Oʻzbek tilida somatik leksikologiyaning oʻrganilishi

Авторы

  • Узбекский государственный университет мировых языков
Oʻzbek tilida somatik leksikologiyaning oʻrganilishi

Аннотация

Somatizmlar inson tana a’zolarining nomlarini oʻzida aks ettiruvchi leksik birlik boʻlib, ular mustaqil ma’no anglatuvchi otlar sifatida oʻrganiladi. Asosan, otlarga xos soʻroq, grammatik koʻrsatkichlar, ya’ni egalik va kelishik qoʻshimchalarini qabul qilib kelib, otlar kabi predmet tushunchasini anglatib, turlanadi. Aniq otlar sifatida namoyon boʻladi. Ammo bizning tadqiq obyektimiz somatizmlar emas, balki somatizmlar harakatini ifodalovchi leksemalar – fe’llardir. Somatizmlar tilda oʻz oʻrniga ega lisoniy birliklar boʻlib, muayyan leksik tizimni tashkil etadi. Ularning til va nutqdagi oʻrni yaqqol koʻzga tashlanib turadi. Somatizmlar barcha xalqlarning til tizimida inson tana a’zolarini ifodalashga xizmat qiladi. Jumladan, ingliz va oʻzbek tillarida ham ular yaxlit tizim sifatida mavjud boʻlib, makro va mikro semantik maydonlarni hosil qiladi. Haqiqatan ham, somatizmlar alohida leksik-semantik guruhni tashkil qiluvchi birliklar boʻlib, lisoniy tizimda oʻz oʻrniga ega. Bu lugʻaviy ma’noviy guruhga mansub birliklar semantik jihatdan mustaqil paradigma tashkil qiladi. Oʻzbek tilida somatizmlar, ular vositasida shakllangan frazeologik birliklar va maqollar tadqiqiga oid ishlar talaygina.  Quyida mazkur ishlarning mazmuni, tadqiq obyekti va predmeti, xulosalarining umumiy sharhini keltiramiz.

Ключевые слова:

somatizmlar leksik-semantik guruh semantik maydon leksik birlik noverbal muloqot vositasi somatik ibora

Somatik leksika tarkibiy qismlari sifatida inson tanasining qismlari, hayvonlar tanasining qismlaridan tashkil topgan birliklar tushuniladi. Bu atama biologiyada, tibbiyotda “inson tanasi bilan bogʻliq narsa” ma’nosida ishlatilishi mumkin. XX asr oxiri – XXI asr boshlarida tilshunoslar somatik leksikaga alohida e’tibor berib, madaniyatlararo muloqot muammolarining kerakli yechimlarini topishga, tilning leksik tarkibini oʻrganish samaradorligini oshirishga harakat qilmoqdalar (Gadoyeva, 2021). Somatizm atamasi birinchi marta F.O. Vakk tomonidan kiritilgan.

Somatizmlar inson tana a’zolarining nomlarini oʻzida aks ettiruvchi leksik birlik boʻlib, ular mustaqil ma’no anglatuvchi otlar sifatida oʻrganiladi. Asosan, otlarga xos soʻroq, grammatik koʻrsatkichlar, ya’ni egalik va kelishik qoʻshimchalarini qabul qilib kelib, otlar kabi predmet tushunchasini anglatib, turlanadi. Aniq otlar sifatida namoyon boʻladi.

Barcha tillardagi somatik soʻzlar umumlashtirilgan holda “somonimik soʻzlar”, ularni oʻrganuvchi tilshunoslik boʻlimi “Somonimiya” deb yuritiladi. “Somonimiya” deganda, asosan, qiyoslanayotgan tillardagi somatik soʻzlar tushuniladi. Ular inson tana qismlarining joylashuvini anglatadi:

  1. Bosh va uning qismlari nomlari.
  2. Boʻyin va tomoq qism a’zolari.
  3. Osteonemik soʻzlar (bunday soʻzlar sohasiga inson tanasidagi suyak va boʻgʻinlarni ifodalovchi soʻzlar kiradi.
  4. Yuqori qoʻl qismi nomlari.
  5. Pastki qoʻl qismi nomlari.
  6. Koʻkrak qismi nomlari.
  7. Bel qismi nomlari.
  8. Beldan past qism nomlari.
  9. Oyoq qism nomlari.

