Роль городов-оазисов Кашкадарьи в социально-экономической и культурной жизни (конец XIX – начало XX века)
Аннотация
В данной статье представлена информация о процессах урбанизации Кашкадарьинского оазиса, расположенного на юге Узбекистана, относящаяся к концу XIX – началу XX века. Автор провел научно – сравнительный анализ процессов урбанизации в Кашкадарьинском оазисе в городах Карши, Шахрисабз, Китаб, Яккабаг, Гузар на основе первоисточников конца XIX-начала XX века, а также современной литературы, созданной на основе этих источников. Также в статье обобщены и введены в научный оборот занятия населения в городах Кашкадарьинского оазиса за исследуемый период, гузары городов, базары, крепости, защитные сооружения.
Ключевые слова:
Кашкадарьинский оазис процессы урбанизации взаимоотношения населения городская крепость беги городские гузарыManbalarga murojaat etadigan bo‘lsak, vohadagi eng yirik ma’muriy hududlardan biri bo‘lgan Qarshi (shahar va uning atroflari) bekligi asosan amirning taxt vorisi tomonidan boshqarilgan(Logofet, 1909, 240b.). Bekliklar o‘z navbatida amlokdorlarga bo‘lib idora etilgan. Misol uchun, Qarshi bekligi 15 ta, Kitob bekligi 9 ta, Shahrisabz bekligi 14 ta, Yakkabog‘ bekligi 11 ta, Chiroqchi bekligi 6 ta, G‘uzor bekligi 6 ta amlokdorlikka bo‘lingan. Amlokdorliklar o‘z tarkibiga bir nechta katta va kichik qishloqlarni qamrab olgan. Amlokdorlar o‘z hududlariga soliq yig‘ish, mirshablik hamda ma’muriy rahbarlik vazifalarini ado etishgan (Yavorskiy, 1882, 19b.).
Buxoro amirligi 27 ta beklik (viloyatlarga) bo‘lingan bo‘lib, uning ma’lum qismini Qashqadaryo vohasi tashkil etardi. Qashqadaryo vohasi bekliklar, amlokdorliklar va kentlarga bo‘lib boshqarilgan. Vohadagi Qarshi, Kitob, Shahrisabz, G‘uzor kabi shaharlar nafaqat ma’muriy-hududiy tizimi, balki, butun amirlikning iqtisodiy va madaniy hayotida ham katta rol o‘ynagan edi (Ziyayeva, 2013, p. 7). Undan tashqari voha hududidagi yana o‘nga yaqin kichik shaharlar va yirik qishloqlar beklik hamda amlokdorlik (davlatga tegishli yerlar)ning markazlari sifatida vohadagi urbanizatsiya jarayonlarining rivojida hamda ma’muriy boshqaruv tizimida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan edi.
XIX asrning o‘rtalaridan boshlab Qarshi shahar O‘rda (ark), qo‘rg‘on va qal’adan iborat bo‘lib, keyingi davrlarda kengayib borgan. Qarshining markazidagi maydonda 4 ta madrasa, hammom, masjid, taxt vorisi, qo‘shin va bek joylashgan qarorgoh bo‘lib, uning atrofi minorali hamda uchta darvozasi (Kunchiqar, Kasbi, Samarqand) bo‘lgan devor bilan o‘rab olingan. Shahar devori zovurlar bilan ihotalangan bo‘lib, ushbu devor tashqarisida beklikning nufuzli kishilaridan iborat aholining uy-xonadonlari joylashgan (Xoliqulov, 2009, 244b.).
XIX asrning oxirlarida Qarshining eski shahar qismida 20 dan ortiq guzarlar mavjud bo‘lgan. Ularning nomlanishi ma’lum turga ixtisoslashgan kasb-hunar, mahalliy xalq va elat, hamda joy nomlari bilan bog‘liq bo‘lgan. Misol uchun, Temirchi, Novvoyguzar, Holvagar, Kulolchilik, Charmgar, Chilangaron, Qamashi, Eronguzar, Arabxona, Beklarbegi, Kattatut, Egarchi, Jo‘giguzar kabilar shular jumlasidandir.
Qarshining bosh maydoni bo‘lgan registonda bozor va savdo rastalari, madrasa, jome’ masjidi hamda karvonsaroy joylashgan. Mazkur hududda bozorlar, hammomlar, yuzlab savdo yoyilmalari, yopiq karvonsaroylar, hunarmandchilik do‘konlari, novvoyxonalar joylashgan. Registonning atrofi dala hovlilar, uzumzorlar, poliz va bog‘lar bilan o‘ralgan (Ziyayeva, 2013, 6b.).
