Некоторые соображения по нетрадиционному анализу типологии синтаксических единиц

Авторы

  • Самаркандский государственный институт иностранных языков
Некоторые соображения по нетрадиционному анализу типологии синтаксических единиц

Аннотация

Статья посвящена изучению сравнительно-типологических аспектов синтаксических единиц речи в английском и узбекском языках, выявлению в них изоморфных и алломорфных признаков. Автор использовал точные лингвистические методы при анализе синтаксических единиц и сосредоточился на создании языковых универсалий. Автор предпринял попытку проанализировать элементы речи в английском и узбекском языках в сравнительно-типологическом плане, разделив их на компоненты и синтаксические единицы, а не согласно их классификации в традиционных грамматиках. При компонентном анализе синтаксические отношения между языковыми единицами речи в обоих языках в основном представлены в конъюнктурных моделях, а дифференциальные синтаксические признаки каждого элемента речи и их морфологические формы выражения представлены наглядно посредством компонентных моделей. При анализе синтаксем сравнительно-типологическим путем на синтаксическом уровне изучались дифференциальные синтаксико-семантические особенности каждого элемента, участвующего в речи, их связь с другими синтаксемами на основе определенных синтаксических отношений, а также их варианты. Новаторский подход автора к раскрытию данной темы на синтаксическом уровне, а также эффективное использование им лингвистических методов способствовали эффективности статьи.

Ключевые слова:

синтаксис элемент изоморф алломорф компонент синтаксема юнкцион предикатив модель.

Ingliz va o‘zbek tillarida sintaktik birliklarni aniqlash va tasniflashda turlicha yondashuvlar mavjud. Ayniqsa, morfologik jihatdan ularning tarkibiga ko‘ra aniqlash turlicha bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Ingliz va o‘zbek tillarida sintaktik birliklar tavsifiga doir juda ko‘p fikrlar aytilgan bo‘lishiga qaramasdan, ularning sintaktik qatlamdagi sistemali munosabatlari hamda semantik maydonini qiyosiy-tipologik jihatdan o‘rganish borasida tadqiqot ishlari olib borilmagan. Grammatik materiallarni tadqiq etishda distributiv, transformatsiya, bevosita ishtirokchilarga ajratish tahlil usullari asosida ko‘zga ko‘rinarli ishlar qilingan bo‘lsa-da (Wells, 1989; Turniyazov, 1989), komponent va sintaksemalarga ajratib tahlil qilish usulini qo‘llashni ma’qul deb o‘ylaymiz. An’anaviy grammatikada gapni bosh va ikkinchi darajali bo‘laklarga ajratib tahlil qilishda o‘ziga xos juz’iy kamchiliklar mavjud. Chunki an’anaviy tilshunoslikda sintaktik birliklarga ajratiladigan bo‘laklar  ham gapning bir bo‘lagi deb qaraladi. Bu esa gap bo‘laklarini elementar sintaktik birliklarga ajratish imkonini bermaydi. Undan tashqari, gap tahlilida sintaktik elementlarning semantikasi hisobga olinmaydi. Ammo ushbu maqolada qardosh bo‘lmagan tillar tizimida gapdagi sintaktik birliklarni qiyosiy-tipologik jihatdan o‘rganishga e’tibor qaratiladi. Ushbu masalani tadqiq etishda A.M. Muxin va uning shogirdlari tomonidan yaratilgan lisoniy metoddan foydalanish bizning nazarimizda yuqorida qayd etilgan usullarga xos ayrim kamchilik va nuqsonlarni to‘ldirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur tahlil usuli boshqalaridan farqli ravishda ikki bosqichda amalga oshiriladi. Xususan, boshlang‘ich bosqichda gapdagi elementlar komponentlarga ajratib tahlil qilinadi hamda ushbu bosqichda berilgan elementlarning o‘zaro sintaktik aloqalari aniqlanib, bir-biridan farqlanish usullari yunksion va komponent modellar yordamida ifoda etiladi. 

