Specific Features of Landscape in Uzbek Modern Poetry
Abstract
The term “landscape” in literary criticism possesses a multi-layered semantic content, and its formation is inextricably linked to historical processes in the visual arts. Landscape lyrics are a specific manifestation of poetic thinking, in which the poet expresses their feelings, worldview, and aesthetic ideal through nature imagery. Consequently, this type of lyricism emerges as a significant theoretical problem in literary studies that requires profound analysis not only in terms of content but also regarding its formal and artistic-aesthetic functions. This article explores the distinctive characteristics of modernism as a literary movement, its reflection in Uzbek poetry, and its approach to the phenomenon of landscape. The research discusses the departure from traditional representational methods, the subjective perception of existence, and the concept of the "spiritual landscape," while engaging with the theoretical perspectives of prominent philosophers and literary scholars. Key features of landscape in modern poetry – such as symbolism, fragmentariness (disintegration), existential anxiety, and absurdity – are analyzed through the nature imagery in Abduvali Qutbiddin’s poetry. The author provides a scholarly justification that nature details serve as a mirror reflecting the inner emotions of the lyrical protagonist. Furthermore, the findings prove that in modern poetry, nature (imagery, landscape) is less a reflection of objective reality and more a poetic phenomenon reflecting the contradictory states of human consciousness.
Keywords:
Modernism landscape lyrics spiritual landscape Abduvali Qutbiddin existentialism symbolism subjectivism fragmentarinessKirish
Modernizm (fr. moderne – eng yangi, zamonaviy) – XIX asr oxiri XX asr adabiyoti va san’atida (Quronov, 2013; 176) yuzaga kelgan, hayotni realistik aks ettirishdan voz kechgan, yangi estetik prinsiplarga asoslangan falsafiy-estetik hodisa boʻlib, u insonning ichki olamiga, ongsiz hissiyotlariga va subyektiv kechinmalariga alohida e’tibor qaratadi. Modernizmga xos yangicha badiiy tafakkur an’anaviy adabiy qonuniyatlarni inkor qilib, ijodiy erkinlikni, voqelikning o‘rniga ijodkorning shaxsiy tasavvuriga keng o‘rin berishga ahamiyat qaradi. Bu esa oʻz navbatida adabiyotning barcha turlarida, jumladan, sheʼriyatda ham jiddiy oʻzgarishlarni yuzaga keltirdi.
Ispan faylasufi Ortega Gassetning modernizmni “san’atning insoniylashtirilishi” (dehumanization of art) (Ortega Gasset, 2019; 20) tarzida ta’riflaydi. Uning “Zamonaviy san’at ommaga qarshi va bu doim shunday bo‘ladi, chunki u mohiyatan noommabop” (“Modern art, on the other hand, has the masses against it, and this will always be so since it is unpopular in essence; even more, it is antipopular”, tarjima bizniki – Z.S.) degan fikrlari bu borada ahamiyatli. Bunda Gasset modernizmning asosiy xususiyati – uning elitar tabiatini ta’kidlaydi. Ya’ni zamonaviy san’at o‘z mohiyatiga ko‘ra ommaviy emas. U keng xalq ommasi tomonidan yaxshi qabul qilinmaydi va hatto unga qarshilar bo‘lishi mumkin (P.Qodirovning modernizm haqidagi ayrim qarashlari – Qodirov, n.d.). Bu fikrlar modernizmga xos avangard va ixtisoslashgan san’at tushunchalari bilan uzviy bog‘liq. Shuning uchun modernizm va uni qabul qiluvchi jamiyat o‘rtasida ziddiyatli fikrlar mavjud. Modernistlar o‘zlarining asosiy g‘oya va qarashlari bilan jamiyatning an’anaviy qadriyatlari, didi va dunyoqarashiga qarshi chiqqan.
- Yo‘ldosheva o‘z tadqiqotlarida modern she’riyatga xos quyidagi jihatlarni ajratib ko‘satadi (Yo‘ldosheva, 2011):
- odamning ichki olami birinchi o‘inga qo‘yiladi (16-bet);
- Voqealar bayonidan ko‘ra kechinmalar tasvirining izchilligiga e’tibor qartiladi (21-bet);
- bosh harflar va tinish belgilarining deyarli qo‘llanmasligidir (52-bet).
Ulug‘bek Hamdam bo‘lsa, o‘zbek modern she’riyatining o‘ziga xosligi borasida “shakl kеtidan quvilib, mazmunning boy bеrilishi” masalasiga alohida diqqat qaratadi (Hamdam, 2020). Hamda modernizmga xos quyidagi umumiy jihatlarni tasniflab ko‘rsatadi: 1) anʼanalarni inkor qilish; 2) xaosdan qochish; 3) goʻzallikni reallikdan tashqarida izlash; 4) antroposentrik gumanizm; 5) Yevroposentrizm; 6) elitar sanʼat; 7) mazmun muhimligi va boshqalar.
