Роль упражнений в развитии узбекской связной речи иностранных студентов

Аннотация
Как известно, говорение и слушание-это явления, неразрывно связанные между собой. Устное общение заключается в непосредственном слушании и понимании речи собеседника и в ответах на нее, при этом каждый из собеседников выступает и слушателем, и говорящим. Поэтому упражнения на обучение слуху занимают важное место в упражнениях по подготовке к речи при воспитании монологической речи. Упражнения на слух направлены на повышение словарного запаса, письменной и устной грамотности учащихся и совершенствование норм орфоэпического произношения узбекского языка, обучение практическому применению правил, в чем, в частности, большой эффект дает использование аудиокатастроф. Упражнения по обучению слуху можно разделить на группы упражнений по подготовке к восприятию текста, восприятию аудио на слух, выполнению на основе услышанного текста. В данной статье рассматривается одна из важнейших целей обучения узбекскому языку как иностранному студентов иностранцев, а именно обучение аудированию. Подробно рассмотрены этапы аудирования, выделены тексты для аудирования. Особое место отведено рассмотрению системы упражнений для обучения аудированию, влючающей три группы упражнений: тренировочные (подготовительные), коммуникативные (речевые) и контролирующие.Ключевые слова:
Аудирование полное понимание аудиотекста понимание основного содержания аудиотекста система упражнений тренировочные (подготовительные) упражнения коммуникативные (речевые) упражнения контролирующие упражненияMa’lumki, til ta’limida mashq o‘quv mashg‘ulotlarining alohida turi bo‘lib, ular yordamida berilgan bilimlar asosida o‘quvchida tegishli malaka va ko‘nikmalar shakllantiriladi. Ona tili ta’limidan farqli ravishda ikkinchi tilni o‘rganish jarayonida bajariladigan mashqlarning asosiy qismi muomala-muloqot yuritish ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirilishi ko‘zda tutiladi. I. A. Zimnyayaning fikricha, tilga o‘rgatishda ilk bosqichning asosiy vazifasi avvaldan tayyorlangan mashqlar vositasida o‘quvchiga lisoniy bilim berishni tashkil qilish bo‘lsa, keyingi bosqichda shunday ta’lim sharoitini yaratish lozimki, bunda o‘quvchi o‘rgatuvchidan kommunikativ topshiriqni bajarish uchun zarur bo‘lgan bilimni “tortib” olish imkoniyatiga ega bo‘lsin (Zimnyaya, 2003). Shu tarzda mashqlarning muayyan tartib asosida tizimli ravishda berilishi o‘quvchining bilim va malakalarini bosqichma-bosqich rivojlantirib borishga va o‘quvchini nutqqa olib chiqishga xizmat qiladi.
Metodist olimlar O‘. Hoshimov va I. Yoqubovlarning fikricha, ikkinchi tilga o‘qitish metodikasida mashqlar ham matn, ham grammatik material ustida ishlashga yo‘naltirilishi bois 4 bosqichga bo‘lib o‘rganilishi kerak: birinchi bosqichda grammatik bilimni shakllantirish, ya’ni grammatik topshiriqni qoidali, qoidasiz yoki namunaga muvofiq bajarish; ikkinchi bosqichda grammatik ma’lumotlarni og‘zaki nutqda qo‘llash bo‘yicha malaka hosil qildirish (suhbat matnlari, vaziyatli topshiriqlar, rolli o‘yinlar orqali); uchinchi bosqichda mashqlar vositasida hosil qilinadigan grammatik malakalarni nutqiy faoliyat turlari bilan bog‘lash; to‘rtinchi bosqichda esa hosil qilingan grammatik malakalarni o‘zaro fikr almashishda erkin qo‘llay olishni ta’minlashga qaratilishi lozim (Hoshimov, Yoqubov, 2003) Talabalarni ikkinchi tilda grammatik jihatdan to‘g‘ri tuzilgan bog‘lanishli nutqqa o‘rgatish yuzasidan tadqiqot ishi olib borgan L. V. Volkova aynan monologik nutqqa o‘rgatish jarayonida uch bosqichdagi qo‘llanadigan mashqlarni bajarish maqsadga muvofiq deb hisoblaydi:
- bosqich – fikrni bog‘lanishli ifodalashga tayyorlanish;
- bosqich – tayyorlangan bog‘lanishli nutqni bayon etish;
- bosqich – tayyorlanmagan bog‘lanishli nutqni bayon etish (Volkova, 1975).
