Nurota tumanidagi ayrim etnonimlarining ma’no xususiyatlari

Mualliflar

  • Samarqand davlat universiteti Kattaqo’rg’on filiali
Особенности значения некоторых этнонимов Нуратинского района

Annotasiya

Ushbu maqolada Nurota tumanidagi ayrim etnonimlarning ma’no xususiyatlari, etnonimlarning kelib chiqish tarixi, etimologik asoslari va ularning hududiy, madaniy va etnik xususiyatlariga ta’siri tahlil qilinadi. Shuningdek, etnonimlarning ma’no va mazmuni orqali mahalliy xalqning tarixiy va madaniy merosini, hududiy identifikatsiyasi va ularning zamonaviy kontekstda ahamiyati ham o’rganiladi. Bu tadqiqot Nurota tumanining etnik xilma-xilligi va tarixiy rivojlanishini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.

Kalit so‘zlar:

Nurota tumani etnonimlar ma’no xususiyatlari etnimologiya hududiy identifikatsiya madaniy meros etnik guruhlar tarixiy rivojlanish hududiy nomlar mahalliy tarix

Kirish

Mahalliy hududlarning nomlari va etnonimlar ularning tarixiy, madaniy va etnik xususiyatlarini aks ettiruvchi muhim manba hisoblanadi. Nurota tumani hududida joylashgan etnonimlar esa, o’zining ma’no va mazmuni bilan mahalliy aholining tarixi, madaniyati va etnik kelib chiqishini ifoda etadi. Ularning kelib chiqish tarixini va mazmunini o’rganish esa, hududning etnik xilma-xilligi, tarixiy rivojlanishi va madaniy merosi haqida chuqur tushunchalar hosil qilish imkonini beradi.

Ushbu maqolada, Nurota tumanidagi ayrim etnonimlarning ma’no xususiyatlari va ularning etimologik asoslari tahlil qilinadi. Bu tadqiqot, ayniqsa, mahalliy tarix va madaniyatni o’rganishda muhim ahamiyatga ega bo’lib, etnonimlarning o’ziga xos xususiyatlari va ularning zamonaviy kontekstda ahamiyati haqida bilimlarni kengaytirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, maqola, hududning etnik va madaniy xilma-xilligi haqida yanada chuqurroq tushuncha hosil qilishga yordam beradi.

Mavzuga oid adabiyotlarning sharhi

Har qanday etnonimning o’z ma’nosi bor. Ba’zi bir etnonimlar juda qadimiy so’zlar bo’lganidan ma’nosini tushunish qiyin. Odatda xalqlar, millatlar, shuningdek qabilalar, yirik urug’laming nomlari qadimiy bo’ladi. Masalan, o’zbek, qirg’iz, qozoq kabi millat nomlari, qo’ng’irot, mitan, qangli, qipchoq, uyshun, qorluq, xalaj kabi urug’-qabila nomlari haqida bir qancha fikrlar bildirilgan, lekin bu etnonimlarning etimologiyalari ilmiy asosda uzil-kesil hal qilingan emas.

O’zbek - «o’ziga bek», qirg’iz - «qirq qiz», qozoq - «qochoq», mitan «mo’ytan» (seijun), qangli - «qanqli» (aravali), qorluq - «qorliq» (qorda qolgan), xalaj - «qol och» (och qolgan), qalmoq - «chetda qolgan» (islom diniga kirmay qolgan) degan ma’noni bildiradi deyish g’ayri-ilmiy, asossiz izohdir. Etnonimlar tarix taqozosi bilan vujudga kelgan bo’lib, ma’lumot tashiydi. Etnonimlarni o’rganish juda muhim ilmiy ahamiyatga ega.

Ko’pgina etnonimlarning kelib chiqishi, etimologiyasi hamon ma’lum emas. Masalan, «o’zbek» so’zining kelib chiqishi to’g’risida turli fikrlar bor. Ko’pchilik olimlar ko’chmanchi o’zbeklar Oltin O’rda xoni O’zbekxon (1312-1340) ismi bilan atalgan deyishadi. Holbuki, O’zbekxon Oltin O’rda (Ko’k O’rda) da xonlikka ko’tarilgan, o’zbek atamasi esa Oq O’rdada paydo bo’lgan. Ya’ni XIV-XV asrlarda Eron hamda O’rta Osiyo tarixchilari Oq O’rdaning barcha turk-mo’g’ul qabilalarini o’zbeklar deb atashgan. Bundan tashqari, O’zbek ismi O’zbekxondan oldin bitilgan asarlarda ham uchraydi.

