Толкование этнокультурных взглядов на примере фразеологизмов

Аннотация
Статья посвящена этнокультурной интерпретации фразеологических единиц, образованных на основе этнокультурных воззрений народа в узбекском и английском языках. В статье на примерах показано, что фразеологические единицы являются источником информации о культуре конкретного народа и яркой языковой единицей, выражающей национально-культурную лингвокультуру.
Ключевые слова:
культурные стереотипы стандарты этнокультурные символы национальный менталитет лингвокультурология.Kirish. Tarixdan ma’lumki, dunyodagi har bir millatning ruhiy qiyofasi ya’ni milliy mentaliteti o‘ziga xos tarixiy, etnik tabiiy-iqlimiy shart-sharoitlar doirasida shakllangani bois, uning jamiyatda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy hodisalar, tarixiy jarayonlarga bo‘lgan munosabati ham turli bo‘lishi shubhasiz. Zero, milliy o‘ziga xosliklar uzoq tarixiy davrdagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy jarayonlar, tabiiy geografik o‘rnashuv, o‘zaro etnomadaniy aloqalar, diniy mansubliklar asosida qaror topadi va aynan mana shular hamda xalqning etnomadaniy qarashlari negizida frazeologik birliklar shakllanadi. Frazeologik birliklar aynan madaniyat haqidagi axborotni, milliy o‘ziga xoslikni ifodalaydigan til birligidir. Frazeologik ma’noning madaniy ma’no komponenti baho munosabatni anglatishi bilan birga u yoki bu millatning milliy o‘ziga xosligi, etnomadaniyati to‘g‘risida ma’lumot beradi[1]. Frazeologik birliklar u yoki bu xalqning madaniyati haqida ma’lumot beruvchi manba hamda milliy-madaniy lingvomadaniyatini ifoda etuvchi yorqin til birligidir. Frazeologik birliklar xalq mentalitetini va uning madaniyatini saqlash va boyitishga xizmat qiladi. Zero, tilshunos V.A. Maslova “frazeologik birliklar o‘z ma’no strukturasida xalq madaniyati rivojlanishining uzoq yillik jarayonini ifoda etadi, madaniy stereotiplar, etalonlar, arxetiplarni avloddan avlodga yetkazadi, muhrlaydi”[2] deya ta’kidlaydi. Shu yo‘sinda frazeologik birliklar stereotip bilan chambarchas bog‘liqki, bu stereotip mazkur frazeologik birliklarda ifodalangan muayyan tasavvur yoki obraz bilan aloqador bo‘ladi. Frazeologizmlar boshqa til birliklaridan nutqqa obrazlilik, ekspressivlik va emotsionallik baxsh etishi bilan alohida ajralib turadi.
Tadqiqot metodologiyasi: Frazeologik birlik tarkibidagi etnomadaniy ramzlar millat dunyoqarashining shakllanishida uning moddiy, ijtimoiy yoki ma’naviy madaniyati bilan bog‘liq bo‘ladi, shuning uchun ham ular o‘sha millatning milliy-madaniy tajribasi, an’analari, urf-odatlari haqida ma’lumot berishi bilan muhim ahamiyatga ega.
Ma’lumki, geografik muhit (iqlim, nabobat olami, hayvonot olami, landshaft va sh.k.lar) muayyan ma’noga tegishli tillarning lug‘aviy tarkibini belgilaydi. Masalan, Buyuk Britaniya orolda joylashgani, qishning juda yumshoq kelishi, doim tuman tushishi, o‘rmonlaridagi yovvoyi qushlar va hayvonlar, dala gullari, turli davrlarga oid tarixiy binolarning mavjud bo‘lishi, orolning atrofi okean, dengiz, mamlakat ichidagi daryolar, ko‘llar, tog‘larning pastligi va vodiylarning mavjudligi ingliz tili lug‘at tarkibidagi so‘z, so‘z birikmasi, iboralar va idiomalarda, maqol va matallarida o‘z aksini topgan. Inglizlarda suv, orol va o‘rmon bo‘lgani uchun (kema, qayiq, dengiz, daryo, ko‘l va undagi baliqlar nomi; o‘rmondagi rezavorlar, qo‘ziqorinlar nomi) o‘zbek tiliga nisbatan shu mavzuga tegishli so‘zlar ko‘p uchraydi. O‘zbek xalqi azaldan dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanganligi bois, frazeologik birliklarda ham ular o‘z aksini topgan. Umuman, frazeologizmlar u yoki bu xalqning hayot tarzi, madaniyati, ma’rifati, milliy o‘ziga xosligining yorqin ifodasidir. Frazeologik birliklarning birlamchi ma’nolari deyarli yo‘qoladi yoki interpretatsiya ya’ni, talqin qilinadi. Shu ma’noda frazeologizmlar ikkilamchi til hodisasi deb qaraladi.