Ma’lumki, an’anaviy grammatikada sintaktik aloqalar deganda bitishuv, moslashuv va boshqaruvlar tushuniladi (Ilyish, 1971; Barkhudarov, 1966; Becker, 2003). Ammo bu sintaktik aloqalar gaplarning sintaktik tahlilida ko‘zga tashlanmaydi, chunki moslashuv morfologik qatlamda qaralsa, bitishuv va boshqaruvlar leksik qatlamda kuzatiladi. Demak, sintaktik aloqalarni aniqlashda til sathlari bir-biri bilan aralashtirib yuborilgan. Shuning uchun ham mazkur maqolada sintaktik aloqalar yunksion modellar orqali berilishi, hamda gapda ishtirok etgan sintaktik birliklarning differensial sintaktik belgilari komponent modellar yordamida bayon etilishi ko‘zda tutiladi. Mazkur operatsiyalar, asosan, gapdagi yadro komponentlarni aniqlashda eksperiment metoddan, ya’ni tushirib qoldirish transformatsiyasidan foydalanish orqali amalga oshiriladi. Natijada, gapdagi yadro va tobe komponentlar aniqlanib, komponent modellarda sintaktik elementlarning morfologik xususiyatlari ham ko‘rgazmali ravishda qayd etiladi. Demak, gaplarni komponentlarga ajratib tahlil qilish sintagmatik yo‘nalishda gap birliklarini bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish usuli yordamida amalga oshiriladi (Мухин, 1968). Shuningdek, ingliz va o‘zbek tillarida gaplarni komponentlarga ajratib tahlil qilish jarayonida, kesim o‘rnidagi elementlar qiyosiy-tipologik jihatdan tekshirib o‘tiladi.

Ushbu tahlilning navbatdagi bosqichida esa, sintaktik birliklarning differensial sintaktik-semantik belgilari aniqlanib, ularning variantlari hamda ma’lum sintaktik aloqa asosida o‘zaro bog‘lanishi ko‘rsatib beriladi. Gap tahliliga bunday yondashuvning ijobiy natija berishi ba’zi ishlarda ham o‘z isbotini topgan (Maxmudov & Nurmanov, 1983.). Tahlilning bunday shakli paradigmatik rejada amalga oshiriladi. Sintaksemalarga ajratib tahlil qilishda asosan, kategorial differensial sintaktik-semantik belgilardan substansiallik (predmet yoki shaxsni ifodalovchi element), protsessuallik (harakat nomi yoki holatni ifodalovchi element) hamda kvalifakativlik (sifat, hajm, son, holat kabilarni ifodalovchi elementlar) kabilarga e’tibor qaratiladi (Muxin, 1976).

  Ushbu kategorial sintaktik-semantik belgilar tahlili asosida nokategorial belgilarni aniqlash imkoniyati ham paydo bo‘ladi. Gap tahliliga bunday yondashuv sintaktik qatlamda elementar birliklarning quyidagi xususiyatlarini oydinlashtirish imkonini beradi: birinchidan, gap qurilmasidagi sintaktik birliklarning mazmuniy va shakliy xususiyatlarini o‘rganish, ikkinchidan, differensial sintaktik hamda sintaktik-semantik belgilar asosida tasniflash, uchinchidan, gapdagi elementlarni sintaksemalarga ajratishning sintaktik qatlamdagi sintaktik-semantik belgilariga xos sistemali munosabatlarini, shuningdek, har bir sintaksemaning paradigmatik variantlarini aniqlash, to‘rtinchidan, modellashtirish va eksperiment-lisoniy tahlil metodlaridan foydalanish, beshinchidan, elementlar (sintaksemalar), shuningdek, ularga xos variantlarning sistemali munosabatlarini qardosh va qardosh bo‘lmagan tillar tizimida qiyosiy-tipologik jihatdan o‘rganishga keng imkoniyat yaratadi.

     Gapda elementlarni komponentlarga ajratib tahlil qilishda, avvalo gapdagi birliklarning bir-biri bilan bo‘lgan o‘zaro  sintaktik aloqalarini aniqlab, ularni yunksion (junction-aloqa) modellar yordamida ifodalashga e’tibor qaratiladi. Ma’lumki, gap sintaksisning asosiy birligi hisoblanadi, ammo ayrim tilshunoslarning “gap hammaga ma’lum ta’rifga ega bo‘lsa-da, fan uni aniqlashga qiynaladi”  degan fikrni ham uchratish mumkin (Groot, 1987).

