O‘zbek va Ingliz bolalar folklorida mavsumiy va marosimiy qo‘shiqlar

Mualliflar

  • Buxoro Davlat Universiteti
Сезонные и обрядовые песни в узбекском и английском детском фольклоре

Annotasiya

Ushbu maqolada o‘zbek va ingliz bolalar folklorida mavsumiy va marosimiy qo‘shiqlarning roli tahlil qilinadi. Tadqiqot davomida mavsumiy qo‘shiqlarning shakllanishi, ularning tarixiy ildizlari va bolalar o‘yinlaridagi ahamiyati o‘rganildi. O‘zbek folklorida bu qo‘shiqlar ko‘pincha marosimiy kontekstga ega bo‘lib, kattalar repertuaridan bolalarga o‘tgan. Ingliz bolalar folklorida esa sanamalar va arvoh chaqirish marosimlariga oid qo‘shiqlar rivojlangan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, mavsumiy va marosimiy qo‘shiqlar bolalar ongida tabiat va jamiyat bilan bog‘liq tasavvurlarni shakllantirishga xizmat qiladi.

Kalit so‘zlar:

mavsumiy qo‘shiqlar marosimiy qo‘shiqlar bolalar folklori sanamalar tabiat o‘yinlar e’tiqodlar madaniyat marosimlar og‘zaki ijod.

KIRISH. Bolalar folklori milliy madaniyatning ajralmas qismi bo‘lib, u avloddan-avlodga yetib kelgan marosim va urf-odatlarning ifodasi sifatida shakllanadi. Xalq og‘zaki ijodining muhim janrlaridan biri bo‘lgan bolalar folklori bolalarning dunyoqarashini rivojlantirish, ularni tabiat, mavsumlar, ijtimoiy muhit bilan tanishtirish va ularning ruhiy-axloqiy kamolotida muhim rol o‘ynaydi. Bolalar folklori ichida mavsumiy qo‘shiqlar va marosimiy qo‘shiqlar alohida ahamiyat kasb etadi. Mavsumiy qo‘shiqlar yil fasllari bilan bog‘liq bo‘lib, tabiatning turli o‘zgarishlari bilan hamohang tarzda kuylanadi. Masalan, bahor kelishini madh etuvchi, yomg‘ir yoki qor yog‘ishi bilan bog‘liq qo‘shiqlar shular jumlasidandir. Marosimiy qo‘shiqlar esa turli diniy va ijtimoiy marosimlar doirasida aytilib, xalqning tarixiy va madaniy tafakkurini aks ettiradi. O‘zbek bolalar folklorida «Boychechak», «Yo Ramazon» va hayitlik qo‘shiqlari mavsumiy janr sifatida keng tarqalgan bo‘lsa, ingliz bolalar folklorida «Rain, Rain, Go Away» kabi yomg‘ir bilan bog‘liq qo‘shiqlar mashhurdir. Shuningdek, bolalar sanamalarida ham qadimgi marosimiy tasavvurlar aks etib, ularning o‘yin jarayonlarida muhim vazifa bajarishi kuzatiladi.

METODOLOGIYA. Ushbu tadqiqot qiyosiy folklorshunoslik va madaniy-etnografik tahlil usullariga asoslanadi. Tadqiqot davomida quyidagi metodlar qo‘llanildi: Qiyosiy tahlil – o‘zbek va ingliz bolalar folkloridagi mavsumiy va marosimiy qo‘shiqlarning poetik tuzilishi, leksik jihatlari, marosimiy ahamiyati solishtirildi. Tarixiy-etnografik metod – qo‘shiqlarning kelib chiqishi, ularning tarixiy ildizlari va madaniy kontekstdagi roli o‘rganildi. Lingvistik tahlil – qo‘shiqlardagi asosiy mavzular, obrazlar va semantik birliklarning roli tadqiq qilindi. Marosimiy kontekstni o‘rganish – bolalar folklorida qo‘llaniladigan sanamalar, mavsumiy va diniy qo‘shiqlarning zamonaviy bolalar repertuarida saqlanib qolishi yoki transformatsiyaga uchrashi tahlil qilindi. Tadqiqot materiallari sifatida o‘zbek va ingliz xalq og‘zaki ijodi namunalaridan, folklorshunos olimlarning ilmiy ishlari va tarixiy yozma manbalardan foydalanildi.

NATIJALAR. Kattalar bolalarning tabiatga munosabatlarini shakllantirishda ham faol ishtirok etadilar. Buning natijasida bolalarning o‘z solnomasi (kalendari, ya’ni taqvimi) va uni ifoda etuvchi mavsum-marosim qo‘shiqlari yuzaga kelgan. Bahor, yoz, kuz, qish mavsumlari bilan bog‘liq bunday qo‘shiqlarning bir qismi ijtimoiy-siyosiy taraqqiyot taqozosiga ko‘ra kattalar repertuaridagi mavqeini yo‘qota borib, yo tamoman so‘nib ketadi, yo transformatsiyaga uchrab, bolalar repertuarida saqlanib qolgan. Bunga o‘zbek folkloridagi “Boychechak”, “Yo ramazon” va hayitliklarni misol qilish mumkin.

