Children’s Folk Songs as an Object of Linguocultural Studies

Authors

  • Fergana State University
Детские фольклорные песни как объект исследования лингвокультурологии

Abstract

This article discusses the essence and significance of linguoculturology, a relatively new direction in linguistics, the intrinsic interrelation between language and culture, the emergence and formation of this field, as well as the linguists who contributed to its development and their viewpoints. It also demonstrates how children’s folklore songs are interpreted as an object of research in linguoculturology, providing examples of children’s folklore songs from various languages and offering brief conclusions.

Keywords:

Linguoculturology cultural studies linguistic cultural units non-linguistic cultural units linguo-folkloristic units cultural information cultural code

Kirish

Lingvokulturologiya fani tilshunoslik fanlari ichida nisbatan yangi yo‘nalish hisoblanib, tilshunoslikning boshqa tarmoqlariga nisbatan ancha keyinroq shaklangan deb hisoblanadi. Tilshunoslarning fikricha, “lingvokulturologiya” termini lotincha “lingua” – “til”, “cultus” - “hurmat qilish, ta’zim qilish”, yunoncha “ilm, fan” kabi so‘zlardan kelib chiqqan bo‘lib, Moskva frazeologik maktabi rahbari V.N. Teliya(1996)ning lingvistik tadqiqotlari natijasi o‘laroq paydo bo‘lgan. Uning fikriga ko‘ra, “Lingvokulturologiya inson omiliga, aniqrogʻi insondagi madaniy omilni tadqiq etuvchi fandir. Bu esa shuni bildiradiki, lingvokulturologiya markazi madaniyat fenomeni boʻlgan inson toʻgʻrisidagi antropologik paradigmaga xos boʻlgan yutuqlar majmuasidir”.

Lingvokulturologiya aynan madaniyatshunoslik hamda tilshunoslik tutashgan nuqtada paydo bo‘lgan deyish mumkin. Madaniyatshunoslik (kulturologiya) insonni ijtimoiy va madaniy hayotidagi uning tabiat, jamiyat, tarix, san'at va boshqa sohalarga ko'ra o‘zini o‘zi anglashini tadqiq etsa, tilshunoslik tilda olam lisoniy manzarasining mental modellar ko'rinishida aks etadigan va qayd qilinadigan inson dunyoqarashini o'rganadi(Usmonova, 2019). Lingvokulturologiya esa tom ma’noda etnolingvistika hamda sotsiolingvistika bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, madaniyat va til o‘rtasidagi aloqalar, ularning o‘zaro ta’siri, har bir xalq va millat madaniyatining tilda aks etishi kabi hodisalarni o‘rganadi. Til va madaniyat o‘rtasidagi bog‘liqlik insoniyat tajribasida chuqur ildiz otgan tushunchalardan sanaladi. Ushbu ikki tushuncha nafaqat bir-birini aks ettirish balki o‘zaro shakllanishga qadar keng maydonni qamrab oladi. Aslini olganda, til faqatgina so‘zlar majmui emas, balki insoniyat va jamiyatning tarixiy, ijtimoiy, intellektual, ma’naviy va hissiy qatlamlarini o‘zida mujassamlashtirgan madaniy koddir. Ta’kidlash kerakki, til madaniyatni ifoda etuvchi vosita hisoblanadi.

Adabiyotlar sharhi

Lingvokulturologiya tilshunoslikning alohida mustaqil yo‘nalishi sifatida XIX asrning 90-yillarida ko‘zga tashlana boshladi. Tilshunoslarning fikriga ko‘ra, lingvokulturologiyaning shakllanishida V.fon Gumbolt va uning g‘oyalari lingvokulturologiyaning alohida soha sifatida ajralib chiqishida progressiv kuch sifatida xizmat qilgan. V.fon Gumbolt til va madaniyat o‘rtasidagi masalalar ilk bor ko‘rib chiqqan shaxs sifatida talqin qilinadi. Har bir xalqning tarixi, madaniyati va ruhiy dunyosi shakllanishida tilning o‘rni beqiyosligini ta’kidlab, uni “millatning ruhi” deb ataydi. V.fon Gumboltga ko‘ra, “Til – xalq g‘oyalarining shunchaki ifodachisi emas, balki xalqning bir butun ma’naviy quvvatidir; tillarning turfa bo‘lishi esa bitta narsaning turlicha nomlanishi bo‘lmay, shu narsani turlicha tasavvur qilish, ko‘rishdir. Til hamisha millatning o‘ziga xosligini ifoda etadi”. (Maxmaraimova, 2017)