Ayrim olimlar frazeologizmlarni semantik hodisa deb qaraydi. Shunga qaramasdan frazeologizmlarning so‘z komponentlari o‘z ma’nolarini saqlashi va lingvomadaniy ma’no fonini saqlangan holda anglashiladi. Albatta frazeologizmlarning shakllanishi va ma’no kasb etishida ekstralingvistik omillar, jumladan tarix, milliy qadriyatlar, milliy-ma’naviy meroslar, urf-odatlar, hududning o‘ziga xosligi, voqeliklar, tarixiy jarayonlar va hakozolar muhim omillar bo‘lib xizmat qiladi. Insoniyat azal-azaldan borliqdagi hayvonlar va o‘simliklar bilan juda yaqin munosabatda bo‘lgan. Buning muayyan sabablari bor: birinchidan, hayvonot va o‘simlik olami insonlar uchun asosiy ozuqa manbaidan biri bo‘lsa, ikkinchidan, ular kundalik hayotda yordamchi ish kuchi vazifasini bajargan va uchinchidan, ov qilishda asosiy vosita hisoblangan. Ayni holat insonlarning hayvonot va o‘simlik olami sir-asrorlarini azaldan yaxshi bilib olishga, uy hayvonlarini o‘zlariga yaqin tutishiga, ularning ko‘magidan samarali foydalanishga yoki yovvoyi hayvonlarga nisbatan jiddiy mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lishga, umuman, ularga alohida e’tibor bilan qarashga olib kelgan.
Natijalar va muhokamalar: O‘zbeklarda bo‘ri, tuya, ayiq, ot, qo‘y, ilon, baliq, qaldirg‘och, burgut, xo‘roz, musicha kabi hayvon va qushlarga hurmat bilan qaralgan. Mustaqil O‘zbekiston gerbida xumo qushining tasviri borligi ham bejiz emas. Shuningdek, xalqimiz chinor, behi, anor, tol kabi mevali va mevasiz daraxtlarga ham alohida e’tiqod bilan qaraydi. To‘g‘ri, yuqorida sanalgan hayvon, qush, daraxtlarning totem sifatida hurmatga sazovorligi bor. Ammo bir oz fikr yuritsak, ularga bo‘lgan e’tiqod ildizlarida o‘zgacha, alohida ma’no borligi ham anglashiladi. Jumladan, bo‘rining mustaqil hayotga bog‘liqligi, mardligi; tuyaning suvsizlikka chidashi; otning insonga vafodorligi, ziyrakligi; burgutning baquvvat va jangari qush ekani; chinorning uzoq umr ko‘rishi; anorning ichida donalarining ko‘pligi (farzand belgisi sifatida), tolning salqini va undan beshik, do‘mbira yasalishi kabi fazilatlar xalq orasida shuhrat topgani ham ma’lum. Qadimgi afsonalarda, ertaklarda bo‘ri, ilon, ayiq, ot, qaldirg‘och kabi obrazlarning ko‘plab uchrashi bejiz emas. Ma’lum sabablar bilan yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri bolaga Bo‘riboy, Bo‘ritosh, Bo‘rigul, Lochin, Arslon, Qo‘ziboy, Yo‘lbars degan ismlarning berilishida ham e’tiqod ta’siri aniq seziladi.
Ma’lumki, xalqlarning olamni tasavvur etishi va anglashidagi o‘ziga xoslik, ya’ni milliy-madaniy va milliy-konnotativ ma’lumot bevosita frazeologik birliklar etalonida mujassamlashadi.
Shamol bo‘lmasa, daraxtning boshi qimirlamaydi- xalqimizda “Sababsiz qush ham uchmas” kabi frazeologik birliklar mavjud bo‘lib, ular xalqning falsafiy qarashlari mahsuli hisoblanadi. Zero, tabiatda ham, jamiyatda ham ro‘y beradigan har bir voqea-hodisaning muayyan sababi bor. Sababsiz hech qanday oqibat bo‘lmaydi. Masalan, xalq orasida bir gap tarqalibdimi-demak, bir ish bor, degan ma’noda qo‘llaniladi.
Sheriklik oshni it ichmas- Odatda ikki it bir yalog‘dan ovqat yeb qolgudek bo‘lsa, bir-biri bilan tortishib, irillashib, urushib ketadi. Bu frazeologizmni sheriklikda ish qilib, o‘zaro chiqisholmay, urushib, janjallashadigan odamlarga qarata istehzo va kinoya tarzida qo‘llaydilar.
