Bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchilarining kasbiy kompetensiyasi tuzilmasining tahlili

Авторы

  • Узбекский государственный университет мировых языков
Bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchilarining kasbiy kompetensiyasi tuzilmasining tahlili

Аннотация

Maqolada kasbiy kompetensiya muammosi tahlili keltirilgan va universitet talabalarining bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchilari sifatida kasbiy kompetensiyasini shakllantirish tuzilmasi yaratilgan. Chet tilini o‘qitishda nafaqat til yoki madaniyat ko‘nikmalarini shakllantirish va takomillashtirish, balki bo‘lajak o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyasini shakllantirish, tashabbuskor shaxsni, jamoada ishlash va umrbod o‘qishga tayyorgarlik ko‘rish qobiliyatini rivojlantirish mumkin.

Ключевые слова:

ingliz tili kompetentsiya kasbiy kompetentsiya kompetentik talabalar bo‘lajak o‘qituvchilar tuzilma

Kirish. O‘zbekistonning zamonaviy ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar o‘qituvchilarning kasbiy mahorati va kasbiy kompetentligining oshirilishi kabi yo‘nalishlarga e’tibor qaratmoqda. Zamonaviy ta’limning asosiy maqsadi – bu shaxs, jamiyat va mamlakatning joriy va kelajakdagi ehtiyojlari nisbati, rivojlangan shaxsni, jamiyatda ijtimoiy moslashishga qodir bo‘lgan mamlakat fuqarosini tayyorlash, o‘z‑o‘zini shakllantirish va takomillashtirishdan iboratdir. Shu sababli, hozirgi paytda zamonaviy, tez o‘zgaruvchan dunyoda insonga ta’lim bera oladigan malakali, ijodkor, raqobatbardosh o‘qituvchiga ehtiyoj keskin oshdi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respulikasi Prezidentining “Malakalarni baholash tizimini tubdan takomillashtirish va mehnat bozorini malakali kadrlar bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyatga egadir [1; 2]. Demakki, savodli mutaxassisni shakllantirish ta’limning asosiy vazifalaridan biridir. Hozirgi kunda o‘qituvchilarning kompetentligi tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda, muqobil ta’lim tizimlari paydo bo‘lib, jamiyatda mutaxassislarga ehtiyoj ortib bormoqda. Bundan tashqari, bo‘lajak o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyasi haqida gap ketar ekan, bu talab kelajak avlod tarbiyasi uchun mas’ul bo‘lgan o‘qituvchilar uchun ikki baravar ahamiyat kasb etadi. Ta’lim natijalarini bashorat qilish va ta’lim jarayonlarini modellashtirish, hozirgi vaqtda hal qiluvchi ahamiyatga egadir. Shunday qilib, bilimli, ijodiy va yuqori malakali mutaxassisni tayyorlash jamiyatimiz uchun eng ustuvor vazifadir.

Talabalarning egallagan chet tili (ingliz tili) bo‘yicha bilim, ko‘nikma va malakalar tizimi ularning ta’lim faoliyati jarayonida shakllanadigan kasbiy kompetensiyasi bilan belgilanadi. Shunday qilib, talabaning o‘zi va uning kasbiy kompetensiyasini shakllantirish kasbiy yo‘naltirilgan ta’lim markazida turadi.

Mavzuga oid adabiyotlarning tahlili. Adabiy manbalarni ko‘rib chiqish va tahlil qilish jarayonida chet tillarni o‘qitish bo‘yicha kasbiy kompetetsiyani shakllantirishning turli jihatlarini o‘rgangan dissertatsiyalarga ham duch keldik. Shulardan, O.Ye. Lomakina, S.N. Aliyev, F.X. Ibragimovaning doktorlik dissertatsiyalari bo‘lib, ular bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchilarining kasbiy kompetetsiyasini shakllantirishning ilmiy-pedagogik asoslariga bag‘ishlangan. Shu kabi qator o‘rganilgan va tadqiq etilgan dissertatsiyalarini ko‘rib chiqishga muaffaq bo‘ldik. Bunda avvalambor, chet tili (ingliz tili) o‘qituvchilarining kasbiy kompetensiyasini tahlil qilishda bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchilarining kasbiy kompetensiyasi tuzilmasini olimlar fikrlariga tayangan holda tuzishni ma’qul ko‘rdik.

