Феномен метакультуры как новый горизонт межкультурного взаимодействия

Авторы

  • Узбекский государственный университет мировых языков
  • Университет мировой экономики и дипломатии
Феномен метакультуры как новый горизонт межкультурного взаимодействия

Аннотация

В последние десятилетия концепция “метакультуры” стала центральным объектом внимания в современных гуманитарных науках. Этот термин часто используется для объяснения возникновения новых смыслов, инновационных идей и творческих процессов на пересечении культурных сред. Различные ученые интерпретируют метакультуру по-разному: одни считают ее глобальным пространством коммуникации, другие — результатом личной рефлексии или пограничной зоной, где рождаются новые значения. В данной статье мы рассмотрим несколько теоретических подходов и обогатим их примерами из контекста узбекской и зарубежных культур.

Ключевые слова:

Метакультура личность социально-политическое значение сравнительно-сопоставительное изучение креативность эзотеризм

Kirish

Metamadaniyat atamasini dastlab falsafa va madaniyatshunoslik fanlarida F. Mulhern,           S. Yachin, M. Baxtin, Yu. Lotman, U. Hannerz,          A. Gritsanov kabi olimlar izohlagan. S. Yachin metamadaniyatni “madaniy muhitlar chorrahasidagi shaxs ijodining o‘rni” sifatida talqin qiladi. Unga ko‘ra, ijodkor inson bir vaqtning o‘zida bir nechta madaniyatlar chegarasida turganida, unda yangi g‘oyalar tug‘ilishi va bu holat madaniyatning muayyan rivojlanishida muhim ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Ijod orqali «vertikal» o‘lchov doirasida yangi bosqichga o‘tgan shaxs faoliyatini keng qamrovli tushunish osonlashadi, bu holat metamadaniyat makoniga xosdir, deydi olim. M. Baxtinga ko‘ra, metamadaniyatni anglashda inson o‘z shaxsiy “men”ini boshqalarni tushunishga qaratgan paytida, ya’ni madaniyatlararo muloqot jarayonida kashf etadi. Bu fikr zamirida ijodkorlikning asl       manbai – boshqa madaniyatlarni ko‘rish, tushunish va ularni ichki olam bilan solishtirish xususiyati yotadi. A.Gritsanov esa metamadaniyatni kommunikativ makon sifatida ko‘radi, u yerda shaxsiy refleksiya va muloqot orqali yangi identifikatsiya (o‘zlik) va ma’nolar shakllanadi. Shuningdek, Yu. Lotman ham madaniyatlarni “yarim o‘zlashtirilgan” chegaraviy zonalar orqali tushuntiradi va shu jarayonda yangi belgilar va ma’nolar tug‘ilishini asoslab beradi. Bizningcha ham muayyan madaniyatga boshqa madaniyat ko‘zgusi orqali qaraganda u yorqinroq gavdalanadi, chunki bir madaniyat uchun odatiy hol bo‘lgan tushunchalar o‘zga madaniyat nuqtai nazaridan stereotip tushunchani hosil qiladi, yoki qiyoslash va chog‘ishtirma tadqiqotlarda farqli va o‘xshash xususiyatlar yaqqolroq ko‘zga tashlanadi.

Axborot jamiyati tushunchasida ham metamadaniyat jadal o‘rganilmoqda. Ma’lumki, axborotlashuv XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab, bugungi kunda siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarni qamrab oluvchi global ijtimoiy jarayonga aylandi. Bu jarayonda ham metamadaniyat ya’ni milliy chegaralardan yuqori turuvchi, turli madaniy qatlamlarni birlashtiruvchi umumjahon axborot makoni, muhim ahamiyat kasb etmoqda. Metamadaniyat kontekstida siyosiy qarorlar qabul qilish faqat milliy manfaatlar bilan cheklanib qolmay, balki jahon jamoatchiligi, xalqaro ommaviy axborot vositalari va transmilliy institutlarning ta’siri ostida shakllanmoqda. AQSh misolida bu jarayonni yaqqol ko‘rish mumkin. Bir tomondan, AQShdagi demokratik institutlar siyosiy qarorlarni qabul qilishda fuqarolarning ishtirokini ta’minlaydi; boshqa tomondan esa, axborot oqimining globallashuvi qarorlarning ijtimoiy ahamiyatini yanada oshiradi. Masalan, ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalari nafaqat ichki siyosiy muhitga, balki xalqaro maydondagi imidj va obro‘-e’tiborga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois siyosiy qarorlar mahalliy elektorat uchungina emas, balki metamadaniy auditoriya – xalqaro jamoatchilik uchun ham muhimdir.