Shu o‘rinda modern she’riyatda, xususan, unda borliq manzarasini badiiy qayta yaratish, poetik peyzajni hosil qilishda yuqoridagi tamoyillardan qaysilari yaqqol namoyon bo‘ladi, degan haqli savol tug‘iladi. Unga javob berish modern she’riyat tadqiqida yangi fikrl va qarashlarni ilgari surish mumkin. Jumladan, biz quyidagi jihatlarni alohida tasniflashni lozim topdik:
- Ramziylik: bunda an’anaviy ramzlarni yangi mazmun bilan to‘ldirish ham kuzatiladi.
- Ichki landshaft (Ruhiy manzara): sheʼrlardagi peyzaj elementlari tashqi olamni emas, balki shoirning subyektiv kechinmalarini ifodalaydi, tuyg‘ular moddiylashtiriladi.
- Parchalanish (fragmentarlik) va ko‘p qirralilik: peyzaj, manzara to‘liq, keng va mufassil emas, balki uzuq-yuluq, alohida detallar orqali aks etadi. Fragmentar tasvirlar lirik qahramonning parchalangan ongini va xayol dunyosini ifodalaydi.
- An’anaviy badiiy qadriyatlarning yangicha mazmun kasb etishi.
- Individualizm va yolgʻizlik: Modernist peyzajda individualizm va yolgʻizlik holati markaziy oʻrinni egallaydi. Lirik qahramon tabiatda ham, jamiyatda ham oʻzini yolgʻiz yoki anglanmagan deb his qiladi.
- Ekzistensial tashvish va maʼno izlash: modern she’riyatga xos peyzajda hayotning maʼnosini izlash va ekzistensial mavjudlik muammolari aks etadi.
- Absurdlik va paradokslilik: odatdagi hayot tartibini mantiqsiz yoki teskari tasvirlash.
An’anaviy oʻzbek sheʼriyatida peyzaj, asosan, borliq manzarasini tasviriy ifodalash, qahramonning ruhiy holatiga fon yaratish yoki topografik (joyga aloqador) xususiyatlarni aks ettirish uchun xizmat qilgan. Modernizm esa peyzajga boʻlgan bunday yondashuvni tubdan oʻzgartirdi. Modern sheʼriyatda peyzaj endi obyektiv voqelikning aks etishi emas, balki lirik qahramonning ong oqimi, subyektiv tasavvuri va idrokining badiiy modeliga aylandi. Bu jarayonda, adabiyotshunoslikda taʼkidlanganidek, “voqelikni aks ettirish emas, ijodkorning o‘z-o‘zini ifodalashi ustuvor ahamiyat kasb etadi” (Quronov, 2013; 177). Modernist shoirlar tabiat manzaralariga oʻzlarining ichki kechinmalarining koʻzgusi sifatida qarashdi. Natijada, ular peyzajni obyektiv goʻzallikni ifodalashdan koʻra, insonning ichki kechinmalari, falsafiy mulohazalari va ruhiy iztiroblari aks etgan subyektiv peyzaj, ramziy idrok makoni yoki “ruhiy landshaft”ga aylantirishdi. Bu yangi tafakkur natijasida tabiat manzaralari o‘zining realistik ko‘rinishini yo‘qotib, ramziylik, metafora va subyektivizm vositasiga aylandi.
Asosiy qism
Abduvali Qutbiddin ijodi misolida o‘zbek modern she’riyatida peyzaj tasviri ramziy maʼno kasb etganligini kuzatish mumkin. Shoirning “Xayol kechasi” toʻplamidagi sheʼrlarida tashqi olamning xayol sarhadlarida qayta yaratilgan manzarasi yaqqol koʻrinadi. Uning quyidagi she’ri bu borada diqqatni tortadi, bu o‘rinda peyzaj obyektiv goʻzallikni ifodalashdan koʻra, insonning ichki kechinmalari va falsafiy mulohazalarini ochib berishga xizmat qiladi.
Quyosh, yurting qayda, so‘ragan edim,
Tong-la nuringga dil o‘ragan edim,
Men ham sen bor yerga boraman dedim,
Ammo osmoningga qo‘ymading, quyosh,
Biror bor boshimga tekkizmading bosh (Qutbiddin, 1994).
