharlarini nomlash va obrazli tavsiflash uchun qoʻllanadi. Bu frazeologizmlar kichik vatan-oʻz shahri toʻrisida amerikaliklarning lisoniy ongida kodlangan yorqin tasavvurlarni oʻziga xos etnomadaniy tarzda diskursiv taqdim etish vositalaridir. Mazkur frazeologizmlarda shaharlar toʻgʻrisida Amerikaliklarning fon bilimlarida mujassamlashgan quyidagi tasavvurlari oʻz aksini topadi [Kunin 1998]:
1) diniy obrazlar: city of Angels amer. – Los-Andjeles shahri (soʻzma-soʻz: farishtalar shahri) [Davic 1992]; the City of Saints – Monreal shahri (soʻzma-soʻz: avliyolar shahri). Monrealning koʻpgina koʻchalari avliyolarning nomi bilan atalgan;
3) dunyo tomonlari: janub, gʻarb: the Gate City of the South amer. – Jordjiya shtatidagi Atlanta (soʻzma-soʻz: Janubiy darvoza); the Queen City of the West, amer. – Sinsinatti shahri (soʻzma-soʻz: Gʻarbdagi qirol shahri; Gʻarb marvaridi);
4) shahar tabiati: sharshara, daryo, okean, koʻl; oʻrmon; tepaliklar: the City of the Falls amer. – Luisvill shahri (soʻzma-soʻz: sharsharalar shahri). Luisvill shahri Ohayo daryosida joylashgan, u shahar yaqinida bir qator tik jarlar va sharsharalarni tashkil qiladi; the Forest City amer. – Klivlend shahri (soʻzma-soʻz: shahar-oʻrmon); the City of One Hundred Hills, amer. – San-Fransisko shahri (soʻzma-soʻz: yuz tepalikdagi shahar);
6) shaharlarni iqtisodiy va madaniy hayotning markazlari sifatida tavsiflovchi laqablar: Capital of the West (Denver shahri) – Gʻarbning poytaxti; Insurance Capital of the World (Xartford shahri) – sugʻurta biznesining jahon markazi; Oil Capital of the World (Talsa (Oklaxoma shtati) – dunyoning neft poytaxti; The Motor City ili Motown (Detroyt shahri) - motorlar shahri, Amerika avtomobilsozlik markazi;
7) shaharlarning goʻzal manzarasini tavsiflovchi laqablarlarda koʻpincha queen (malika) soʻzi ishlatiladi: Queen City of Vermont (Berlington shahri) – Vermont shtati malikasi (shahar Shampleyn koʻli boʻyidagi goʻzal joyda joylashgan; Queen City of the Upper Lakes (Buffalo shahri) – yuqori koʻlar malikasi, The City of Good Neighbors (Buffalo shahri) - Yaxshi qoʻshnilar shahri). Ushbu shahar aholisi doʻstona va mehmondoʻstligi bilan ajralib turadi, har doim yordam berishga tayyor, deb ishonishadi [What’s in a Name Electronic resource]; Queen City of the Plains (Denver shahri) – yassi togʻlar malikasi. Ba’zan queen soʻzi oʻrnida most leksemasi ishlatiladi: Most Interesting City in the USA (Noviy Orlean) – AQShning eng qiziqarli shahri; America’s Most Beautiful City (Savanna) – Amerikaning eng goʻzal shahri.
8) Amerika shaharlarining laqablari sabzavot va meva nomlari vositasida ham taqdim etiladi: The Big Orange (Los-Andjeles) - katta apelsin, The Big Pineapple (Gonolulu shahri) - katta ananas, Peach Capital (Neshvill shahri) - shaftoli poytaxti, Big Tomato (Sakramento) - katta pomidor, The Little Apple (Manxetten shahri Kanzas shtati) - kichik olma, The Mini Apple (Mineapolis - Minnesota shtati) - mini-olma.
- Avstraliya aykonimlari ishtirokidagi iboralar: all behind in Melbourn (avstr. sleng) dumbasi katta.[ Melbourne – avstraliyadagi ikkinchi eng katta shahar]; to take a child to Bunbury cross bolani tizzada tebratmoq. [Bunbury – avstraliyaning janubiy-gʻarbida joylashgan shahar].
