Проблемы взаимопонимания в межкультурной коммуникации и их причины

Авторы

  • Каракалпакский государственный университет
Проблемы взаимопонимания в межкультурной коммуникации и их причины

Аннотация

В работе рассматривается процесс межкультурной коммуникации, его специфические особенности, а также трудности, с которыми могут столкнуться участники этого процесса. В центре статьи — трудности, возникающие в процессе общения, которые обусловлены не столько различиями на уровне языка, сколько на уровне культур, а также причины, их вызывающие. В статье обсуждаются барьеры межкультурной коммуникации и причины их возникновения, а также представлены некоторые способы преодоления трудностей, возникающих в общении между представителями разных культур. Автор приводит примеры возможных недоразумений и трудностей в межкультурной коммуникации на немецком и узбекском языках.

Ключевые слова:

межкультурная коммуникация процесс общения глобализация языковые различия стереотипы система культурных ценностей.

Hozirgi kunda insoniyat hayotining ko‘plab sohalari globalizatsiya hodisasiga duchor bo‘lganligi sababli, turli madaniyat vakillari o‘rtasida muloqot jarayonlarning rivojlanishi zaruriyati yuzaga kelmoqda. Xalqaro aloqalarning kengayishi bilan, xalqlarning madaniy xususiyatlarini tushunish  va ular bilan umumiy til topish qobiliyatining ahamiyati ortib bormoqda. Inson uchun turli madaniyatlar tajribasiga ega bo‘lish zarur bo‘lgani kabi, har bir madaniyat uchun ham boshqa madaniyatlar bilan o‘zaro aloqada bo‘lish hayotiy ahamiyatga ega. Madaniyatlararo muloqotda tushunmovchilik muammolari mavzusi nafaqat akademik sohada, balki amaliyotda ham, masalan, diplomatiya, xalqaro munosabatlar, biznes, ta’lim va boshqa sohalarda zarur.

Kishilik jamiyatida madaniyatlararo muloqotning muhimligi bir necha asosiy jihatlarga asoslanadi. Avvalo, madaniyatlararo muloqot odamlarni bir-birining madaniyati, qadriyatlari, an’analari va usullari bilan tanishtiradi. Bu, o‘z navbatida, bir-birini tushunish va hurmat qilishni kuchaytiradi. Turli madaniyatlarda yashovchi odamlar bir-birlarini yanada yaxshi tushunib, o‘zaro hurmatni rivojlantiradilar. Madaniyatlararo muloqotning o‘zaro anglashuvni kuchaytirishdagi roli ham katta. Bunday muloqot orqali ijtimoiy hamjihatlik va tinchlikka erishish, madaniyatlararo murosasizlikning va ziddiyatlarning oldini olish mumkin. Madaniyatlararo muloqot, shuningdek, shaxsiy rivojlanishni ham qo‘llab-quvvatlaydi. Yangi madaniyatlar bilan tanishish, turli tillarni o‘rganish va ularning qadriyatlarini tushunish global tafakkurni shakllantiradi. Shaxs o‘zining madaniy doirasidan tashqariga chiqib, kengroq dunyoqarashga ega bo‘ladi. Ta’lim jarayonida ham madaniyatlararo muloqot muhim ahamiyatga ega. O‘quvchilar va talabalar turli madaniyatlarga ega bo‘lgan insonlar bilan ishlashni o‘rganishadi. Bu o‘zaro anglashuvni va madaniy xilma-xillikni qadrlashni rivojlantiradi. Madaniyatlararo muloqot ta’limda samimiy va mazmunli munosabatlar o‘rnatishga yordam beradi. Bundan tashqari, madaniyatlararo muloqot empatiya  va bag‘rikenglikni oshiradi. Turli madaniyatlarga oid tajriba orttirgan odamlar boshqalarning nuqtai nazarini yaxshiroq tushunadilar va shuning bilan hamjihatlikni saqlashga yordam beradilar.

Xalqaro dunyo madaniy jihatdan tobora murakkablashib va pluralistik qiyofa kasb etib borishiga aloqador ravishda madaniyatlararo muloqotga oid izlanish va tadqiqotlarning ahamiyati ham ortib bormoqda. Buning isbotini zamonaviy jamiyatdagi madaniyatlararo muloqot muammosini ilmiy tahlil qilish, tanqidiy va kross-madaniy o‘rganish urinishlari bilan shug‘ullanuvchi yangi ilmiy soha, ya’ni “Madaniyatlararo muloqot” nomini olgan ilmiy yo‘nalishning paydo bo‘lishida ko‘rish mumkin.