Sholining orqasidan kurmak ham suv ichadi (bug‘doyning bahonasida qoramug‘ ham suv ichibdi, gul tufayli tikan suv ichar, ko‘lning orqasidan ko‘lmak ham suv ichadi). Bu frazeologizmlarni bir odam tufayli yomon odam ham (garchi uning bir nimani olishga, foydalanishga, yeb-ichishga haqqi bo‘lmasa, haddi sig‘masa ham) foydalanib, manfaatlanib qolsa va shu kabi hollarda yo jiddiy, yo hazil-mutoyiba tarzida aytadilar.
Eshagiga yarasha tushovi - ilgarilari eshaklarni tushovlashning bir necha xil usullari bo‘lardi. Qimmat eshaklarni halqali zanjir tushov bilan tushovlab, qulflab, kalitini cho‘ntaklariga solib ketardilar. “Mundayroq” eshaklarni ham teridan qamchiga o‘xshatib to‘qilgan tushov bilan tushovlardilar. Arzon, arzimagan (buni kim olib ketardi deb hisoblanadigan) eshaklarni oldingi oyoqlarini tizimcha yoki arqon bilan bog‘lab qo‘ya qolardilar. Majoziy ma’noda arzimagan narsaga arzimagan harakat, taraddud qilinganda yo shunday qilinishi kerakligi o‘qtirilganda, izzat-hurmat qilinmaganda, yo shunga o‘xshash hollarda qo‘llaniladi.
Bo‘rining yesa ham og‘zi qon, yemasa ham og‘zi qon- bo‘rining og‘zi qarishqir bo‘ladi. Shuning uchun ham uni “qashqir” deb ham ataydilar. Bo‘ri doimo og‘zini ochib, qizil tilini osiltirib yurgani uchun og‘zi qonday bo‘lib tuyuladi. Majoziy ma’nosi: ilgari xiyonat, jinoyatlar qilib, shuning orqasidan yomon otliq chiqqan odam keyinchalik bu hunarini tashlagan bo‘lsa ham uni ayblaydilar. Noo‘rin ayblanayotgan odam o‘zining aybdor emasligini bildirmoq maqsadida shu frazeologizmni ishlatadi.
Ingliz tilida A.V. Kuninning ingliz-rus frazeologik lug‘atiga tayangan holda, ba’zi zoonim va fitonim komponentli frazeologik birliklarning kelib chiqish tarixiga to‘xtalib o‘tamiz[3].
Valaam’s ass- Injildagi rivoyatlarga ko‘ra, yahudiy (Eski Axd payg‘ambari) Valaam dushman taraf bilan uchrashish uchun ketayotganida, minib olgan eshagi ilohiy kuch tufayli gapira boshlaydi. Shu tariqa bu ibora yuvosh, mo‘min insonning dabdurustdan e’tiroz bildirishiga nisbatan ishlatiladi.
Bull of Bashan- Bashan Injildagi joy nomlaridan biri bo‘lib, u yer nihoyatda maysazor bo‘lganligi uchun o‘tloqlarida ulkan buqalar o‘tlab yurgan. Hozirgi kunga kelib, bu ibora majoziy ma’noda yo‘g‘on ovozli, bahaybat insonning ta’rifiga nisbatan ishlatiladi.
Kilkenny cats- bu iboraning asl kelib chiqishi Irlandiyaga borib taqaladi. Aytishlaricha, 19 asrda Irlandiyaning Kilkenni grafligida yovvoyi mushuklarni urushtirishgan. Jang shunchalik beayov bo‘lganki, oqibatda mushuklarning dumlari omon qolgan xolos. Bu ibora hozirda bir-biriga ashaddiy dushman odamlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Straight from horse’s mouth- ingliz madaniyatida otlar poygasi azaldan milliy bayram darajasida nishonlangan. “Horse race” deya yuritilib, odamlar poygada qatnashadigan otlarga pul tikishgan, ammo ba’zi “uddaburonlar” pul tikishdan oldin, otning og‘zini ochib tishlariga qarashgan va yoshini aniqlab, shunga qarab pul tikishgan. Shu tariqa, bu ibora “otning o‘z og‘zidan” ya’ni, asl manbadan bilmoq tarzida talqin qilinadi.