Demak, o`zbek etnonimi O’zbekxon ismidan kelib chiqqan, degan fikr to’g’ri emas. Bu so’z «o’zi bek» degan ma’noni bildiradi, deyish ham ilmiy dalil emas. O’zbek o’z (uz) qabilasi nomi bilan bog’liq degan fikr ham isbottalab. Umuman, hozircha «o’zbek» so’zining etimologiyasi ham aniq emas. Boshqa ko’pgina turkiy xalqlar kabi o’zbek xalqi ham qabila, urug’lardan tarkib topgan.

Akademik V. V. Bartold so’zlariga qaraganda, dastlab 32 o’zbek unig’i bo’lgan. Lekin XVI asrdayoq farg’onalik Mulla Sayfiddin Axsikandiy «Majmuat - tavorix» asarida 92 o’zbek urug’i (elatiya) ni tilga olgan.

XIX asrning 60-yillarida bitilgan «Tuhfatittavorixi xoniy» qo’lyozmasida ham (muallifi farg’onalik Mulla Avaz Muhammad Attor) o’zbek urug’larini 92 ta deb ko’rsatilgan.

  1. Xanikov o’zining «Buxoro xonligi tasviri» kitobida (1843-yil) «Nasabnomai o’zbekiya»ga asoslanib, 97 o’zbek urug’ining ro’yxatini keltirgan.

O’zbek urug’lari nomlari (etnonimlar)ning o’ziga xos kelib chiqish tarixi bor. Jonivorlar, xususan, uy hayvonlari nomi bilan atalgan etnonimlar ham eng qadimiy sanaladi. Ular majusiylar davrida paydo bo’lgan. Urug’larning muqaddas hayvonlari (totem-ongon) bo’lib, kishilar o’zlarini shu hayvondan tarqalgan, deb hisoblaganlar.

Masalan, jilondi (ilonli), jilontamg’ali (ilontamg’ali), qulon, oqbura, qorabura, (bura, buvra, bug’ra - bichilmagan erkak tuya), qarg’a, shag’al (shaqal - chiyabo’ri), echki, ho’kiz etnonimlari shular jamlasidandir. Hayvon nomlari bilan atalgan etnonimlar ba’zan shu urug’ ajdodining laqabi ham bo’lishi mumkin.

Ko’pgina etnonimlar urug’-aymoq tamg’asi nomi bilan atalgan. Ya’ni har bir urug’ning o’z tamg’asi bo’lgan. Masalan, mollarini, otlarini boshqalarnikidan farq qilish uchun tamg’alab qo’yishgan.

Bolg’ali, kosovli, qaychili, taroqli, cho’michli, qirg’ili kabi urug’larning
tamg’alari shaklan ana shu uy-ro’zg’or asboblariga o’xshash bo’lgan o’zbek etnonimlarini semantik jihatdan bir necha guruhga bo’lish mumkin. Chunonchi, biron kasb-hunar nomi bilan yuritiladigan etnonimlar: qirsadoq (sadoq - o’qdon), iyarchi (egarchi - egarsoz), gilambofli - (gilam to’quvchi), sayot - (sayyod - ovchi), tulkichi, zargarlik, mirishkor, po’latchi va boshqalar. O’zbek urug’larining o’ziga xos etimologiyasi bor.

Tahlil va natijalar

O’zbek urug’larining o’ziga xos etimologiyasi bor. Quyida ularning ayrimlariga to’xtalib o’tamiz. Shuni aytish kerakki, etnonimlar etimologiyasi haqida keltirilgan fikrlar turli manbalarga suyanib yozilgan. Binobarin, uzil-kesil variantlar emas, chunki har qanday etimologiya ham nisbiydir.