Ko‘pchilik tilshunoslar tomonidan e’tirof etilganidek, gapda uchta asosiy belgi mavjud bo‘lib, ular predikativlik, modallik va ohangdan iboratdir. Predikativlik deganda, ega va kesimning o‘zaro munosabati asosida hosil bo‘ladigan gap mundarijasining real voqelikka bo‘lgan munosabatini til vositalari bilan ifodalanishi tushuniladi. Sintaktik modallik esa semantik kategoriyaga mansub bo‘lib, u so‘zlovchining aytiladigan fikrga bo‘lgan sub’ektiv munosabatini hamda aytiladigan fikrning real voqelikka bo‘lgan munosabatini ifodalaydi. Ohang esa fikriy tugallikka ega bo‘lgan gapning o‘ziga xos nutqiy intonatsion butunligidir (Axmanova, 1969). Shunday ekan, har qanday gap sanab o‘tilgan uch  belgiga ko‘ra tavsiflanadigan bo‘lsa, u holda gapni darak, so‘roq, buyruq gaplarga ajratish lozim bo‘ladi. Gapning asosiy yadrosi esa A.M. Muxinning fikriga ko‘ra, ega va kesim bo‘lib, ular o‘rtasidagi sintaktik aloqa yadro predikativ aloqa deyiladi. Sodda yoyiq gaplarda yadro predikativ aloqadan tashqari koordinativ, subordinativ, yadro bo‘lmagan predikativ hamda appozitiv aloqalar ham mavjud (Muxin, 1968). Ma’lumki, kesim gapdagi predikativlikni ta’minlovchi bosh bo‘lak bo‘lib, uning ifodalanishi morfologik jihatdan o‘ziga xos xilma-xillikka egadir. Xususan, ularni gapda quyidagicha tasniflash mumkin: 1) sodda fe’l bilan ifodalangan; 2) fe’l+fe’lning shaxssiz shakli bilan ifodalangan; 3) modal fe’l+infinitiv bilan ifodalangan; 4) to be+sifatdosh II bilan ifodalangan; 5) to be+ot bilan ifodalangan; 6) to be+sifat bilan ifodalangan; 7) to be+son bilan ifodalangan; 8) to be+ravish bilan ifodalangan; 9) to be+olmosh  bilan ifodalangan; 10) to be+gerundiy bilan ifodalangan kesimli gaplar.

Ingliz tilida bo‘lganidek, o‘zbek tilida ham kesim tuzilishiga ko‘ra ikki xil bo‘lishi e’tirof etiladi: sodda kesim va tarkibli kesim. Sodda kesim so‘zning sintetik shaklidan iborat bo‘lib, u yaxlit fe’l bilan ifodalanadi. Tarkibli kesim esa so‘zning analitik shaklidan tashkil topadi. Kesim qaysi so‘z turkumi bilan ifodalanganligiga ko‘ra yana ikkiga bo‘linadi: tarkibli fe’l-kesim va tarkibli ot-kesim. Umuman olganda, kesimlarni fe’l-kesim va ot-kesimga ajratib, ularni ifodalanishiga ko‘ra gapda quyidagicha tasniflash mumkin: 1) yaxlit bir fe’l bilan ifodalangan; 2) etakchi fe’l +ko‘makchi (boshlamoq, yotmoq, turmoq, yurmoq, o‘tirmoq, kelmoq, bormoq, bo‘lmoq, chiqmoq, olmoq, bermoq, qolmoq, qo‘ymoq, ketmoq, yubormoq, tashlamoq, solmoq, tushmoq, ko‘rmoq, boqmoq, bilmoq kabi) fe’lli birikmalar bilan ifodalangan; 3) ot+to‘liqsiz fe’l bilan ifodalangan; 4) ot+bog‘lama vazifasidagi yarim mustaqil fe’llar (bo‘lmoq, hisoblamoq, sanalmoq, atalmoq, tuyulmoq kabilar) bilan ifodalangan; 5) ot(+dan)+iborat so‘zlari bilan ifodalangan; 6) ot+egalik suffiksi+modal so‘zlar (kerak, zarur, lozim, mumkin, shart kabilar) bilan ifodalangan; 7) ish oti+egalik affiksi+kel so‘zi bilan ifodalangan; 8) sifatdosh+egalik affiksi+yo‘q/bor so‘zlari bilan ifodalangan kesimli gaplar (Ўзбек тили грамматикаси, 1976; Кононов, 1960). Har ikkala tilda ham kesim ifodalanishiga ko‘ra tasniflanganda quyidagicha umumiy tipologik guruhlarga bo‘linadi:

 

Ingliz tilida

O‘zbek tilida

1.

