Развитие образовательной деятельности музеев Узбекистана

Авторы

  • Национальный институт художеств и дизайна имени Камолиддина Бехзода
O‘zbekiston muzeylarining ta’limiy faoliyatining rivojlanishi

Аннотация

В статье анализируется образовательная деятельность музеев Узбекистана и их роль в знакомстве молодежи с историческим и культурным наследием. В начале XXI века музеи внедрили интерактивные педагогические методы и программы для привлечения молодежи к искусству и культуре. Организуются специальные экскурсии и выставки для детей и молодежи, подчеркивается необходимость укрепления сотрудничества с учебными заведениями. Исследование предлагает усовершенствование методологических подходов для более эффективной организации музейной деятельности.

Ключевые слова:

Музеи Узбекистана образовательная деятельность историческое наследие детский музей интерактивная педагогика молодежь.

 

XXI asrning boshlariga kelib, O‘zbekiston muzeylarida o‘quvchilar va talabalar bilan ishlash jarayonlari sezilarli darajada faollashdi. Bu jarayon, o‘z navbatida, o‘quvchilarning turli yosh guruhlari, jumladan, maktabgacha tarbiya muassasalari, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari, litsey va kollejlardagi talabalari va oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun alohida tashkil etilgan. Muzey mutaxassislari har bir guruh bilan maxsus yondoshuvlar asosida ishlamoqdalar. O‘quvchilar bilan ishlashda amalga oshirilayotgan tajribalar so‘nggi yillarda yangi yo‘nalishlarda rivojlanib bormoqda. Biroq, maktabgacha tarbiya muassasalari bilan aloqalar shakllari hali ham o‘zining to‘liq yechimini topmagan. Shuningdek, ushbu sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan amaliy vazifalar va metodologik yechimlar hozirgi kunga qadar aniq belgilangan emas. Bu esa, muzeylar bilan ishlashda yoshlarning ma’naviy, estetik va ta’limiy rivojlanishiga samarali ta’sir ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan yangilanishlarni amalga oshirishni talab qiladi.

Yosh avlodni tarixiy va madaniy merosga nisbatan qiziqish va hurmatni shakllantirish, shuningdek, ularni ilmiy, estetik va ma’naviy jihatdan tarbiyalashda muzeylarning roli beqiyosdir. Biroq, bu jarayonni yanada samarali tashkil etish uchun ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kuchaytirish, yoshlarning muzeylarga nisbatan qiziqishini oshirish va o‘quv dasturlariga integratsiyalashgan interfaol yondoshuvlarni joriy etish zarur.

O‘zbekiston Respublikasida so‘nggi yillarda yosh avlodning tarixiy-madaniy meros bilan tanishuvini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, muzeylarga tashrif buyuruvchilarning asosiy qismini aynan maktab o‘quvchilari tashkil etayotgani ta’lim bilan muzeylar o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni namoyon etadi. Shu nuqtai nazardan, 2010-yil 12-aprelda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 68-sonli “O‘zbekiston Respublikasining “Muzeylar to‘g‘risida”gi Qonunini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.[5] Mazkur hujjatda 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun davlat muzeylarida saqlanayotgan eksponatlar va kolleksiyalarni har oyda bir marta bepul tomosha qilish huquqi belgilandi. Bu qaror bolalarni muzey muhitiga jalb etish, ularning tarixiy tafakkurini shakllantirish va madaniy ongini yuksaltirishda muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Shuningdek, bu doirada muzeylarda fanlar kesimida — tarix, adabiyot, san’at va boshqa sohalar bilan bog‘liq mashg‘ulotlarni tashkil etish, o‘quvchilar olgan bilimlarni amaliyotda mustahkamlash, milliy qadriyatlar, tarixiy shaxslar hayoti va ijodiga oid ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Amaliy tajriba shuni ko‘rsatadiki, bolalarning muzeylarga doimiy jalb qilinishi nafaqat ularning tarixiy merosga qiziqishini oshiradi, balki keng qamrovli tarbiyaviy samaradorlikka erishishda ham muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi. Shu bois, ushbu qarorning ijrosi o‘z vaqtida yosh avlodni estetik, ma’naviy va intellektual tarbiyalash tizimida muhim innovatsion qadam sifatida e’tirof etiladi.