Bu misralarda modern sheʼriyatda peyzajning uchta muhim xususiyati yaqqol namoyon boʻladi: ramziylik, ichki olam manzarasi – “ruhiy landshaft” va fragmentarlik. Shoirning quyosh obraziga murojaat qilishi anʼanaviy sheʼriyatdagi yondashuvdan mutlaqo farq qiladi. Mumtoz adabiyotda quyosh yorugʻlik, hayot va ilohiy qudrat ramzi boʻlsa, bu sheʼrda u lirik qahramon uchun erishib boʻlmaydigan orzu, amalga oshmagan istakka aylanadi. She’rda quyoshning metaforik maʼnosi kengayib, hayotda oʻrin topolmaslik, yolgʻizlik va umidsizlik kabi chuqur ruhiy holatlarni ifodalaydi. Sheʼrdagi tabiat detallari tashqi olamni emas, balki shoirning ichki kechinmalarini ifodalaydi. “Quyosh, yurting qayda?” savoli orqali shoir goʻyoki oʻzlikni, nur – ruhning manbasini izlashni bildiradi. Abduvali Qutbiddin oʻz sheʼrlarida tabiatni toʻliq va keng planda tasvirlamaydi. Aksincha, u borliqning alohida, uzuq-yuluq detallariga ishora qiladi. She’rda Quyosh, osmon, tong manzarasi kabi yakka obrazlar lirik qahramonning parchalangan ongi va xayol dunyosini aks ettiradi. Ushbu fragmentar yondashuv nafaqat shoirning badiiy uslubi, balki bu holat umuman modern she’riyatdagi peyzaj tasvirlariga xosdir. Yangi badiiy tafakkurda voqelik tartibli va chiziqli emas, balki uzilgan, chalkash va toʻgʻridan-toʻgʻri mantiqqa boʻysunmaydigan tarzda aks etadi.
Ushbu sheʼr tahliliga ekzistensializm falsafasi asosida yondashish mumkin. Ekzistensializm (lotincha – yashash, mavjudlik) borliqning fojialiligini, uning mantiqqa xilofligini, inson ixtiyorida emasligini targʻib qiladi (Crowell, 2020). Sheʼrda lirik “men” quyoshga murojaat qilar ekan, aslida oʻz hayotining maʼnosini, borliqda oʻz oʻrnini izlaydi. Biroq “osmoningga qoʻymading, quyosh” va “biror bor boshimga tekkizmading bosh” misralari bilan bu izlanishning zoe ketgani, borliq (yoki ilohiy qudrat) unga befarq ekanligi taʼkidlanadi. Bu – ekzistensial tushkunlikning badiiy ifodasi. Shoirning ichki kechinmalari (ruhiy manzara) shunday bir bepayon makonki, unda qahramon nafaqat atrofidagilardan, balki oʻzi intilayotgan yorugʻlikdan ham uzilib qolgan. Shoirning quyidagi satrlari ham yuqoridagi tahlilga hamohang (Qutbiddin, 1994):
Barmog‘ing niqtama, mening peshonam / Xati tirnog‘ing-la yozilmagandir.
Men bilan Xudoning o‘rtasida g‘am / Ariqlari sen-la qazilmagandir.
“Gʻam ariqlari” obrazi sheʼrning asosiy jihatidir. Bunda shoir oʻzining “gʻam” tuygʻusini “ariq” shaklida tasvirlab, ruhiy landshaft tushunchasini yanada mustahkamlaydi. “Gʻam arigʻi” moddiylik nuqtayi nazaridan mavjud emas, balki lirik qahramonning ichki iztiroblarini ramziy ifodalaydi. She’rda modernizm va mumtoz adabiyot oʻrtasidagi dialektik aloqani kuzatish mumkin. Oʻzbek mumtoz adabiyotida “moyayi dard” – hayotning asosi boʻlgan dard, azaliy gʻam, haq ishqi tushunchasi mavjud. Abduvali Qutbiddinning “gʻam ariqlari” obrazida bu anʼanaviy tushuncha modernizmga xos yangi mazmun kasb etadi. Mumtoz sheʼriyatda bu dard koʻproq ilohiy ishq bilan bogʻliq boʻlsa, modern sheʼriyatda u ekzistensial gʻam darajasiga koʻtariladi. Shoir tasvirlagan ariqlar insonning borliq oldidagi fojiaviy yolgʻizligini va taqdirga begonaligini ifodalaydi. “Gʻam arigʻi”ning koʻplik shaklida berilishi ham bejiz emas. Bu bilan shoir bu gʻamning tuganmasligiga, uning inson umrining soʻngigacha davom etishiga ishora qiladi. Bu misralarda insonning borliq oldidagi fojiaviy yolgʻizligi, oʻz taqdiriga begonaligi va ilohiy qudrat bilan munosabati peyzaj detallari yordamida badiiy tasvirlangan.
Abduvali Qutbiddinning quyidagi she’rida sahro tasviri va ruhiy taxayyul uyg‘unligini ko‘rish mumkin. Shoir sahro tasvirini berishda sarob, saksovul, qum, Qays, it, karvon, qashqir singari sahroga yondosh badiiy detall va obrazlarni keltiradi (Qutbiddin, 1994):
Ne deyin, sahroda dardkashim sarob, / Sir aytarim saksovul, ne deyin.
Kundan-kun ahvolim xarobdan-xarob, / Ichdim g‘am mayin.