Tadqiqotchining fikricha, uchinchi bosqich talabalarning ikkinchi tilda hosil qiladigan ko‘nikma va malakalarining eng oliy bosqichi bo‘lib, ushbu bosqichda talabalar o‘z fikrlarini ikkinchi tilda hech qanday tayyorgarliksiz, erkin va mustaqil tarzda bog‘lanishli ifodalash malakalariga ega bo‘lishlari lozim.
Ikkinchi til ta’limida mashqlar aniq bir maqsadga yo‘naltirilgandagina bog‘lanishli nutq ko‘nikmalarini shakllantirishga, fikrlarning izchil o‘sib borishiga va samaradorlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Ye. I. Passov va P. B. Gurvichlarning ta’kidlashicha, har qanday mashq turi haqiqiy voqelikni aks ettirishi, mazmun-mohiyat jihatidan bog‘lanishli, axborot beradigan va fikr uyg‘otadigan bo‘lishi zarur (Passov, Gurvich, 2007). Mashqlar bog‘lanishli, nima haqdadir axborot beradigan, biror fikrni ilgari suradigan matnlardan iborat bo‘lgandagina, ular qiziqarli bo‘ladi va o‘quvchining diqqatini torta oladi. Bog‘lanishli matnlar tabiiy nutqiy vaziyatni vujudga keltirishga, so‘zlar va grammatik shakllarning bevosita nutq jarayonida amaliy qo‘llanishini ko‘rsatishga xizmat qiladi. E. Ya. Melkumyanning qayd etishicha, “Tabiiy nutqiy vaziyatni vujudga keltirish va fikrni tabiiy holda bog‘lanishli ifodalash, shubhasiz, ko‘nikmalarning mustahkam egallanishini ta’minlaydi, shu bois nutqiy vaziyat grammatik mexanizmlarni ishlab chiqish jarayonining ilk bosqichi – materialni taqdim etishdan boshlab namoyish etib boriladi” (Melkumyan, 1971). Haqiqatan ham, mashqlar shunday tuzilishi kerakki, ular talabalarga real hayot, atrof-voqelik haqida ma’lumot bersin, berilayotgan mavzuga qiziqish uyg‘otsin, shu asosda mustaqil fikrga ega bo‘lishga va jamoaga o‘z fikrini yetkazishga intilish hissini uyg‘otsin.
Nutqiy ko‘nikmalar nutq faoliyatining to‘rt asosiy turi: o‘qish, tinglab tushunish, gapirish va yozuvni egallash orqali yuzaga keladi. Ushbu jarayonda nutq faoliyatining barcha turlari bir-biriga bog‘liq holda bosqichdan-bosqichga o‘zaro uzviy bog‘liq holda o‘zlashtirib borilishi talab etiladi, chunki ikkinchi bir tilda o‘zaro axborot almashish, og‘zaki va yozma muloqot yurita olish malakasi tinglab tushunish va gapirish orqali vujudga keladi. Mazkur nutq amallarini mashqlar vositasida o‘zaro bog‘liq holda rivojlantirib borilishi nutqiy faoliyatning avtomatlashtirilgan tarzda mustaqil va erkin qo‘llay olish qobiliyati - malakani hosil qilishga yordam beradi. Muloqot jarayonida malakaning hosil qilinishi kommunikativ maqsadning asosini tashkil etadi. I. A. Zimnyayaning ta’rificha, “malaka mashqlar natijasida harakatlarning yuqori mukammallikka erishuvi va nutqiy jarayonlarning avtomatlashuvidir” (Zimnyaya, 2003).
Og‘zaki nutq ko‘nikma va malakalarining yuzaga kelishi, shakllanishi va takomillashishi ikki muhim bosqichni qamrab oladi: birinchi bosqich - eshitish ko‘nikmalarini hosil qilish va tinglab tushunish malakalarini rivojlantirishdan, ikkinchi bosqich – og‘zaki so‘zlash ko‘nikmalarini hosil qilish va gapirish malakalarini rivojlantirishdan iborat bo‘ladi. Mazkur ikki malakani rivojlantirish:
- bog‘lanishli nutqqa tayyorlov mashqlari;
- matnni so‘zlab berishga qaratilgan gapirish mashqlari;
- monologik nutq jarayonidagi xatolarni bartaraf qilishga qaratilgan mashqlarni bajartirishni taqozo etadi.
