Methodology for developing functional literacy in primary school students

Authors

  • Namangan State University
Методика развития функциональной грамотности учащихся начальной школы

Abstract

This article discusses the methodology for developing functional literacy in primary school students. The essence of functional literacy, its role in the modern educational process, and the features of its formation in young students are scientifically analyzed. The article shows the role of literary texts, interactive methods, and modern information technologies in developing students' reading, writing, listening comprehension, and communication competencies. Also, the teacher's methodological approaches, innovative strategies, and national and international experiences in developing functional literacy are comparatively studied. The results of the research are aimed at increasing the effectiveness of education in primary school students, forming independent thinking, and expanding the opportunities for applying practical knowledge to everyday life.

Keywords:

Boshlang‘ich sinf funksional savodxonlik metodika kompetensiya interfaol usullar badiiy matn innovatsion texnologiyalar ta’lim samaradorligi mustaqil fikrlash amaliy ko‘nikma

Kirish

Bugungi kunda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida funksional savodxonlikni rivojlantirishga qaratilgan samarali pedagogik yondashuvlar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilgan. Masalan, Finlyandiya ta’lim tizimi o‘quvchilarda faqatgina o‘qish va yozish ko‘nikmalarini emas, balki mustaqil fikrlash, tanqidiy mulohaza yuritish hamda ijodiy yondashuv asosida muammolarga yechim topish qobiliyatini shakllantirishni ham o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Bu jihatlar funksional savodxonlikni rivojlantirishning asosiy omillari sifatida e’tirof etiladi. Singapurda esa funksional savodxonlik ta’lim jarayonining ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib, u fanlararo integrativ yondashuv asosida shakllantiriladi. Mamlakat ta’lim siyosatida o‘quvchilarning kundalik hayotdagi voqeliklarni o‘rganishga qiziqishini oshirish va bilimlarni amaliy faoliyatda qo‘llash imkoniyatini yaratishga alohida e’tibor qaratiladi. Ushbu tajribalar xalqaro tashkilotlarning 2030 yilgacha “Butun umr sifatli ta’lim olish imkonini ta’minlash” vazifasiga uyg‘un holda olib borilmoqda. Shuningdek, mazkur yondashuvlarning samaradorligi PISA va PIRLS kabi xalqaro baholash dasturlarida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Bu esa boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida funksional savodxonlikni shakllantirish jarayonini yanada integrativ va samarali qilish zarurligini ko‘rsatadi.

Hozirgi kunda dunyoning ko‘plab yetakchi ilmiy markazlarida boshlang‘ich ta’lim sifatini oshirishga oid dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan tadqiqotlar olib borilmoqda. Jumladan, AQShdagi Stenford universiteti hamda Yaponiyadagi Tokio universiteti kabi nufuzli ilmiy muassasalarda zamonaviy ta’lim konsepsiyalari o‘rganilib, ularni amaliy sinf jarayonlariga tatbiq etish yo‘nalishida innovatsion tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Singapur ta’lim vazirligi olib borgan tadqiqotlar esa o‘quvchilarda kundalik hayotda uchraydigan real vaziyatlarni hal qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish funksional savodxonlikni yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega ekanini tasdiqlamoqda. Boshlang‘ich ta’lim jarayonida o‘quvchilarning maktabda egallagan nazariy bilimlarini hayotiy vaziyatlarda qo‘llash, ijodkorlik asosida muammolarga yechim topa olish layoqatini shakllantirish hamda jamiyatning tezkor o‘zgarishlariga moslashuvchan shaxsni tarbiyalash bugungi ta’limning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. Ta’lim sifati va samaradorligini o‘lchashda xalqaro baholash dasturlari - PISA (o‘quvchilarning ta’lim yutuqlarini aniqlash dasturi), PIRLS (matnni o‘qish va tushunish darajasini baholash dasturi), TIMSS (matematika va tabiiy fanlarni o‘zlashtirish darajasini tadqiq qiluvchi dastur) alohida o‘rin tutadi. Ularni milliy ta’lim tizimiga tatbiq etish bugungi kunda dolzarb vazifa hisoblanadi.