Shaxsli fe’l bilan ifodalangan;

Shaxsli fe’l bilan ifodalangan;

2.

Fe’l+fe’lning shaxssiz shakli;

Fe’lning shaxssiz shakli+fe’l;

3.

Modal fe’l+infinitiv; 

Infinitiv+modal so‘z;

4.

To  be+Ot;

Ot+- dir yoki ermoq (emoq);

5.

To  be+Sifat;

Sifat+- dir  yoki ermoq (emoq);

6.

To be+Sifatdoshning o‘tgan zamon shakli;

O‘tgan zamon sifatdosh shakli+ermoq (emoq);

8.

To be +gerundiy;

Harakat nomi+egalik affiksi+kel so‘zi;

9.

To be+boshqa so‘z turkumlari.

Boshqa so‘z turkumlari.

  

  Kesimi sodda fe’l bilan ifodalangan gaplarni komponentlarga ajratib  tahlil qilishdan avval shuni qayd qilish lozimki, ular mustaqil, tugal fikrni ifodalashi uchun gapda asosiy fikrni anglatuvchi ikki element, ya’ni ega va kesim o‘rtasida yadro predikativ aloqa mavjud bo‘lishi zarur (Мухин, 1968, 1970.). Yadro predikativ aloqaning muhim xususiyatlari, asosan ikki hodisa bilan uzviy bog‘liqdir. Birinchidan, boshqa sintaktik aloqalardan farqli o‘laroq, yadro predikativ aloqa boshqa sintaktik aloqalarga tobe bo‘lmagan holda, o‘zi mustaqil fikrni anglatuvchi gapni tuza oladi, ikkinchidan esa, u teng huquqga ega bo‘lgan ikki yadro komponentni o‘zaro bog‘laydi. Shunday qilib, yadro predikativ aloqa ikki o‘zaro teng yadro komponentlarni uzviy bog‘lagani tufayli, modellarni ifodalashda ikki tomonga yo‘naltirilgan va ikki tomonlama ko‘rsatkichga ega bo‘lgan

(                     ) shaklda beriladi. SHuningdek, mazkur sintaktik aloqa gapning asosiy qurilmasini tashkil etuvchi komponentlar o‘rtasida sodir bo‘ladi. Ushbu holatlar yadro predikativ aloqani boshqa sintaktik aloqalardan farqlaydigan asosiy xususiyatlar hisoblanadi. Boshqa sintaktik aloqalar gapning qurilishi jihatidan uning asosiy markazini tashkil eta olmaydi. Chunki yadro predikativ aloqadan tashqari sintaktik aloqalar yadro bo‘lmagan aloqa hisoblanadi. Ingliz va o‘zbek tillarida kesimi sodda fe’l bilan ifodalangan gaplarni komponentlarga ajratib tahlil qilishda gapdagi komponentlar soniga qarab tekshirish maqsadga muvofiqdir. Zotan, ular ikki, uch yoki undan ortiq komponentli gaplarga ajratib tahlil qilinganda gapda yadro bo‘lmagan komponentlarning qaysi sintaktik aloqa yordamida ishtirok etishini, kesim o‘rnida kelgan sintaktik elementga qanday sintaktik aloqa asosida bog‘lanishini aniqlash imkoniyati paydo bo‘ladi. Xususan, bu mulohazalar quyidagi ikki komponentli gaplarni qiyoslash asosida yaqqol ko‘zga tashlanadi:

  1. He drank (CST, 59); Men keldim (AMK, 27);
  2. He hasn’t turned up (PAP, 339). Men tanimayman (KYA, 158).

Kesimi sodda fe’l bilan ifodalangan ikki komponentli gaplardagi elementlarni yunksion model orqali ifodalashda yadroviy elementlar o‘rtasidagi yadro predikativ aloqa yuqorida ta’kidlanganidek, ikki chiziq va ikki tomonga yo‘naltirilgan ko‘rsatkichlar orqali ifodalanadi hamda har bir element shtrix chiziqlar yordamida beriladi. Ko‘rinadiki, yuqorida har ikkala tilda keltirilgan misollar bir xil qurilish hamda yunksion modelga ega bo‘ladi:

 

 

YUM. 1

                         

  Misollarning komponent modeli ham bir xil: NP1. NP2. Bu o‘rinda NP1 – belgisi gapning egasini (N-Nuclear so‘zidan olingan bo‘lib, yadro ma’nosini anglatsa, P1 – predisating - preditsiruyushiy – gap egasining kesim orqali aniqlanishi), NP2 - belgisi esa gapning kesimini  anglatadi (N – Nuclear - yadro ma’nosini anglatsa, P2 – predisated - preditsiruemыy, gapning markazini tashkil etuvchi element  ma’nosini ifodalaydi) (Muxin, 1968, 1976).

  Keltirilgan gaplardagi elementlarning differensial sintaktik belgilari, ya’ni komponent tarkibi bir xil. Shu bois, ularning formal yoki morfologik jihatdan ifodalanishini ham ko‘rsatish maqsadga muvofiqdir. Buning uchun ayrim shartli belgilarni kiritishga to‘g‘ri keladi. Jumladan, mustaqil so‘z turkumlari bilan ifodalangan sintaktik birliklarni bosh harflar orqali ifodalash maqsadga muvofiqdir: S-ot; Sdv-ot+to‘liqsiz fe’l; Sps-ot shaxs qo‘shimchasi bilan ifodalanishi; S1-ot o‘rnini ifodalovchi qo‘shimcha; Sg-otning qaratqich kelishigidagi shakli; Spr-egalik qo‘shimchasi bilan berilgan ot; V-fe’l; Vf-fe’lning finit (shaxsli) shakli; Vinf-fe’lning infinitiv shakli; Pnp-kishilik olmoshi; Pnobj-kishilik olmoshining ob’ekt kelishik shakli; Pnps-egalik olmoshi; Pnind-noaniq olmosh; Pnng-inkor olmoshi; Pndem-ko‘rsatish olmoshi; Pnint-so‘roq olmoshi; Pnr-o‘zlik olmoshi; A-sifat; Apr-shaxsni ifodalovchi qo‘shimchali sifat; Adv-ravish; Nu-son; Vcon-davomlilikni ifodalovchi fe’l; Vg-gerundiy; Ven-fe’lning o‘tgan zamon sifatdoshi; VpI-fe’lning hozirgi zamon sifatdoshi kabilar. Yordamchi elementlar, ya’ni yordamchi fe’l–aux; predlog–p; modal fe’l–m; bog‘lama fe’l–c kabi kichik belgilar bilan ifodalanadi va ular misollar asosida sistemali tarzda komponent modellar orqali quyidagicha yoritilishi  mumkin:

Ingliz tilida:                                   O‘zbek tilida:

He drank.                                              Men keldim.

  1. NP1 . NP2 ; 1.  NP1 . NP2  ;             KM. 1

    Pnp    Vf                                   Pnp     Vfps

He hasn’t  turned up.                 Men tanimayman.

  1. NP1 .   NP2        ;                    2.  NP1  .  NP2      ;                       KM. 2

     Pnp    aux ngVen                               Pnp    Vfng ps

   Komponent modellardan ko‘rinib turibdiki, ingliz tilida sodda fe’l bilan berilgan ikki komponentli fe’lning shaxsli shakli bilan ifodalangan gaplarda kesimning shaxs qo‘shimchasi eksplitsit holda berilmaydi. O‘zbek tilida esa ega kishilik olmoshining uchinchi shaxsi yoki bosh kelishik bilan ifodalanganda ijro va shart maylidagi fe’l kesimlar shaxsni ko‘rsatuvchi maxsus affiks qabul qilmaydi.

   Ingliz va o‘zbek tillarida sof fe’l bilan ifodalangan kesimlarning bir-biriga o‘xshash va farqli tomonlarini shakliy jihatdan ko‘rib chiqdik.