Voyladim, bir ohu yaqin kelmadi, / Qumga urdim yuzim, u mendan bezor,
Biror it meni Qays deb bilmadi, / Tan-u jon ozor...
Ko‘p kezdim, ko‘rmadim birorta karvon,
Bilmadim qayonda mag‘rib-u mashriq.
Mashaqqat sohibi, arkonim armon, / Amirim qashqir...
Hukmi ravonimga bo‘ysunmas taqdir, / Endi yo‘l birgina ruhlar ko‘shkiga.
Tinch komga men qanday tushaman, axir, / Ishqiga to‘ymadim. / Ishqiga.
Abduvali Qutbiddinning ushbu sheʼri modernizmning asosiy tamoyillarini chuqur aks ettiruvchi badiiy asardir. Shoir sahro tasviri (manzara, peyzaj) orqali inson ruhiyati va xayol kengliklarini aks ettiradi. Bunda peyzaj vositasida sheʼrning modernistik jihatlari yaqqol namoyon boʻladi. Birinchidan, sheʼrda individualizm va yolgʻizlik holati tasvirlanadi. Lirik qahramon atrof-muhit va borliqdan (ohu, it, karvon obrazlari misolida) uzilib qolgan. “Kundan-kun ahvolim xarobdan-xarob” misrasi ruhiy parokandalikni kuchaytiradi.
Ikkinchidan, sheʼrdagi anʼanaviy badiiy qadriyatlarning yangicha mazmun kasb etishi ham diqqatga sazovordir. Mumtoz sheʼriyatdagi ilohiy ishq Qays, it, sahro timsollari vositasida yangicha talqin qilinadi: “Biror it meni Qays deb bilmadi” misrasi anʼanaviy obrazlarning yangi badiiy tafakkurdagi evrilishini ifodalaydi. Ushbu fikrni ikki xil talqin qilish mumkin:
- Mumtoz adabiyotda Layli va Majnun afsonasi ilohiy ishqning mukammal ramzi hisoblanadi. Majnun (Qays) oʻzining Layliga boʻlgan sof va cheksiz sevgisi tufayli odamzod dunyosidan uzoqlashib, tabiat va jonzotlar olami bilan ruhoniy bog‘lanadi, borliq bilan uyg‘unlashadi. Hatto vahshiy hayvonlar ham unga hamroh boʻlgan. Bu holat uning ishq yoʻlida oliy darajaga yetganligining belgisi edi. Abduvali Qutbiddinning misrasida esa bu an’anaviy ramz butunlay inkor qilinadi. Lirik qahramon oʻzini Majnunga qiyoslasa-da, “biror it” ham uni tanimaydi. Bu yerda it obrazi ruhan yaqinlik va ilohiy ishqning tan olinishi ramzi boʻlib, uning befarqligi esa zamonaviy insonning ilohiy ishqdan, sof tuygʻulardan va anʼanaviy maʼnaviy qadriyatlardan uzilib qolganini koʻrsatadi.
- Boshqa nuqtayi nazardan qaraganda, “Biror it meni Qays deb bilmadi” misrasi lirik qahramonning oʻzini ilohiy ishq maqomiga noloyiq deb bilishini koʻrsatadi. U ishqqa intiladi, ammo ishqi, sadoqati Majnunning darajasidan ancha past ekanligini his qiladi. Itning uni Qays deb tan olmasligi bu lirik “men”ning oʻz-oʻziga nisbatan shafqatsiz bahosidir. Bu talqin modern sheʼriyatga xos boʻlgan subyektivizm va psixologizm tamoyillariga asoslanadi. Shoir tashqi dunyo (it, sahro) orqali lirik qahramonning oʻz-oʻzini anglash jarayonidagi murakkab ziddiyatlarini aks ettiradi. Anʼanaviy Majnun afsonasi bu oʻrinda lirik qahramonning ichki oʻlchovi, ruhiy holatini solishtirish uchun vosita sifatida xizmat qiladi. Bu modernizm she’riyatida anʼanaviy ilohiy ishq tushunchasiga yangicha mazmun yuklaganligini koʻrsatadi. Shuningdek, fikrlar talqinida ko‘p qirralilik polifoniklik kasb etishini isbotlaydi.