Metamadaniyatning asosiy xususiyati shundaki, u turli madaniyatlarni birlashtirib, axborot va qadriyatlar almashinuviga sharoit yaratadi. AQShning siyosiy qarorlarida inson huquqlari, demokratiya va erkinlik qadriyatlari global metamadaniyatning asosiy tarkibiy qismi sifatida aks etadi. Bu esa qarorlarning ijtimoiy ahamiyatini kengaytirib, ularni ichki tomonini emas, balki global ijtimoiy barqarorlik omiliga aylantiradi. Demak, axborot jamiyatida siyosiy qarorlar qabul qilish metamadaniyat doirasida milliy va global manfaatlarning kesishgan nuqtasida shakllanadigan murakkab ijtimoiy hodisadir. Metamadaniyatning siyosiy va axboriy jihati alohida tadqiqotlar uchun mavzudir.

Metodologiya va muammoni o‘rganish

Metamadaniyatni xorijiy tillarni o‘qitish nuqtai nazaridan amaliy ko‘rinishlarini O‘zbekiston, Ispaniya, Angliya tajribasida ko‘rish mumkin. Masalan, O‘zbekistonda 1920-yillardan boshlab Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy kabi jadidlarimizning “bir til emas 4 tilni bilmak lozimdir” deb sanab o‘tishi, yoki 1961-yildan buyon mamlakatimizda ispan tilining o‘qitilishi yo‘lga qo‘yilgan. Umuman olgan metamadaniyat hodisasi to‘liq sodir bo‘lishi uchun xorijiy tillarni bilish muhim sanaladi. Shoir Avaz O‘tarning “Til” nomli sh’erini keltirib o‘tish juda o‘rinlidir:

Har tilni biluv emdi bani odama jondur,

Til vositai robitai olamiyondur.

G‘ayri tilini sa’y qiling bilgani, yoshlar,

Kim ilm-u hunarlar bilonki ondin ayondur.

Lozim siza har tilni biluv ona tilidek,

Bilmakka oni g‘ayrat eting foida kondur.

Ilm-u fan uyig‘a yuboringlar bolangizni,

Onda o‘qug‘onlar bori yaktoyi zamondur.

Zor o‘lmasun onlar dog‘i til bilmay Avazdek,

Til bilmaganidan oni bag‘ri to‘la qondur.

Bugungi kunda ham tillarni o‘rganish, ular orqali dunyo madaniyati bilan tanishish jadal davom etmoqda, har qachongidan ham dolzarblik kasb etmoqda. Zero globallashuv jarayonida kamida 2-3 tilni bilish aksioma darajasidagi mavqega ega bo‘ldi. Hozirgi kunda talabalar orasida Erasmus fondining turli dasturlari orqali Yevropa universitetlarida ta’lim olish motivatsiya rolini o‘tamoqda. Shu qatorda juda ko‘plab jahonning Top universitetlari bilan, masalan, Ispaniyaning Kastilla-La Mancha universiteti, Meksikaning UAEMex universiteti kabi hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli loyihalar, onlayn darslar, professorlar, talabalar almashinuvi yo‘lga qo‘yilgani samarali natijalar bermoqda. Shu qatorda, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida 2025-yilda “El desarrollo de la lengua española en Uzbekistán: contexto histórico, nuevas posibilidades y tendencias modernas” nomli xalqaro konferensiya tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu tadbir ham madaniyatlararo muloqot, yangi g‘oyalar va ilmiy yondashuvlarni shakllantirishning yorqin misolidir.

Ispan tajribasida ham shunga o‘xshash jarayonlarni ko‘rish mumkin. Masalan, 16-17-asrlarda ispan olimlari va yozuvchilari (Servantes, Gongora va boshqalar) arab va lotin ilmiy-adabiy merosi bilan tanishib, o‘z ijodlarida yangi uslub va g‘oyalarni yaratganlar. Bu ham o‘ziga xos “metamadaniy” jarayon edi. Yoki Angliyada Shekspir kabi ijodkorlar asarida ham yaqqol metamadaniyatning izlarini ko‘rish mumkin. Birgina Otello obrazi ham bunga misol bo‘la oladi.