Tadqiqot metodologiyasi. Hozirgi vaqtda chet tili o‘qituvchisining kasbiy kompetensiyasi tuzilishining turli xil yondashuvlari mavjud. Misol tariqasida N.V. Bagramova, M.K. Kolkova, I.P. Shishkina tomonidan ishlab chiqilgan variantlarni keltirishimiz mumkin. Ularga ko‘ra, chet tili o‘qituvchisining kasbiy kompetentsiyasi tuzilishining tarkibiy qismlari metodik va kommunikativ kompetensiyalardir. Kommunikativ kompetensiya, o‘z navbatida, o‘lkashunoslik, sotsiolingvistik, madaniy va lingvistik kompetensiyalardan shakllantiriladi, lingvistik kompetensiya esa boshqa ko‘rsatilgan kompetentsiyalardan farqli o‘laroq, nazariy va amaliy kompetensiyalarni o‘z ichiga oladi. Kommunikativ kompetensiyaning asosi til va nutqiy kompetensiyadir.

Batafsil izoh bersak, til kompetensiyasi – bu chet tilini bilish imkonini beruvchi birliklarni tahlil qilish va sintez qilish qoidalariga ega bo‘lish; bu o‘rganilayotgan til haqida uning darajalariga ko‘ra: fonetika, leksika, so‘z tarkibi va so‘z yasalishi, morfologiya, sodda va murakkab gap sintaksisi, matn uslubi asoslari kabi ma’lumotlar tizimiga ega bo‘lishdir. O‘rganilayotgan tildagi til kompetensiyasining nafaqat uni bilish darajasiga, balki o‘quvchilarning ona tilini bilish sifatiga ham ta’sir qiladi. Xomskiyning fikricha, lingvistik kompetensiya o‘rganilgan til belgilari va ularni bog‘lash qoidalari yordamida cheksiz miqdordagi to‘g‘ri gaplarni tushunish va hosil qilish qobiliyatini anglatadi [2; 362].Jumladan, nutq kompetensiyasi – bu kommunikativ kompetensiya bo‘lib, fikrni til orqali o‘zlashtirish va ifoda etish usullariga ega bo‘lish hamda nutqni idrok etish va yaratish jarayonida shu usullardan foydalanish qobiliyatidir [2; 252].

 “Til” aslida psixologiya va tilshunoslikda turlicha talqin qilingan. Tilning psixologik izohiga misol qilib G. Shteyntal qarashlarini keltirish mumkin. U til tushunchasini quyidagicha talqin qilgan: “Til bir joyda turmaydi, balki doimiy harakatdadir. Biz uni qo‘l ostidagi foydalanadigan vosita sifatida emas, balki mohiyatan ko‘rib chiqishimiz kerak, ya’ni uni ishlatmaganimizda ham borligini (Dasein) qabul qilishimiz muhim; u kuch (Kraft) yoki qobiliyat vazifasini bajaradi... Til porox kabi mavjud narsa bo‘lmasa-da, balki portlash jarayoniga (Ereignip) ega” [10].  

  1. Shteyntalning ilg‘or g‘oyalari mashhur rus tilshunosi A.A. Potebnyaning lingvistik tushunchalariga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. U nutq aktini sof ruhiy hodisa, deb ataydi, lekin til nutqqa madaniy, ijtimoiy urg‘u beradi, deb hisoblaydi: “Til fikrni obyektivlashtiradi. Fikr so‘z orqali amalga oshadi. So‘zning ma’nosi faqat nutqda aksini topadi. Faqatgina bola so‘zlarni bir-biriga ma’lum bir tasvir, ifoda bilan bog‘lashni o‘rganganida tushunarli bo‘ladi. Shundagina nutq uning o‘z fikriga, voqelik haqidagi o‘z qarashiga aylanadi” [8; 237].

Shunga ko‘ra, til (lingvistik) kompetensiya, til tizimi, nutqdagi til birliklarining ishlash qoidalari haqidagi bilim va bu bilimlardan chet tili yordamida og‘zaki va yozma shakldagi fikrlarini kodlash va boshqa odamlarning fikrini dekodlash uchun foydalanish qobiliyatidir. Shuningdek, nutq kompetensiyasi nutq aktining shartlariga: vaziyatga, kommunikativ maqsadlarga va so‘zlovchining niyatiga qarab kommunikativ maqsadlarni amalga oshirish imkoniyatini beradi.

Demak, nutq faoliyatining kommunikativ sifati butunlay insonning ichki motivlariga, muloqotning turli holatlariga bog‘liqligini taxmin qilish oson. Nutqni yaratish jarayoni shunchaki oddiy ma’lumot uzatish va qabul qilish ekanligiga qo‘shila olmaymiz. Kommunikant (tinglovchi), shuningdek, kommunikator (so‘zlovchi) nutqni yaratishda o‘zining ichki motivatsiyasi bilan faol ishtirok etishi kerak. Har bir inson o‘zga nutqning ma’nosini idrok etish, uning niyatlarini tushunish va o‘z fikrlarini yetarli darajada ifoda etish imkoniyatiga ega.