Gap birliklari semantikasiga turlicha yondashuvlar mavjud. Ba’zi olimlar ularni semantik anglash faqat uning semiotik talqinida namoyon bo‘lishini ta’kidlasalar (Cook, 1994), boshqa birlari esa gapdagi birliklarning semantikasi struktur ierarxiya orqali aniqlanishi mumkinligini ko‘rsatadi (Теньер, 1988).  Bundan tashqari gapdagi har bir elementning semantikasi uning nutqda qo‘llanilishiga bog‘liqligini ta’kidlab o‘tilgan fikrlarni ham uchratish mumkin (Gruber, 1996).

Ushbu maqolada esa, elementlarning differensial sintaktik-semantik belgilarini aniqlashda yunksion va komponent modellarga tayangan holda ish olib boriladi. Ya’ni, gaplarni komponent va sintaksemalarga ajratib tahlil qilish o‘zaro bir-birini to‘lg‘azadi. Shu bois ushbu maqoladan ko‘zlangan maqsad elementlarning differensial sintaktik va semantik belgilarini aniqlash, ularning tipologiyasini hamda har ikkala tilda sintaktik elementlardagi izomorflik va allomorflik ko‘rinishlarini topish, ularning ifoda variantlarini izohlash, hamda u yoki bu sintaktik aloqalar yordamida qanday differensial sintaktik va semantik belgilar bilan birika olishini yoritishdan iboratdir. Sintaksemalarga ajratib tahlil qilishda shunisi muhimki, bir xil yunksion va komponent modellarga tushgan gaplarda turli xil differensial sintaktik va semantik belgilar mujassamlashgan holatni ko‘rishimiz mumkin.

Umuman, gapdagi elementlarni sintaksemalarga ajratib tahlil qilish har bir elementning u yoki bu o‘rinda sintaktik qatlamdagi semantik maydonini aniqlashda namoyon bo‘ladi. Masalan, muayyan element har ikkala tilda turlicha komponentli gaplarda turli o‘rinlarda kelib, har xil semantik maydonga ega bo‘lishi mumkin. Ingliz tilidagi a ren va o‘zbek tilidagi ruchka so‘zini olsak, quyidagi gaplarda yuqorida aytilgan fikrning guvohi bo‘lishimiz mumkin: 

1. I buy a pen.                                 

Men ruchka sotib olaman.

2. A pen writes.                               

Ruchka yozadi.

3. I write with a pen.                      

Men ruchka bilan yozaman.

Agarda pen, ruchka so‘zlarining leksik ma’nosidan kelib chiqadigan bo‘lsak, bu so‘zlar predmetni ifoda etadi, ammo sintaktik qatlamda har xil semantik maydonga ega bo‘ladi. Birinchi gapda a pen, ruchka so‘zlari kategorial belgilardan substansiallikka ega bo‘lib, nokategorial belgilardan esa ob’ektlik, ikkinchi gapda agentivlik (harakat ijrochisi) belgisini oladi. Uchinchi gapda esa substansiallik belgisidan tashqari with a pen, ruchka bilan so‘zlari instrumentallik (vosita) belgisiga ega bo‘ladi. Bu gaplarning sintaksem modellari quyidagichadir:

Ingliz tilida:                                        O‘zbek tilida:

(1) SbAg . PrAc . SbOb;                                (1) SbAg .  SbOb . PrAc;

(2) SbAg . PrAc;                                            (2) SbAg . PrAc;

(3) SbAg . PrAc . SbIns.                                (3) SbAg .  SbIns . PrAc.

Ko‘rinib turibdiki, pen, ruchka so‘zlari sintaktik qatlamda har ikkala tildagi gaplarda kategorial belgilardan substansialikka ega bo‘lsa, nokategorial differensial sintaktik-semantik belgilardan turli o‘rinlarda turlicha, ya’ni ob’ektlik, agentivlik, instrumentallik belgilarini mujassamlashtiradi.