Tarixiy rivojlanish tajribasida madaniyatlararo aloqalar uzoq tarixga borib taqaladi. Insoniyat tarixining turli bosqichlarida turli madaniyatlar bir-biriga ta’sir qilib kelgan va bu jarayon milliy o‘zlikni anglashida, “o‘z” va “boshqa”lar o‘rtasida farqlashda muhim rol o‘ynagan. Turli xalqlar madaniyati va tillari o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir jarayoni uzluksiz bo‘lib, tillarda o‘z aksini topishi bilan bog‘liq holda madaniyatlararo muloqotni ilmiy ko‘rib chiqish masalalari 19 asr oxiri – 20 asr boshlarida jadal rivojlandi.  Madaniyatlararo muloqot tushunchasi 1950-yillarda amerikalik madaniy antropolog Edvard Xoll tomonidan kiritilgan. 1954 yilda E. Xoll va D. Tragerlarning “Madaniyat muloqot sifatida” (“Culture as communication”) kitobi nashr qilingandan so‘ng ijtimoiy-gumanitar fanlar tadqiqotchilari orasida madaniyatlararo muloqot masalasiga qiziqish oshdi (Musina 2020:2). Golabbalshuv sharoitida turli madaniyat vakillari o‘rtasidagi muloqot yanada jadallashuvi bilan ilmiy tadqiqotlarning bu yo‘nailishi ayniqsa dolzarblashdi.

Madaniyatlararo muloqot – bu turli madaniyat vakillari o‘rtasida ma’lumot va madaniy qadriyatlar almashinuvi yuz beradigan alohida muloqot shaklidir. Bunday muloqot sotsiologiya, madaniyatshunoslik, muloqot nazariyasi, sotsiolingvistika, falsafa kabi ko‘pgina fanlar kesishuvida bo‘lgan murakkab fenomen hisoblanadi.  Madaniy muloqot masalasi faqat til muammosi bilan cheklanib qolmaydi. Boshqa madaniyat vakilining tilini bilish muhim, ammo bu muloqot ishtirokchilarining to‘g‘ri o‘zaro tushunishini ta’minlash uchun yetarli emas. Ushbu jarayon faqat chet tillarini bilishni emas, balki boshqa xalqlarning moddiy va ma’naviy madaniyatlarini tushunishni ham talab qiladi va muloqotdagi hamkorlarning xulq-atvor modelini belgilaydi. Aynan shu sababli tillar ushbu tillarda so‘zlashadigan xalqlarning dunyosi va madaniyati bilan uzviy bog‘lanish holda o‘rganilishi kerak.

A.P. Sadoxin madaniyatlararo muloqotga "Madaniyatlararo muloqot - bu turli madaniyatlarga mansub shaxslar va guruhlar o‘rtasidagi munosabatlar va muloqotning turli shakllari yig‘indisidir" deb ta’rif beradi (Sadoxin, 2005; 310). Ruzikulovning fikricha, madaniyatlararo muloqot turli madaniyatlardan bo‘lgan odamlar o‘rtasidagi muloqotni o‘z ichiga oladi va unga munosabatlar, marosimlar va an’analar kabi bir qator ekstralingvistik omillar ta’sir qiladi (Ruzikulov, 2024; 332). Ushbu ekstralingvistik omillar madaniyatlararo muloqotning muvaffaqiyati yoki muvaffaqiyatsizligini aniqlashda hal qiluvchi rol o‘ynaydi.

Ko‘pchilik olimlar tushunmovchilik va nizoning muqarrarligi madaniyatlararo muloqotning oz’iga xos belgilaridan biri ekanligini ta’kidlaydilar. Chunki har bir madaniyat o‘ziga xos an’analar, qadriyatlar, til, din va turmush tarziga ega bo‘lgani tufayli madaniyatlararo muloqot ishtirokchilari har doim ham ma’lumotni qabul qiluvchiga to‘gri yetkazib berishga yoki adresantning ma’lumotini to‘g‘ri tushunishga qodir emas. Madaniyatlararo muloqotda yuzaga keladigan tushunmovchiliklar, ko‘pincha hamkorlikni to‘xtatishi, nafrat va o‘zaro tushunmovchilik kabi salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Madaniyatlararo muloqot mavzusidagi mavjud ishlar tahliliga tayanib, Minglieva va Ermidi (2012) madaniyatlararo muloqotga to‘sqinlik qiladigan oltita asosiy sababni ajratib ko‘rsatish mumkinligini ta’kidlaydi:

  • Insonlarni bir-biriga o‘xshash deb faraz qilish. Madaniyatlararo muloqotda tushunmovchilikka sabab bo‘ladigan omillardan biri shundaki, insonlar bir-biri bilan oson muloqot qilishlari uchun yetarlicha o‘xshashdirlar deb faraz qilinadi. Lekin ma’lum biologik va ijtimoiy o‘ziga xosliklardan kelib chiqib, har bir odam o‘z individual xususiyatlariga ega bo‘lgan va boshqalarga o‘xshamaydigan shaxs bo‘lib yetishadi.
  • Til farqlari. Chet tilini o‘rganish jarayonida va o‘zlari mukammal bilmaydigan tilda muloqot qilishga uringanlarida, insonlar ma’lum qiyinchiliklarga duch keladi. Ulardan biri ba’zi so‘zlarning ko‘p ma’noga egaligi va muloqot jarayonida ulardan maqsadga muvofiq ravishda foydalana olmaslik bilan bog‘liq. Til madaniyatning asosiy tarkibiy qismi bo‘lib, muloqotning samarali bo‘lishi uchun u zarur vosita hisoblanadi. Biroq, tilning o‘ziga xosligi va lug‘at farqlari madaniyatlararo muloqotda muammolarga olib keladi. Masalan, biror so‘z yoki ibora bir madaniyatda ijobiy ma’noga ega bo‘lishi mumkin, boshqasida esa, u salbiy yoki noxush ma’noni anglatuvchi bo‘lishi mumkin. Ingliz tilidagi "time is money" (vaqt puldir) iborasi, o‘zbek madaniyatida hamda boshqa ko‘plab Sharq madaniyatlarida noxush qabul qilinishi mumkin, chunki bu madaniyatlar vaqtni ruhiy va ma’naviy qadriyat sifatida ko‘rishadi.
  • Noto‘g‘ri noverbal talqinlar. Noverbal muloqot har qanday madaniyatning ajralmas qismidir. Ammo o‘z madaniyatingizga mansub bo‘lmagan madaniyatning noverbal tilini to‘liq tushunish juda qiyin. Noverbal muloqot (masalan, qo‘l ishoralari yoki yuz ifodalari) har bir madaniyatda turlicha talqin qilinadi va bu tushunmovchiliklarga olib kelishi mumkin. Masalan, ba’zi madaniyatlarda qo‘lni "OK" ishorasini qilish (bosh barmoqni va ko‘rsatkich barmog‘ini birlashtirib doira shaklini yaratish) ijobiy, yaxshi deb qabul qilinsa, ba’zi madaniyatlarda (masalan, Turkiya yoki Braziliya) bu ishora haqorat sifatida qaralishi mumkin.
  • Xurofot va stereotiplarning ta’siri. Stereotiplarga haddan tashqari tayanish suhbatdoshni obyektiv baholash va u bilan til topishishga xalaqit berishi mumkin.
  • Baholashga intilish. Madaniy qadriyatlar bizning boshqalarga va atrofdagi dunyoga nisbatan baholarimizga ham ta’sir qiladi. U yoki bu madaniyatni salbiy baholash samarali madaniyatlararo muloqotga yana bir to‘siq bo‘lishi mumkin.
  • Xavotir yoki stressning ortishi. Madaniy muloqot epizodlari ko‘pincha yuqori xavotir va stress bilan bog‘liq bo‘ladi, bu esa tabiiyki, jarayonni yanada murakkablashtiradi.

Bulardan tashqari, an’analar va qadriyatlar farqi ham madaniyatlararo muloqotda tushunmovchilikka sabab bo‘lishi mumkin. Har bir millat o‘zining an’anaviy qadriyatlariga ega. Masalan, G‘arbda shaxsiy erkinlik va mustaqillik yuqori qadrlanadi, Sharq madaniyatlarida esa jamoat manfaatlari va oilaviy qadriyatlar birinchi o‘rinda turadi. Bu farqlar muloqotda o‘zaro tushunmovchiliklarga olib kelishi mumkin. G‘arbda yoshlar o‘z fikrini erkin bildirishadi va ota-onalarining maslahatlarini ko‘pincha e’tiborsiz qoldirishadi, lekin Sharqda bu holat odatiy emas va o‘zaro hurmatga zid deb qaralishi mumkin.