Qishloq nomlaridan hosil boʻlgan iboralar ham mavjud. Masalan: to eat Dunmow flitch – baxtli nikohda boʻlmoq; a wise man of Gotham – kaltabin, goʻl odam; to run away to Gretna Green – yashirincha uylanish uchun qochib ketmoq (soʻzma-soʻz: Gretna-Gringa qochmoq). [Gretna Green – Shotlandiyaning janubida Damfris-end-Gallovey viloyatidagi kichik qishloq].
- Fransuz lisoniy shaxsi ongida vatan hududida joylashgan astionimlar bilan bogʻliq holda shakllangan avtostereotiplar, ya’ni fransuzlarning oʻz vatani hududidagi muayyan shaharga tegishli boʻlgan fikrlari, hukmlari va baholarining semantik asoslarini tadqiq etish masalasi e’tiborimizni oʻziga jalb etdi. Astionim tarkibli leksik birliklar tomonidan taqdim etiladigan fikrlar va baholar turlicha semantik mazmunga ega boʻlishi mumkin. Madaniyatlararo muloqot jarayonida muayyan shahar hayoti bilan bogʻliq aniq semantik faktlar haqida bilimlarga ega boʻlmasdan turib, bunday leksik birliklarni tushunish ancha mushkul, chunki mazkur lisoniy birlik semantikasi oʻzi taqdim etayotgan fikr yoki bahoni tushinish uchun etarli boʻlmaydi. Har bir iborani toʻgʻri qabul qilish uchun esa unda mavjud boʻlgan ichki obraz bilan bogʻliq motivlashgan makrokomponentni bilish zarur boʻladi. Mazkur ma’ruzada e’tiborni astionimlarning faqat bir turi – poytaxt Parij shahri va mayda aholi punktlaridan tashqari, katta va kichik shahar nomlari asosida shakllangan iboralar semantik va kognitiv nuqtai nazardan tahlil qilinadi.
Biz yiqqan misollarda Angouleme, Antibes, Beaune, Bercy, Bourges, Cachan, Cambrai, Corbeil, Grenoble, Lagny, Landerneau, Lyon, Marseille, Meaux, Melun, Nanterre, Niort, Orleans, Pontoise, Rueil, Rouen, Sedan, Saint-Malo, Saint-Michel, Toulouse, Versailles, Vatan kabi shaharlarning nomlari bor. Muayyan shahar nomidan hosil boʻlgan iboraning ichki obrazini shakllantirishda quyidagi ekstralingvistik omillar muhim rol oʻynaydi:
- Obrazli oʻxshatishlar, taxalluslar, masalan: Bourges - représenter les armes de Bourges – ahmoq boʻlmoq (soʻzma-soʻz: Burjning gerbini koʻrsatmoq). Burjning gerbida divanda oʻtirgan eshak tasvirlangan. Bir qator tadqiqotchilarning soʻzlariga koʻra, eshak imperator Sezar tomonidan tayinlangan rim hukmdorini gavdalantirgan. Giytar lugʻatida koʻrsatilishicha, bu ushbu shahardagi universitetning viqorli koʻrinishga ega boʻlgan, ammo toʻmtoq oʻqituvchisiga ishoradir. [Bourges - Berryning tarixiy poytaxti, Centre-Val de Loire rayonida joylashgan Cher departamentidagi shahar]. Meaux - aigle de Meaux – Mo burguti. 1681 yil shaharning episkopi boʻlib tayinlangan fransuz yozuvchisi va episkopi Bossyue (1627-1704) haqida [Mo – Sen-e-Marnda joylashgan shahar]. Melun - il ressemble aux anguilles de Melun, il crie avant qu’on ne l’écorche – arzimagan narsaga shikoyat qilgan, arzimagan gapdan qoʻrqqanlar haqida aytiladi (soʻzma-soʻz: Melyonning boʻjamalariga oʻxshaydi, terisini shilmasdan oldin qichqiradi). Avliyo Varfolemey rolini oʻynagan ommaviy tamosha paytida qoʻllarida pichoq bilan unga yaqinlashganda baqirib qochgan Langill degan odamga ishora sifatida hosil boʻlgan. [Melun – Il-de Frans rayoni Seine- et-Marne departamentida joylashgan shahar].