Sintaksemalarga ajratib tahlil qilish, asosan, uchta kategorial belgi ya’ni protsessuallik, substansiallik va kvalifikativlik (Мухин, 1980) asosida olib boriladi. Ular asosida esa sintaktik birliklarning bir qancha nokategorial belgilari aniqlanadi. Shu bois ishda yuqorida aytib o‘tilgan kategorial belgilar 1) sintaktik birliklar o‘rnidagi protsessual sintaksemalar tipologiyasi; 2) sintaktik birliklar o‘rnidagi substansial sintaksemalar tipologiyasi; 3) sintaktik birliklar o‘rnidagi kvalifikativ sintaksemalar tipologiyasi kabi guruhlarga ajratilgan holda tavsiflanadi.

Ushbu kategorial differensial sintaktik–semantik belgilar yordamida ularning har biri yana bir necha nokategorial turlarga bo‘linadi. Jumladan, kategorial belgilardan protsessuallik asosida aktiv, stativ, ekzistensial sintaksemalar aniqlangan bo‘lsa, kvalifikativ sintaksemaning nokategorial belgilaridan kvalifikativ-stativ, kvalitativ, kvantitativ sintaksemalar, substansiallik kategorial belgisi asosida nokategorial belgilardan identifikatsiyalashtiruvchi aktivlik, kvalitativlik, negativlik kabilar aniqlash mumkin.

Xulosa qilib aytganda ingliz va o‘zbek tillarida kesim asosida gapdagi birliklarni komponent va sintaksemalarga ajratib tahlil qilish asosida gapdagi sintaktik birliklarning sistem munosabatlarini aniqlash bilan birga, ularning o‘zaro munosabatlarini oydinlashtirishga ham yordam beradi.

Библиографические ссылки

Akhmanova, O.S. (1969). Slovar' lingvisticheskikh terminov (pp. 180, 237, 346). SE.

Maxmudov, N., & Nurmonov, A. (1995). O‘zbek tilining nazariy grammatikasi. (Sintaksis) (pp. 61-63). O‘qituvchi.

Safarov, Sh. S. (1983). Printsipy sistemno-semanticheskogo analiza sintaksicheskikh yedinits (pp. 36-38). Tashkent.

Mukhin, A.M. (1976). Lingvisticheskiy analiz: Teoreticheskiye i metodologicheskiye problemy (pp. 105-106). Nauka.

Mukhin, A.M. (1980). Sintaksemskiy analiz i problemy urovney yazyka (p. 155). Nauka.

Tenyer, L. (1988). Osnova strukturnogo sintaksisa (p. 53). (G. V. Stepanov, Predisloviye; V. G. Gak, Vstup. stat'ya i obshch. red.). Progress.

Turniyozov, N.Q. (1989). O‘zbek tili struktural sintaksisiga kirish (pp. 8-23). Samarqand. O‘zbek tili grammatikasi (1976). T. 2 (pp. 129-136). Fan.

Yusupov, U.K. (1983). Problemy sopostavitel'noy lingvistiki [Avtoref. ... dok. filol. nauk] (p. 8). M.

Becker, T. (2003). Back-formation, and “Bracketing paradoxes” in paradigmatic morphology. Yearbook of Morphology, 10. London: Arnold.

Cook, G. (1994). Discourse and literature (p. 242). Oxford University Press.

Groot, A.De. (1987). Subject-predicative analysis. Lingua, 3, 2.

Gruber, J.S. (1996). Lexical structures in syntax and semantics (pp. 48-49). Amsterdam.

Ilyish, B.A. (1971). The structure of Modern English (pp. 181-183). Просвещение.

Barkhudaro, L.S. (1966). Struktura prostogo predlozheniya sovremennogo angliyskogo yazyka (pp. 28-29). Vysshaya shkola.

Wells, R.S. (1989). Immediate constituents. Language, 23(2), 88. Baltimore.

Опубликован

Загрузки

Биография автора

Шахобиддин Ашуров ,
Самаркандский государственный институт иностранных языков

Кандидат филологических наук, профессор

Как цитировать

Ашуров , Ш. (2025). Некоторые соображения по нетрадиционному анализу типологии синтаксических единиц. Лингвоспектр, 2(1), 108–114. извлечено от https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/393

Похожие статьи

1 2 3 4 5 > >> 

Вы также можете начать расширеннвй поиск похожих статей для этой статьи.