Turli madaniyat vakillari o‘rtasidagi muloqot, madaniyatlar o‘rtasidagi muloqot vositalarining farqlari tufayli murakkablashishi mumkin. Shuning uchun ko‘plab olimlar madaniyatlarni individualistik va kollektivistik madaniyatlarga bo‘lishadi. Individualistik madaniyatlarda, masalan, amerikaliklar madaniyatida, asosiy e’tibor xabarni qanday yetkazishdan ko‘ra, mazmuniga qaratiladi. Bu madaniyatlar uchun ma’lumot almashishning kognitiv uslubi xosdir (tushunchalar va mantiqiy bayonotlarni aniq ishlatish). Kollektivistik madaniyatlarda, xabar kontekstidan tashqari, suhbatdosh va muloqot vaziyati katta ahamiyatga ega bo‘ladi, xabarni qanday uzatish muhim hisoblanadi, ya’ni "nima"dan ko‘ra "qanday"ga ahamiyat beriladi.

  1. Xoll yuqori kontekstli va past kontekstli madaniyatlarni ajratib ko‘rsatadi. Uning nazariyasiga ko‘ra, yuqori kontekstli madaniyatlar vakillari suhbatdoshga munosabatni tilga tegishli bo‘lmagan, “yashirin” kontekstdan kelib chiqib belgilaydi. Bunda suhbatdosh haqidagi asosiy axborotlar uning tashqi ko‘rinishida, statusi, xulq-atvori va jestlarida mujassam bo‘ladi. Bunday madaniyatlar jumlasiga Saudiya Arabistoni, Yaponiya, Xitoy, Rossiya kabilar kiradi. Past kontekstli madaniyatlar esa axborotning asosiy qismi kontekstda emas, balki so‘zlarda mujassamlashgan bo‘ladi. Bu madaniyat vakillariga til muloqoti jarayonida o‘z fikrini to‘g‘ridan-to‘gri bayon etish xosdir. Germaniya, Shveytsariya, AQSh, Skandinaviya va boshqa Shimoliy Yevropa mamlakatlari ushbu madaniyatga misol bo‘ladi (Hall, 1976).

Misol tariqasida nemis va o‘zbek madaniyatlararo muloqotida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan bir necha tushunmovchiliklarni qarab chiqamiz. Har ikki tomonning o‘z madaniyati va muloqot usullari mavjud bo‘lib, bu farqlarni tushunish va hurmat qilish tushunmovchiliklarni kamaytirishga yordam beradi.

Ma’lumki, nemis va o‘zbek xalqlari orasida lingvistik, madaniy, diniy kabi qator farqlar mavjud. Har ikki madaniyatning o‘ziga xos qadriyatlari, xatti-harakatlari, vaqtga bo‘lgan munosabati va boshqa omillar muloqotda muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Masalan, nemislarda vaqtga nisbatan qat’iylik va aniq rejalashtirish juda muhimdir. Ular vaqtdan samarali foydalanishga va aniq belgilangan vaqtga rioya qilishga katta ahamiyat berishadi. Agar biror uchrashuvga kechikish bo‘lsa, bu norozi bo‘lish yoki hurmatsizlik sifatida qabul qilinishi mumkin. O‘zbek madaniyatida esa, ayniqsa, ijtimoiy uchrashuvlar va oilaviy yig‘inlarda vaqtga nisbatan kamroq qat’iylik mavjud. O‘zbeklar uchun kechikish ko‘pincha muammo bo‘lmaydi va bu ko‘proq muomala madaniyati sifatida qaraladi. Ammo nemislar bu holatni tushunmasligi yoki bunday vaziyatda noqulaylik his qilishlari mumkin. Bunday misolni ikki madaniyat vakillarining muloqot usullrida ham ko‘rish mumkin. Nemislarda muloqotda to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq bo‘lish odatiy holder; ular fikrlarini aniq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri ifodalashga moyil. O‘zbek madaniyatida esa muloqotda ehtiyotkorlik va muloyimlik katta ahamiyatga ega. O‘zbeklar ko‘pincha bilvosita muloqot qilishadi, ya’ni masalan, rad etish yoki salbiy fikrni to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytmaslikka intilishadi. Bu muloyimlik va hurmatni ifodalash uchun qilingan harakatdir. Nemis madaniyati vakilining o‘z fikrini aniq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytishi o‘zbeklar tomonidan beodoblik yoki hurmatsizlik deb qabul qilinishi mumkin bo‘lgani singari, o‘zbek madaniyati vakili nemis tomoniga o‘z fikrlarini muloyimlik bilan ifodalashni xohlaganida, nemislar uning fikrini noaniq yoki tushunarsiz deb bilishlari mumkin.