- Soʻz shakllarining oʻxshashligi: Niort - aller / battre à Niort (Norda urushmoq) – rad qilmoq, qabul qilmaslik, inkor qilmoq. Bu nier (rad qilmoq, inkor qilmoq) a Niort (Nor) soʻzlarining fonetik oʻxshashligi. - Et si des petits futés obstinent et découv’ent le super-refuge ? - N’importe: on battra à Niort [Nor – Dyo-Sevr departamentining ma’muriy markazi, shahar va kommuna]. Rouen - aller à Rouen – jinoiy muhitga tushmoq (soʻzma-soʻz: Ruanga joʻnamoq). Rouen va rouer "urmoq, savalamoq", ruiner "yoʻq qilmoq" soʻz shakllarining oʻyiniga asoslangan [Ruan – Fransiyaning shimolida Sena daryosida joylashgan shahar. Normandiyaning tarixiy poytaxti, hozir Normandiya departamentining markazi]. Vatan - envoyer à Vatan (soʻzl.) – quvib chiqarmoq, haydab yubormoq (soʻzma-soʻz: Vatanga yubormoq). Va-t’en "ket, joʻna" iborasi va Vatan soʻzi talaffuzlaridagi oʻxshashlik asosida yaratilgan. [Vatan – Endr departamentidagi asosiy shaharning nomi].
- Tarixiy voqealar: Grenoble - faire la conduite de Grenoble (soʻzl.) - 1) dushmanlarcha kutib olmoq, hushtak chalib norozilik bildirmoq; 2) uydan haydab chiqarmoq (soʻzma-soʻz: grenobl kuzatishlarini tashkil qilmoq). Bu iborada tarixiy voqeaga ishora bor. Lyudovik XIII davrining taniqli qoʻmondoni gersog Lesdigier (1543-1626) Grenobl shahrini bosib olishga urinishda magʻlub boʻlgan: shahar aholisi askarlarga tinimsiz tosh otib, "grenobl kuzatishini" uyushtirgan va askarlarni qochishga majbur qilgan. [Grenoble - Auvergne-Rhône-Alpes rayonining Isère departamentidagi shahar]. Lagny - lent comme Jean de Lagny – juda sekin (soʻzma-soʻz: Lanilik Janday imirsiragan). Bu obrazli oʻxshatish burgundlik gersog Jan Dovyurak nomi bilan bogʻliq (1371-1419). 1417 yil Fransiyadagi ichki ururshlar paytida u Parijga hujum uyushtiradi. Biroq, Lan shaharchasiga etib borgach, Jan fransuz qiroliga oʻz da’volarining qondirilishini talab qilib, xabar yuboradi. Hech qanday javob boʻlmagani uchun ikkinchi, keyin esa uchinchi xabarni joʻnatishga toʻgʻri keladi. Oxir-oqibat, ikki oyni Lanida oʻtkazgandan soʻng, burgundliklar hech narsaga erisha olmagan holda orqaga chekinishga majbur boʻlgan. Bu sustkashligi uchun Jan Dovyurakka xalq orasida Lanilik Jan laqabi berilgan. Bu iboraning eskirgan c’est Jean de Lagny qui n’a point de hate parvoiy palak odam (soʻzma-soʻz: bu Lanilik imirsiq hech ham shoshmaydi) shakli ham mavjud. [Lagny – Parijdan 28 km sharqda joylashgan, Seine-et-Marne departamentidagi kichik shahar]. Saint-Malo - il a été à Saint-Malo (les chiens lui ont mangé les os) - 1) u juda oriq; 2) uning oyoqlari juda ingichka (soʻzma-soʻz: u Sen-Maloda boʻlgan, itlar uning oyoq boldirlarini gʻajib tashlagan). Ibora episkop nomi bilan atalgan shaharning tarixi bilan bogʻliq: kutilmagan zarbadan oʻzlarini himoya qilish uchun shahar aholisi maxsus oʻrgatilgan itlarni kechalari qoʻyib yuborganlar. Bu barvasta itlar qal’ada uchragan hammaga tashlanganlar va, tabiiyki, birinchi navbatda ularning oyoqlaridan qopganlar. [Sen-Malo – Bretan departamentida joylashgan shahar va port].
