Этапы формирования и теоретические основы сатиры как художественного жанра
Аннотация
В статье представлена информация об этапах формирования сатиры как художественного жанра и её теоретических основах. С целью формирования у читателя представления о том, к каким историческим периодам относятся истоки сатиры, собраны и проанализированы существующие на сегодняшний день определения происхождения этого жанра. Для обоснованного вывода приведены углублённые аналитические сведения. Особое внимание уделено терминологии сатиры, представлен сборник определений и классификаций, данных различными учёными. На основе этих определений читатель сможет получить определённые теоретические знания о происхождении сатирического жанра. В статье рассматриваются этапы становления сатиры как художественного жанра, а также события и детали, характерные для каждого этапа. Также подчёркивается значимость выявления факторов, способствовавших развитию сатиры на каждом историческом этапе. В этом контексте анализируются исторические события и элементы, усилившие значимость сатиры. Читатель, ознакомившись со статьёй, получает возможность узнать о редких и выдающихся произведениях, созданных на разных этапах развития сатиры как художественного жанра.
Ключевые слова:
Сатира гуманизм сатирический реализм жанр реализм иронияKirish
Satira so‘zi – gr. satira turli, aralash) o‘tkir hajv, kulgu degan ma’nolarni anglatib, jamiyatdagi illatlar va nuqsonlarni va ma’lum bir guruhdagi shaxslarning kamchilik tomonlarini qattiq masxaralab yozilgan va tanqidiy ruhga ega bo‘lgan asarlardir. Satira janrining kelib chiqishiga ko‘plab omillar va ta’riflar berilgan. Xususan, uning dastlabki tomirlari Yunon va Rim adabiyoti namoyondalariga borib taqalishi haqida ko‘plab ma’lumotlar mavjud. Shuningdek, har qanday satirik asar va ishning yaralishida, yozuvchining sodir bo‘layotgan jarayon yoki aynan shaxsga nisbatan vujudga kelgan tanqidiy ruhi sabab bo‘ladi. Bunga misol tariqasida Britaniyalik mashhur lug’atshunos Samuel Jonsonning ta’rifiga ko‘ra satira bu-yovuzlik va ahmoqlik qoralangan asardir (Vilmar, 2009). Ushbu ta’rifdan ko‘rinib turibdiki, satiraning markaziy mavzusi yovuzlik va ahmoqlik kabi illatlarning qoralanishidir.
Satiraga badiiy janr sifatida berilgan dastlabki ta’riflar va shakllanish bosqichlari
Satirani qadimgi yunon adabiyotida, xususan, muallifligi Gomerga tegishli bo‘lgan “Margit” komik she’rida uchratish mumkinligiga qaramay, lekin ko‘plab tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, u Rim zaminida yuzaga kelgan. Adabiyotshunos olim M.M. Baxtin satira termini uch xil mohiyat kasb etishini ta’kidlagan: 1) Rimda paydo bo‘lib, taraqqiy etgan (Neviy, Enniy, Lutsiliy, Goratsiy, Persiy, Yuvenal) va yangi davrda neoklassiklar tomonidan qayta tiklangan kichik lirik-epik janr (Matyuren Rene, Bualo, Kantemir va boshqalarning satiralari); 2) ellinizm davrida falsafiy diatrib shaklida paydo bo‘lgan sof dialogik janr. Menipp (miloddan avvalgi III asr) nomi bilan “Menipp satirasi” deb yuritilgan, uning yunon tilidagi keyingi namunalari Lusian (miloddan avvalgi II asr) asarida, lotin tilida Varron satirlari (“Saturae Menippeae”), Senekaning “Apokolokintozis” (“Qovoq”) satirasi va Petronning (“Satirikon”) satirik romanlari hisoblanadi (Murodova, 2024). Yuqoridagi ma’lumotlardan xulosa qilish mukinki, satira janri juda uzoq yillik tarixga ega va hozirgi kunda ham uning dastlabki paydo bo‘lish nuqtasi haqida fikrlar xilma-xilligi mavjuddir. Ingliz yozuvchisi Jonatan Svift fikriga ko‘ra, satira shunday turdagi qadahki, guvohlar har kimning hattoki o‘zlarining yuzlarini kashf etadilar. Yozuvchi asarda voqelikni satirik tanqid qilar ekan, hech kimni, hattoki o‘zini ham ayamay, barcha tafsilotlarni ochiq va shaffof bayon etishi, turli-tuman qiyofalarni kashf etishi ijodkor tomonidan e’tirof etilgan.