Fikrimizning davomi sifatida G.G. Azizovaning tadqiqot ishidagi tilga berilgan ta’rifiga e’tiborimizni qaratsak,  unga ko‘ra, til bu – milliy-etnik madaniyatning bir bo‘lagi, uning takribiy qismi sifatida baholanuvchi muhim qadriyat sanaladi. Biror chet tilini o‘rganish jarayoni aslida boshqa milliy-etnik madaniyatni o‘rganish, uni anglash va qabul qilish demakdir. Shuning uchun chet tilini o‘rganish jarayonini asl milliy madaniy tushunchalar asosida shakllantirish darkor [3; 89]. Darhaqiqat, chet tili (ingliz tili) o‘qituvchisi, avvalambor, til kompetensiyasini o‘zlashtirgan bo‘lishi kerak, chunki mazkur til bir millat va xalq boyligi bo‘lganidek, ma’lum bir madaniyat belgisi hamdir.

Ye.A. Kostinaning o‘quv qo‘llanmasida ham chet tili o‘qituvchisining kasbiy kompetensiyasini shakllantirish va rivojlantirish muammosi yoritilgan bo‘lib, unda kasbiy pedagogik kompetensiyasining tarkibiy tuzilmasi o‘rganilgan [5; 43].  Bundan tashqari, chet tili o‘qituvchisining madaniyatlararo muloqot asosi bo‘lgan ijtimoiy-madaniy kompetensiyasiga ham alohida e’tibor berilgan bo‘lib, unga ko‘ra, o‘rganilayotgan til mamlakati haqidagi bilimlarning geografiyasi, tarix, milliy urf-odatlari, an’analaridan tortib milliy-madaniy xususiyatlarini ham o‘rganishi muhim, deb hisoblangan.

Bundan tashqari, F.X. Ibragimovaning ta’kidlashicha, “...bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchilari bilimli bo‘lishdan tashqari, ingliz madaniyatining barcha jabhalarini o‘rganishi, ularning o‘ziga xosligi, mazmuni, tarixiy va madaniy ahamiyatini anglashi zarur va kelgusi ishlarida olingan madaniy bilimlardan samarali foydalanishi muhimdir” [4; 43].  Xususan, o‘zbek tadqiqotchilari ham kasbiy kompetensiyaga doir mulohazalar yuritganda, bo‘lajak chet tili (ingliz tili) o‘qituvchisi nafaqat kasbiy bilimlarni boyitishi, xorijiy tilni mukammal o‘rganishi, balki o‘rganayotgan tilning ijtimoiy madaniyatini ham o‘zlashtirishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Ammo K. Stortining (C.Storti) fikricha, “Muloqot jarayonida biz madaniyatga emas, balki xulq-atvorimizga tayanamiz. Madaniyat, ma’lum bir guruh odamlar tomonidan baham ko‘rilgan e’tiqodlar va qadriyatlar tizimidir,  ya’ni aqliy jihatdan baholanishi mumkin bo‘lgan mavhumlikdek tushuniladi, lekin aslida biz nutqni madaniyatning eng asosiy namoyondasi sifatida aks ettiramiz”  [11; 129].

Til va nutq kompetensiyalariga tilga oid bilimlar, nutqiy bilimlar, mahoratlar, ko‘nikmalar va qobiliyatlar kiradi. Umumiy kommunikativ xarakteridagi kompetensiya, ijtimoiy-madaniy va lingvodidaktik kompetensiyalar tarkibiga faqat ko‘nikmalar kiradi, lekin ko‘nikmalar nazariy asosga tayanmasdan kompetensiya bo‘la olmaydi. Chet tili o‘qituvchisining madaniy kompetensiyasi faqat ma’lum bir bilim doirasi bilan ifodalanadi,  bilim esa faqat biron-bir faoliyatni amalga oshirish jarayonida qo‘llanilishi mumkin – bizning holatimizda bu nutqiy o‘zaro ta’sir ko‘nikmalaridir.

Mulohazamizning isboti sifatida yosh pedagog olima K.Dj. Riskulovaning nazariyasini keltirdik. Unga ko‘ra, bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchisi tili o‘rganilayotgan mamlakatning ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy hayoti, tili, dini hamda tarixi haqida haqqoniy ma’lumotga ega bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi [9; 136].  Zero, o‘z milliy qadriyatlariga sodiq va milliy manfaatlarni anglagan holda, o‘zga millat va elatlar madaniyatiga, diniy qarashlariga bag‘rikeng bo‘lishiga hamda bo‘lajak mutaxassis sifatida kelajak avlodning ham xuddi shunday  tarbiyalanishi uchun asos bo‘lishiga zamin yaratadi.