Ma’lumotlarga ko‘ra, XIX asrning oxirlarida Qarshi shahrida mingdan ortiq uy-joy mavjud bo‘lib, ular orasida ikki qavatlilari (boloxonali) ham bo‘lgan (Kretovskiy, s.y., 220b.). Taxminiy hisob-kitob qiladigan bo‘lsak, bu davrda shahar aholisi olti mingdan ziyod bo‘lgan.
XIX asrning ikkinchi yarmiga oid manbalarning guvohlik berishicha, Qarshi yirik savdo-iqtisodiy markaz hisoblanib, mahalliy bozorlari juda katta, ularda rastalar, yoyma va hunarmandchilik do‘konlari, yopiq saroylar (timlar), karvonsaroylar ko‘p bo‘lgan. 1870 yillarda Qarshi shahri bozorida 1400 ta do‘kon bo‘lib, haftada bir kun butun chekka hududlardan 10-15 ming xaridorlar tashrif buyurgan. Qarshi bozorlarida nafaqat mahalliy mahsulotlar, balki ko‘plab chet el mahsulotlari (sovun, igna, turli matolar, tuz, bo‘yoqlar, metall idishlar va boshqa.)ni uchratish mumkin edi (6).
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, Qarshi shahri muhim savdo karvoni yo‘llari kesishgan joyda joylashgan bo‘lib, Termiz, Balx, Marv, Urganch, Buxoro, Samarqand, G‘uzor, Shahrisabz kabi yirik iqtisodiy-madaniy markazlardan keluvchi yo‘llarni bog‘lagan, hamda vositachilik qilgan. Hindiston, Eron, Afg‘onistondan Buxoroga keladigan savdo karvonlari Qarshi orqali o‘tganlar. Qarshi vohadagi tashqi savdoda muhim hisoblanib, har haftada bir marta bo‘ladigan bozor kunlari 6 mingdan 15 minggacha tuya, ot, eshak, qo‘y, echki, qoramol kabi chorva mollari bozorlarga kiritilgan. Qarshi bozorlarida eroniy va turkman gilamlari, rus metall idishlari, fransuz sovunlari, turkman otlari, hind bo‘yoqlari, afg‘on matolari ayniqsa xaridorgir bo‘lgan (Mavlonov, 1994, 17b.). Ayniqsa, shahar atrofi dashtdagi ko‘chmanchi turkmanlar uchun eng qulay savdo hududi edi.
V.V.Krestovskiyning ma’lumotlariga ko‘ra, Qarshi registonining ikki tomonida Abdullaxon madrasasi va jome’ masjidi joylashgan bo‘lib, qolgan ikki tomonini savdo rastalari egallagan. Registonga tutashgan to‘rtta asosiy shahar ko‘chalaridan biri yangi qurilgan Shermuhammad madrasasiga olib borgan. Shahar bozori ro‘parasida Ko‘k Gumbaz jome’ masjidi joylashgan bo‘lib, shaharda jami 16 ta masjid, 12 ta madrasa mavjud bo‘lgan (Kretovskiy, s.y., 221b.) hamda ular Qarshining madaniy-ma’rifiy hayotida muhim ahamiyat kasb etgan.
XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Shahrisabz shahri ham himoya devorlari bilan o‘rab olingan bo‘lib, bu devorlarda 6 ta (Kunchiqar, Qarshi, Charmgar, Teparlik, Kitob) darvoza bo‘lgan. Shahar markazida qo‘rg‘on bo‘lib, bu yerda Shahrisabz begi (hokimi) hamda uning yaqinlari istiqomat qilishgan. Shahrisabz begining qo‘rg‘oni mahalliy xalq orasida “Shahrisabz Afrosiyobi”, degan nom olgan edi (Sagdullayev, 1998, 173b.).
Bu davrda Shahrisabz 52 ta guzarga bo‘lingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, har bir guzarning o‘z masjidi bo‘lib, guzarlarda 20-30 tadan 100 tagacha xonadon bo‘lgan. Asosiy aholisi o‘zbeklar bo‘lgan shaharda bu davrda 4 mingga yaqin xonadon yashaganligi taxmin qilinadi. XX asrning boshlariga kelib Shahrisabz shahrida 50 mingdan ziyod aholi yashaganligi haqida ham ma’lumotlar bor(Fedchenko, 1950, 141b.).