Bog‘lanishli nutqqa tayyorlov mashqlari ham bir necha guruhga bo‘linadi. Mashqlarning birinchi guruhi reseptiv mashqlar bo‘lib, kalit so‘zlar, tayanch iboralar asosida matn mazmunini o‘zlashtirish, matnni mazmuniy qismlarga bo‘lish, har bir qismga tayanch gaplar yozish, matnni soddalashtirish yoki ixchamlashtirish kabi topshiriqlar orqali matnni samarali o‘zlashtirishga qaratiladi. Mashqlarning ikkinchi guruhi reproduktiv – mahsuldor mashqlardan iborat bo‘lib, bunda matn mazmunini o‘zlashtirish, matn mazmuniga munosabat bildirish, undagi muammolar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirish, matndagi axborotni o‘quvchi uchun uning ahamiyatliligi nuqtai nazaridan baholash, o‘quvchi matndan qanday yangiliklar olganligi haqida axborot berishni rivojlantirish ko‘nikmalarini hosil qilishga qaratiladi. Uchinchi guruh mashqlarining maqsadi hosil qilingan ko‘nikma va malakalarni tabiiy muloqot vaziyatlarida qo‘llay olish malakasini rivojlantirishdan iborat. Bu malakalar matn mazmuni haqida xulosa bildirish, qahramon faoliyatini asoslash, matnda ko‘tarilgan muammolar yuzasidan bahs-munozara tashkil etish, matnni davom ettirish kabilar yordamida amalga oshiriladi.
Xorijiy tillar ta’limida mashqlarni turlarga ajratish hamda ularning qo‘llanishi borasida anchagina tadqiqot ishlari olib borilgan bo‘lishiga qaramay, tillarni o‘qitishda qo‘llanilgan mashqlar hamisha ham kutilgan natijani bermayotganini qayd etish mumkin. Jumladan, X. Muxitdinova rusiyzabon talabalarga o‘zbek tilini o‘qitishda hozirgi kunda qo‘llanib kelinayotgan mashqlarning turlari, ularda berilayotgan materiallar va topshiriqlar tizimi ularning o‘zbekcha muloqot yuritish, o‘zbek tilini o‘rganishlarini jadallashtirish uchun yetarli xizmat qilmayotgani haqida shunday yozadi: “Hozirgi kunda o‘zbek tilini o‘qitish tamoyillari, ularda beriladigan o‘quv materiallarining tartibi va taqsimoti bilan bir qatorda, dars jarayonida o‘zbek tilini o‘rgatishga yo‘naltirilgan mashqlar tarkibi va turlarini takomillashtirish, ularni zamonaviy ta’lim mashg‘ulotlariga moslashtirib qo‘llash yo‘llarini topish o‘zbek tili ta’limi mutaxassislari oldida turgan eng muhim vazifalardan biridir” (Muxitdinova, 2011). Buning uchun mashq turlarini zamonaviy tilshunoslik, psixologik, pedagogik tadqiqotlarda berilgan ilmiy-amaliy tavsiyalar asosida takomillashtirish, aynan rusiyzabon talabalarga o‘zbek tilini o‘qitish uchun mos mashqlar va topshiriqlar tizimini takomillashtirish maqsadga muvofiqdir.
Ma’lumki, gapirish va tinglash bir-biri bilan uzviy bog‘liq hodisalardir. Og‘zaki muloqot suhbatdosh nutqini bevosita eshitish va tushungan holda unga javob berishdan iborat bo‘lib, mazkur jarayonda suhbatdoshlarning har biri ham tinglovchi, ham so‘zlovchi vazifasini bajaradi. Shu bois monologik nutqni o‘stirishda nutqqa tayyorlov mashqlarida eshitishga o‘rgatish mashqlari muhim o‘rin tutadi. Eshitish mashqlari talabalarning lug‘at boyligi, yozma va og‘zaki savodxonligini oshirish va o‘zbek tilidagi orfoepik talaffuz me’yorlarini yaxshilashga, qoidalarni amaliy qo‘llay olishga o‘rgatishga qaratilgan bo‘lib, bunda, ayniqsa, audiomatnlardan foydalanish katta samara beradi. Eshitishga o‘rgatish mashqlarini matnni qabul qilishga tayyorlash, audiomatnni tinglab qabul qilish, eshitilgan matn asosida o‘tkaziladigan mashqlar guruhlariga bo‘lish mumkin.
Birinchi guruh mashqlari, ya’ni matnni tinglashga tayyorlov mashqlarining maqsadi talabalarni qiziqtirish, matnlarni tushunish bilan bog‘liq lingvistik va psixologik qiyinchiliklarni bartaraf qilish, matnda berilayotgan mavzu doirasida talabalar ega bo‘lgan nutqiy va hayotiy tajribalarini ishga solish hamda axborotni, uning tarkibi va mazmunini yaxshi eslab qolish uchun yo‘nalishlar berishdan iborat bo‘lishi lozim. Buning uchun o‘qituvchi talabalarga: qanday matnni eshitishi haqida xabar berishi; audiomatnda uchraydigan notanish so‘zlar ma’nosini tushuntirishi; tayanch so‘zlar va jumlalar bilan avvaldan tanishtirishi; matnning asosiy mazmuni haqida bir-ikki jumla bilan axborot berishi; audiomatnning qisqa, soddalashtirilgan variantini berish; eshittiriladigan matn mavzusi, mazmuni bo‘yicha asosiy tushunchalar haqida ma’lumot berish kerak bo‘ladi.