- Kasbiyga oid munosabat: Nanterre - arriver avec les pompiers de Nanterre – kechikib kelmoq (soʻzma-soʻz: Nanterr oʻt oʻchiruvchilari bilan birga kelmoq). Parijdagi ofatlarni bartaraf etishda ham ishtirok etadigan oʻt oʻchiruvchilarning asosiy qismlari Nanterr shahrida joylashgan edi. Katta yongʻinlar sodir boʻlgan paytlari, bunday tuzilmalar koʻpincha juda kech etib kelgan. [Nanterre - Hauts-de-Seine departamentining ma’muriy shahri. Parij atrofidagi katta shaharlardan biri].
- Uydirma, duv-duv gaplar: Marseille - il vient de Marseille uydirmalarni boʻrttirmoq, yolgʻon-yashiqlarni qoʻshib gapirmoq, uydirma toʻqib chiqarmoq. Fransiyaning janubida yashaydigan odamlar har qanday aql bovar qilmaydigan narsalarni boʻrttirishi va toʻqib chiqarishlari bilan mashhur. [Marseille – Provence-Alpes-Côte d’Azur rayoni Bouches-du-Rhône departamentida joylashgan shahar]. Landerneau - cela fera du bruit à Landerneau (hazil.) – kichik boʻlsa-da odamlarda qiziqish uygʻota oladigan qandaydir yangilik haqida (soʻzma-soʻz: bu Landernoda duv-duv gap qiladi). Ibora yozuvchi Aleksandr Dyuvalning “Vorislar” komediyasidan olingan. Dengiz zobitining qarindoshlari uni oʻlgan deb hisoblab, merosni oʻzaro boʻlishmoqchi boʻlgan paytda, uning kutilmaganda paydo boʻlgani haqida bilib, personajlardan biri Alen shu soʻzlar bilan xitob qiladi. [Landerno - Bretan rayonida joylashgan Finistère departamentidagi kichik shahar].
Xulosa qilib shuni aytish mumkin-ki, astionimlar toʻgʻrisida ingliz va fransuz tillari sohiblarining ongida shakllangan obrazli tasavvurlar astionim birlamchi nomining shakllanishi asosida turgan etnosemantik ma’lumotlarni hamda astionim ikkilamchi nomining vujudga kelishiga sabab boʻlgan etnomadaniy oʻziga xoslikni aks ettiradi. Birlamchi nomlardan farqli oʻlaroq, ikkilamchi nomlar, aksariyat hollarda, turgʻun soʻz birikmalari vositasida taqdim etilib, frazeologik ma’noga ega boʻladi. Ular asrlar qa’ridan keladigan axborotni bergan holda, shaharlar bilan bogʻliq sirlarni ochib beradi.
References
Bayramova L.K. Aksiologicheskiy frazeologicheskiy slovar angliyskogo yazika: slovar sennostey i antisennostey. Kazan: Sentr innovasionnix texnologiy, 2011. – 376 s.
Ivin A.A. Aksiologiya / A.A. Ivin - Moskva: VSh, 2006. - 390 s.
Chevallier Raymond. La Patrie. Paris: Presse Universitaire de France, 1998. – 128 r.
Demographia World Urban Areas & Population Projections: 5th Comprehensive Edition (Revised April 2009). Belleville, Illinois; 2009.
Harvey D. Paris, Capital of Modernity Quotes. New York & London: Routledge, 2003. – 384 p.
Published
Downloads
How to Cite
Issue
Section
License
Copyright (c) 2024 Тургун Исмаилов

This work is licensed under a Creative Commons Attribution 4.0 International License.