Shahrisabz yirik savdo-iqtisodiy markaz bo‘lganligi tufayli bu yerda yirik va mayda savdogarlar hamda karvonsaroylar ko‘p bo‘lgan. Manbalarning guvohlik berishicha, savdogarlarning shahar bozorlarida o‘z yoymalari va do‘konlari mavjud bo‘lib, ular ma’lum bir mahsulot turi bilan savdo qilishga ixtisoslashgan. Yirik savdogarlar boshqa shaharlar bilan savdo-sotiq faoliyatini yuritganlar. Shahrisabzda XIX asrning o‘rtalarida 7 ta karvonsaroy faoliyat yuritgan bo‘lsa, ularning soni XX asrning boshlariga kelib 28 ta edi (Xoliqulov, 2009, p.34).
Shahrisabzning Chorsu bozorida mahalliy mahsulotlardan tashqari Qo‘qon xonligi shaharlari orqali kelgan Rossiya va Xitoy savdogarlarining mahsulotlarini, Termiz – G‘uzor orqali kelgan Hindiston, Eron, Afg‘oniston mahsulotlarini, hunarmandchilik buyumlarini uchratish mumkin edi (Xamidova, 2009, 83b.).
Qadimdan “Qubbatul ilm-val-adab”, degan nomga sazovor bo‘lgan Shahrisabz shahri bu davrda ham bu mavqesini ma’lum darajada saqlab qolgan edi. Manbalardan ma’lum bo‘lishicha, Shahrisabzning madaniy hayoti Qo‘qon madaniy muhiti bilan bog‘lansa-da, shahar Qashqadaryo vohasidagi madaniy markazlardan biri edi. A.Kunning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, Shahrisabzda 10 ga yaqin masjid va madrasalar faoliyat yuritgan. Amlokdorlar va boy savdogarlar o‘z hisoblaridan maktablar (mas. Abduvahob barlos, Mulla Husniddin qori, Ergashboy savdogar va hokazo) tashkil etganlar. Masjid va madrasalar vaqf hamda xayr-ehson hisobidan faoliyat yuritgan (Kun, 1880, 224b.).
Shahrisabzda boshqa shaharlar bilan savdo qiluvchi yirik savdogarlar faoliyat yuritgan bo‘lib, ular asosan Chorsu bozori yaqinidagi markaziy guzarlarda yashaganlar. Shaharda ko‘plab hunarmandlar – kashtado‘zlar, do‘ppido‘zlar, sovungarlar, pichoqchilar, telpakdo‘zlar, temirchilar, kulollar, sandiqchilar faoliyat yuritganlar. Ammo, to‘quvchilik boshqa shaharlarga nisbatan keng rivojlanmagan(Davlatova, 2019, 16b.).
Kitob shahri ham vohaning asosiy ma’muriy, iqtisodiy va madaniy markazlaridan biri edi. Kitob bekligining (13) markazi Kitob shahrining markazida bek qo‘rg‘oni joylashgan bo‘lib, bu qo‘rg‘on hududida saroy, otxona, masjid, 2 ta qabulxona, hududida hovuzi bo‘lgan ichki hovli, ayvon mavjud bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Buxoro amiri Kitob begi qarorgohidagi ichki hovlida tez-tez kelib turgan va bu yerda amirning 250 kishilik sarbozlari doimiy yashagan(Parmonov, 1997, 41b.).
Kitob begi qo‘rg‘oni oldida registon maydoni, maydon yonida esa shaharning asosiy bozori joylashgan. Bozorning atroflarida manbalarga ko‘ra, ko‘plab guzarlar mavjud bo‘lib, ularning soni 70 dan oshgan. Taxminiy ma’lumotlarga ko‘ra, XIX asr oxirlarida Kitob shahrining aholisi 18 mingdan ziyod edi (Yakubov, 1997, 12b.). Guzarlarda yashaydigan aholining asosiy qismi o‘zbeklar bo‘lib, guzarlarning nomlanishi boshqa shaharlarda bo‘lgani kabi aholining joylashuvi, Kitob shahrida ayniqsa, kulolchilik, ip va ipakdan gazlama to‘qish (bo‘z, olacha, ipak), zardo‘zlik, kashtado‘zlik kabi hunarmandchilik turlari keng rivoj topgan edi(Sagdullayev, 1998, 177b.).