Ingliz bolalar folklorida ham mavsumiy, tabiat hodisalariga oid qo‘shiqlar mavjud. Masalan, bunga yomg‘ir, qor kabi yog‘ingarchilik turlariga atalgan bolalar qo‘shiqlari, termalarini misol qilish mumkin. “Rain, rain, go away” qo‘shig‘ining bir nechta shakllari bor va uning ilk marta yozib olinishi XVII asrga to‘g‘ri keladi. Bu qo‘shiqda asosan yomg‘irning ko‘p yog‘ishi bolalarning uyda zerikib o‘tirishiga sabab bo‘lishi, natijada ular ko‘chada o‘ynay olmasligi, shuning uchun yomg‘ir ketgin, boshqa kuni yana yog‘gin deb murojaat qilishga majbur bo‘lishlari haqida gapiriladi:

Asliyatda

Tarjimasi

Rain, rain,

Go away.

Come again April day,

Little Johnny wants to play.

Yomg‘ir, yomg‘ir,

Uzoqqa ketgin.

Aprel kuni yana kelgin,

Kichik Jonny o‘ynashni xohlaydi.

 

Bolalar folklorida, jumladan, ingliz bolalar folklorida “arvoh chaqirish”ga qaratilgan maishiy marosim alohida o‘ringa ega. Masalan, XIX asrdan beri inglizzabon amerikalik bolalar seanslar o‘tkazish orqali o‘liklarni tiriltirishga harakat qilishdan zavqlanishgan. Bolalarning bu kabi mashg‘ulotlariga xos tartiblaр har xil bo‘lsa-da, hamma odatda qo‘llarini ushlab aylanada o‘tiradi va juda jim turishga harakat qiladi. Giruh shovqin qilishdan saqlanmasa, qiziqarli hech narsa bo‘lmaydi, ya’ni arvoh kelmaydi.

Agar zo‘ravonлик оқибатида o‘limga duchor bo‘lgan arvoh bo‘lsa, u yovuz arvoh hisoblanadi. Ishonchlarga ko‘ra, chaqirilgan arvoh kelsa, marosim uchun yoqilgan barcha shamlar o‘z-o‘zidan o‘chib qoladi.

Ma’lumki, sanamalar bolalarga o‘yinchilarni tanlash yoki kimnidir biror rolni bajarishga tayinlash vazifasini bajarish uchun ishlatiladi. H.C.Boltonning “Bolalar qo‘shiqlari” (1888) asari bunday poetik aytimlarning birinchi tadqiqotidir. H.C.Boltonning ta’kidlashicha, odamlar dastlab fol ochish uchun sanamalardan foydalanganlar, qurbonlik marosimi qurbonlarini aniqlash uchun uni qo‘llaganlar. Sanamalar qadimgi druidlarning qurbonlik marosimlarida paydo bo‘lgan degan g‘oya ham mavjud bo‘lib, u ko‘pchilikni qiziqtirgan.

Elliott Oringning “Hisoblash an’anasi va matematikasi haqida” (1997) yozganlari H.C.Boltonning fikrini rad etib, qurbonlarni tanlash uchun matematik formulalar haqidagi hikoyalar aslida boshqa asosga ega ekanligini ko‘rsatadi. Masalan, “Iosif muammosi” yahudiy askarlarining miloddan avvalgi I asrdagi yahudiy-rim urushi paytida Rim askarlari tomonidan g‘orda qamalib, kimning o‘z joniga qasd qilishini aniqlashlari haqidagi afsonalarga taalluqlidir. Askarlar bunday hisoblash jarayonida omon qolishiga ishonch bilan o‘tirishgan.

Ko‘pincha o‘zbek bolalari quvlashmachoq o‘ynamoqchi bo‘lishsa, aytadigan sanamasi “yetti – ketdi” jumlasi bilan tugaydi.

G‘ani bobo o‘libdi,

Moshinasi qolibdi.

Unga bugun uch ekan.

Uch deganim qoch degan!

Bunda “qoch” so‘zi aytilishi bilan barcha bolalar to‘g‘ri kelgan tomonga qochib tarqalishadi. Agar qaysi bola angrayib qochishga ulgurmasa, o‘sha bola qochishga tushgan bolalarni tutish uchun ularning ortidan yugura boshlaydi.  Ma’lumki, xalqimiz orasida marhumlarning ilk xotira marosimi respublikamizning ba’zi hududlarida uchinchi kuni “Uch” yoki yettinchi kun “Yetti” nomi bilan o‘tkaziladi. Shu o‘rinda ushbu sanama mavzusining bevosita o‘lim tushunchasi bilan bog‘lanishi yuqoridagi kabi sanamalarning bir paytlar harbiy asirlarni yoppasiga emas, bitta-bitta o‘limga hukm qilishda ishlatilganini taxmin qilishga asos yaratadi.