2014 yil 11 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat muzeylarining bolalar va ularning ota-onalari uchun ochiqligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 189-sonli qarori qabul qilingan bo‘lib, ushbu hujjat mamlakatimizdagi muzeylar faoliyatida bolalar tarbiyasi va oilaviy ma’naviyat masalalariga e’tibor kuchayganini ko‘rsatadi. Qaror doirasida joriy etilgan tashabbuslar bolalarning madaniy merosni anglab yetishi, ta’lim-tarbiya jarayonini boyitish va muzeylar faoliyatini keng jamoatchilikka yaqinlashtirishga qaratilgan.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida 2014 yil 2–8 sentabr kunlari respublika miqyosida “Muzeylar haftaligi” nomi ostida keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Ushbu haftalik davomida barcha davlat muzeylariga aholining, ayniqsa bolalar va yoshlarning bepul tashrif buyurishi uchun sharoit yaratildi. Tadbirlar doirasida yurtimizdagi 41 ta muzeyda umumiy hisobda 180 dan ortiq turli yo‘nalishdagi madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, “Mustaqillik — faxrimiz”, “Yurt ziyosi”, “Andijon — istiqlol yillarida” kabi mavzulardagi uchrashuv va ma’naviy kechalar, shuningdek, bolalar uchun mo‘ljallangan amaliy mashg‘ulotlar (“Milliy an’anaviy o‘yinlar”, “Yosh geologlar klubi”, “Shahrimiz tarixiga oid viktorina”, “Yosh rassomlar maydonchasi”, “Baxtli bolalar olami”, “Etnografiyaga sayohat”) katta qiziqish uyg‘otdi.

Mazkur tadbirlarda 100 mingdan ortiq fuqarolar ishtirok etdi, ularning yarmidan ko‘p qismini o‘quvchi va talaba yoshlar tashkil etdi. Ijtimoiy va madaniy soha vakillaridan — 110 nafar taniqli adabiyotshunos va shoir, 120 nafardan ortiq rassom va hunarmandlar, shuningdek 77 ta xalq ijodiy jamoalari ham faol ishtirok etdi. Bunday tashabbuslar muzeylarni ta’lim-tarbiya jarayonining muhim bo‘g‘ini sifatida jamiyatga tanitishda, yosh avlodni milliy merosga hurmat ruhida tarbiyalashda hamda ularda mustaqil fikrlash va faol fuqarolik ongini shakllantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.[3]

O‘zbekistondagi badiiy muzeylar orasida yosh avlod bilan tizimli va samarali ishlash tajribasi bilan ajralib turadigan muassasalardan biri bu I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat san’at muzeyidir. Ushbu muzey nafaqat rejalashtirilgan o‘quv-ma’rifiy faoliyatni amalga oshirib kelmoqda (ko‘chma ekspozitsiyalar, tematik leksiyalar, san’atkorlar va madaniyat namoyandalari bilan uchrashuvlar, ijodiy mashg‘ulotlar), balki keng qamrovli xalqaro miqyosdagi tashabbuslarni ham faol yo‘lga qo‘ygan. Xususan, 2003-yildan boshlab muzey tomonidan YUNESKO bilan hamkorlikda ingliz tadqiqotchisi Nevell Mak Beyn tomonidan ilgari surilgan “Museum on Wheels” (“Harakatdagi muzey”) loyihasi asosida ta’limiy faoliyat boshlangan. Loyihaning bosh maqsadi – o‘quvchilarda badiiy didni shakllantirish, ularni jahon va milliy san’at yutuqlari bilan tanishtirish orqali muzeylarga qiziqishni oshirishdan iborat.