Bularning hammasi barcha xalqlarning til tizimida yaxlit sistema sifatida mavjud. Shu tarzda somatizmlarning makro va mikro maydoni miqyosini tasavvur qilish va anglash mumkin. Somatizmlarni mazkur mikro va makro maydonlari asosida ular ifodalovchi harakatni bildiruvchi leksemalar semantik guruhini oʻrganish mumkin. Kuzatishlarimiz shuni koʻrsatadiki, inson tana a’zolari harakatini ifodalovchi fe’llar somatizmlardan farqli ravishda oʻziga xos guruhlarga boʻlinadi.

Somatik iboralarni tadqiq etishning dolzarbligi haqida U.Rashidova shunday yozadi: “Oʻzbek tilidagi somatik iboralarning semantik va grammatik tabiatini toʻgʻri anglash, ularning miqdorini, xususiyatlarini chuqur oʻrganish asosida tuziladigan frazeologik lugʻatlarda ularning yangi ma’nolarini keyingi asr va mustaqillik yillarda yaratilgan materiallar asosida ochib berish oʻzbek frazeologiyasi, leksikografiyasi hamda frazeografiyasi oldida turgan muhim vazifalar qatoriga kiradi” (Rashidova, 2018).

M.Saidxonov toʻgʻri ta’kidlaganidek, “oʻzbeklarda ishlatiladigan udumlar va adab shakllari muomala bilan bogʻliq boʻlgan milliy oʻziga xos, vazifasiga koʻra chegaralangan va shu bilan birga, aloqa-aralashuvda faol qatnashuvchi hodisalardir. Ulardagi xatti-harakat nutqiy aloqada doimiy ishlatilishi natijasida belgi vazifasida qoʻllanishi va nutqiy jarayonning  oʻrnini bosishi mumkin. Natijada, ular noverbal vosita sifatida imo-ishoralarga teng keladi, oʻz lingvistik nominasiyasiga ega boʻladi va tilda leksik-semantik guruhni tashkil etadi” (Saidxonov, 2008).

M.Qurbonovning fikriga koʻra, “Gavda uzvlari ishtirokida hosil qilinuvchi noverbal vositalar muloqotda inson ichki ruhiy kechinmalari va munosabatini ham ifoda etadi. Misol uchun, qoʻlni chap koʻkragiga qoʻyish mehrni, qoʻlini mushtlab koʻkragiga takror urishi oʻzlik yoki va’dani, ikki qoʻllab qornini ushlash (qovushtirish) ta’zimni ifoda etishi mumkin. Qoʻlni koʻksi (qorni, yuragi)ga qoʻyish bilan bogʻliq imo-ishora harakati 10 ga yaqin salomlashish, xayrlashish, hurmat, minnatdorlik, kechirim, qasam, ishonch, va’da, tabrik, qoʻyingki, barcha iltifotni tasvirlashda va mehrni noverbal muloqot orqali ulash jarayonlarida verbal vositalardagi «chin yurakdan» iborasi oʻrnida foydalaniladi. Ushbu ishora harakatlarini qasamyod qabul qilishda, madhiya kuylashda, sinfxonalarda oʻquvchilarning javob berishida va diniy amallarni bajarishda ham kuzatish mumkin, ular barcha millatlar uchun universal hisoblanadi” (Kurbanov, 2021). Bunday harakat va holatlarning faqat ingliz tili va madaniyatiga xos boʻlganlari ham uchraydi. Masalan:

V ‒ ya’ni ikki barmoq, koʻrsatgich va oʻrta barmoq orasini ochib koʻrsatish kelishuv, tinchlik ma’nosini ifodalaydi.  

OK ‒ bosh va koʻrsatgich barmogʻini bir-biriga bogʻlab aylana hosil qilishi ma’qullash yoki barcha ishlar joyidaligini bildiradi.

Belissimo ‒ taom mazali ekanligini bosh va koʻrsatkich barmoqlarni birlashtirib lablari oldiga olib borish orqali koʻrsatiladi.

Luck omad tilashda koʻrsatkich va oʻrta barmogʻini bir-biriga bogʻlab koʻrsatib yetkaziladi. 

Hitchhiking ‒ bunda bosh barmoq yuqoriga qaratilgan, qolgan barmoqlar buklangan holda koʻrsatishdir. Bu belgini asosan piyodalar katta yoʻllarda pulsiz qolganlarida mashinalarga koʻrsatadilar, shunda haydovchilar istasa, yoʻl-yoʻlakay boʻlsa tekinga olib borib qoʻyadi.

