Badiiy tarjimaning sintaktik muammolarini bartaraf etishni talabalarga oʻrgatish metodikasi
Аннотация
Bugungi kunda xorijiy mamlakatlarning ilgʻor ilmiy tadqiqot institutlari, markazlarida nafaqat tarjimashunoslikning lingvistik, esktralingvistik masalalari, balki tarjimaga oʻqitishning zamonaviy yondashuvlari, metod va usullari borasida ham bir qator ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Bu kabi ilmiy tadqiqotlarda tarjimon tayyorlashning dolzarb malalalari, tarjimonlarning kasbiy, lingvistik, strategik, tematik, texnik kompetensiyalari, tarjimani oʻqitishda qoʻllanadigan zamonavy metodlar, tarjimada kampyuter dasturlarini integratsiya qilish, sohaviy tarjimonlar uchun korpuslar yaratish asosiy masalalar boʻlib qolmoqda. Tarjima jarayonida til bilan bogʻliq muammolar odatda asliyat va tarjima tillarining fonetik, morfologik, sintaktik, leksik, stilistik nuqtai nazardan farqli jihatlari natijasida yuzaga keladi. Bu kabi muammaolarni bartaraf etishni talabalarga oʻrgatish boʻlajak tarjimonning lingvistik kompetensiyasini shakllanishiga olib keladi. Mazkur maqola yuqorida takidlab oʻtilgan tarjimaning lingvistik masalasi, xususan tarjimaning sintaktik muammolarni bartaraf etishni talabalarga oʻrgatish masalalariga bagʻishlanadi. Shuningdek, maqolada tarjima uslublari, usullari va tarjimaning sintaktik xususiyatlarini oʻqitishda qoʻllanadigan interfaol metodlar borasida axborot beriladi.
Ключевые слова:
tarjima oʻqitish uslub usul asliyat matn tarjima matniTarjima jarayonida semantik muammolarni bartaraf etish uchun talabalarda quyidagilar borasida bilim, koʻnikma va malaka shakllangan boʻlishi lozim.
- tarjimada qoʻllanadigan semantik, kommunikativ, idiomatik, ijodiy tarjima uslublari;
- tarjimada qoʻllanadigan shakliy ekvivalentlik, boshqa soʻzlar bilan ifodalash, kengaytirish, kompressiya, soʻz qoʻshish, soʻz tushirib qoldirish, soʻz tartibini oʻzgartirish tarjima usullari;
- asliyat va tarjima tillari sintaktik tizimining farqli jihatlari;
- badiiy tarjimada uchraydigan sintaktik muammolarni bartaraf etish usullari.
Darsning kirish qismida oʻqituvchi semantik, kommunikativ, idiomatik, ijodiy tarjima uslublari, ularning tavsifi, mohiyati borasida talabalarga tushuncha beradi va shu orqali mana shu tarjima uslublarining me’yorlari asosida tarjimaga yondashiladi hamda talabalarga asliyat matni havola etiladi.
Semantik tarjima asliyat matnining estetik qiymatini imkon qadar koʻproq hisobga olishni nazarda tutadi, ya’ni ma’no asosiy ahamiyat kasb etadi. P.Nyumarkning fikricha, “semantik tarjimada asliyatning aniq kontektual ma’nosi tarjima tilining semantik va sintaktik strukturasiga imkon qadar yaqinlashtirishga harakat qilinadi” (Newmark, 1991). Semantik tarjimada asliyat tiliga yondashish kuzatiladi. Tarjimada asliyat matni muallifining fikr va gʻoyalari saqlanadi. Tarjima hamma uchun tushunarli boʻladi, ammo asliyatga oid madaniyat ham olib oʻtiladi. Agar asliyat matnida asosiy ma’lumotlarga qoʻshimcha konnotativ ma’nolar ifodalansa, oʻquvchiga ushbu ma’nolarni tushunishga yordam beradi.