Metamadaniyat – bu faqat madaniyatlarning qiyosiy-chog‘ishtirma o‘rganilishi emas, balki ijodkorlikning ichki manbai sifatida ham muhim. Masalan, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov kabi shoirlarning g‘arbiy romantizm va Sharq sufiyona tafakkurini uyg‘unlashtirgan she’rlari yoki tarjimonlarning Servantes va Shekspir, Jek London va Garsia Markes asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilishi yangi madaniy qavatlarni hosil qiladi, muayyan ijodkor qatlam ulardan ilhomlanadi, asarlaridan epigraf sifatida foydalanishi ham mumkin.

Ispaniyada esa Gabriel García Márquezning realizm va mahalliy Lotin Amerikasi miflarini birlashtirgan “magik realizm” yo‘nalishi ham metamadaniyat fenomeniga yaqin: u madaniyatlar chorrahasida yangi badiiy olamni yarata oldi. A.Gritsanov ta’kidlaganidek, metamadaniyat bu chegaraviy fikrlash, ijodiy refleksiya va madaniyatlararo muloqot orqali yangi mazmunlar uyg‘unlashadigan maydondir, madaniyatlar o‘zaro kesishgan joyda ijodiy “portlash” yuz berishi va bu jarayon u yoki bu darajada shaxsni ham, jamiyatni ham o‘zgartirishi mumkin.

Bugungi kunda O‘zbekistonda xorijiy tillarni o‘qitish, xalqaro hamkorlik loyihalari va tarjimonlik faoliyati metamadaniyatni amalda shakllantirmoqda. Shuningdek, g‘arb va sharq tajribasi ham bu jarayonning global qamrovini ko‘rsatib turibdi.

Metamadaniyatning ilmiy va amaliy konsepsiyasi deganda, nafaqat tarixiy o‘tmishni tahlil qilish va kifoyalanish, balki yangi imkoniyatlar, tendensiya va madaniy taraqqiyot istiqbollarini belgilay olish, yangi g‘oyalar tug‘ilishiga “turtki” berish kabilar anglashiladi. Masalan, fanlararo tadqiqotlarda ba’zan shunday vaziyat yuz beradiki, izchil ilmiy izlanish muallifni u boshlang‘ichda ko‘zda tutmagan sohalarga olib kiradi. Bundan tashqari, tadqiqotchi o‘z intellektual yo‘nalishini aniqlamoqchi bo‘lganida, kutilmaganda yangi, ilgari ko‘zda tutilmagan yo‘nalishlarni kashf etishi mumkin. Bugun tilshunoslik fani sohalri – lingvomadaniyatshunoslik, lingvokognitologiya, pragmalinvistika, sotsiolingvistika kabi qator fanlar shu izlanishlar samarasidir. Neyrolingvistika, psixolingvistika kabi tibbiyot bilan bo‘gliq yo‘nalishlar haligacha to‘liq o‘z yechimi topmagan, o‘rganilishi dolzarbligicha qolayotgan tilshunoslik tarmoqlaridir.

  1. Yachin B.Baxtinning g‘oyalariga tayanib, shaxs o‘z tug‘ma madaniyatidan tashqarida qarashga qodir bo‘lgandagina unga ijodiy hissa qo‘sha olishini ko‘rsatib o‘tadi. Shu ma’noda, “metamadaniyat” bu turli madaniyatlarning kesishgan chegarasida hosil bo‘ladigan, lekin to‘siq emas, balki uchrashuv maydonidir, ular kutilmagan yangi ma’nolarni yaratadi. Shaxsning o‘z-o‘zini anglash jarayoni to‘liq individual emas, balki boshqa madaniyat vakillari bilan muloqotda ko‘proq yuzaga chiqadi. Metamadaniyat holati aynan ana shu refleksiyaning shaxs orqali o‘tib, yangi madaniy mazmun va shakllarni yaratishi jarayonidir.