Uchinchidan, sheʼrda ekzistensial tashvish va maʼno izlash gʻoyalari ustuvorlik qiladi. Bu lirik qahramonning hayot maʼnosizligiga qarshi ichki kurashi, oʻz oʻrnini topishga urinishi, shuningdek, tugʻilish, oʻlim, erkinlik va tanlovning ogʻirligidan kelib chiquvchi doimiy iztirobidan iborat. Buni hayotda nimaning muhim ekanligini aniqlash, oʻz eʼtiqod va qadriyatlar olamini yaratishga intilish sifatida ham koʻrish mumkin. Bu modernistik tamoyil she’rning eng muhim jihatidir va uni Jan Pol Sartrning ekzistensializm nazariyasi asosida tahlil qilish mumkin. “Bilmadim qayonda magʻrib-u mashriq” misrasi hayot mazmuni va maqsadining ramzidir. Yo‘lning noaniqligi J.P.Sartrning “Dunyo o‘z-o‘zidan ma’noga ega emas” yoki “Biz doimo o‘z yo‘limizni tanlaymiz (Sartre, n.d.) degan g‘oyasiga to‘g‘ri keladi. Hayotning ma’nosi, yashashning mazmuni inson tomonidan yaratiladi, lekin shoir – lirik “men” hali uni yaratmagan yoki unga erisholmagan. “Hukmi ravonimga boʻysunmas taqdir” esa insonning oʻz taqdiriga qarshilik koʻrsatishini koʻrsatadi. J.P.Sartr ta’kidlaganidek, inson har doim erkindir. Uning bu erkinligi hatto eng og‘ir sharoitda ham, eng qattiq “taqdir”ga qarshi turishda namoyon bo‘ladi. Shunday qilib, taqdirga bo‘ysunmaslikni tanlash – tanlovning o‘zidir. Bu qarshilik insonni yangi yo‘l qidirishga undaydi, yangi tanlovlar uchun imkon yaratadi. Bu esa “ruhlar ko‘shkiga” intilishning bevosita sababidir. Bu metafizik, transsendental (tajriba chegarasidan tashqaridagi) dunyoga: olam usti olam, ilohiy iroda makoni, g‘ayb dunyosiga o‘tishdir. Bu mag‘lubiyat emas, balki lirik qahramonning eng oliy darajadagi faol va erkin tanlovidir. Boshqacha aytganda, J.P. Sartr falsafasiga ko‘ra, inson hech qachon sharoitlarning quli emas. U har doim o‘z holatiga nisbatan munosabatini tanlashda erkindir. Shoir ham tabiat detallari vositasida aynan shuni ifodalaydi: u sahro (mavjudlik makoni)dagi yolg‘izlik va azob-uqubatlar sharoitida ham, o‘z ichki erkinligidan foydalanib, taqdirga qarshi chiqadi va o‘z mavjudligi uchun yangi, ruhiy makon tanlaydi. Bu uning eng muhim “o‘zini tanlash”idir.
To‘rtinchidan, ichki dunyoning murakkabligi tashqi muhit – sahro tasviri orqali ifodalanadi. Shoir lirik subyektning psixologik holatini tashqi tabiat manzaralari bilan uzviy bogʻlaydi. “Sir aytarim saksovul” “Ichdim gʻam mayin” ifodalari esa ichki iztirobning ramziga aylangan boʻlib, umidsizlik va qaygʻuning chuqurligi taʼkidlanadi. Sheʼrdagi sahro obrazi azob va cheksiz iztirob tushunchalari bilan ma’noviy uyg‘unlik hosil qiladi. Zotan, sahro oʻz-oʻzidan yoʻqotish, iztirob va ogʻriq makonidir. Shoir tashqi sahro manzarasini ichki olam bilan uygʻunlashtiradi. Bunda ruhning oʻz manbaiga intilishi mujassam. Beshinchidan, sheʼrda, absurd tushunchasi va paradokslilik ham mavjud: “Amirim qashqir” misrasi an’anaviy ijtimoiy va tabiiy ierarxiyani butunlay ag‘darib tashlaydigan paradoksni ifodalaydi. Bu yerda eng past mavjudotga (qashqir) bo‘ysunish orqali lirik qahramonning mutlaqo tubanlashganligi, umidsizligi va o‘z hukmini yo‘qotganligi ko‘rsatiladi. “Qumga urdim yuzim, u mendan bezor” misrasida esa absurd holat mavjud – bu yerda insonning tabiatga murojaati javobsiz qoldiriladi, ya’ni inson va borliq o‘rtasidagi aloqaning uzilganligi ta’kidlanadi.
Xulosa qilib aytganda, Abduvali Qutbiddinning ushbu she’ri modernizm adabiyotining asosiy tamoyillarini – individualizm, an’anaviy badiiy qadriyatlarning inqirozi, ekzistensial tashvish, ichki dunyoning murakkabligi, absurdlik va paradokslilikni ifodalashda yetakchi o‘rinni egallaydi. She’rda tasvirlangan mutlaq yolg‘izlik, insonlardan qalban uzoqlashish (jamiyatdan izolyatsiya) va hayot mazmunini izlash zamonaviy insonning mavjudlik muammolarini chuqur aks ettirgan. Bunda shoir borliq manzarasi va sahroga xos bo‘lgan badiiy detallardan (sarob, saksovul, qum, karvon) foydalangan holda, lirik qahramonning ruhiy holati bilan tashqi muhit uyg‘unligini yaratishga muvaffaq bo‘lgan. Sheʼr inson ongining ziddiyatli tabiatini ochib berish bilan birga, uning oʻz mavjudligi uchun kurashini ham koʻrsatadi. Abduvali Qutbiddinning quyidagi she’rida bog‘ va daryo singari tabiat manzarasiga aloqador obrazlar javobsiz sevgi va armonning peyzajdagi inʼikosi sifatida namoyon bo‘ladi (Qutbiddin, 1994):
Xazoning to‘pla, ko‘m meni, bog‘, / Teringni kafan et, ey ilon,
Yuzini o‘girdi / Axir yor –
Chiqsang – chiq, / Ketsang – ket, endi, jon.