Kommunikativ tarjima uslubida asliyatning aniq matniy ma’nosi tarjima qilinib, bu usulda tarjima mazmuni va tili oʻquvchiga tushunarli boʻladi. Kommunikativ tarjimada tarjimon muallif va oʻquvchi oʻrtasida samarali muloqotni yaratishga intiladi. Asliyat tiliga yondashish kuzatiladi va unda erkin muloqotga kirishish maqsad qilinadi. Tarjima jarayonida tarjima tili oʻquvchisiga oʻz tili va madaniyati uchun noaniq boʻlgan xorijiy soʻzlar va ular natijasida yuzaga keladigan qiyinchiliklar yoki noaniqliklarni bartaraf etishga harakat qilinadi. Noaniq va tushunarsiz terminlarga nisbatan tarjimon bagʻrikenglik bilan yondashadi. Bunda ma’lumotning kontentidan koʻra uning tasir kuchiga urgʻu beriladi. Tarjima ravon, oddiy, aniq, toʻgʻri boʻlib, talqin qilinishi qiyin boʻlgan qismlarda koʻproq umumiy terminlar qoʻllanadi. P.Nyumarkning ta’kidicha, kommunikativ tarjima semantik tarjimaga nisbatan yaxshiroq samara beradi (Newmark 1998). Olim yana shuni ta’kidlaydiki, semantik tarjimada asliyat matnini takomillashtirish yoki xatolarni toʻgʻrilashga imkoniyat boʻlmaydi, kommunikativ tarjimada esa bu jarayonlar osonroq kechadi, chunki tarjimonda mantiqni toʻgʻri talqin qilish, kinoyali gaplar yoki jargonlarni aniqlash, gʻaliz jumlalarni toʻlaqonli strukturalarga almashtirish, tushunmovchiliklarni bartaraf etish, takrorlarni kamaytirish va uslubiy jihatdan notoʻgʻri boʻlgan yozma matnlarni tartibga keltirish imkoniyatlari mavjud boʻladi.
Idiomatik tarjima uslubida asliyatning axboroti qayta yaratiladi, ammo asliyatda mavjud boʻlmagan ibora va soʻzlarni tanlash orqali ma’noning kichik farqini yoʻqqa chiqarishga yoʻnaltiriladi. Muallifning individual tasvirini yuzaga keltirgan lisoniy vositalar obrazli iboralar, his-tuygʻuni ifoda etadigan soʻzlar, balandparvoz birikmalar bilan almashtirib oʻgiriladi. Bu uslub dinamik ekvivalentlikka oʻxshash boʻlib, unda asliyat matnining tasirini tarjima matnida qayta yaratishga e’tibor qaratiladi. Larsonning fikricha, “idiomatik tarjimada asliyat tilidagi ma’no tarjima tilining tabiiy shaklidek ifodalanadi. Bunda shakl emas ma’no asosiy e’tiborda boʻladi” (Larson 1984). Ma’noga asoslangan ushbu uslubda tarjima matnining yangi oʻquvchisiga asliyatdagi axborot tarjima tili bilan mujassamlashgan holatda olib oʻtiladi. Bunda nafaqat lisoniy qayta yaratilish va perefraz qilish, balki tarjima tili oʻquvchilariga tavsifiy axborot berishga ham erishiladi. Asliyat matnidagi implisit ma’nodagi til birliklari tarjima tilida tushunarli va tavsifiy koʻrinishda boʻladi.
Ijodiy tarjima uslubida asliyatning lisoniy vositalari, matniy ma’nolari va uslubiy vazifalari umumxalq tili grammatik qoidalari bilan hamohanglikda yaratiladi. Ijodiy tarjima yoki qayta yaratish manba matni hamda undagi axborot va ta’sirni tarjima tilida takrorlashni anglatadi. Bu uslubda tarjimani oʻquvchilariga manba matnining ma’nosi va mazmunini yetkaziladi, bu orqali oʻquvchilar muallifning gʻoyasini oʻz tillarida tushunishga muvaffaq boʻladi.
Badiiy tarjimaning sintaktik muammolarini bartaraf etish metodikasida asliyat va tarjima tillarining sintaktik xususiyatlari, ularning oʻxshash va farqli jihatlari, sintaktik qurilmalar, shuningdek, asliyat va tarjima tillaridagi soʻz birikmalar, gaplar, ularning turlarining asliyat va tarjima tillari matnidagi farqli jihatlari borasida ma’lumot taqdim etiladi.