O‘zbek sanamalaridan ayrimlarining o‘lim mavzusi bilan bog`lanishi bizgacha I.Shoymardonov tadqiqotida ham qayd qilib o`tilgan.[1] Hozirda bolalar sanamalari o‘yinda biror-bir bolaning galini aniqlash, o‘zlari afzal ko‘rgan o‘yinchilarni tanlash uchun foydalaniladi.

Kennet S. Goldshteynning Filadelfiyadagi bolalar bilan olib borilgan dala yozuvlari ishlariga asoslangan “Hisoblash strategiyasi” (1971) asarida sanamaning “o‘tkazib yuborish”, “hisoblash” va “kengaytirilgan qo‘shiq” kabi shakllari aniqlangan.

Keyinchalik bu borada amalga oshirilgan tadqiqotlar ham shunga o‘xshash natijalarga erishdi. Endi Arleoning “Hisoblash strategiyasi: Sen-Nazer, Fransiyadan olingan dalillar” (1991) asarida qiziqarli misollar keltirilgan. Bolalar aylanada o‘tirib, hisoblagich (hisoblovchi, sanama aytuvchi)ning har bir ishtirokchining bir oyog‘i yoki mushtiga urishini, yoki vaqti-vaqti bilan bolalar o‘rnidan turib, ko‘kragiga қўл tegizishini kutishadi. Kerakli natijaga erishish uchun hisoblagich ma’lum o‘yinchilarni o‘tkazib yuboradi va qaysi bir o‘yinchi qolgach, o‘yin boshlanadi. Ingliz sanamalarining eng to‘liq manbasi Rojer Abrahamsning kitobidir. O‘zbek bolalar ijodining talay namunalarini bolalarning yil mavsumlari, tabiat hodisalari, turli xarakterdagi munosabatlarini tasvirlovchi og‘zaki asarlari tashkil etadiki, ular, o‘z navbatida, muayyan turkumlar va janrlarga birlashadilar. Bunday asarlarda bolalarning o‘ziga xos maishiy turmushi o‘z ifodasini topgan. Bu maishiy turmush kattalar bilan bevosita muloqotda va ularning bag‘rida shakllangan.

Ma’lumki, xalq ijodida quyoshga sig‘inish e’tiqodlari o‘z izini qoldirgan. Bu izni “Oftob chiqdi olamga” turkumidagi qo‘shiqlarda ko‘rish mumkin. Bu qo‘shiq qachonlardir kattalar tomonidan ijod etilgan va quyoshga sig‘inish marosimida ijro qilingan. Buni hozirgi vaqtda ham faqat quyosh chiqishi munosabati bilan ijro etilishiyoq yaqqol tasdiqlaydi. Biroq keyinchalik bu marosim yo‘qolgach, uning qo‘shig‘i asta-sekin bolalar repertuariga o‘tib, bugungi kunda faqat bolalar repertuarida uchraydi.

MUHOKAMA. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, o‘zbek va ingliz bolalar folklorida mavsumiy va marosimiy qo‘shiqlarning umumiyligi va farqli jihatlari mavjud. Mavsumiy qo‘shiqlarning shakllanishi. Bolalarning tabiat bilan bog‘liq tasavvurlari mavsumiy qo‘shiqlarda o‘z aksini topadi. O‘zbek bolalar folklorida «Boychechak», «Yo Ramazon» va hayit qo‘shiqlari bahor, yoz va diniy marosimlar bilan bog‘liq bo‘lsa, ingliz bolalar folklorida «Rain, Rain, Go Away» kabi yomg‘ir va boshqa ob-havo hodisalariga bag‘ishlangan qo‘shiqlar mavjud.

Marosimiy qo‘shiqlarning o‘rni va rivojlanishi. O‘zbek bolalar folklorida «Oftob chiqdi olamga» turkumidagi qo‘shiqlar qadimgi quyoshga sig‘inish marosimlari bilan bog‘langan bo‘lib, bugungi kunda ularning aksariyati bolalar repertuarida saqlanib qolgan. Ingliz folklorida esa bolalar o‘yinlarida ishtirok etuvchi arvoh chaqirish marosimlari va sanamalar o‘ziga xos o‘rin tutadi. Masalan, XIX asrdan beri inglizzabon bolalar tomonidan arvoh chaqirish seanslari o‘tkazilgani va bunday marosimlar davomida maxsus qo‘shiqlar aytilgani kuzatilgan. Sanamalar va ularning bolalar o‘yinlaridagi roli. Bolalar sanamalari, odatda, o‘yin ishtirokchilarini tanlash, kimnidir muayyan vazifani bajarishga tayinlash yoki o‘yinda kim boshlashini aniqlash uchun ishlatiladi. O‘zbek bolalar sanamalaridan «Yetti – ketdi» jumlasi bilan tugaydigan sanamalar ayniqsa mashhurdir. Masalan:

G‘ani bobo o‘libdi,
Moshinasi qolibdi.
Unga bugun uch ekan.
Uch deganim – qoch degan!