Tahliliy ma’lumotlarga ko‘ra, XX asr boshlarida Kitob shahrida to‘qimachilik keng rivojlangan edi. Bu davrda shahardagi yirik tadbirkor- savdogar usta Tursunjonning qo‘l ostida mingga yaqin to‘qimachilik dastgohi mavjud bo‘lib, uning yirik ustaxonasida 30 ga yaqin to‘qimachilik qozonida ip qaynatilgan. Ushbu ustaxonada paxta, jun, ipak, yarim ipak matolar to‘qilib, voha va amirlikning boshqa shaharlariga (Qarshi, Shahrisabz, Buxoro, Samarqand, Kattaqo‘rg‘on), hatto Rossiyaga olib ketilgan(12:177).
XIX asrning o‘rtalarida Kitob shahrida 6 ta karvonsaroy, 2ta hammom, 4 ta madrasa, 3 ta bozor, 4 ta masjid faoliyat yuritganligi, shaharning har bir guzarida masjid va maktablar ishlab turganligi haqida ham ma’lumotlar bor (Mankovskaya, 1981, 41b.).
Qashqadaryo vohasining siyosiy-ma’muriy, savdo-iqtisodiy va harbiy-strategik markazlaridan biri G‘uzor shahri edi. O‘zbekistonning janubini, xususan, Amudaryo kechuvlari bo‘yida joylashgan Termiz va undan keyin Eron, Afg‘oniston, Hindiston bilan bog‘laydigan, shimoli-sharqiy yo‘nalishda Farg‘ona vodiysi, Toshkent vohasi, Jizzax va Samarqand orqali Sharqiy Turkiston, Qoshg‘ar, Yettisuvdan keluvchi yo‘llar yo‘nalishlari G‘uzor orqali o‘tganligi bois (Mavlonov, 1994,177b.), uncha yirik bo‘lmasa-da, so‘nggi o‘rta asrlarda ham G‘uzor shahrining mavqei ancha baland edi. Ushbu holatni O‘rta Osiyoga tashrif buyurgan ko‘pgina rus sayyohlari, zobitlari, ekspeditsiyalar ishtirokchilari ham e’tirof etadilar (Choriyev, 1997, 52b).
Manbalar asosida ma’lumot bergan tadqiqotchilarning fikricha, G‘uzorda Buxoro amirligining taxt vorislari bek qilib tayinlangan. Yirik davlat bo‘lgan amirlikning janubiy hududlaridan to‘planadigan turli soliqlar G‘uzorda bir yerda yig‘ilib, shundan so‘ng amir xazinasiga jo‘natilgan. G‘uzor shahri va bekligining yerlari bek uchun “mulki xurri xolis” sifatida berilgan bo‘lib, XIX asrning oxirlarida ushbu holatni Abdumalik (Katta) To‘ra misolida ham kuzatishimiz mumkin (Odilov, 2023, 23b.).
G‘uzor shahri qo‘rg‘oni (bek qal’asi) G‘uzordaryo yoqasidagi tepalikda joylashgan. Manba tili bilan aytganda, G‘uzor janubdan bir tosh uzoqlikdan ko‘rinib turadigan keng va uzun yo‘llarga ega toza va ozoda, yoqimtoy shaharcha. G‘uzor o‘zining qulay joylashuvi tufayli oliyjanob tabiiy ko‘rinishga ega. Osiyo me’morchiliga xos qal’a yoki ingichka uzun ustunlari ko‘rinib turgan ayvonlar yozning issiq quyoshi nurlari ostida nihoyatda chiroyli bo‘lib ko‘rinadi. Katta minoralar, loydan qilingan devorlar bilan o‘rab olingan qal’a binosi boshqacha manzara kashf etadi (Yavorskiy, 1882, p.37).