Tarjimani boshlashdan oldin tarjimada qoʻllanadigan sintaktik transformatsiyalar, jumladan, shakliy ekvivalentlik, boshqa soʻzlar bilan ifodalash, kengaytirish, kompressiya, soʻz qoʻshish, soʻz tushirib qoldirish, soʻz tartibini oʻzgartirish kabi tarjima usullari toʻgʻrisida ham axborot beriladi:
- shakliy ekvivalentlik yoki lingvistik ekvivalentlik. Bunda har bir soʻz alohida-alohida tarjima qilinadi. M: He mentioned that he had found the solution of the problem – U muammoning yechimini topganini ta’kidlab oʻtdi;
- tushirib qoldirilgan soʻz oʻrnini qoplash usulida asliyat matnidagi ma’lumotning biror leksik birligi yoki stilistik ta’siri tarjima matnida aynan oʻz joyida emas, balki matnning yana boshqa bir joyida qayta yaratiladi va tasviriy ifoda oshiriladi. M: Kiplingni “Jungle Book” asaridagi quyidagi gapga e’tibor qarating: I was seeking thee, Flathead. Ushbu gap soʻzma-soʻz tarjimada oʻzbek tiliga “Men seni qidiryapman, Yassibosh” deb tarjima qilinadi. Lekin kompensatsiya usuli bilan tarjima qilinganda u quyidagicha talqin etiladi: Men sen Yassiboshni qidiryapman. Bu yerda ingliz tilidagi thee “you” olmoshini arxaik koʻrinishi va “sen” olmoshini “Yassibosh” soʻzining oldiga qoʻyganimizda stilistik boʻyoqdorlik yanada oshadi;
- kyengaytirish usulida tarjima tilida sintaktik va leksik boʻshliqlarni yoʻqotish uchun koʻproq ma’noga ega tushunchalardan foydalanishdir. M: He talked himself out of a job – U oʻzining ishsiz yurganligini gapirdi. Bu yerda oʻzbek tilidagi tarjimaga “yurganligini” soʻzini qoʻshib sintaktik boʻshliq bartaraf etilgan;
- kompressiya usulida tilshunoslikda lisoniy tejamkorlik tushunchasiga yaqin boʻlib, ifodani kamroq leksik birliklar bilan tushuntirishga moʻljallanadi. M: We’ll price ourselves out of the market - Bozor narxida toʻlamaymiz;
- soʻz tartibini oʻzgartirish usulida biror gap yoki paragrafdagi soʻz yoki iborani boshqa joyga olib oʻtish va tarjima tilida asliyatdagidek talqin etish nazarda tutiladi. M: Pack separately … for convenient - nazorat qilishga qulay boʻlishi uchun alohida – alohida qilib joyla;
- antonomik (teskari) tarjima usulida usulda asliyatdagi tasdiq shaklidagi fikr tarjima tilida inkor shaklda yoki aksincha berilishini ifodalaydi. M: take it easy – hayajonlanmang;
- soʻz qoʻshish usulida asliyat matni tilidagi grammatik va semantik komponentlarning shaklan ifodalanmaslik holatlarida qoʻllanadi. M: He could not remember this man who he had seen – U yaqindagina koʻrgan odamini eslay olmadi;
- soʻz tushirib qoldirish. Bu usul ikki tilning ma’lum bir shakllarining grammatik qisqarish hodisasi talab etilganda qoʻllanadi. M: He bowed his head – U boshini egdi;
boshqa soʻzlar bilan ifodalash usulida madaniy boʻyoqdorlikka ega soʻzning ma’nosi tushuntiriladi. Bu usulda izoh tasviriy ekvivalentlikdan kengroq, batafsil bayon etiladi. M: belbogʻ - it is piece of material sewed in form quadrangle kerchief and you wear around the waist.
Tarjima uslublari badiiy tarjimaga qanday yondashish borasida talabalarga koʻrsatma bersa, tarjima usullari badiiy matndagi sintaktik birliklarni tarjima qilish yoʻlarini oʻrgatadi. Talabalar badiiy matnda uchraydigan sintaktik muammolarni shu ikki unsur orqali bartaraf etish koʻnikmasiga ega boʻlishi lozim.
Dars jarayonining amaliy qismida mavzuga aloqador asliyat matni va tarjima matnlari quyidagicha tahlil qilinidi. Tahlil jarayonida talabalarda sintaktik birliklarni tarjima qilish, sintaktik muammolarni bartaraf etish boʻyicha koʻnikma va malakalar shakllanadi (1-jadvalga qarang).