Satiraning badiiy janr sidatida shakllanish bosqichlari asosan 5 ta bo‘lib: Antik davr (qadimgi Rim va Yunon adabiyoti), O‘rta asrlar va Uyg’onish davri, Klassik va barokko davri, IXI asr-realizm va tanqidiy satira, XX-XXI asr: Zamonaviy satira bosqichlaridir.
Antik davr (qadimgi Rim va Yunon adabiyoti)
Dastlabki bosqich Antik davr (qadimgi Rim va Yunon adabiyoti) hisoblanadi va satiraning ilk shakllari ushbu davrda yuzaga kelganligi haqida ko‘plab olimlar izlanishlar orqali ma’lumot berishgan. Xususan, Satira ilk shakllari Yunon drama komediyalaridan, satirik sheʼriy va hazil‑ironiyaga yaqin turuvchi iambik sheʼrlardan kelib chiqqan degan ma’lumot majud (Bilohrvya, 2023). Satira terminiga ko‘plab ta’rif va tasniflar mavjud bo‘lib Djon Entoni Bouden Kaddo o‘zining “Adabiy atamalar va adabiy nazariyalar” lug‘atida satira terminiga shunday ta’rif bergan: “Satira (lotincha satira, keyinchalik satura shaklida ham uchraydi). Bu atama kelib chiqish tarixiga ko‘ra, pishirishga doir atama bo‘lishi ham mumkin. Qadimgi Rim shoiri Yuvenal uni “ollapodrida”, “mish-mash”, “farrago” deb ham atagan. Rim ritorigi Kvintilian (mil.av. 35-100 y.y.larda) bu atamani Lutsiliyning turli mavzularda yozgan hekzametrlarda yozilgan she’riga nisbatan qo‘llaydi. Keyinchalik atama ma’nosi kengayib, satirik ohangdagi asarlarni o‘z ichiga oladi, ammo ular shaklan bir-biriga o‘xshamaydi. Ba’zi hollarda grekcha “satyros” va “satura” so‘zlari orasida chalkashlik bo‘lib, satyra shaklidagi so‘zga borib taqaladi. Bu so‘z ingliz tilida satyre deb yoziladi. Elizabet davri yozuvchilari satira atamasi grekcha satyr so‘zidan kelib chiqqan deb hisoblashgan. Bu vaziyatga 1605-yilda fransuz olimi Isaak Kazabon aniqlik kiritgan” (Cuddon, 1999).
Ingliz satirigi Ivlin Vo qarashlariga ko‘ra, “Satira – davr masalasidir. Satira barqaror jamiyatda gullab-yashnaydi. Ushbu janr nomuvofiqlik va ikkiyuzlamachilikka qaratilgan”. O‘zbek satirasi ustasi A. Qahhor satirani mikroskopga o‘xshatadi: “Mikrob qanchalik xavfli bo‘lsa, uni shunchalik katta qilib ko‘rsatadigan mikroskop kerak. Satira o‘tiga uchragan kishi vijdoni bo‘lsa, odamlarning yuziga qarolmaydi, vijdoni bo‘lmasa, og‘zidan ko‘pik sochib, yozuvchining ketidan bolta ko‘tarib yuguradi”.
Demak, bundan xulosa qilish mumkinki, satira atamasi birinchi bo‘lib Kvintilian tomonidan she’r turiga nisbatan qo‘llanilgandir. Dastlab lirik janrlarda qo‘llanilgan satira oxir-oqibat janr o‘ziga xosligini yo‘qotib, komediya, satirik roman, burlesk, risola, feleton, epigramma va masallarda o‘ziga xos xususiyatlarni ifodalay boshladi. Qadimgi Rim adabiyotining siyosiy satira rivojida tutgan roli beqiyosdir. Turli uslub va ma’nodagi she’r va lirika siyosiy kinoyaga kiradi. Ular orqali odamlar, tashkilotlar va har qanday o‘lchamdagi holatlar tanqid qilindi. Mavzuni qiziqarli qilishdan tashqari, satira maqsadli auditoriyani masxara qilish yoki aholining holatini o‘zgartirish orqali ularning turmush tarzini o‘zgartirishga qaratilgan. Uning maqsadi ularga hazil orqali o‘rgatish, tanlangan yo‘nalishi noto‘g'ri ekanligini ko‘rsatish va ruhiy ta'sir ko‘rsatishdir.