Daryo, sen muruvvat qil bir bor, / Yo‘lingga qo‘shib ol laxta qon.
Yuzini o‘girdi / Axir yor –
Chiqsang – chiq, / Ketsang – ket, endi, jon.
Bog‘ni, odatda, visol, farovonlik, goʻzallik, behisht, daryo esa hayot, oldinga intilish, tozalik, tiklanish ramzi sifatida talqin qilish mumkin. She’rda esa ularga nisbatan ishlatilgan “Xazoning to‘pla, ko‘m meni”, “Teringni kafan et, ey ilon”, “laxta qon” kabi iboralar ularni o‘lim, xiyonat, alam va umidsizlik ramzlariga aylantiradi. Bu ataylab qilingan stilistik usul bo‘lib, obyektiv borliq va subyektiv olam o‘rtasidagi qarama-qarshilikni kuchaytiradi. Shuningdek, she’rda murojaatning dramatik ta’sirini ko‘rish mumkin. Lirik qahramon tabiat manzaralariga qarata nafrat, umidsizlik va hatto o‘lim tilagidagi his-tuyg‘ularini ifodalaydi. Bu lirik “men” iztirobining chuqurligini ko‘rsatadi. U tabiatdan madad emas, balki qayg‘u va iztirobini tasdiqlashni so‘raydi. She’rdagi yor obrazining ikki tomonlamaliligi ham diqqatni tortadi: “yuzini o‘girdi” tarzidagi ifoda yor (sevgili, dildor) nafaqat sevgi, balki aldash va xiyonat manbai ham ekanligini ko‘rsatadi. “Ey ilon” xitobi bu mazmunni kuchaytiradi. She’rda sevgi va o‘lim, ishq va nafrat o‘rtasidagi chegaralar o‘ziga xos tarzda kesishadi. Bundan tashqari, ushbu badiiy nutqda takrorning ahamiyatini ham unutmaslik lozim. “Chiqsang – chiq, / Ketsang – ket, endi, jon” tarzida ham misralarning, ham so‘zlarning takrorlanishi lirik qahramon ruhiy holatidagi turg‘unlik va umidsizlikdan so‘nggi qat’iy hukmga kelganligini ta’kidlaydi. Lirik subyekt ichki dunyosidagi tushkunlik butun olamni o‘z qayg‘usi rangiga bo‘yaydi. Shuningdek, jon ifodasini Alisher Navoiy ijodidagi jon va jonon tushunchalariga bog‘lab ham talqin qilish mumkin. Jonon (yor) – ishq, ketsa, jondan foyda yoq! Xulosa sifatida aytish mumkinki, she’rda tabiat tasviri to‘liq subyektivlashtirilgan va lirik qahramon ruhiy holatini ifodalashning kuchli vositasi sifatida ishlatilgan.
Modernizm she’riyatidagi an’anaviy shakl va mazmunlarni rad etish, yangi ifoda vositalarini izlash, subyektivlik, ichki olam murakkabligini tasvirlash, ramziylik va ko‘p ma’nolilikka intilish kabi jihatlar quyidagi she’rda ham aks etgan (Qutbiddin, 1994):
Qaldirg‘och loysuvoq qilgan ochunda / Sevgim yo‘llariga zor-zor qaradim,
Yoshlarim yal-yali / Taraldi tunda...
Yayradim. / Majnuntol darchasin ochdi, kiritdi,
Yuz bitta qizidan birin tanladim. / Xivich qasrlarda
Barglandim biram... / Yayradim.
She’rda borliq olam bilan qalban birlashish g‘oyasi mavjud. Ko‘zyoshning tunda yal-yal yonishi osmondagi yulduzlarni esga soladi. Majnontol obrazida esa qayta tug‘ilish bor, barglanmoq – shunga ishora. Xivich qasrlar – shoirning yangi, ohorli topilmasi. Daraxt novdalarini bunday atash she’riyatimizda kuzatilmagan. Buni modernist shoirlarning tashqi, obyektiv realitetni emas, balki o‘zining subyektiv idrok va hissiyotlarini ifodalash uchun yangi ramzlar yaratishga intilishi bilan izohlash mumkin. She’rda mantiqiy ketma-ketlik emas, balki hissiyotlar va tasavvurlarning erkin oqimi hukmron. Unda vaqt va makon xronotopning moslashtirilmaganligini kuzatish mumkin. Lirik “men” bir nechta fazoda harakat qiladi: nomuayyan borliq (Qaldirg‘och loysuvoq qilgan ochun – hamma oʻzi bilan, kun koʻrish bilan ovora boʻlgan dunyo ramzi), majoziy makon (sevgim yo‘llari), tun, xayoliy hudud (xivich qasrlar) Bu makonlar mantiqiy bog‘lanishsiz, lirik qahramon ong oqimi bilan almashinadi, o‘quvchiga yangi manzara va tasavvurlar beradi.