1-jadval
Badiiy tarjimaning sintaktik muammolari asliyat va uch xil tarjima variantlari
|
Tanchaning ikki biqinida ikki xotin: bulardan bittasi ichidan atlas koʻynak, ustidan odmi xon atlas guppy kiygan, boshigʻa oq dakanani xom tashlagʻan, oʻttuz besh yoshlar chamaliq goʻzal, xush bichim bir xotin. Yuzidan muloyimlik, eriga itoat, toʻgʻriliq ma’nolari tomib turgʻan bu xotin qutidorning rafiqasi — Oftob oyim. |
Abdulla Qodiriy. “Oʻtkan kunlar” www.ziyouz.com kutubxonasi. 2-bet. |
|
Two women are seated either side of the sandal. One of them is a woman of thirty-five clad in an atlas silk dress, a short, quilted, sleeveless felt jacket, with a white scarf thrown over her head. A shapely woman, her small face, open and friendly, radiates devotion to her husband. This is Oftobayim, Kutidor’s wife. |
Karol Ermakova “Days gone by” P–11. |
|
On both sides of the hearth are two women: one of them – stately, beautiful, open, friendly and gentle, with an expressive of absolute obedience to her husband face - a woman of about thirty-five, dressed in a satin dress, a short quilted padded jacket, her head draped with a white kerchief, a qutidor’s wife – Oftoboyim. |
I.Toʻxtasinov va boshqalar. “The days gone by”. P-7. |
|
On either side of the sandal, a woman reposes. One is wearing a long dress of khan atlas inside a sleeveless silk robe. Over these items hangs a loose white silk scarf. She is about thirty-five, beautiful, and slim. She has a face that personifies kindness as well as modest deference to her husband, without any sign of artifice. She is Qutidors wife—Oftob Oyim. |
M.Riz. “Bygone days”. P-44. |
Yuqoridagi asliyat matni parchasida “tanchaning ikki biqinida” soʻz birikmasi ingliz tiliga K.Ermakova tomonidan either side of the sandal, I.Toʻxtasinov tomonidan “on both sides of the hearth”, M.Riz tomonidan “On either side of the sandal” tarzida oʻgirilgan. Ingliz va oʻzbek tillarida sintaktik birliklarning yasalish jihatidan ushbu soʻz birikmasi nazarimizda, toʻgʻri tarjima qilingandek, biroq semantik jihatdan uchala tarjimada ham biroz gʻalizliklar mavjud. K.Ermakova va M.Riz tomonidan berilgan “either side of the sandal” variantida “either” soʻzining qoʻllanishida mulohaza mavjud. Asliyat matnida tanchaning ikki biqinida tasvirlangan. Lekin tarjimadagi “either” soʻzi ikki biqin yoki tarafning ma’nosini toʻliq bermasligi mumkin. Chunki “either” soʻzining u yoki bu, unisi yoki bunisi, ikkalasidan bittasi, ikki kishidan har biri, har qaysi degan ma’nolari mavjud. Agar tarjimonlar shu birikma uchun “both” soʻzini ishlatganda sintaktik-semantik ma’no aks etgan boʻlardi. I.Toʻxtasinov tarjimasida esa leksik birlik bilan bogʻliq gʻalizlik mavjud. Ya’ni hearth – oʻchoq, tosh pilta ma’nosini beradi. Sandal esa ulardan farq qiladi. Lekin sintaktik birliklarni tarjima tilida ifodalashga shu tarjima haqliroqdir. Ushbu matn parchasidagi “bulardan bittasi ichidan atlas koʻynak, ustidan odmi xon atlas guppy kiygan, boshigʻa oq dakanani xom tashlagʻan, oʻttuz besh yoshlar chamaliq goʻzal, xush bichim bir xotin. Yuzidan muloyimlik, eriga itoat, toʻgʻriliq ma’nolari tomib turgʻan bu xotin qutidorning rafiqasi — Oftob oyim” matni asar qahramonining tashqi qiyofasi va ichki dunyosini tasvirlashga bagʻishlangan boʻlib, uyushiq boʻlaklardan xosil boʻlgan murakkab qoʻshma gaplardan iboratdir. Bu tarjimaga uchala tarjimon ham uch xil yondashgan. I.Toʻxtasinov oʻzbek tili sohibi boʻlganligi uchun asliyatga sodiq tarzda tarjima uslubidan foydalangan holda asliyat strukturasini tarjima tiliga olib oʻtgan. Murakkab qoʻshma gaplar strukturasi asliyatdagidek qolgan. K.Ermakova esa tasvirlashda qoʻllangan sintaktik birliklar joylashuvini oʻzgartirgan. M.Riz esa qismlarga ajratish transformatsiyasidan foydalangan holda asliyatdagi murakkab qoʻshma gapni toʻrtta gapga boʻlgan holatda tarjima qilgan va qaysidir ma’noda oʻz ishini osonlashtirgan. Tarjimon tarjima strategiyasiga binoan qaysi uslub va usuldan foydalanishdan qat’iy nazar oʻzining asosiy maqsadiga, ya’ni tarjima matnda kommunikativ funksiyani xosil qilsa, asosiy masala yechilgan boʻladi.