Mashhur rus tilshunosi N.F. Alefirenko (2010) lingvokulturologiyaga quyidagicha ta’rif beradi:

  • lingvokulturologiya tilshunoslik va madaniyatshunoslik bilan chambarchas bog‘langan bo‘lib, u sintezlovchi xususiyatga ega;
  • lingvokulturologiyaning asosiy e’tibori tilda izohlanadigan madaniy dalillarga qaratiladi;
  • lingvokulturologiya tilshunoslik fanlariga kiradi, shuning uchun uning tadqiqot natijalaridan ona tili va chet tillari o’qitish jarayonida amaliy foydalanish mumkin;
  • lingvokulturologiya tadqiqotlarining asosiy yo‘nalishlari:
    1. lisoniy shaxs
    2. til madaniy qadriyatlarning semiotik gavdalantirish tizimi hisoblanadi.

Shuningdek B.L. Uorf, Y.L. Vaysgerber, A. Vejbitskaya, Y.S. Stepanov, V.V. Vorobyov, V.I. Karasik, A.D. Arutyunova, X. Glins, X. Xols, D. Uitni, D.U. Pauell, F. Boas, G. Brutyan, D. Xaymz kabi olimlar ham o‘z izlanishlari orqali lingvokulturologiya fani rivojiga hissa qo‘shganlar. V.V. Vorobyov (1999)ning ta’kidlashicha, bugungi kunda lingvokulturologiyani muayyan yo‘l bilan saralangan madaniy qadriyatlar majmuini o‘rganadigan, nutqni yaratish va uni idrok qilishdagi jonli kommunikativ jarayonlarni, lisoniy shaxs tajribasini, va milliy mentalitetni tadqiq etadigan, olam manzarasining lisoniy tasvirini tizimli ravishda beradigan, ta’limning bilim olish, tarbiyaviy va intellektual vazifalarining bajarilishini ta’minlaydigan yangi filologik fan sifatida qayd qilish mumkin. Demak, lingvokulturologiya madaniyat va tilning o‘zaro aloqasi va o‘zaro ta’sirini va bu jarayonni lisoniy va nolisoniy (madaniy) birliklarning bir butun strukturasi sifatida aks ettiradigan kompleks fandir.

V.A. Maslova ham ushbu sohaga doir tadqiqotlar olib borib, lingvokulturolgiyaning mustaqil fan sifatida shakllanishini quyidagi bosqichlarga ajratadi:

  1. Fan shakllanishiga turtki bo‘lgan dastlabki tadqiqotlarning yaratilishi. V.A. Maslovaga ko‘ra, ushbu bosqichda V. fon Gumbolt, E.Sepir, E. Benvenist, L. Vaysgerber, A.A. Potebnya kabi tilshunoslarning ishlari muhim o‘rin tutadi. Yuqoridagi olimlarning g‘oyalari va izlanishlari lingvokulturologiya fanining vujudga kelishida asos vazifasini bajaradi. Ushbu dastlabki bosqich XIX asr oxiridan XX asr o‘rtalarigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olgan bo‘lib, bu davrda til va madaniyat o‘rtasidagi munosabatlarga qiziqishning ortishi, lekin hali alohida fan sifatida to‘liq ajratib olinmagani hamda izlanishlar asosan falsafa, psixologiya va etnografiya fanlari kesishmasida olib borilgani bilan xarakterlanadi.
  2. Lingvokulturologiyaning alohida soha sifatida ajratilishi. Ushbu davr XIX asr oxirlariga to‘g‘ri kelib, tilshunoslikning kognitiv tilshunoslik, etnolingvistika kabi yo‘nalishlaridagi yutuqlarining natijasi o‘laroq, madaniyatning tilda akslanishi hodisasi uzil-kesil tan olindi. Antroposentrik paradigma kuchayishi biland tilni inson ongi, madaniyati bilan o‘zaro bog‘lab o‘rganish ehtiyoji oshib borib, lingvokulturologiyaning alohida fan sifatida ajralib chiqishiga turtki bo‘ldi. Ushbu davrda tilshunoslikda lisoniy shaxs, konsept, lingvomadaniy makon, madaniy konnotatsiya kabi kategoriyalar shakllanib, N.Teliyaning frazeologik birliklardagi madaniy semantika ustidagi tadqiqot ishlari alohida ahamiyat kasb etdi.
  3. Lingvokulturologiyaning rivojlanish bosqichi. Ushbu rivojlanish davri XXI asr boshlaridan to hozirgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olib barcha darajadagi birliklar ustida tadqiqotlar olib borish, nazariyani takomillashtirgan holsa yangi yo‘nalishlar ochish bilan xarakterlanadi. Bu davrda lingvokulturologiya mustaqil fan sifatida ham nazariy ham amaliy jihatdan rivojlanib, tadqiqotlar ko‘lami sezilarli darajada kengaydi. Avvallari izlanishlar asosan leksik birliklar, xususan, so‘zlar va frazeologik birliklar ustida olib borilgan bo‘lsa, endilikda grammatika, sintaksiz, matn, xulq-atvor(diskurs) kabi lisoniy hodisalar ham tadqiqot obyekti sifatida o‘rganiladigan bo‘ldi.

Bugungi kunda lingvokulturologiya mustaqil fan sifatida madaniy munosabatlar lingvokulturologiyasi, qiyosiy lingvokulturologiya, chog‘ishtirma lingvokulturologiya, lingvomadaniy leksikografiya, diaxronik lingvokulturologiya kabi yo‘nalishlarga ega bo‘lib, tilshunoslikning madaniyat bilan bog‘liq masalalarini o‘z ichiga oladi. Har bir xalqning tilida o‘ziga xos tovlanishlar, idiomatik iboralar, lingvofolkloristika namunalari mavjud bo‘lib, ular jamiyatning qadriyatlari, e’tiqodi va qadimiy an’ana, urf-odatlari til vositasida yordamida kelajak avlodga uzatiladi. Masalan, tilda paydo bo‘ladigan har bir tushuncha o‘sha tilda so‘zlashuvchilarning kundalik turmush tarzi hamda ma’naviy dunyosining mahsuli hisoblanadi. Tilimiz bizning o‘zimizning aksimizdir.

Til o‘zida so‘zlovchining xarakteri va o‘sishini aniq ko‘rsatib beradi (Davis, 1998). Anglashiladiki, tilda butun bir jamiyatning psixologiyasi ham aks etadi. Madaniyat har doim ham statik tushuncha emas, balki doimo harakatda, o‘zgarib, yangilanib boruvchi tuzilmadir. Ushbu jarayonda esa til insonlar o‘zaro muloqot markazi, bilim va fikrlar almashinuvini ta’minlaydi. Til orqali nafaqat yangi g‘oyalar paydo bo‘ladi, yangicha fikrlar qabul qilinadi, balki tilning o‘zida ham o‘zgarishlar yuz beradi – ya’ni til va madaniyat o‘zaro bir-birini shakllantiradi. Shuningdek, til ma’lum bir madaniyatning asosiy elementlaridan biri hisoblanadi. Bir tilni o‘rganib tahlil qilish orqali o‘sha jamiyat madaniyatiga kirish, ularning turli g‘oyalari, tushunchalari va qadriyatlarini anglashga yo‘l ochadi. Til - madaniyat xazinasi, sandigʻi majmuyidir. U leksika, grammatika, iboralar maqol va matallar, folklor, badiiy va ilmiy adabiyot, ogʻzaki va yozma nutqda madaniy qadriyatlarni saqlab keladi (Robins, 1889).