Arg’in, arg’un – o’zbek, qozoq, boshqirdlar tarkibida uchraydigan urug’. Bu urug’ O’rta Osiyoda qadimdan yashab kelgan va Mahmud Koshg’ariyning “Devonu lug’otit turk” asarida qayd qilingan argu qabilasining davomi bo’lishi kerak. “Boburnoma” da, o’zbek urug’larining dastlabki yozma shajarasi - Mulla Sayfiddin Axsikandiyning “Majmuat-tavorix” asarida urug’ arg’un shaklida qayd qilingan. Bu etnonim mo’g’ulcha arg’in (o’zagi arg’ - “duragay”) so’zidan kelib chiqqan. Arg’in (argun) so’zi qirg’iz tilida ham ana shu ma’noni anglatadi.

Respublikamizning Asaka, Qibray, Zangiota, Nurota, Navbahor, Qorako’l, Denov tumanlarida Arg’in qishloqlari bor.

Baraq – o’zbeklarning qatag’on, qo’ng’irot, turkman qabilalari tarkibidagi urug’. Qozoqlaming jaloyir, jetiruv, alimuli qabilalari, turkmanlaming go’klen, yo’mut qabilalari, qirg’izlarning adigine, sayaq qabilalari tarkibida ham baraq urug’i qayd qilingan.

Nurota, Xatirchi tumanlarida Baraq, Ishtixon tumanida Baraqqishloq qishloqlari bor.

Burqut – turklashgan mo’g’ul urug’laridan biri. Burqutlaming bir qismi XIII-XVI asrlarda Movarounnahrga kelib o’rnashgan. Asosan Zarafshon vohasida (hozirgi Payariq, Narpay, G’ijduvon tumanlarida), qisman Mirzacho’lda (Jizzax sh. atroflarida) joylashgan. Xatirchi tumanida Burqutsoy degan soy, Paxtachi, Vobkent, Payariq, Nurota, Xatirchi, Kattaqo’rg’on tumanlarida Burqut degan qishloqlar bor. Turkmanlaming aksari (ersari) qabilasi tarkibida burgut urug’i qayd qilingan. Qozoqlar tarkibida burqut, qirg’izlarning sayaq qabilasi tarkibida burkutcha, saribag’ish qabilasi tarkibida esa burquchi urug’i bor.

Guzar – tog’ yo’li, daryodan kechib o’tiladigan joy (kechik), ko’cha, Samarqand va Buxoro, Navoiy (Nurota tumanida) viloyatlarida «mahalla», boshqa joylarda shahar-qishloqning «gavjum qismi» (tojikcha guzashtan «o’tmoq», «kesib o’tmoq», «kechib o’tmoq» fe’lidan), O’zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Eron va Afg’onistonda mustaqil holda yoki boshqa so’zlar bilan birga toponimlar hosil qilgan.

Darxon – o’rta asrlarda majburiyatlardan, oliq-soliqlardan ozod kishiga berilgan unvon. Geografik nomlar tarkibida ko’p uchraydi. Masalan, Samarqand viloyati Ishtixon tumanida Boshdarxon, Jo’rabaydarxon, Ozoddarxon, Naymandarxon, Po’latdarxon, Qirq- darxon, Dehqonobod, O’rta Chirchiq, Qibray, Quyi Chirchiq, Nurota, Andijon, Yakkabog’, Koson tumanlarida Darxon degan qishloqlar bo’lgan.

Toshkentda Bo’zsuvning bir tarmog’i Darxonariq deyiladi. Mo’g’ulshunos T. D. Nominxanov «Darxon» so’zini mo’g’ulcha («majburiyatlardan ozod temirchi») deb izohlaydi. Toshkent shahri atroflarida darxan degan qozoq urug’i ham bo’lgan, qirg’izlarda darqan urug’i qayd qilingan. Darxon degan ism ham bor. Tarixiy manbalarda, chunonchi, Navoiy, Mirxond asarlarida tarxon shaklida qayd qilingan.

Firdavsiyning «Shohnoma»sida Turkiston podshosi lashkarboshisining ismi Tarxon bo’lgan. Tarxon unvoniga sazovor bo’lganlar xohlagan narsasini qila oladigan, butunlay mustaqil, harbiy xizmatdan ozod kishilar bo’lgan. Tarxonlar har qanday jinoyat qilsa ham, to’qqiz avlodigacha afv etilgan.