Tarjima darsi jarayonida yuqorida takidlab oʻtilgan sintaktik muammolarni bartaraf etishni talabalarga samarali oʻrgatishda quyidagi interfaol metodlarni qoʻllash tavsiya etiladi:
“Ikkita toʻgʻri va bitta xato” interfaol metodi asliyat matnining bir necha xil tarjima variantlarini solishtirib tahlil qilish orqali tarjimani oʻrgatishga bagʻishlanadi. Bunda talabalarga asliyat matni va 3 ta tarjima variantlari taqdim etiladi. Talabalar oʻzlarining daftarlariga 4 ta katak boʻsh joy chizadi.
Ulardan birinchisiga asliyat matnidagi bitta gap yoziladi. Ikkinchi boʻsh katakka tarjima variantning notoʻgʻrisi yoziladi. Uchinchi va toʻrtinchi boʻsh kataklarga toʻgʻri tarjima variantlari yoziladi. Bu topshiriqlarni har bir talaba oʻzining yondashuvi va munosabati asosida bajaradi va navbatma-navbat nima uchun toʻgʻri va notoʻgʻri variantlar yozilganligini asoslab beradilar. (2-jadvalga qarang).
2-jadval
“Ikkita toʻgʻri va bitta xato” interfaol metodini badiiy tarjimada qoʻllash boʻyicha namuna
|
Asliyat matni |
Bulardan bittasi ichidan atlas koʻynak, ustidan odmi xon atlas guppy kiygan |
Asliyat matni |
|
Tarjima matn 1 |
One of them – stately, beautiful, open, friendly and gentle, with an expressive of absolute obedience to her husband face |
Toʻgʻri variant |
|
Tarjima matn 2 |
One is wearing a long dress of khan atlas inside a sleeveless silk robe. |
Toʻgʻri variant |
|
Tarjima matn 3 |
One of them is a woman of thirty-five clad in an atlas silk dress |
Notoʻgʻri variant |
Bu metod orqali talabalar asliyat va tarjima matnlarini tizimli tahlil qilishga, asliyat va tarjima matnlarining struktur jihatdan farqli jihatlarini aniqlashga, asliyat va tarjima variantlarini solishtirishga erishadilar. Bu esa boʻlajak badiiy matn tarjimonlarida lingvistik, ijodkorlik, nasriy hamda kasbiy kompetensiyalarini takomillashtirishga yordam beradi.
Xulosa tarzida aytish mumkinki, tarjimaning sintaktik masalalari tarjima jarayonining eng murakkab muammolaridan xisoblanib, bunga oʻzbek va ingliz tillari ham genetik, ham morfologik tasnifga koʻra turli til oila va guruhga mansubligi omil boʻla oladi. Tarjima darsi jarayonida oʻqituvchi tomonidan sintaktik muammolarni bartaraf etishni talabalarga samarali oʻrgatish orqali tarjima ishining osonlashishiga hamda sintaktik-semantik ma’noni toʻlaqonli ifodalanishiga olib keladi.
Библиографические ссылки
Larson, Mildred L. Meaning-Based Translation: A Guide to Cross-language Equivalence, Lanham: University Press of America. 1984. – 537 p.
Newmark P. About Translation: Multilingual Matters. Clevedon, Philadelphia, – Adelaide: Multilingual Matters Ltd, 1991. – 184 p.
Newmark P. Approaches to Translation. – Hertfordshire: Prentice Hall, 1988. – 234 p.
Тўхтасинов И, Йўлдошев У. Бадиий таржимани ўқитишнинг лингвистик ва методик асослари. Монография. - Самарқанд: “Самарқанд давлат чет тиллар институти” нашриёти, 2023. – 174 бет.
Опубликован
Загрузки
Как цитировать
Выпуск
Раздел
Лицензия
Copyright (c) 2024 Улуғбек Йўлдошев

Это произведение доступно по лицензии Creative Commons «Attribution» («Атрибуция») 4.0 Всемирная.