Mazkur loyiha doirasida maxsus tashkil etilgan guruh har oy Qoraqalpog‘istonning turli tuman va qishloq maktablariga tashrif buyurib, mahalliy xalq san’ati, rassomlik namunalari, tarixiy va madaniy meros haqida ma’lumotlar beradi. O‘quvchilarga mo‘ljallangan ma’ruzalar, musobaqalar, viktorinalar, interaktiv darslar tashkil qilinadi. Eng faol ishtirokchilar uchun esa muzeyga bepul ekskursiyalar uyushtiriladi. Loyihaning dastlabki ikki yilida Qoraqalpog‘iston Respublikasining yetti tumanidagi maktablardan qariyb 30 ming nafar o‘quvchi loyihaga jalb qilingan. Ulardan 4 ming nafari esa san’atga oid ma’ruzalarni tinglab, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzeyga tashrif buyurish imkoniga ega bo‘lgan. Shuningdek, mazkur san’at muassasasida bolalarning estetik tarbiyasini shakllantirishga qaratilgan ijodiy to‘garaklar faoliyati ham samarali yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, “Yosh rassomlar” va “Amaliy san’at ixlosmandlari” to‘garaklari bilan bir qatorda, “Yosh gidlar” hamda “Yosh san’atshunoslar” klublari ham faoliyat yuritib, o‘quvchilar orasida san’atga bo‘lgan qiziqishni oshirishga xizmat qilmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bu kabi innovatsion loyihalar O‘zbekistonda muzeylar ta’limiy platforma sifatida faoliyat olib borayotganining yorqin namunasidir. Bunday tashabbuslar orqali bolalarda san’at va madaniyatga bo‘lgan qiziqish uyg‘otiladi, milliy qadriyatlarga hurmat shakllanadi hamda estetik tafakkur rivojlanishiga zamin yaratiladi.[2]

Shu bilan birga, amaldagi badiiy muzeylarimizda bolalar va o‘smirlar bilan olib borilayotgan pedagogik ishlar jarayonida qator tizimli muammolar mavjudligi kuzatilmoqda. Avvalo, aynan bolalar auditoriyasi uchun mo‘ljallangan ekskursiya dasturlarining yetarli darajada ishlab chiqilmaganligi, maktablar bilan hamkorlik aloqalarining muntazam yo‘lga qo‘yilmaganligi, bolalar uchun maxsus ko‘rgazmalarning kam tashkil etilishi kabi masalalar dolzarb bo‘lib qolmoqda. Ushbu kamchiliklar muzey-pedagogika faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha aniq rejalashtirilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilishini talab etadi.Bu muammolarni hal qilish orqali muzeylar yoshlar tarbiyasi va ta’limida yanada faol ishtirok etuvchi, zamonaviy va innovatsion pedagogik markazlarga aylanishi mumkin.

O‘zbekiston hududida faoliyat yuritayotgan tarixiy yo‘nalishdagi muzeylar tomonidan amalga oshirilayotgan ta’limiy ishlar yosh avlodni tarixiy xotira va madaniy merosga jalb etishda muhim o‘rin tutadi. Tarix muzeylarining o‘quv-tarbiyaviy faoliyati esa nafaqat mavjud ekspozitsiyalar va kolleksiyalar asosida olib boriladi, balki u tarixiy ob’yektlarning o‘rganilishi, ilmiy izlanishlar natijalari, metodik-uslubiy yondashuvlar, ekspozitsiya tuzish jarayonlari hamda ilmiy-ommabop nashrlar bilan chambarchas bog‘liqdir.[4] Shuningdek, mazkur faoliyatni yanada takomillashtirish uchun maktab o‘quvchilarini tarix, arxeologiya va madaniyatshunoslik fanlariga qiziqtirish maqsadida interfaol pedagogik metodlardan keng foydalanish zarurati mavjud.