Lingvokulturologiya jamiyatning o‘zaro chambarchas bo‘lgan ushbu til va madaniyat tushunchalarining aloqadorligi, munosabatlari, bir-birini shakllantirishi va akslantirishi kabi hodisalarni o‘z ichiga oladi. E. Sepir (1993)ga koʻra, til bizning hayot tarzimizni tavsiflovchi ijtimoiy meros qilib olingan malaka va gʻoyalar majmuyi sifatida madaniyatdan tashqari mavjud boʻlolmaydi. Ya’ni, har bir xalq borliqni o‘z ona tili orqali ko‘radi, his qiladi.

Lingvokulturologiya sohasida tadqiqotlar olib borgan professor Sh. Usmonova(2001)ga ko‘ra, lingvokulturologiyaning predmeti madaniyatda ramziy, obrazli, metaforik ma’no kasb etgan va natijalari inson ongida umumlashtirib mif, afsona, folklor va diniy diskurslarda, poetik va prozaik badiiy matnlarda, frazeologizmlarda, metaforalarda va ramzlarda aks etadigan til birliklari sanaladi.

Xususan, bir xalqning o‘zligi, milliy qadriyatlari, ma’naviy va ruhiy olami, kundalik turmush tarzi va diniy e’tiqodlarini o‘zida mujassamlashtiruvchi lingvofolkloristik birliklardan bir bu folklor bolalar qo‘shiqlaridir. Bolalar folklori oʻzining mavzu jihatidan rang-barangligi hamda bolalarning sof bolalarcha orzu-umidlari, begʻubor dunyosini ifodalashi bilan koʻnglimizdan alohida joy oladi. Bolalar folklorining xoh u kattalar tomonidan bolalarga atab aytilgan boʻlsin, xoh bolalar tilidan aytilgan bularning barchasida xalqning uzoq yillik tarixi, turmush tarzi, ijtimoiy va axloqiy qadriyatlari, milliy urf- odatlari akslanadi. Taniqli tilshunos L. Elmesov (1996) aytganidek “til nafaqat shaxs stili tushunchasiga, balki o‘tmish ajdodlarimiz hayoti voqealariga ham yo‘l ochishi mumkin. Bolalar folklor qo‘shiqlari ham asrlar davomida avloddan avlodga oʻtib sayqallanib, oʻzing badiiyligini boyitib, lisoniy, insoniy hamda madaniy xususiyatlarini saqlab kelmoqda. Ushbu folklor namunalarida har bir xalqining koʻhna oʻtmishi, e'tiqodiy qarashlari, kundalik hayoti, kelajakdan kutuvlarini mujassam qiladi. Aynan bolalar folklori, ayniqsa, bola tilining biyronligi, tasavvurining boyligi, hozirjavobligi, ota-onasiga, yaqinlariga, umuman olganda hayotga boʻlgan mehrini his qilish mumkin.

Muhokama va Natijalar

Bolalar folklor qo‘shiqlarini lingvokulturologiya fanining tadqiqot obyekti sifatida talqin qilinishini quyidagicha asoslashimiz mumkin:

Birinchidan, bolalar folklor qo‘shiqlari madaniy axborot tashuvchi vosita hisoblanadi. Ushbu namunalar butun bir xalqning ma’naviy va ruhiy olamini, milliy urf-odat va qadriyatlarini, tarixiy voqeliklarni, e’tiqodiy qarashlarini hamda kundalik turmush tarzini o‘zida mujassam etuvchi qimmatli manbalardir. Misol uchun ingliz bolalar folklor qo‘shiqlarining klassik namunasi bo‘lgan “Christmas is coming” (“Rodjestvo yaqinlashyapti”) nomli qo‘shig‘i shunday boshlanadi:

“Christmas is coming, the geese are getting fat” (Linda, 2014).

“Rodjestvo yaqinlashyapti, g‘ozlar semiryapti..”