White elephant- bu ibora tub ingliz iborasi bo‘lmay, inglizlarga sharq xalqlaridan kirib kelgan. Aytishlaricha, Siyam podshohining o‘z qo‘l ostidagilariga oq fil sovg‘a qiladigan odati bor edi va o‘z navbatida oq fil Tayland xalqida muqaddas hisoblanib, unga alohida ehtirom ko‘rsatishgan. Lekin, filni boqish juda qimmatga tushgan va muqaddasligi bois egasi uni ko‘chaga tashlolmagan. Bu ibora keraksiz, qimmatbaho sovg‘aga nisbatan ishlatiladi.
Under the rose- bu ibora ham tub ingliz madaniyati iborasi emas, inglizlarga lotin tilidan kirib kelgan. Qadimgi Rimda atirgul sukunat ramzi sifatida katta-katta davlat yig‘inlarida zalga osib qo‘yilgan, ya’ni eshitgan, ko‘rgan narsalarni hammaga oshkor qilmaslik ma’nosini ifoda etgan[4].
A bull in a china shop- taxminlarga ko‘ra, bu ibora 1800 yillarda Amerikalik yozuvchi Frederik Maryatning “Sodiq Yakob” romanida paydo bo‘lgan. Asarda buqaning chinni idish do‘konida idish-tovoq sotayotgani tasavvur qilib keltirilgan va landovur, noshud, lapashang odamning majoziy ko‘rinishi hisoblaniladi[5].
A black sheep- ma’lumki, ingliz chorvachiligida mavjud qo‘ylarning hammasi oq bo‘lib, bu ularning iqlim sharoitidan kelib chiqadi. Shu bois, suruvda qora qo‘yning bo‘lishi bu kulfat belgisi hisoblangan. Chunki, inglizlar qora qo‘y–bu shaytonning ramzi deya o‘ylashgan. Bu ibora boshqalarga o‘xshamaydigan, g‘alati, e’tibordan chetda qolgan odamga nisbatan qo‘llaniladi. E’tiborli jihati shundaki, ingliz tilida qo‘y leksemali frazeologik birliklarning barchasi ham yuvoshlik ma’nosini bermaydi. Masalan, as silly as a sheep-ahmoq odamga nisbatan ishlatilsa, follow like sheep- qo‘yday ergashmoq, ya’ni ko‘r-ko‘rona ergashmoq ma’nosida, to cast sheep’s eyes at smb-kimgadir muhabbat bilan qaramoq ma’nolarini ifodalaydi.
Xulosa va takliflar:
Muayyan bir til asosiy aloqa vositasi bo‘lgan jamiyatda hukmron bo‘lgan ijtimoiy madaniy omillar insonlarning til yordamida dunyoni tasvirlash va frazeologik birlik kabi ifoda kuchiga ega bo‘lgan birliklarni shakllantiradi. Zoonim va fitonim komponentli frazeologik birliklarning milliy-madaniy xususiyatlarini aniqlashda ularni etnomadaniy tadqiq etish, diaxronik jihatdan dinamik o‘zgarishlarini o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi.
Библиографические ссылки
Телия В. Метафоризация и ее роль в создании языковой картины мира //Роль человеческого фактора в языке. Язык и картина мира. - М.: Наука, 1988
Маслова В.А.Лингвокультурология.2-издание.-М.:Академия,2004.
Кунин А.В. Англо-русский фразеологический словарь. - Изд. 4-е, переработанное и дополненное. -М., 1984
Цыбульник Ю.С. Крылатые латинские выражения / Ю.С. Цыбульник. – М. : АСТ; Харьков : Фолио, 2003. – 830 с.
Кунин А.В. Англо-русский фразеологический словарь. - Изд. 4-е, переработанное и дополненное. -М., 1984
Фердинанд де Соссюр. Курс общей лингвистики. Екатеринбург ИздательствоУральского университета, 1999. – 416 с.
Xolibekova O.K.Zoonim va fitonim komponentli frazeologik birliklarning semantik- struktur va lingvomadaniy talqini:Filol.fanlari bo‘yicha falsafa doktori(PHD)....diss. – Samarqand., 2023. -118 b.
Xudoyberganova D.S. O‘zbek tilidagi badiiy matnlarning antropotsentrik talqini: Filol.fanlari d-ri ... diss. -Toshkent, 2015. -240 b;
Hakimova G.E. Zoonim komponentli frazeologik birliklarning strukturaviy va semantik xususiyatlari (ingliz tili materiallari asosida): Filol.fanlari nomzodi.... diss. – T., 2008. -145 b.
Опубликован
Загрузки
Как цитировать
Выпуск
Раздел
Лицензия
Copyright (c) 2025 Сурайё Сайдуллаева

Это произведение доступно по лицензии Creative Commons «Attribution» («Атрибуция») 4.0 Всемирная.