Boshqacha aytganda, kommunikativ kompetensiya – shaxs nutq faoliyatining bir nechta yoki barcha turlari bo‘yicha muloqot qilish qobiliyati bo‘lib, u tabiiy muloqot yoki maxsus tashkil etilgan mashg‘ulotlar jarayonida olingan shaxs nutqining o‘ziga xos sifati hisoblanadi. Talaba to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita aloqada bo‘lsa va o‘rganilayotgan tilning ona tilida so‘zlashuvchilari bilan til me’yorlari va an’analariga muvofiq o‘zaro tushunishning kommunikativ vazifalarini muvaffaqiyatli hal qilsa, kommunikativ kompetensiyaga ega bo‘ladi.

Demak, kommunikativ kompetensiyaga ega bo‘lish deganda, universitet talabalari nutq ko‘nikmalarining barcha turlarini: eshitish (tinglab tushunish), gapirish, o‘qish, yozishni – har bir tilni o‘qitish kursi uchun belgilangan miqdorda o‘zlashtirishni nazarda tutadi. Qolaversa, til va madaniyat o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni inobatga olib, til bilan madaniyat yaqin aloqada ekanligiga qo‘shilamiz, chunki nutq bu aloqalar rivojlanishining zaruriy sharti hisoblanadi. Shunday qilib, biz chet tilini o‘qitish jarayoniga madaniyatni kiritish nutq aloqasining milliy va madaniy xususiyatlarini o‘rganishni va nutqdan tashqari xatti-harakatlarning xususiyatlarini ochib beradigan asosiy bilimlarni o‘zlashtirishni o‘z ichiga oladi, degan xulosaga kelishimiz mumkin.

O‘zbek tadqiqotchisi N.K. Suleymonovaning maqolasida ta’kidlanishicha, zamonaviy bosqichda bo‘lajak o‘qituvchining kasbiy faoliyati uchun zarur bo‘lgan shaxsiy xususiyatlar, masalan, o‘z-o‘zini rivojlantirish, mustaqil ta’lim, mustaqillik, qo‘yilgan muammoni hal qilishda bo‘lajak o‘qituvchida ilmiy fikrlash yo‘lini namoyish etish kerak [12; 150]. Boshqacha qilib aytganda, Oliy ta’limning vazifasi oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarining kelgusi faoliyatida zarur bo‘lgan ma’lum kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirishdir.

Metodist olimlar B. Yesen Omarova, Darxan Gabdil-Samatovich Toktarbayev (Yessen B. Omarova, Darkhan Gabdyl-Samatovich Toktarbayev) maqolasida, bo‘lajak o‘qituvchilarnining kasbiy kompetensiyasi tuzilmasini quyidagi tarkibiy qismlarga ajratgan: tashkiliy metodologik, texnologik, motivatsion, faoliyat, mezon ko‘rsatkichlari, kasbiy kompetensiya darajalari, kasbiy malakani shakllantirishning metodologik asoslari [7; 6658].

Tahlil va natijalar. Yuqoridagi fikrlarga asoslangan holda biz O.Ye. Lomakinaning fikriga qo‘shilamiz, ammo bizning bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchilarnining kasbiy kompetensiyasi tuzilmasining tarkibiy qismlari qisman farq qilganligi sababli o‘z tuzilmamizni takomillashtirishga harakat qildik (1-rasmga qarang).

Ijtimoiy-madaniy

(lingvomadaniy, o‘lkashunoslik, madaniyatshunoslik, sosiolingvistik), lingvistik (nazariy va amaliy (til va nutq)) kompetensiyalar

Veb-kompetensiya, raqamli kompetensiyalarni o‘z ichiga oladi

Kasbiy shakllanish darajasini ko‘rsatuvchi refleksiv kompetensiya

Metodik, psixologik, pedagogik kompetensiyalar

 

 

 

 

 

 

 

1-rasm. Bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchilarinining kasbiy kompetensiyasi tuzilmasi.