Modernistlar ko‘pincha o‘zgarish, yangilanish va yangi identitetni topish mavzularini yoritadilar. Tahlil qilinayotgan she’rda ham bu aks etadi. “Barglandim” tarzida o‘zlik nisbatdagi fe’lning berilishi bu – tabiat va ong, tashqi va ichki olam o‘rtasidagi chegaralarning yo‘qolishi, ya’ni modernizmda tez-tez uchrovchi transgressiya (Lotincha – o‘tish, subyekt tomonidan mumkin bo‘lgan, ijtimoiy, axloqiy va boshqa ta’qiqlar, an’analar chegaralarini engib o‘tish) hodisasidir. “Yayradim” takrori esa bu yangi holatdan hosil bo‘lgan ichki to‘lqinlanishni ifodalaydi. Bu so‘z orqali shoir o‘zining badiiy evrilishini nishonlaydi. Shuningdek, bu so‘zni qayta tug‘ilish quvonchi yoki ijodiy ilhomning to‘lqini sifatida ham talqin qilish mumkin. Tahlilardan ko‘rinadiki, modernizmda tashqi dunyo lirik qahramonning ichki holati orqali ko‘rsatiladi. Obyektiv realitet subyektiv idrokga bo‘ysunadi, tabiat va his-tuyg‘ular birligi o‘ziga xos tarzda tasvirlanadi.
Modernizmda peyzaj butunlay lirik qahramonning ichki holatiga bo‘ysundiradigan va uning kechinmalarini ifodalovchi subyektiv vositaga aylanadi. Abduvali Qutbiddinning ushbu she’rida bu jihatlar juda ochiq ko‘rinadi (Qutbiddin, 1994):
- Qaydadir tun siyoh kokilin eshar, / Tog‘larda ezadi harir ko‘ksini.
Qaydadir jayronlar o‘ynab yurishar, / Faqat men yashayman / O‘ksinib. 2.Qaydadir minora qanot qoqadi, / His etib tanida laylak jismini.
Zarafshon qaygadir loyqa oqadi, / Faqat men yashayman / O‘ksinib.
- Qaydadir tulporlar fazoga yetar / Tomosha qilgani tovus raqsini.
Qaqnuslar olovlar qo‘ynida yotar, / Faqat men yashayman / O‘ksinib. 4.Qaydadir sayhonda o‘tlar qovushar, / Qaydadir yo‘qotar oftob bo‘zini. Qaydadir nam tortib unar tovushlar, / Faqat men yashayman / O‘ksinib
- Qaydadir kapalak shafaqni ko‘rar, / Nurlanib sezadi baxtning isini.
Qaydadir bir sanam meni deb yashar, / Faqat men yashayman / O‘ksinib.
Ushbu badiiy parcha modern she’riyatda peyzajning o‘ziga xosligini ifodalovchi hamda manzarani subyektivlashtirish jihatidan ahamiyatlidir. Undagi “Qaydadir” takrori mavhum va begonalashgan lokus (topos)ga ishora qiladi. She’rning eng kuchli modernistik jihati ham butun tashqi dunyoning mavhum (“Qaydadir”) deb belgilanishidir. Unda mavjudlikdan begonalashish hissi kuchli. Lirik qahramon o‘zini bu jonli, harakatlanayotgan, mo‘jizaviy dunyodan butunlay ajralgan, chetlatilgan holda his qiladi. Peyzaj (manzara) unga emas, balki u peyzajga begona. She’rning butun tuzilishi keskin qarama-qarshilik asosiga qurilgan. Unda ikki ziddiyatli qutb – dixotomik kompozitsiya mavjud. Har bir bandda dastlabki uch misra harakat, hayot, sezgi, go‘zallik va mo‘jizaviy hodisalar (tulporlar fazoga yetar, qaqnuslar olovlar qo‘ynida yotar, nam tortib unar tovushlar) bilan to‘la. Refrenda esa tushkunlik, iztirob (Faqat men yashayman / O‘ksinib). Bu qarama-qarshilik obyektiv borliqni emas, balki lirik subyektning dunyodan ajralganlik darajasidagi chuqur psixologik holatini ta’kidlaydi. Modern peyzaj bu yerda ziddiyatning bir tomoni sifatida ishtirok etadi.