O‘rta asrlar va Uyg’onish davri
O‘rta asrdlarda satiraning rivojlanishiga asosan diniy, ahloqiy va ijtimoiy mavzular dolzarb ahamiyat kasb eta boshlagani: cherkov hodimlari, zamonaviy ijtimoiy tabaqa vakillari va mavjud urf-odatlar tanqidi sabab bo‘ldi. Uyg’onish davri (Renessans)da esa bosma adabiyotning gullab yashnashi, insonparvarlik (Humanizm) harakatlari, ilm-fan, falsafa va san’atdagi yangiliklar bilan hamohang tarzda satira yangi bosqichga ko‘tarildi. Erasmusning The Praise of Folly, Cervantesning Don Quixote kabi asarlari Uyg’onish davrining satirik nodir asarlariga misol bo‘la oladi.
Klassik va Barokko davri
Barokko uslubi va klassikizm: tartib, harmoniya, formal estetik me’yorlar kuchli bo‘ladi, satira uslubi biroz rasmiy, poetik, she’rda ko‘proq qoidalar asosida quriladi (Bucknell, 2017). XVII–XVIII asr – “Satira oltin davri” (“Golden Age of Satire”) deb ataladi, ayniqsa G‘arb adabiyotida. Swift, Pope, Voltaire, Boileau kabi ko‘plab yozuvchilar jamiyatdagi absurdliklar, ma’naviy bo‘shliq, siyosiy korrupsiya kabi illatlarni kulgi va kinoya bilan fosh etsih vositasi sifatida keng qo‘llashni boshlaydilar.
XIX asr: Realizm va Tanqidiy Satira
XIX asrda realizm janri kuchayadi; kundalik hayot, oddiy odamlarning holati, ijtimoiy tengsizliklar, sinflar, hukumat, ximoya, ayollar huquqi kabi muammolar adabiyotda keng yoritila boshlaydi. “Satirik realizm” tushunchasi vujudga keladi: ya’ni real hayotning tasviri va satiraning tanqidiy, fosh etuvchi kuchi birlashadi. Realistik tavsif, detallar bilan, lekin tanqidiy ohang bilan, kulgi va kinoya orqali ijtimoiy muammolarni ko‘rsatadi (Matz, 2011). Ma’lumki, realzm janri XIX asrda gullab yashnagan va bu janrning asosini hayotni reallikga yaqin, bo‘rttirmasdan boricha tasvirlashga harakat qilish tashkil etadi. Realizm ko‘p hollarda satira bilab birga qo‘llanilgan va bu tanqidiy realizm yoki satirik realizm deb atalgan. Ya’ni, satirik realism janrida yozuvchi ijtimoiy hayotda mavjud muammolarni real tasvirlaydi va kulgu, kinoya elementlarini qo‘shish orqali tanqidiy ruhiyat bag’sh etadi. Bularga misol sifatida Charles Dickensning “Oliver Tvist”, Lev Tolstoyning “Urush va tinchlik” asarlarini keltirish mumkin.
XX‑XXI asr: Zamonaviy satira
Ushbu bosqichda satiraning badiiy janr sifatida shakllanishida media, gazeta, radio, televideniye, kino, internetning shiddatli darajada ommalashuvi muhim ahamiyat kasb etadi. Ijtimoiy tarmoqlarda ham satirik kontent paydo bo‘ladi. Uslubiy jihatdan innovatsiyalar: postmodernizm, ironiyalik, absurdizm, grotesk, parodiya, metafiksiya kabi uslublar keng foydalaniladi. “Satiric Modernism” kabi fenomenlar paydo bo‘ladi (Rulo, 2021). Bundan tashqari satira janrining foydalanish ko‘lami ham salmoqli darajada kengayib yangi yo‘nalishlar kirib keladi. Xususan, siyosiy korrupsiya, inson huquqlari, gender, milliy va global muammolar, ekologiya, konsumerizm, zamonaviy texnologiyalar shular jumlasidandir. Har bir davrda satira janrining qo‘llanilishida jamiyat va ijtimoiy hayotga ma’lum bir darajada ta’sir o‘tkazish ko‘zlangan bo‘lib, zamonaviy satira bosqichida jamiyatda o‘zgarishlarga undash, tanqidiy fikrni rivojlantirish, shuningdek, etika va axloqiy kuzatuvchilar sifatida adabiyotning rolini kuchaytirish kabi maqsadlar ko‘zlangan.