Respublikamiz ta’lim tizimida kompetensiyaviy yondashuvni keng joriy etish hamda “2030 yilga kelib PISA xalqaro miqyosda o‘quvchilarni baholash dasturi reytingi bo‘yicha jahonning birinchi 30 ta ilg‘or mamlakati qatoriga kirishiga erishish” maqsadi xalq ta’limi tizimini uzoq muddatli rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Uzluksiz ta’lim tizimining asosiy bosqichi hisoblangan boshlang‘ich ta’limda o‘quvchilarda tayanch kompetensiyalarni shakllantirish va funksional savodxonlikni rivojlantirish ta’lim samaradorligini oshirishning muhim omillaridan sanaladi. O‘quvchilarning shaxsiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, kreativ va mantiqiy tafakkurni rivojlantirish, zamonaviy ijtimoiy ko‘nikmalarni (mustaqil faoliyat yuritish, loyihaviy yondashuv, o‘zini tahlil qilish, qobiliyatlarni namoyon etish, bilimlarni amaliyotda qo‘llash) shakllantirish jarayoni funksional savodxonlikni xalqaro baholash tizimlari bilan uyg‘unlashtirishni talab etadi. Shu sababli mazkur masala ilmiy jamoatchilik tomonidan chuqur tadqiq etilishi dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston Respublikasida ta’lim tizimini tubdan isloh qilish va uni xalqaro standartlarga moslashtirish borasida qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Jumladan, Prezidentning 2022 yil 28 yanvardagi PF-60-son “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”, 2018 yil 25 yanvardagi PF-5313-son “Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, 2019 yil 29 apreldagi PF-5712-son “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmonlari shular jumlasidandir.

Adabiyotlar tahlili

XX asr davomida savodxonlikni shakllantirish masalasi faqatgina bolalar ta’limi bilan cheklanmay, balki kattalar aholisi uchun ham muhim ijtimoiy muammo sifatida namoyon bo‘ldi. Shu bois mazkur tushuncha ilmiy tadqiqotlarda kengroq talqin qilina boshladi va uning mazmuni nafaqat bilimlarni egallash, balki faoliyatga yo‘naltirilgan amaliy jihatlarni ham o‘z ichiga oladigan darajada boyidi.

Xorijiy olimlarning ilmiy izlanishlarida savodxonlik tushunchasi, xususan funksional savodxonlikni shakllantirish va rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar keng yoritilgan. Adabiyotlarda savodxonlik ta’limi, uning mazmuni va savodxonlik madaniyatiga oid xususiyatlar turli jihatlarda tahlil qilingan. Jumladan, S.White, A.A.Shtes, I.Y.Aleksashina, L.M.Perminova, V.S.Basyuk, G.S.Kovaleva, N.F.Vinogradova, M.I.Kuznesova, S.G.Vershlovskiy va boshqa tadqiqotchilarning ilmiy ishlari bu borada alohida ahamiyat kasb etadi [9; 10].

“Funksional savodxonlik” tushunchasi turli mamlakat olimlari tomonidan keng tadqiq etilgan. Xususan, xorijiy tadqiqotchilar A.Shlyayxer, M.Cole va S.Skribner, I.Kirsh va J.Gutrilar, S.White hamda MDH mamlakatlari olimlari S.Tangyan, V.Maskevich, S.Krupnik, A.Leontyev, O.Lebedev, P.Atutov, V.Yermolenko, A.Novikov, L.Perminova va boshqa pedagoglarning ilmiy izlanishlarida ushbu masalaning nazariy va amaliy jihatlari atroflicha o‘rganilgan.

Respublika olimlari ham funksional savodxonlikni shakllantirish masalasini turli yo‘nalishlarda tadqiq etib kelmoqdalar. Xususan, M.Jumayev, A.Kudratova, K.Boymenova, U.Inoyatov, B.Xodjayev, M.Vahobov, O.Qo‘ysinov va D.M.Mamatqulov o‘quvchilarda ijodiy faoliyat, mustaqil fikrlash va bilish faolligini rivojlantirishning nazariy-amaliy asoslarini tahlil qilganlar. I.E.Shernazarov va D.M.Maxmudova ta’lim texnologiyalari orqali funksional savodxonlikni rivojlantirishni o‘rgangan. Shuningdek, A.Radjiyev, A.Ismailov, X.Daminov, Q.Karimberdiyev, G.Tog‘ayeva, N.Karimov, Z.Kosimova, G.Pirimov, D.Asqarova, S.Akbarova, D.Norboyeva, D.Manapova, M.Uralova, B.Haydarov, H.Ahmedov, M.Maxsudov, M.Boymuratova, E.Tursunov kabi olimlar xalqaro baholash dasturlarida ishtirok etish, unga tayyorgarlik, ilmiy savodxonlikni oshirish va baholash topshiriqlarini ishlab chiqish masalalariga e’tibor qaratganlar.