She’rda an’anaviy she’riy ramzlar mavjud, ular lirik qahramon yetolmaydigan o‘sha baxtga to‘la dunyoning qismidir. Masalan, jayron, tulpor – erkinlik ramzi, ular erkin, lekin lirik qahramon emas. Qaqnus – qayta tug‘ilish ramzi, u o‘lim va qayta tug‘ilish bilan mashg‘ul, lirik qahramon esa abadiy umidsizlikka mahkum. She’rda tasvirlangan peyzaj elementlariga xos hayotiylik lirik “men”ning o‘zgarishsiz, umidsiz holatiga teskari ifodalangan. “Tun siyoh kokilin eshar”, “Minora qanot qoqadi” kabi misralardagi o‘xshatish va tashxis kabi vositalar she’rning badiiy yuksakligiga xizmat qilgan. Ko‘rinadiki, she’rda tabiat tasviri, peyzaj detallari modernizmning asosiy mavzusi – zamonaviy insonning yolg‘izlik va absurddagi iztirobini fodalovchi vositadir. U lirik qahramonning ichki holatini aks ettiruvchi ko‘zgu vazifasini o‘taydi. Shuningdek, shoirning “She’riyat bo‘limi. 1987-yil” (modernizmda topografik she’rning o‘ziga xosligi jihatidan ahamiyatli), “Tasavvur lahzalari”, “G‘ayriy daraxt” (falsafiy peyzaj) kabi she’rlari ham o‘zbek modern she’riyatida peyzajning o‘ziga xosligi jihatidan ahamiyatli.
Xulosa
Maqolada olib borilgan tahlillar o‘zbek modern she’riyatida peyzaj shunchaki tabiat tasviri emas, balki inson ichki olamining murakkab in’ikosi ekanligini ko‘rsatadi. Modernist shoirlar, xususan, Abduvali Qutbiddin ijodida peyzaj obyektiv borliqning realistik surati tasviri bo‘lmay, lirik qahramonning ruhiy iztiroblari va subyektiv kechinmalari moddiylashgan “ruhiy landshaft” – botin manzarasi ifodasiga aylangan. Bu jarayonda quyosh, sahro, bog‘ va daryo kabi an’anaviy obrazlar o‘zining mumtoz ma’nolarini o‘zgartirib, yangi davr kishisining yolg‘izligi, hayotda mavjudlik muammolari (ekzistensial tashvishlari) va hayot mazmunini izlash yo‘lidagi ziddiyatlarini ifodalovchi yangi ramziy mazmun kasb etadi. Borliqning mantiqsizligi va absurdlik holati tabiat detallari orqali falsafiy teranlik bilan ochib berilishi o‘zbek she’riyatida modernizm nafaqat shakliy yangilanish, balki dunyoni idrok etishdagi yangicha badiiy tafakkur ekanligidan dalolat beradi. Umuman olganda, modern she’riyatda peyzaj hodisasi inson ruhining parchalangan va murakkab manzaralarini badiiy ifodalovchi estetik vosita bo‘lib xizmat qiladi.
References
Abduvali Qutbiddin. (1994). Xayol kechasi. Toshkent: Yozuvchi.
Childs, P., & Fowler, R. (2006). The Routledge Dictionary of Literary Terms. Abingdon: Routledge.
Hamdam, U. (2020). Jahon adabiyoti: modernizm va postmodernizm. Toshkent: Akademnashr.
Ortega y Gasset, J. (2019). The dehumanization of art: and other essays on art, culture, and literature. Princeton: Princeton University Press.
Quronov, D., Mamajonov, Z., & Sheraliyeva, M. (2013). Adabiyotshunoslik lug‘ati. Toshkent: Akademnashr.
Yo‘ldosheva, M. (2011). Yangilanishlar manguligi. Toshkent: Adib.
Crowell, S. (2020). Existentialism. Stanford Encyclopedia of Philosophy. https://plato.stanford.edu/entries/existentialism/
Qodirov, P. (2013). Ma'naviyat, modernizm va absurd. Ziyouz portali. https://n.ziyouz.com/portal-haqida/xarita/maqolalar/pirimqul-qodirov-ma-naviyat-modernizm-va-absurd
Quronov, S. (2018). Modern she’riyatda tasvir. Xurshid Davron kutubxonasi. https://kh-davron.uz/kutubxona/uzbek/sadulla-quronov-modern-sheriyatda-tasvir.html
Sartre, J. P. (2012). L'existentialisme est un humanisme. Les Philosophes. https://www.les-philosophes.fr/sartre/philosophie-existentialiste/sartre-livres.html
Published
Downloads
How to Cite
Issue
Section
License
Copyright (c) 2026 Зарнигор Нусратиллоевна Сохибова

This work is licensed under a Creative Commons Attribution 4.0 International License.