Ta’kidlash joizki, eshitish mashqlari tinglab tushunish ko‘nikmalarini rivojlantiradi va, ayni paytda, talabalarda tinglab tushunganlarini so‘zlab berish ko‘nikmalarini takomillashtirishga ham zamin tayyorlaydi. Afsuski, o‘zbek tilini ikkinchi til sifatida o‘qitishda mashg‘ulotlarda eshitish mashqlaridan ko‘p foydalanilmaydi. Mazkur holat, ko‘pincha, rus guruhlari talabalarining til muhitida yashayotganligi bilan izohlanadi. Biroq o‘quv mashg‘ulotlarida tinglab tushunish bo‘yicha maxsus mashqlar olib borilmasligi talabalarda eshitganlarini mustaqil so‘zlab berish ko‘nikmalarining shakllanmasligiga olib kelmoqda. Hozirgi kunda ko‘pchilik rus guruhlari talabalarining o‘zbek tilida “ponimayu, no ne umeyu govorit” degan izoh bilan cheklanishlari shundan dalolat beradi. Bizningcha, rus guruhlari talabalarini monologik nutqqa o‘rgatishda nutqqa tayyorlov bosqichiga, xususan, tinglab tushunish ko‘nikmalarini shakllantirishga e’tiborni kuchaytirish nihoyatda zarur. Shu o‘rinda R. Yo‘ldoshevning quyidagi fikrlarini keltirib o‘tishni joizdir: “O‘zbek tili darslarida nutqiy faoliyat turlaridan biri bo‘lgan nutqni tinglab tushunishni o‘rganishda eshitish mashqlarining o‘z o‘rni bor. Ushbu mashqlar orqali talabalar o‘zbek tilidagi muloqotda ishtirok etish, ommaviy axborot vositalari orqali berilayotgan xabarlarni tinglab borish, sahna asarlarini, filmlarni ongli tomosha qilish layoqatini qo‘lga kiritadilar, ularda tegishli BKMlar shakllanadi” (Yo‘ldoshev, 2012).
Ikkinchi guruh mashqlari esa matnni eshitish jarayonidan iborat bo‘lib, bunda o‘qituvchi avvaldan kommunikativ vazifani belgilab olishi shart. Ya’ni matn nima maqsadda eshittirilayotganligi, talabalar matnni qanday tinglashlari kerakligi, matn mazmunini tushunish jarayoni qanday kechishi aniq rejalashtirilishi kerak bo‘ladi. Bu matndagi asosiy va qo‘shimcha axborotlarni ajrata olish ko‘nikmalarining shakllanishiga olib keladi. Matnni eshitishning ilk bosqichida talabalarga matnning asosiy mazmunini tushunish yoki kerakli axborotni aniqlash yuzasidan mashqlar bajartirish maqsadga muvofiq. Bunda fikrlarni jamlab olish, xotirada saqlashga qaratilgan tayanch so‘zlar va jumlalarni qayd qilib borish; audiomatnning zarur o‘rinlarini yozib borish kabi mashqlar talabalarning o‘z fikrini og‘zaki ifodalashida tayanch bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Shuningdek, ikkinchi til ta’limida eshitish mashqlari jarayonida matnning bosma variantiga tayanish ham samarali natijalar beradi. Bunday usul matn mazmunini tushunishni yengillashtiradi, matnni yaxshi eslab qolish va tez o‘zlashtirilishini ta’minlaydi.
Uchinchi guruh, ya’ni nazorat mashqlari talabalarda audiomatndagi axborotni u yoki bu darajada izohlash, sharhlash, tahlil qilish bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga va matn mazmunini to‘liq o‘zlashtirishga qaratiladi. Mashqlarning bu guruhi matnni qismlarga bo‘lib gapirib berish; matnni davom ettirish; o‘quvchi uchun yangi, ahamiyatli, qiziqarli yoki ikkinchi darajali, muhim bo‘lmagan, qiziqarli bo‘lmagan narsalarni izohlash; tayanch so‘zlar yoki jumlalarga tayanib voqea, hodisa, qahramonlar xatti-harakatlarini baholash; eshitish jarayonida to‘ldirilgan jadval, chizmalarga asoslanib savollarga javob berish; matn mazmuniga mos sarlavha tanlash va sarlavhani izohlash kabi topshiriqlarni o‘z ichiga oladi.