Demak, madaniyatlararo muloqotda tushunmovchilik turli sabarlar tufayli yuzaga kelishi mumkin. Bu muammolarni yuzaga kelish ehtimolini bilish orqali, biz ularni oldini olish va boshqa madaniyat vakillari bilan samarali aloqa o‘rnatish uchun oldindan tayyor bo‘lishimiz mumkin. Bir nechta oddiy qoidalarga, masalan, do‘stona munosabatlar, xotirjamlik va suhbatdoshning madaniyati haqida asosiy bilimlarga ega bo‘lish orqali, katta bilimlar to‘plamiga ega bo‘lmasdan ham samarali muloqotga erishish mumkin.

Madaniyatlaro muloqotda tushunmovchiliklarni bartaraf etish haqida gap ketganda, avvalo, madaniy savodxonlikni oshirishning ahamiyatini alohida ta’kidlash maqsadga muvofiq. Madaniy savodxonlik deganda turli madaniyatlar va ularning an’analari, qadriyatlari va dunyoqarashlari haqida ma’lumotga ega bo‘lish tushuniladi. Madaniyatlararo ta’lim dasturlari o‘zaro tushunishni oshirish va stereotiplardan qochish imkonini beradi. Madaniyatlararo muloqotda til o‘rganish muhim vosita bo‘lib, o‘zaro tushunmovchiliklarni kamaytirishga yordam beradi. Agar biror kishining o‘zaro muloqotda bo‘lishni istagan madaniyatdagi tilni bilsa, u boshqa madaniyatga oid an’analarga, urf-odatlarga va qarashlarga hurmat bilan yondashish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Madaniyatlararo muloqotda muvaffaqiyatga erishish uchun turli madaniyatlarni qabul qilish va hurmat qilish, shuningdek, o‘zaro samimiy muloqotni rivojlantirish zarur. Madaniyatlararo aloqalar nafaqat o‘zaro tushunmovchiliklarni bartaraf etish, balki global jamiyatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga ham yordam beradigan muhim omil hisoblanadi.

Библиографические ссылки

Hall, E.T. (1976). Beyond culture. New York: Anchor Press.

Kamariddinovna, M.E. (2024). Developing communicative competence in foreign language education. Western European Journal of Linguistics and Education, 2(4), 66-70.

Minglieva, T.V., & Ermidi, I. G. (2021). Millatlararo muloqotning dolzarb masalalari. Uspiehi v khimii i khimicheskoi tekhnologii, 35(11), 8-9.

Musina, L.M., & Mustafina, D. N. (2020). Madaniyatlararo muloqot: Zamonaviy muammolar. Mir nauki. Sotsiologiia, filologiia, kul'turologiia, 4.

Ruzikulov, E.Sh. (2024). Madaniyatlararo muloqotda ekstralingvistik muammolar. Ta’lim va rivojlanish tahlili onlayn ilmiy jurnali, 332-335.

Sadoxin, A.P. (2005). Millatlararo muloqotga kirish. Moscow: Vysshaya shkola.

Xoxlova, I.N. (2012). Millatlararo madaniyat: Tushunchasi, darajalari, strategiyalar. In Filologiyaning dolzarb muammolari: Xalqaro ilmiy anjuman materiallari (October 2012, Perm).

Опубликован

Загрузки

Биография автора

Shaxlo Sabirova ,
Каракалпакский государственный университет

Преподаватель

Как цитировать

Sabirova , S. (2025). Проблемы взаимопонимания в межкультурной коммуникации и их причины. Лингвоспектр, 3(1), 277–281. извлечено от https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/531

Похожие статьи

<< < 43 44 45 46 47 48 49 50 51 52 > >> 

Вы также можете начать расширеннвй поиск похожих статей для этой статьи.