Xorijiy davlatlarda funksional savodxonlik tushunchasi nafaqat ta’lim metodikasi, balki shaxs rivoji, kognitiv psixologiya va baholash tizimlari kontekstida ham keng o‘rganilgan. Jumladan, M.Lindquist, R.Philpot, V.Ina, C.Mullis, K.Cotter, A.Victoria, L.Centurino, R.Jones, Kelly, Martin kabi tadqiqotchilar xalqaro baholash dasturlari - TIMSS va PIRLS doirasida funksional savodxonlikni aniqlash mezonlari, o‘quvchilar bilimlarini diagnostika qilish metodlarini ishlab chiqqanlar. Shuningdek, R.Tayler, J.Gilford, B.Blum, D.Xeynot, B.Bitinas, R.Gagne, P.Galperin, D.Gilford, A.Matyushkin, Ch.Nosal, M.Oboro singari olimlar ta’lim jarayonida o‘quvchilarning bilish faoliyati, ijodiy qobiliyatlari va mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish nazariyasini ishlab chiqqanlar.

Tahlillar va natijalar

Bugungi globallashuv jarayonida ta’lim tizimining asosiy vazifalaridan biri – o‘quvchilarni nafaqat bilim va ko‘nikmalarga ega qilish, balki ulardan hayotiy vaziyatlarda samarali foydalanishga o‘rgatishdan iborat. Shu nuqtai nazardan, boshlang‘ich sinfda funksional savodxonlikni shakllantirish alohida ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etadi.

Boshlang‘ich ta’lim o‘quvchilarning bilish faoliyatiga eng sezilarli ta’sir ko‘rsatadigan bosqich bo‘lib, unda o‘qish, yozish, muloqot, matematik hisob-kitob, axborot bilan ishlash, ijodiy fikrlash va mustaqil qaror qabul qilish kabi asosiy kompetensiyalar shakllanadi. Mazkur ko‘nikmalar esa keyingi ta’lim bosqichlari va real hayotiy faoliyatning muvaffaqiyatli kechishi uchun zarur poydevor bo‘lib xizmat qiladi (Vygotsky, 1978).

Xalqaro tadqiqotlar (PISA, PIRLS, TIMSS) natijalari shuni ko‘rsatadiki, o‘quvchilarda savodxonlikning turli shakllarini (o‘qish, matematik, ilmiy, moliyaviy, raqamli va ijodiy savodxonlik) rivojlantirish ta’lim sifatini oshirishning eng muhim mezonlaridan biridir. Shu bois O‘zbekistonda ham ta’lim siyosatida funksional savodxonlikni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda(OECD, 2022).

Metodik yondashuv nuqtai nazaridan, funksional savodxonlikni shakllantirishda quyidagi omillar muhim:

  1. Fanlararo integratsiya – o‘quv fanlarini hayotiy misollar va kundalik vaziyatlar bilan bog‘lash.
  2. Interfaol metodlar – muammoli vaziyatlarni hal etish, loyiha asosida ishlash, kichik guruhlarda fikr almashish.
  3. Axborot texnologiyalaridan foydalanish – raqamli platformalar, onlayn resurslar va multimedialardan samarali foydalanish.
  4. Badiiy asarlar va adabiyotlar bilan ishlash – o‘quvchilarni o‘qish orqali tafakkurini kengaytirish va tanqidiy fikrlashga undash.
  5. Hayotiy vaziyatlarni modellashtirish – o‘quvchilarni real muammolarni hal etishga yo‘naltirish.

Shuningdek, funksional savodxonlikni shakllantirish jarayonida o‘qituvchining metodik mahorati, darsliklar sifati, o‘quvchilarning yosh va psixologik xususiyatlarini hisobga olish katta ahamiyatga ega.