Ya’ni, ushbu qo‘shiq misrasidan anglash mumkinki, Rodjestvo yaqinlashgani sari g‘ozlar semirtirilib, taom pishirishga tayyorlanadi. Ma’lumki, ingliz xalqida Rodjestvo bayramida dasturxonga kurka go‘shti tortish an’anasi bor. Lekin bu odat hamma davrlarda ham mavjud bo‘lmagan. 1588-yilda Angliya qirolichasi Yelizavetta Ispan armiyasi ustidan qozonilgan kuni g‘alaba sharafiga g‘oz go‘shtidan ziyofat bergan va keyinchalik bu taom Rodjestvo uchun ham tavsiya etilgan. XVII-XVIII asrlarga kelib oddiy xalq orasida ham bu taomni tayyorlash Rodjestvo an’anasiga aylanadi. Biroq XIX asrdan boshlab Angliyaga kurka importi boshlangandan so‘ng g‘oz go‘shti kurka go‘shtiga almashtirila boshlangan. Hozirda ingliz xonadonlarida Rodjestvo dasturxoniga kurka go‘shti tortilsa-da, ushbu klassik bolalar folklor qo‘shig‘ida qadimiy an’ana tarzida aynan “the geese” (“g‘oz”) so‘zi saqlanib qolgan. Ushbu o‘rinda bolalar folklor qo‘shig‘i ilgari mavjud bo‘lgan lekin keyinchalik o‘zgarishga uchragan an’ana haqida detallarni yosh avlodlarga uzatmoqda.

Shu kabi madaniy axborot tashish funksiyasini rus xalq bolalar folklor qo‘shiqlari misolida ham ko‘rishimiz mumkin:

Жывъ, живъ Курилка! (Yasha, yasha olovcha!)

Живъ, живъ, да умеръ! (Yondi, yondi va o‘chdi)

У нашего у Курилки (Bizning olovchamizning)

Ножки долгенька, (Oyog‘i uzun,)

Душка коротенька. (Umri qisqa.)

Живъ, живъ Курилка! (Yon, yon olovcha)

Ushbu “Курилка” (“Olovcha”) nomli bolalar qo‘shig‘i o‘yin qo‘shig‘i hisoblanib, bolalar tayoqchada yonib turgan olovni bir-biriga uzatib ushbu qo‘shiqni kuylaydilar hamda qaysi bolani qo‘lida olov o‘chib qolsa, o‘sha bola o‘yinda yutqazgan hisoblanadi. Qo‘shiq matnida bolalar olovga xuddi insonga murojaat qilgani kabi “Yasha” deb aytadilar, unga hurmat ko‘rsatadilar. Olovga bu kabi munosabatlar qadimdagi slavyan xalqlarining e’tiqodiy qarashlariga borib taqaladi. Slavyan qabilalari orasida xristianlikka qadar paganizm deb ataluvchi e’tiqodiy qarash mavjud bo‘lib, uning mazmunini olov va quyoshni muqaddas deb bilish tashkil etgan. Slavyan xalqlarida olov bilan bog‘liq bo‘lgan bir qancha marosimlar mavjud bo‘lgan bo‘lib, yuqoridagi qo‘shiqda ham ana shunday diniy marosimlar va e’tiqodiy qarashlar elementlari aks etadi (Dvornik, 1956). Anglashiladiki, ushbu rus bolalar folklor qo‘shiqlarida e’tiqodiy qarashlarga oid madaniy axborot yetkazilmoqda.

Bolalar folklor qo‘shiqlarida nafaqat qadimiy urf-odatlar balki ajdodlarimizning kundalik turmush tarzi haqida ham madaniy axborotlar saqlanadi. Buning misolini quyidagi yana bir bolalar folklor qo‘shig‘ida ko‘rishimiz mumkin:

Charxim g‘uv-g‘uv etadi,

Tovushi Marg‘ilon yetadi…

Tor ko‘chasi tor ekan,

Yo‘lda bazzoz bor ekan.

Shu bazzozning qizlari

Shol ko‘ylakka zor ekan… ( Sultonov, 1992).