Bu sanama bola o‘yinini boshlash uchun ishlatilsa-da, uning tarixiy ildizlari o‘lim tushunchasi va marosimiy an’analar bilan bog‘liq ekani kuzatiladi. Ingliz bolalar folklorida sanamalar qadimgi druidlarning qurbonlik marosimlari bilan bog‘liq degan faraz mavjud bo‘lib, ular zamonaviy bolalar o‘yinlariga moslashgan.

Ingliz va o‘zbek folkloridagi o‘xshashliklar: Har ikki madaniyatda mavsumiy va marosimiy qo‘shiqlar tabiat hodisalarini kuzatish, ularni madaniy talqin qilish va bolalarni muayyan ijtimoiy muhitga tayyorlash vazifasini bajaradi.Farqlar: O‘zbek folklorida mavsumiy qo‘shiqlar ko‘pincha marosimiy kontekstda kelib, kattalar repertuaridan bolalar folkloriga o‘tgan. Ingliz bolalar folklorida esa sanamalar va arvoh chaqirish qo‘shiqlari ancha rivojlangan bo‘lib, ular tarixiy e’tiqodlar bilan bog‘liqdir.

XULOSA. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, o‘zbek va ingliz bolalar folklorida mavsumiy va marosimiy qo‘shiqlar muhim ahamiyat kasb etib, ularning tarixi va poetik tuzilishi bir-biridan farq qiladi. O‘zbek folklorida mavsumiy qo‘shiqlar marosimiy an’analarga bog‘langan bo‘lsa, ingliz folklorida ular bolalar o‘yinlari va qadimgi e’tiqodlar bilan chambarchas bog‘liq. Mavsumiy qo‘shiqlar va sanamalar bolalarning dunyoqarashini shakllantirish, ularning tabiat bilan uyg‘unligini ta’minlash va ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, bolalar folklori milliy madaniyatni avloddan-avlodga yetkazuvchi vosita sifatida katta ahamiyatga ega.

Bibliografik manbalar

Shoymardonov I.A. Surxon vohasi bolalar folklori (o‘ziga xos xususiyatlari, tasnifi va badiiyati): Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi. – Toshkent, 2024. – B. 102.

Yunusov G‘.O. Alla to‘g‘risida bir-ikki og‘iz so‘z // Maorif va o‘qitg‘uvchi. – Toshkent, 1926. – № 6. – B. 25-26; Shoymardonov I.A. Surxon vohasi bolalar folklori (o‘ziga xos xususiyatlari, tasnifi va badiiyati): Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi avtoreferati. – Toshkent, 2019. – B.13-14.

Бойчечак. Ўзбек халқ ижоди. Кўп томлик. Болалар фольклори. Меҳнат қўшиқлари. – Т.: Ғ.Ғафур Ғулом номидаги Адабиёт ва санъат нашриёти, 1984. – Б.19.

Ўраева Д. Мотам аллаларининг жанрий белгилари. – Ўзбек тили ва адабиёти. – Тошкент. – 2005. – №1. – Б.51-59.

Сафаров О. Айтим-олқишлар // Болаларни эркаловчи ўзбек халқ қўшиқлари. – Т.: Фан, 1983. – Б.33-49; Сафаров О. Айтим-олқишлар // Ўзбек болалар поэтик фольклори. – Т.: Ўқитувчи, 1985. – Б.44-55.

Ochilov, Ulugbek Sayfulloevich. "Naturalistic Images In The Novel “Sister Carrie” By The American Writer Theodore Dreiser." Scientific reports of Bukhara State University 4.3 (2020): 179-183.

Nashr qilingan

Yuklashlar

Muallif biografiyasi

Otabek Fayzulloyev ,
Buxoro Davlat Universiteti

professor, PhD

Qanday qilib iqtibos keltirish kerak

Fayzulloyev , O. (2025). O‘zbek va Ingliz bolalar folklorida mavsumiy va marosimiy qo‘shiqlar. Lingvospektr, 3(1), 61–65. Retrieved from https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/494

Tegishli maqolalar

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 > >> 

Bundan tashqari, ushbu maqola uchun shunga o'xshash maqolalar uchun kengaytirilgan qidiruvni boshlang mumkin.