Boshlang‘ich sinflarda funksional savodxonlikni rivojlantirish o‘quvchilarning nafaqat ta’limdagi muvaffaqiyatini, balki ularning kelajakdagi ijtimoiy hayotda faol, mustaqil va mas’uliyatli shaxs bo‘lib shakllanishini ta’minlaydi.

Funksional savodxonlik – bu insonning hayotiy faoliyat jarayonida uchraydigan turli muammolarni hal etishda egallagan bilim, ko‘nikma va malakalaridan samarali foydalanish qobiliyatidir. Funksional savodli shaxs – bu jamiyatda o‘zini yo‘naltira oladigan, ijtimoiy qadriyatlar, umidlar va manfaatlarga mos ravishda ongli harakat qiladigan shaxsdir. Bugungi kunda ta’lim oldida turgan eng muhim vazifalardan biri – o‘quvchilarni boshlang‘ich sinfdanoq funksional savodxonlikka yo‘naltirish hamda ularni mustaqil va faol shaxs sifatida tarbiyalashdir(UNESCO, 2021).

Zamonaviy ta’lim jarayonida funksional savodxonlik insonning tashqi muhitga tez moslashishi, samarali muloqotga kirisha olishi va faoliyat yurita bilishini ta’minlaydi. Uning poydevori esa aynan boshlang‘ich ta’lim davrida qo‘yilib, bu jarayonda nutq faoliyatining asosiy turlari – o‘qish, yozish, tinglab tushunish va og‘zaki nutq ko‘nikmalarini rivojlantirish muhim o‘rin tutadi.

Funksional savodxonlik o‘z mazmun-mohiyati jihatidan ko‘p qirrali bo‘lib, u bir nechta savodxonlik turlarini o‘z ichiga oladi. Jumladan:

  • o‘qish savodxonligi – matnni tushunish, sharhlash va amaliy faoliyatda qo‘llash qobiliyati;
  • matematik savodxonlik - kundalik hayotiy vaziyatlarda matematik tushuncha va amallarni qo‘llash ko‘nikmasi;
  • tabiiy fanlar savodxonligi – atrof-muhit hodisalarini ilmiy asosda tushunish va ularga ongli munosabat bildirish;
  • moliyaviy savodxonlik – shaxsiy va oilaviy byudjetni to‘g‘ri boshqarish, iqtisodiy qarorlarni oqilona qabul qilish malakasi;
  • kompyuter savodxonligi – axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish;
  • kreativ savodxonlik – yangicha fikrlash, ijodiy yondashuv va innovatsion yechimlarni ishlab chiqish qobiliyati.

Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida funksional savodxonlikni shakllantirish jarayonida asosiy tayanch bo‘lib xizmat qiladigan fanlarning namunaviy o‘quv dasturlari tahlil qilindi. Jumladan, “Boshlang‘ich ta’limda me’yoriy hujjatlarni yuritish”, “Boshlang‘ich ta’limning xalqaro dasturlari”, “STEAM ta’limi asoslari”, “Matematikada xalqaro baholash dasturlari”, “Ona tili: o‘qish savodxonligi va uni o‘qitish metodikasi” hamda “Matematika va uni o‘qitish metodikasi” kabi fanlarning mazmuni o‘quvchilarda zaruriy kompetensiyalarni shakllantirishga qaratilgani aniqlangan.

STEAM modeli orqali o‘quvchilar ingliz tilidan foydalanib fanlararo muammolarni hal qilish, tajribalarni muhokama qilish va innovatsion loyihalar ishlab chiqish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bu esa ularning tanqidiy va tizimli fikrlash, ijodkorlik, hamkorlikda ishlash hamda muloqot ko‘nikmalarini rivojlantiradi. PBL metodikasi esa o‘quvchilarning tilni o‘rganishdagi motivatsiyasini oshirish, muayyan mavzu yoki loyiha doirasida til resurslaridan foydalanishga yo‘naltirish orqali ularning funksional savodxonligini shakllantirishda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.

Respublikamizda so‘nggi yillarda chet til ta’limida keskin o‘zgarishlar yuz bermoqda. Chet til o‘qitish metodikasining o‘zi o‘quv predmetini o‘qitish/o‘rganish jarayoniga butunlay yangicha yondashuvni taqozo etmoqda.