Ushbu qo‘shiq matni orqali quyidagicha madaniy axborot yetkazilmoqda:

  1. mehnat va kasb madaniyati haqida – bazzoz (Gazlama bilan savdo qiluvchi do‘kondor; gazlamafurush) (Oʻzbek tilining izohli lugʻati, 2023). Bazzoz kasbi o‘tmishda savdo sohasida keng tarqalgan bo‘lib, anchayin hurmatli kasb sanalgan. Ushbu so‘z orqali o‘tmish davrdagi ijtimoiy-iqtisodiy manzarani ko‘rsatib beradi. Ya’ni savdo-sotiq jarayoni tirikchilik o‘tkazishda muhim ahamiyat kasb etib, mato kundalik turmushda muhim mahsulotlardan biri bo‘lgan. Shuningdek, bazzoz so‘zi tilga olinishi bilan libos, kiyim-kechak va kiyinish madaniyatiga ishora qilinadi. Buning isbotini keying misralarda ham ko‘rishimiz mumkin.
  2. kiyim-kechak madaniyati haqida - shol ko‘ylak(Yungdan to‘qilgan qalin mato, yung gazlama) (Oʻzbek tilining izohli lugʻati, 2023). Aynan gazlamafurushning qizlari shol ko‘ylakka zor bo‘lishi ushbu ko‘ylak kundalik kiyiladigan emas, balki maxsus kunlarda: bayramlarda, marosimlarda va mehmondorchilikka kiyiladigan ko‘ylak hisoblangan.
  3. geografik-madaniy xususiyatlar - Marg‘ilon shahri. Ma’lumki, azal azaldan Marg‘ilon shahri milliy matolarimiz atlas, adras kabilar bilan mashhur bo‘lgan. Yuqoridagi bolalar folklor qo‘shig‘ida ham isbotini ko‘rishimiz mumkin. Qo‘shiq matnida “Marg‘ilon” nomining tilga olinishi qadimdan uning to‘qimachilik va ipakchilik markazi sifatida qadrlanishini ko‘rsatmoqda.
  4. kundalik ish quroli – charx. Charx – jun, paxta ipni yigirish uchun ishlatiladigan va asosan ayol-qizlar tomonidan ishlatiladigan kundalik turmushning bir qismi bo‘lgan asbobdir. Charxning ovozi esa oddiy xalq hayotining ajralmas qismidir.

Anglashiladiki, ushbu birgina bolalar folklor qo‘shig‘i orqali birato‘la 4 turdagi madaniy axborot uzatilmoqda. Shuningdek, ba’zi folklor qo‘shiqlarida siyosiy voqealar haqida ham axborot uzatilishi mumkin:

Baa baa black sheep, have you any wool? (Baa baa qora qo‘y, juning bormi?)

Yes sir, yes sir, three bags full, (Ha, janob, ha, janob, uch xalta to‘la.)

One for the master, one for the dame (Biri xo‘jayinga, biri xonimga,)

And one for the little boy. (Va biri yo‘l oxirida yashovchi.)

Who lives down the lane. (kichkina bolakayga.)

Ingliz bolalar qo‘shig‘ini tadqiq etgan L.Alchinga ko‘ra, ushbu qo‘shiq O‘rta asrlargacha Angliya iqtisodiyotining muhim qismi bo‘lgan jun sanoati bilan bog‘liq. Uning talqiniga ko‘ra, qirol Edvard I davrida Yevropada eng sifatli jun mahsuloti Angliyada ishlab chiqarilgan bo‘lib, uning davrida eksport qilingan jun xomashyosi soliqqa tortiladi va har bir portlar bo‘ylab soliq yig‘ish boshlanadi. Ushbu qo‘shiqda esa ushbu jarayon siyosiy satira orqali ochib beriladi. Shuningdek, ushbu bolalar qo‘shig‘ini “Teng Imkoniyatlar” siyosatiga mos kelishi uchun 2006-yilda o‘zgartirilib “black sheep” (“qora qo‘y”) o‘rniga “rainbowsheep” (“kamalak qo‘y”) tarzida kuylash joriy qilinishi, biroq oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan jamoatchilik noroziligiga uchraydi.