Xulosa va diskurs

Umuman olganda “metamadaniyat” madaniyatni chuqurroq tushunishga, shuningdek, ezoterik merosning ham zamonaviy bilim tizimidagi o‘rnini qayta baholashga imkon beradi. Masalan, olamning mifologik manzarasi kabi tadqiqotlarni shular sirasiga kiritish mumkin. Demak, metamadaniyatni reflektiv, chegaraviy, ijodiy muhit sifatida ko‘rish esa yangi tadqiqotlar uchun istiqbolli yo‘nalish ochadi, madaniy chegaralarning yangicha talqini, ijodning metama’nosini anglash va shaxsning o‘z-o‘zini anglashidagi ijtimoiy va madaniy omillarni osonroq, teranroq tushunishga imkon yaratadi. Fanlararo tadqiqotlarda ba’zan shunday holat yuz beradiki, ilmiy izlanishlar muallifni o‘zi ham kutilmagan ilmiy yo‘nalishini belgilab beradi, yangi va ilgari rejalashtirilmagan yo‘nalishlar kashf etiladi.

Ba’zi olimlar buyuk shaxslarni biror sababga ko‘ra madaniyatlar chorrahasida yashagan deya ta’kidlaydi. Biz ham ushbu fikrdan kelib chiqib Alisher Navoiy dahosini misol keltirishimiz mumkin, adib turkiy va fors tilida ijod qilgan, shu asosda ikki tilni chog‘ishtirish orqali mashhur “Muhokamatul lug‘atayn” asarini yaratgan. Agar Alisher Navoiy forsiy tilni ham mukammal bilmaganida ushbu asar yozilmagan bo‘lishi ham mumkin edi. Yoki Renessans davrlarida ham muayyan madaniyatlar, bilimlar to‘qnashuvi yuz bergan va ular tarixga muhrlangan. O‘zbek adabiyotida yana Abdulla Qodiriy jadidchilik davrida, Sharq va G‘arb g‘oyalari chorrahasida “O‘tkan kunlar” asarini yaratganini; Cho‘lpon ham turkiy meros va modernizm o‘rtasida yangicha uslubni kashf qilganini; Erkin Vohidov va Abdulla Oripov milliy ruh o‘rtasida muvozanat topib, o‘zbek poeziyasi uslubini yangilaganini, Tog’ay Murod asarlarining o‘ziga xos uslubini misol keltirish mumkin va metamadaniyat kesimida ularni o‘rganish yangi izlasnishlarni yuzaga chiqaradi. Qisqa aytganda, metamadaniyat hodisasi shaxsning ijodiy qobiliyati, boshqa madaniyatlar bilan uchrashuv va o‘z-o‘zini anglashning madaniyat taraqqiyotidagi roli kabilarni qayta ko‘rib chiqishga chorlaydi.

Библиографические ссылки

Mulhern, F. (2011). Debate en torno a la metacultura. AdVersuS: Revista de Semiótica, (19–20), 31–49. Middlesex University. ISSN 1669-7588.

Saydirahimova, N. (2021). Madaniyatlararo muloqot fanidan ma‘ruzalar matni. Toshkent: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi.

Hannerz, U. (s.f.). Conexiones transnacionales. Cultura, personas, lugares. https://www.revistadelibros.com/conexiones-transnacionales-de-ulf-hannerz/

Грицанов, А. А. (2010). От культуры к метакультуре: из тени в свет. Личность. Культура. Общество, 12(1[53]), 117–122.

Bakhronova, D., & Simbaña, R. (2022). La nueva condición histórica: Lenguaje en la cultura globalizada e identidad nacional. https://www.researchgate.net/

Ячин, С. Е. (2010). Метакультура – место творчества личности на границе культурных сред. Личность. Культура. Общество, 12(1[53–54]).

Грицанов, А. А. (2007). Трансгрессия. В А. А. Грицанов (Ред.), Новейший философский словарь. Постмодернизм. Минск.

Лотман, Ю. М. (2001). Культура и информация. В Семиосфера. Санкт-Петербург.

Опубликован

Загрузки

Биографии авторов

Дилрабо Бахронова,
Узбекский государственный университет мировых языков

Доктор филологических наук, профессор

Кумуш Уктамова,
Университет мировой экономики и дипломатии

 Магистрант

Как цитировать

Бахронова, Д., & Уктамова, К. (2025). Феномен метакультуры как новый горизонт межкультурного взаимодействия. Лингвоспектр, 8(1), 49–53. извлечено от https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/1004

Похожие статьи

<< < 29 30 31 32 33 34 35 > >> 

Вы также можете начать расширеннвй поиск похожих статей для этой статьи.