Tarxonlik XV asrda ayniqsa avj olgan va feodallarga keng imtiyoz berishning bir vositasi bo’lib xizmat qilgan. Temuriylar davrida tar­xonlar qo’lida yirik yerlar va katta hokimiyat bo’lgan. Ba’zi bir obro`li tarxonlar katta-katta hududlarga (Miyonkol, Toshkent, Buxoro) hokimlik qilganlar va deyarli butunlay mustaqil ish ko’rgan.

Tarxonlik O’rta Osiyoda keyingi asrlarda ham saqlanib qolgan edi. Ba’zan ayrim kishilargagina emas, balki butun bir qabilaga, qavmga, butun bir shahar aholisiga tarxonlik huquqi berilgan. Chunonchi, Shoh Murodxon Buxoro shahri aholisi orasida katta obro’ qozonish uchun shahar xalqini oliq-soliqlardan butunlay ozod qilgan va tarxon yorlig’i bergan.

Zarafshon vodiysida Tarxon, Tarxonon, Tarxononbolo, Tarxononpoyon, Tarxonsayot kabi ariq hamda qishloqlar uchraydi. Tarxon degan o’zbek urug’i ham bor.

Xulosa va takliflar

Maqola natijasida, etnonimlarning ma’no va mazmuni orqali mahalliy aholining tarixiy va madaniy merosi, hududiy identifikatsiyasi aniqlandi. Shuningdek, etnonimlarning o’ziga xos xususiyatlari va ularning zamonaviy kontekstda ahamiyati ham muhimligi ta’kidlandi. Bu izlanishlar Nurota tumanining etnik xilma-xilligi va tarixiy rivojlanishini yaxshiroq tushunishga xizmat qiladi hamda mahalliy madaniyat va tarixni o’rganishda muhim ahamiyatga ega.

Yuqoridagilardan kelib chiqib xulosa qiladigan bo`lsak, toponimlarning (joy nomlarining) ma`naviy me`ros va milliy qadriyat manbai ekanligi bejiz emas. Joy nomlarini tahlil qilar ekanmiz, har bir joy nomida xalq qarashlari, ilmiy asoslar, qolaversa, rivoyat va afsonalarga asoslanganligining guvohi bo`lamiz. Biz yuqorida faqat Nurota tumaniga qarashli bo`lgan ayrim etnonimlarning ma`no xususiyatlari to`g`risida o`z fikr va mulohazalarimizni bildirdik. Nafaqat bitta tumandagi, balki viloyatimizning barcha hududlari tarixini, etimologiyasini tahlil qilish har birimizning muqaddas burchimiz ekanligini unutmasligimiz kerak.

Bibliografik manbalar

Berdiyev, B. (2008). Navoiy viloyatining tarixiy manzilgohlari. Toshkent: Noshir.

Mirzayev, B., & Ahmatqulov, K. (1997). Nurota tarixidan lavhalar. Toshkent: Abdulla Qodiriy.

Mustafo Nurotoiy, S. (2015). Nurota ziyoratgohlari. Toshkent: G’afur G’ulom nashriyoti

Nuriy, Sh. A. (2013). Nur Ota. Toshkent: Tamaddun.

Omon, B. (2002). Boburning bolaligi. Toshkent: Abdulla Qodiriy.

Qorayev, S. (2006). Toponimika. Toshkent: G’afur G’ulom nashriyoti

O’rinboyev, B. (2003). Asrlardek barhayot nomlar. Samarqand: Cho’lpon.

Vamberi, H. (1990). Buxor yoxud Movarounnahr tarixi. Toshkent: O’zbekiston.

Nashr qilingan

Yuklashlar

Muallif biografiyasi

Salohiddin Axmedov,
Samarqand davlat universiteti Kattaqo’rg’on filiali

O’qituvchi

Qanday qilib iqtibos keltirish kerak

Axmedov, S. (2025). Nurota tumanidagi ayrim etnonimlarining ma’no xususiyatlari. Lingvospektr, 5(1), 219–223. Retrieved from https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/841

Tegishli maqolalar

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 > >> 

Bundan tashqari, ushbu maqola uchun shunga o'xshash maqolalar uchun kengaytirilgan qidiruvni boshlang mumkin.