Tajribamiz natijalari sifatida quyida talabalarning matnni tinglab tushunish va og‘zaki nutq jarayonida so‘z va gaplarni to‘g‘ri talaffuz qilish, tushunganlarini bayon qilish, fikrga munosabat bildirish malakalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan audiomatnlar va ularga berilgan topshiriqlar variantlaridan keltirib o‘tishni maqsadga muvofiq deb bildik.
- Audiomatnni diqqat bilan tinglang, tayanch so‘zlarni yozib boring. Shu asosda matnni tiklang va matn mazmunini ijodiy bayon qiling.
Xitoyliklar uchun nilufar musaffolik va oliyjanoblik ramzi deb hisoblangan. Balchiq va loyqa suvda o‘sgani bi-lan u hech qachon bulg‘anmaydi. Og‘ir qismatga tan bermagan, yomonlik oldida tiz cho‘kmagan, o‘ziga gard yuqtirmagan odamlarni nilufarga qiyoslashadi. Nilufar sokin hovuzlarda iyul-avgust oylarining eng issiq kunlarida gullaydi.O‘zining barglari, toza va nafis guli, yirik gultojlari bilan bu gul unutilmas ta-assurot qoldiradi. Xitoyliklar ayollarning orastaligini nilufarga qiyoslashgan. Nilufar faqat uch kun gullab turadi: ertalab ochiladi, kechqurun yopiladi. Nafaqat xitoyliklar, balki butun dunyo xalqi nilufarni go‘zallikda tanho, tengi yo‘q gul deb hisoblaydi.
- Abdulla Oripovning “Men nechun sevaman O‘zbekistonni?” she’rini tinglang, nuqtalar o‘rniga tushirib qoldirilgan so‘z va so‘z birikmalarini qo‘ying, mazmunini “Jigso” strategiyasi asosida o‘rganing va ijodiy matn yarating.
- Audiomatnni tinglang va “Taxmin” strategiyasi asosida davomini o‘zingiz tuzib yakunlang. Bunda talabalarga audiomatnning boshlanish qismi eshittiriladi. Talabalar esa voqealar rivojini o‘zlari taxmin qiladilar va yakunlaydilar.
Xulosa o‘rinda shuni ta’kidlash joizki, o‘zbek tilidan yaratilayotgan darslik va o‘quv qo‘llanmalarda mashqlar shunday tuzilishi va taqdim etilishi, shuningdek, zamonaviy pedagogik texnologiyalar, interfaol usullar yordamida takomillashtirishi kerakki, talabalarda berilayotgan mavzuga qiziqish uyg‘otsin, mustaqil ishlashga, qiyinchiliklarni yengib o‘tishga, jamoaga o‘z fikrini bog‘lanishli tarzda yetkazishga intilsin.
Библиографические ссылки
Волкова, Л. В. (1975). Обучение грамматически правильной речи литературно-разговорного стиля на II этапе языкового вуза (франц. язык) (стр. 116). Москва.
Зимняя, И. А. (2003). Педагогическая психология (с. 384). Логис.
Yo‘ldoshev, R. A. (2012). O‘zbek tili darslarida talabalarning og‘zaki nutqini ularni ko‘p gapirtirish orqali o‘stirish metodikasi: Monografiya (212 b.). Fan va texnologiya.
Мелкумян, Э. Я. (1971). Методика формирования грамматически правильной разговорной речи в языковом вузе (стр. 17). Москва.
Muxitdinova, X. S. (2011). Ta’lim bosqichlarida o‘zbek tili o‘qitilishi uzluksizligini ta’minlashning ilmiy-metodik asoslarini takomillashtirish: Ped. fan. d-ri ... diss. (390 b.). Toshkent.
Пассов, Е. И., Кибирева, Л. В., & Колларова, Э. (2007). Концепция коммуникативного иноязычного образования (теория и ее реализация) (200 с.). Златоуст.
Пассов, Е. И., & др. (1967). Коммуникативные упражнения (пособие для преподавателей) (с. 99). Москва–Ленинград: Просвещение.
Hoshimov, O‘. H., & Yoqubov, I. Ya. (2003). Ingliz tili o‘qitish metodikasi (301 b.). Sharq.
Опубликован
Загрузки
Как цитировать
Выпуск
Раздел
Лицензия
Copyright (c) 2025 Зилола Салишева , Назокат Жиянова , Саида Максумова

Это произведение доступно по лицензии Creative Commons «Attribution» («Атрибуция») 4.0 Всемирная.