G‘uzor qal’asi G‘uzordaryo qirg‘og‘i bo‘yida, shahardagi tepaliklardan birining ustida joylashgan bo‘lib, daryo uning tabiiy devori bo‘lib xizmat qilgan. G‘uzor qal’asidan harbiy maqsadlarda ham foydalanilgan. G‘uzor ham shu davrdagi boshqa ko‘pgina shaharlar singari bog‘lar bilan o‘rab olingan. G‘uzor o‘zining qulay joylashuvi va yam-yashil maydonida zilol daryo suvi borligi hamda botqoqlik yoki sholi maydonlarining yo‘qligi tufayli sog‘lom iqlimi bilan shuhrat topgan shaharlardan biri edi(Choriyev, 1997, 38b.). Buxoro, Termiz, Balx, Samarqand, Shahrisabz, Qarshidan keluvchi ko‘pgina savdo yo‘llari G‘uzor hududidan o‘tgan bo‘lib, G‘uzor bozorida mahalliy hunarmandlarning mahsulotlari hamda chorva mollaridan tashqari Xitoy, Rossiya, Eron, Afg‘oniston va Hindistondan keltirilgan turli-tuman mahsulotlarni uchratish mumkin edi. G‘uzorning qizil tuzi, shirin va katta-katta donali mayizi Qarshi, Shahrisabz, Surxon vohasi shaharlari Buxoro, Zarafshon vohasida mashhur edi.
Qashqadaryo vohasidagi beklik markazlaridan biri Yakkabog‘ shahri edi. Janub tomondan tog‘lar bilan tutashgan, shimoli-sharq tomondan Shahrisabz vohasiga tutashgan bu shahar Yakkabog‘ (Qizilsuv) daryosi yuqori oqimining har ikkala qirg‘og‘idagi tekislikda joylashgan. Shaharning asosiy qismi hamda bek qarorgohi bo‘lgan eski qo‘rg‘on tekislikdan ancha baland tepalikda joylashgan. Yakkabog‘daryoning o‘ng tarafida bozor, bozor maydoni oldida istehkomga kirishni qo‘riqlovchi ikkita chiroyli minora bo‘lgan. Istehkom paxsa devor bilan o‘ralgan bo‘lib, yaxshi saqlangan Qo‘rg‘on o‘rtasida bek qarorgohi joylashgan bo‘lib, uning atrofi 2-3 qator devorlar bilan o‘ralgan. Qo‘rg‘on atrofida qalin bog‘lar, bir necha yuz yillik chinorlar mavjud bo‘lgan.
Yakkabog‘dagi bek qo‘rg‘onidan butun Shahrisabz vohasi va Yakkabog‘ shaharchasi kaftdek ko‘rinib turgan. Qo‘rg‘on qarshisidagi maydonda shahar madrasasi joylashgan. Shaharning atrofi yam-yashil bog‘lar, manzarali tog‘lar, daryolar, archazorlar, chinorlar, bug‘doyzorlar va qishloqlar bilan o‘ralgan. D.Logofetning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, shaharcha aholisi 5 000 kishidan iborat bo‘lgan (Logofet, 1909, 186b.).
Yakkabog‘ qal’asini hozirda mahalliy aholi “Eski Yakkabog‘” deb ataydi. Qal’a ichida XIX asr boshlarida viloyat hokimi Yodgor devonbegi tomonidan madrasa bunyod etiladi. Ushbu madrasa ikki qavatli bo‘lib, yuqori qavatida 22 ta, pastki qavatida 23 ta jami, 45 ta hujrasi bo‘lgan. Pishiq g‘ishtdan qurilgan ushbu madrasa darvozasi peshtoqli, binosining old tarafi ikki cheti guldasta minor usulida qurilgan. Peshtoq va minor guldastalar moviy koshinlar bilan bezatilgan (Jumanazar, 2018, 72b.).
Yakkabog‘ qo‘rg‘oni baland va qalin devor bilan o‘rab olingan. Bu devor qoldiqlari bugungi kunda ham yerdan bo‘rtib, ko‘zga aniq tashlanib turadi. Qal’a taxminan 40 gektar maydonni tashkil etib, markazida hokim yashaydigan va hokim fuqarolarining arzini tinglaydigan ark joylashgan. Qal’aga Kunchiqar va Kunbotar darvozalaridan, arkka esa Ko‘kdarvoza va Oqdarvozalardan kirib chiqilgan (To‘xliyev, 2005, 24b.).
Qal’a devorlaridagi burjlar, bek qo‘rg‘oni va Yodgor devonbegi madrasasi, guzar masjidlari, madrasa qarshisidagi maydon va uning atrofidagi savdo rastalari shaharga ajoyib ko‘rk bag‘ishlab turgan. Yakkabog‘ qal’asi ichida Muchin, Tatar, Degrez, Sharshar, Jiyda, Arab va Madrasa guzarlari bo‘lganligi haqida ham ma’lumotlar bor (G‘ofurov, 1997, 115b).