Xulosa

Xulosa qilib aytganda, bolalar folklor qo‘shiqlari madaniy axborotlarni tashuvchi bebaho lingvofolkloristik birliklar hisoblanadi. Qaysi tilda bo‘lmasin bolalar folklor qo‘shiqlari o‘sha tilda so‘zlashuvchi xalqning o‘tmishi, madaniyati, turmush tarzi va e’tiqodiy qarashlarini o‘zida aks ettiradi. Bu esa kelajak yosh avlod va ajdodlar o‘rtasida madaniy axborot tashish funsiyasini bajaradi. Yuqoridagi tahlillardan bolalar folklor qo‘shiqlarini quyidagi madaniy axborotlarni yetkazishini xulosa qilish mumkin:

  1. Milliy-madaniy an’analar;
  2. Mehnat va kasb madaniyati;
  3. Kiyim-kechak va kiyinish madaniyati;
  4. Geografik-madaniy xususiyatlar’
  5. Kundalik ish va mehnat asbob-anjomlari.

Bolalar folklor qo‘shiqlarining tadqiq qilinmagan xususiyatlari va ochilmagan lingvokulturologik funksiyalari hali ko‘p. Ularni nazariy, amaliy va qiyosiy jihatdan tadqiq qilish ishlari zamonaviy lingvokulturologiya fani oldidagi vazifalardan hisoblanadi.

References

Alchin, L. (2014). The secret history of nursery rhymes (p. 56). Rhymes World Publications.

Davies, L. (1998). Cesar Chavez: A photo-illustrated biography. Capstone.

Dvornik, F. (1956). The Slavs in European history and civilization (pp. 49–51). Rutgers University Press.

Robins, R. H. (1989). General linguistics: An introductory survey (p. 27). Routledge.

Alefirenko, N. F. (2010). Yazyk i kulturologiya: Tsennostno-smyslovoye prostranstvo yazyka [Language and culturology: Value-semantic space of language] (p. 21). Flinta; Nauka.

Elmesov, L. (1960). Prolegomeny k teorii yazyka [Prolegomena to the theory of language]. In Novoye v lingvistike (Vol. 1, pp. 131–256). Moscow.

Sapir, E. (1993). Yazyk: Vvedeniye v izucheniye rechi [Language: An introduction to the study of speech] (p. 185). Progress.

Teliya, V. N. (1996). Russkaya frazeologiya: Semanticheskiy, pragmaticheskiy i lingvokulturologicheskiy aspekty (p. 286). Yazyki russkoy kultury.

Maxmaraimova, S. T. (2017). Lingvokulturologiya (p. 20). Cho‘lpon nomidagi nashriyot.

Maxmaraimova, S. T. (2017). Lingvokulturologiya (p. 27). Cho‘lpon nomidagi nashriyot.

Oʻzbek tilining izohli lugʻati. (2023). Birinchi jild (p. 330). Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot.

Sultonov, Y., Rahmonov, N., & Turdimov, S. (1992). Chittigul to‘plami. O‘qituvchi nashriyoti.

Usmonova, S. (2019). Lingvokulturologiya. Fan va texnologiyalar.

Vorobyov, V. V. (1999). O statuse lingvokulturologii [On the status of linguoculturology]. In Russkiy yazyk, literatura i kultura na rubezhe vekov (Vol. 2, pp. 125–126). Proceedings of the IX MAPRYAL Congress, Bratislava.

English Heritage. (2025). Christmas dinners through history.

https://www.english-heritage.org.uk/christmas/christmas-dinners-through-history/

Published

Downloads

Author Biography

Gulasal Farxodjon qizi Yoqubova ,
Fergana State University

PhD doctoral student

How to Cite

Yoqubova , G. F. qizi. (2026). Children’s Folk Songs as an Object of Linguocultural Studies. The Lingua Spectrum, 12(1), 216–222. Retrieved from https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/1426

Similar Articles

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 > >> 

You may also start an advanced similarity search for this article.