Satiraning nazariy asoslari haqida izlanish olib borgan olimlar turlicha ma’lumotlarni keltirishgan. Xususan, satira – ijtimoiy kamchiliklar, inson xatolari, noto‘g‘ri odatlar va illatlarni tanqid qilish orqali ularni ochiq tanqid qiluvchi badiiy janr hisoblanadi. Satira badiiy janr sifatida shakllanishi, uning ijtimoiy va madaniy kontekst bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, u inson tafakkuri, jamiyatdagi o‘zgarishlar, madaniy qadriyatlar va estetik printsiplar asosida rivojlanadi (Highet, 1962).
Griffin (1994) satira janrining nazariy asoslari orasida hamda uni ajratib turuvchi xususiyatlarda kinoya (ironiya), hazil, karikatura va hiperbola kabi badiiy vositalar markaziy o‘rin tutishini ta’kidlab o’tgan. Bu vositalar orqali satira mualliflari jamiyatdagi nohaqlik va adolatsizliklarni ochib berishga harakat qiladi. Nazariy jihatdan, satiraning asosiy vazifasi – ijtimoiy tanqid qilish, qattiq kinoya va kulgu orqali ahloqiy va madaniy o‘zgarishlarga turtki berishdir. Satira janrining shakllanishida arxaik mifologik, epik va dramaviy elementlar, shuningdek, inson tabiatining ikkiyuzlamachilik va kamchiliklarini tanqid qilish an’analari asosiy rol o‘ynaydi (Eliot, 1960). Yuqorida ta’kidlab o’tganimizdek, satiraning ijtimoiy hayotga kirib kelishida bir qancha omillar bor va jamiyatda ijobiy o’zgarishlar qilish, kamchiliklarni kamaytirishga bo’lgan harakatlar, satiraning asosiy vazifalaridan biridir.
Xulosa
Yuqoridagi tahlillardan ushbu xulosaga kelish mumkinki, satira badiiy janr sifatida murakkab va ko‘p qirrali taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgan. Uning ilk shakllari qadimgi yunon va Rim adabiyotlariga borib taqalib, keyinchalik o‘ziga xos janr sifatida shakllanib bordi. Satiraning shakllanishida falsafiy diatriblar, ijtimoiy va siyosiy tanqidlar, diniy va madaniy muhitdagi o‘zgarishlar ham salmoqli darajada muhim o‘rin turgan. Har bir davrda satira o‘zining funksional va estetik vazifasini jamiyatdagi illatlarni fosh etish, axloqiy me’yorlarni tiklash va tanqidiy fikrni shakllantirish orqali bajarib kelgan va hozirgi badiiy sahnadagi satiraning ham asosiy tamoyili o’zgarmagan holatda ravnaq topmoqda. Nazariy jihatdan ham satira doimo jamiyatni tanqid qilish, kulgi va kinoya orqali insonlarni o‘ylashga undash vazifasini bajargan. Ironiya, karikatura, grotesk va giperbola kabi badiiy vositalar satiraning asosiy quroli bo‘lib kelgan. Demak, satira jamiyatni axloqiy va ijtimoiy jihatdan tarbiyalash, adolatsizlik va illatlarga qarshi kurashishda kuchli adabiy janr sifatida bugungi kunda ham dolzarbligini saqlab qolmoqda.
Библиографические ссылки
Bilohrvya, D. (2023). Satire and its metamorphosis in the Period of Antiquity. Filosofska Dumka.
Christopher Vilmar, "Johnson's Criticism of Satire and the Problem of the Scriblerians," The Cambridge Quarterly, 38, no. 1 (2009): 1.
Cuddon, J. A. (1999). Dictionary of Literary Terms and Literary Theory. London: Penguin Books.
Eliot, T. S. (1960). The Sacred Wood: Essays on Poetry and Criticism. Methuen.
Highet, G. (1962). The Anatomy of Satire. Princeton University Press.
Matz, A. (2011). Satire in an Age of Realism. Cambridge University Press.
Murodova, M. (2024). Ingliz va o‘zbek satirik nasri arxitektonikasini shakllantiruvchi tamoyillar. O‘zbekistonda xorijiy tillar, 10-jild, № 5, 270-286.
Rulo, K. (2021). Satiric Modernism. Clemson University Press.
Опубликован
Загрузки
Как цитировать
Выпуск
Раздел
Лицензия
Copyright (c) 2025 Шавкатжон Абдуллаев

Это произведение доступно по лицензии Creative Commons «Attribution» («Атрибуция») 4.0 Всемирная.