Bu davrda Qashqadaryo vohasi shaharlari nafaqat Buxoro amirligi, balki mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotida o‘z mavqeiga ega bo‘lib, ular jamiyat taraqqiyotida turli-tuman funksiyalarni bajarganlar. Voha shaharlari jamiyatning ma’muriy, siyosiy tizimi hamda davlat boshqaruvida yetakchi ahamiyat kasb etib, bu jarayon shaharlarning boshqaruv tizimi bilan bog‘liq holda kechgan edi. Shaharlarning boshqaruv tizimida ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy funksiyalar ularning mavqeini belgilovchi xususiyatlar edi.
Библиографические ссылки
Ziyayeva, D. X. (2013). O‘zbekiston shaharlari XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida. Toshkent.
Logofet, D. N. (1909). Buxarskoye khanstvo i yego sovremennoye sostoyaniye. Sankt-Peterburg.
Yavorskiy, I. L. (1882). Puteshestviye russkogo posolstva po Afganistanu i Buxarskomu khanstvu v 1876–1879 gg. Turkestanskiy sbornik, 288, 35.
Xoliqulov, A. B. (2011). XIX–XX asr boshlarida Qashqadaryo bekliklari. Tarix fan. nomz. diss. avtoreferati. Toshkent.
Xoliqulov, A. B. (2009). XIX–XX asr boshlarida Qashqadaryo vohasi bekliklarida savdo-sotiq (Qarshi shahri bozori misolida). In O‘zbekiston tarixining dolzarb muammolari. Ilmiy to‘plam (pp. 244–248). Toshkent: Tafakkur.
Kretovskiy, V. V. (n.d.). V gostyakh u Emira Buxarskogo (p. 220).
Mavlonov, U. M. (1994). Torgoviye i kulturniye svyazi Kashkadarinskogo oazisa v XVII–XIX vv.: Avtoref. diss. kand. ist. nauk. Tashkent: TashGU.
Sagdullayev, A. S. (Ed.). (1998). Qadimgi Kesh-Shahrisabz tarixidan lavhalar. Toshkent: Sharq.
Fedchenko, A. P. (1950). Puteshestviye v Turkestan. In B. Y. Yusov (Ed.), Pod redaksiyey, so vstupitelnoy statyey kommentariyami (p. 141). Moskva: Gosizdat.
Xamidova, M. S. (2009). Qashqadaryo vohasi hunarmandchiligi tarixi (XIX–XX asr boshlari). Toshkent: A. Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi nashriyoti.
Kun, A. (1880). Ocherki Shaxrisabzkogo bekstva. In ZIRGO (Vol. 3, p. 224). Sankt-Peterburg.
Davlatova, S. (2019). O‘zbekistonning janubiy hududlari an’anaviy hunarmandchiligi tarixiy jarayonlar kontekstida (XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlari). Tarix fan. dok. diss. avtoreferati. Toshkent: O‘zFA Tarix instituti.
Parmonov, O., & Berdiyev, A. (1997). Kitob tumani: Kitob tumani haqida lavhalar (pp. 41–42). Toshkent: Fan.
Yakubov, B. (1997). Shaxrisabzkoye i Kitabskoye bekstva vo vtoroy polovini XVIII–60–x gg. XIX vv.: Avtoref. diss. kand. ist. nauk. Toshkent: TashGU.
Mankovskaya, L. Y. (1981). Neizvestniye pamyatniki XVI–XIX vv. Kashkadarinskoy oblasti. Stroitelstvo i arxitektura Uzbekistana, (11), 41–47.
Choriyev, Z., & Jo‘rayev, A. (1997). G‘uzor tarixidan lavhalar. Qarshi: Nasaf.
Odilov, A. A. (2003). Buxoro amirligida milliy ozodlik harakatlari tarixi: Tarix fan. nomz. diss. avtoref. Toshkent: O‘zMU.
Jumanazar, A., & To‘xliyev, J. (2018). Yakkabog‘: Sohibqiron kamol topgan yurt (pp. 72–73). Toshkent: Akademnashr.
To‘xliyev, J. (2005). Yakkabog‘ (p. 24). Toshkent: Sharq.
G‘ofurov, B., Shoymardonov, I., & To‘xliyev, J. (1997). Yakkabog‘ tumani (p. 115). Toshkent: Sharq.
Опубликован
Загрузки
Как цитировать
Выпуск
Раздел
Лицензия
Copyright (c) 2025 Жамшид Бердиев

Это произведение доступно по лицензии Creative Commons «Attribution» («Атрибуция») 4.0 Всемирная.