O.Ye. Lomakina o‘z tadqiqot ishida “chet tili o‘qituvchisining kasbiy kompetensiyasi pedagogik, psixologik va fan sohalaridagi (kommunikativ, didaktik, shaxsiy) kompetensiyalar majmuasida ifodalanadigan shaxsning integrativ xususiyati, natijalari va sifati bilan namoyon bo‘ladigan kasbiy faoliyatidir, deb ta’kidlaydi”. Shuning uchun u bo‘lajak chet tili o‘qituvchisining kasbiy kompetensiyasi tarkibida kommunikativ, didaktik va shaxsiy kompetensiyani ajratib ko‘rsatadi. Uning fikricha, “...talaba professional darajada til ko‘nikmalariga ega bo‘lishi mumkin, agar uning til ko‘nikmalari tarkibida quyidagi kompetensiyalar shakllansa, ya’ni kommunikativ kompetensiyaning tarkibiy qismi (til, nutq va ijtimoiy-madaniy (sotsiomadaniy) kompetensiya), didaktik kompetensiyaning tarkibiy qismi (metodologik, psixologik, pedagogik, texnologik kompetensiyalar), refleksiv kompetensiyaning tarkibiy qismi (shaxsiy kompetensiya)” [6; 45-46].

Tuzilmani ishlab chiqish jarayonida biz bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchilarini maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ishlashga tayyorlash va 5-7 yoshli bolalar bilan ishlash bo‘yicha kasbiy kompetensiyalarini shakllantirish, kasbiy kompetensiyaning tarkibiy qismlarini proffesional kadr bo‘lishning yaxlit, murakkab, uzluksiz va bosqichma-bosqich namoyon qilishga e’tibor qaratdik.

Xulosa. Demak, biz bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchisining kasbiy kompetensiyasi deganda, nazariy bilimlar va amaliy pedagogik mahorat va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi, uning zamonaviy jamiyatdagi rolini anglashi, tanlangan kasbiga nisbatan ijodiy va hissiy munosabati, bolalar bilan samimiy muloqot qilishi va ishlashi, shuningdek, mustaqil ta’lim olishi va o‘z-o‘zini takomillashtirishga doimiy intilishi bilan tavsiflanishini tushunamiz.

Библиографические ссылки

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 31-dekabrdagi PQ-4939-son “Malakalarni baholash tizimini tubdan takomillashtirish va mehnat bozorini malakali kadrlar bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori. Elektron resurs: https://lex.uz/docs/5203490

Azimov Je.G., Shhukin A.N. Novyj slovar' metodicheskih terminov i ponjatij (teorija i praktika obuchenija jazykam). – M.: Izdatel'stvo IKAR, 2009. – 448 s.

Azizova G.G. Oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining kasbiy-pedagogik faoliyatini takomillashtirish (ingliz tili materiallari misolida): Ped. fan. fal. dokt. ... diss. – Samarqand: SamDCHTI, 2019. – 141 b.

Ibragimova F.H. Sovershenstvovanie professional'noj kompetencii budushhih uchitelej anglijskogo jazyka cherez formirovanie interesa k kul'ture Anglii: Dis. ... kand. ped. nauk. – Tashkent, 2018. – 133 s.

Kostina E.A. Professional'naja kompetentnost' uchitelja inostrannogo jazyka: uchebnoe posobie. – Moskva-Berlin: Direkt-Media, 2015. – 87 s.

Lomakina O.E. Formirovanie professional'noj kompetentnosti budushhego uchitelja inostrannyh jazykov: Dis. ... kand. ped. nauk. – Volgograd, 1998. – 255 c.

Omarov Y.B. et al. Methods of Forming Professional Competence of Students as Future Teachers // International Journal of Environmental and Science Education. – 2016. – Vol. 11. – №. 14. – P. 6651-6662.

Potebnja A.A. Iz zapisok po russkoj grammatike. T.I. – M., 1958. – S. 237.

Riskulova K.Dj. Bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchilarining sosiolingvistik kompetentligini shakllantirish tizimi: ped. fan. dok. ... diss. – Toshkent: O‘zDJTU, 2017. – 260 b.

Steinthal H. Abriss der Sprachwissenschaft. Erste Teil. Die Sprache im allgemeinen. Berlin: Dümmler, 1871. – 512 s.

Storti C. The art of crossing cultures, 3rd Edition. – London: Intercultural press, 2021. – 132 p.

Sulejmanova N.K. Formirovanie pedagogicheskogo masterstva lichnosti budushhego uchitelja inostrannogo jazyka posredstvom videokontentov // Filologija masalalari. – Tashkent, 2019. – № 1. – B. 146-156.

Опубликован

Загрузки

Биография автора

Элмира Мойдинова,
Узбекский государственный университет мировых языков

PhD

Как цитировать

Мойдинова, Э. (2024). Bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchilarining kasbiy kompetensiyasi tuzilmasining tahlili. Лингвоспектр, 1(1), 36–41. извлечено от https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/13

Похожие статьи

<< < 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 > >> 

Вы также можете начать расширеннвй поиск похожих статей для этой статьи.