O‘zbekiston muzeylarida eksponatlar orqali tomoshabinlarning ma’naviy-estetik dunyoqarashini shakllantirishga yo‘naltirilgan metodik yondashuvlarga nisbatan tizimli e’tibor nisbatan kechroq yo‘lga qo‘yildi. Ayni yo‘nalishdagi dastlabki innovatsion loyiha sifatida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi tarkibida tashkil etilgan “Mo‘jizalar olamida” nomli bolalar muzeyini misol qilib keltirish mumkin. Mazkur pedagogik platforma 4 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar auditoriyasini qamrab olishga mo‘ljallangan bo‘lib, ularning tarixiy tafakkurini rivojlantirish, tarixiy muhitni his qilish, shuningdek, interaktiv faoliyat orqali tarixiy bilimlarni mustahkamlash imkonini beradi.

Ushbu bolalar muzeyi 2011-yil 19-avgustda tashkil etilgan bo‘lib, uning tuzilmasi bolalar psixologiyasi, yosh xususiyatlari va didaktik talablarni inobatga olgan holda shakllantirilgan. Muzeyda bolalar nafaqat tomoshabin sifatida ishtirok etadi, balki mustaqil mashg‘ulotlar, guruhiy loyiha ishlari va amaliy tajriba asosida tarixiy obyektlarni idrok etish jarayoniga faol jalb etiladi. Xususan, “Yosh arxeologlar” bo‘limi bolalarni arxeologik izlanishlarga jalb etish, tarixiy qazilma jarayonlarini ko‘zdan kechirish, numizmatika asoslari bilan tanishtirish, tangalar asosida davr aniqlash ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirilgan. Bu bo‘lim orqali bolalar qadimiy davrlar, mehnat qurollari, manzilgohlar, tosh, bronza, antik va ilk o‘rta asrlar davridagi madaniyatlar bilan tanishadi. Mashg‘ulotlar interaktiv tarzda, kognitiv pedagogika asosida olib boriladi.

“Yozuv tarixi” bo‘limida esa bolalarga insoniyat tarixida muhim o‘rin egallagan yozuv tizimlarining evolyutsiyasi haqida ma’lumot beriladi. Bu yerda ular oromiy, suғd, grek, arab kabi yozuv tizimlari bilan tanishibgina qolmay, o‘zlari ham mazkur yozuvlarni yozib ko‘rish orqali epigrafik madaniyatga qiziqish hosil qiladilar. Ekspozitsiyada ko‘rgazmali materiallar asosida qadimiy yozuvlarning estetik va funksional xususiyatlari yoritilgan. Shuningdek, “Yosh kulol” bo‘limida bolalar xalq amaliy san’atining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan kulolchilik bilan tanishadi. Ular loydan turli buyumlar, shakllar va o‘yinchoqlar yasash orqali amaliy san’at bo‘yicha dastlabki ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar. Muzey tarkibida milliy liboslar, tasviriy san’at, O‘zbekistonning tabiiy ne’matlariga bag‘ishlangan bo‘limlar ham mavjud bo‘lib, ular bolalar estetik didini rivojlantirish va madaniy tafakkurini shakllantirishda muhim vosita vazifasini bajaradi[1].

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston muzeylarining ta’limiy faoliyatini rivojlantirish uchun innovatsion pedagogik yondoshuvlar, zamonaviy ta’lim metodlari va maktablar bilan yanada yaqin hamkorlik zarur. Bu, o‘z navbatida, yosh avlodni tarixiy va madaniy merosga hurmat ruhida tarbiyalashda, ularning estetik va intellektual rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi.

Опубликован

Загрузки

Биография автора

Хакимжон Шодмонов ,
Национальный институт художеств и дизайна имени Камолиддина Бехзода

Исследователь

Как цитировать

Шодмонов , Х. (2025). Развитие образовательной деятельности музеев Узбекистана. Лингвоспектр, 4(1), 1150–1153. извлечено от https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/758

Похожие статьи

<< < 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 > >> 

Вы также можете начать расширеннвй поиск похожих статей для этой статьи.