Bular, asosan, qoʻl harakati bilan bogʻliq jestlar, ya’ni xatti-harakatlardir. Undan tashqari yana inglizlarga xos xarakterli jihat bu tabassum, jilmayishdir; bu suhbatga ochiqlikni bildiradi.

Eye contact – gaplashganda suhbatdoshining koʻziga qarab gapirish juda ham muhim, aks holda, gapirgan gapi shubhali boʻlib koʻrinadi.

Inglizlarda individuallik kuchli boʻlib, avvalambor, oʻziga qulaylik tugʻdiradi. Agar talaba ma’ruzaga kech qolsa, kechirim soʻrasa, ularga gʻalati tuyuladi. Kech qolgan talaba darsga bemalol kirib oʻtiradi; xohlagan vaqtida chiqib ketadi; bu ular uchun norma  hisoblanadi. 

Bundan ko ‘rinadiki, ingliz madaniyatida inson tana a’zolari harakati bilan ifoda etiladigan imo-ishoralar alohida tizimni tashkil etadi.

U.Rashidovaning “Oʻzbek tilidagi somatik iboralarning semantik-pragmatik tahlili (koʻz, qoʻl va yurak komponentli iboralar misolida)” sarlavhali monografik  tadqiqotida oʻzbek tilida faol qoʻllanuvchi koʻz, qoʻl va yurak komponentli somatik frazemalarning pragmatik, lingvokulturologik, kognitologik, paradigmatik va sintagmatik xususiyatlari ochib berilgan; koʻz, qoʻl va yurak komponentli somatik frazemalarning milliy-madaniy mohiyati hamda soʻzlashuv, badiiy-publitsistik matndagi semantik-pragmatik va funksional-stilistik xususiyatlari asoslangan; inson tana a’zolari bilan bogʻliq somatik frazemalarning oʻz semantik maydonining kengligi, emotsional-ekspressiv jihatdan rang-barangligi bilan oʻz qatlamidagi iboralardan jiddiy farqlanishi, nisbiy kommunikativ ustunligi hamda faolligi aniqlangan; koʻz, qoʻl va yurak komponentli somatik frazemalarning badiiy-publitsistik matnlardagi eksplitsit va implitsit ifodalanish usullari aniqlanib, ularning konseptual belgilarni ifodalovchi leksikografik xususiyatlari dalillangan (Rashidova, 2018).

M.Gadoyeva esa somatizmlarning til leksik tizimidagi oʻrnini quyidagicha izohlaydi: “Somatizmlar tilda oʻz oʻrniga ega lisoniy birliklar boʻlib, muayyan leksik tizimni tashkil etadi. Ularning til va nutqdagi oʻrni yaqqol koʻzga tashlanib turadi. Somatizmlar barcha xalqlarning til tizimida inson tana a’zolarini ifodalashga xizmat qiladi. Jumladan, ingliz va oʻzbek tillarida ham ular yaxlit tizim sifatida mavjud boʻlib, makro va mikro semantik maydonlarni hosil qiladi” degan oʻrinli xulosaga keladi (Gadoyeva, 2022). Haqiqatan ham, somatizmlar alohida leksik-semantik guruhni tashkil qiluvchi birliklar boʻlib, lisoniy tizimda oʻz oʻrniga ega. Bu LMG mansub birliklar semantik jihatdan mustaqil paradigma tashkil qiladi.

M.Gadoyevaning ta’kidlashiga koʻra, “Barcha xalqlarning tilida tugʻilish, bola parvarishi, uylanish, oila qurish bilan bogʻliq toʻy, oʻlim hodisasiga aloqador motam marosimi va ularga daxldor turli-tuman urf-odatlarning nomi shakllanishida somatizmlarning alohida oʻrni va ta’siri borligi kuzatiladi. Lekin bu haqda haligacha maxsus tadqiqotlar yaratilmagan. Marosim, urf-odatlar nomining shakllantirilishida somatizmlarning xalq madaniy hayoti, milliy psixologiyasi ta’sirida qoʻllanishi anglashilib turadi. Buni har bir xalqning marosim va urf-odatlari nomida somatizmlarning faol qoʻllangani ham dalillaydi. Masalan, bolalar hayoti bilan bogʻliq “Soch toʻyi”, “Tish toʻyi”, “Oyoq bosdi” yoki “Oyoq chiqardi”, Sunnat toʻyiga oid “Qoʻlini halollash”, “Quloq choʻzma”, nikoh toʻyi bilan bogʻliq “Oyoq bosdi”, “Qoʻl ushlatar”, “Soch siypatar”, “Yuz ochdi”, “Boshini bogʻlamoq” va hokazolar shular jumlasidandir”. Bundan ma’lum boʻladiki, oʻzbek xalq ogʻzaki ijodida ham inson tana a’zolari harakatini ifodalovchi leksemalar faol ishtirok etadi. Demak, insonning maishiy hayotida mazkur leksemalarning qoʻllanish chastotasi yuqori. Bu esa somatizmlar hamda inson tana a’zolari harakatini ifodalovchi leksemalarning folklor asarlarida ham yorqin namoyon boʻlishini koʻrsatadi.

M.Rashidovaning xulosasi somatizmlarning pragmatik, lingvokulturologik, kognitologik, paradigmatik va sintagmatik xususiyatlarini aniqlashga qaratilgan boʻlsa, M.Gadoyevaning xulosalarida mazkur birliklarning folklor janrlarining shakllanishidagi ahamiyatini koʻrish mumkin.

X.Akbaraliyevaning “Devonu lugʻatit turk” asaridagi somatizm komponentli maqollarning lingvomadaniy xususiyati” sarlavhali maqolasida somatizm komponentli maqollarni zamonaviy tilshunoslikda tutgan oʻrni va lingvomadaniy xususiyatlari tahlil qilindi. Maqollar hozirgi oʻzbek adabiy tilining rivojlanishida, til me’yorlarning oʻsishida qanday rolni bajarayotganligi asosiy muammo sifatida olingan. Maqolada maqollardagi somatizmlar inson hayoti va uning boshiga tushadigan yaxshi va yomonliklarni tilning imkoniyatlaridan kelib chiqib oʻxshatishlar misolida asosli yoritildi (Akbaraliyeva, 2021).  Bu oʻrinda tadqiqotchi Mahmud Koshgʻariy butun turkiy qabilalar tilidan yozib olgan somatizmlar qatnashgan maqollarni 16 tasinigina tahlil qilganini aytadi va xulosa oʻrnida mazkur maqollardagi somatizmlar inson hayoti, uning boshiga tushadigan yaxshi va yomonliklarni tilning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda oʻxshatishlar misolida yoritilganligini ta’kidlaydi. Tadqiqotchi “Turkiy xalqlarning tili va madaniyatining nechogʻlik boyligini maqollarda ming yillik hayoti, urf-odatini aks ettirganligi bilan ma’lum boʻldi” degan xulosaga keladi.

Библиографические ссылки

Akbaraliyeva X. “Devonu lugʻatit turk” asaridagi somatizm komponentli maqollarning lingvomadaniy xususiyati // Oriental Renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences. Volume 1 / Issue 9. October 2021. – 335 – 340 б.

Gadoyeva M.I. Somatik leksikaning xususiyatlari // Scientific progress. – 2021, T.2. № 6. – Р. 1749-1754.

Gadoyeva M.I. Ingliz va oʻzbek tillarida somatizmlarning semantik-pragmatik tadqiqi (folklorning kichik janrlari misolida): Filol. fan. d-ri (DSc) ...diss. avtoref. ‒ Buxoro, 2022. ‒ 60 b. ‒ 15 b.

Kurbanov M.A. Oʻzbek, usmonli turk, ingliz va rus tillarida noverbal muloqotni ifodalovchi vositalar tadqiqi: Filol. fan. fals. d-ri (PhD) diss. avtoref. – Andijon, 2021. – 56 b. – B. 21.

Rashidova U.M. Oʻzbek tilidagi somatik iboralarning semantik-pragmatik tahlili (koʻz, qoʻl va yurak komponentli iboralar misolida): Filol. fan. b-cha fals. d-ri (PhD) ...diss. avtoref. – Toshkent, 2018. – 50 b.

Saidxonov M. Aloqa-aralashuv va imo-ishoralar. ‒ Toshkent: Fan, 2008. ‒ 86 b. ‒ 29-b.

Опубликован

Загрузки

Биография автора

Нигора Авезова,
Узбекский государственный университет мировых языков

PhD, katta oʻqituvchi

Как цитировать

Авезова, Н. (2024). Oʻzbek tilida somatik leksikologiyaning oʻrganilishi. Лингвоспектр, 2(1), 11–14. извлечено от https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/91

Похожие статьи

<< < 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 > >> 

Вы также можете начать расширеннвй поиск похожих статей для этой статьи.