O‘zbekiston boshlang‘ich sinflarida xorijiy tillarni o‘qitishda doir o‘ziga xos tajribalar mavjud. Jumladan, boshlang‘ich sinflarda Ingliz tilini o‘qitishning o‘zbek milliy tajribalari va metodikasi shakllanganligini eslatib o‘tish joiz. Shu ma’noda boshlang‘ich sinflarda ingliz tilini o‘qitishning klaster usuli shakllana boshlanganligi ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi.

O‘qitishning innovatsion klaster usuli fan, ta’lim va ishlab chiqarishning uyg‘unligiga asoslanadi (Pulatova, 2018).

Bunda boshlang‘ich sinflarda ingliz tilini o‘qitish bo‘yicha klaster usuliga asoslanishda quyidagilarga e’tibor berish maqsadga muvofiq bo‘ladi:

- ingliz tili mashg‘ulotlarida ko‘proq o‘quvchilarning amaliy faolligiga asoslanish va ularning so‘zlash ko‘nikmasini shakllantirib borish;

- boshlang‘ich sinflarda ingliz tili mashg‘ulotlarini o‘tkazishda multimediyali va animatsion vositalarga ko‘proq tayanish;

- o‘quv mashg‘ulotlarni o‘tkazishda tajribali o‘qituvchilarning yordamlaridan foydalanish;

- imkon qadar har bir mavzular bo‘yicha qo‘shimcha o‘quv materiallari taqdim qilib borish;

- mashg‘ulotlarda so‘zlash, nutq va grammatik savodxonlikning uyg‘un shakllanishiga e’tibor berish.

 

 

Funksional savodxonlikni shakllantirish vositalari

An’anaviy o‘qitish usullari

 

 

 

 

 

1.     Alifbo va fonetika o‘rgatish;

2.     Diktant va yozma mashqlar;

3.     Matnlarni o‘qitish va tushuntirish;

4.     Og‘zaki izohlash va ma’ruza qilish;

5.     Taqdimot va ko‘rsatmalar usuli;

6.     Nazorat va mustahkaml ash usullari;

7.     Mashqlar va amaliyotlar.

Matnli materiallardan foydalanish

 

 

 

 

1.     Darsliklar va o‘quv qo’llanmalari;

2.     Badiiy asarlar;

3.     Ilmiy va ma’rifiy maqolalar;

4.     Gazeta va jurnal materiallari;

5.     Elektron matnli manbalar;

6.     Matnlar bilan ishlash strategiyalari;

7.     Mashq va topshiriqlar orqali o‘qish savodxonligini mustahkamlash.

Elektron resurslar va zamonaviy texnologiyalar

 

 

1.     Elektron darsliklar va kitoblar;

2.     Onlayn o‘quv platformalari va masofaviy ta’lim;

3.     Multimedia resurslari;

4.     Interfaol ta’lim dasturlari;

5.     Virtual va kengaytirilgan reallik (VR va AR) texnologiyalari;

6.     Mobil ilovalar va o‘yinlar.

Interfaol usullar

 

 

 

 

 

1.     Savol-javob usuli;

2.     Kichik guruhlarda ishlash;

3.     Rolli o‘yinlar va insenirovka (role-playing);

4.     Muammoli ta’lim (problem based learning);

5.     “Aqliy hujum” (brainstorming);

6.     Katta guruh muhokamasi (discussion);

7.     Taqdimotlar va loyiha ishlari.

O‘qish strategiyalari

 

 

 

1.     Oldindan tayyorlanish strategiyasi;

2.     Asosiy ma’lumotlarni ajratib olish strategiyasi;

3.     Matnni bo‘lib-bo‘lib o‘qish va qayta ko‘rib chiqish strategiyasi;

4.     Vizualizatsi ya (tasavvur qilish) strategiyasi;

5.     O‘qish jarayonida savollar tuzish strategiyasi;

Yozma

Mashqlar

 

 

 

 

 

1.     Diktant;

2.     Insho yozish;

3.     Maqola yozish;

4.     Rezyume (xulosa) yozish;

5.     Hikoya yoki tasviriy yozma mashqlar;

6.     Test va yozma topshiriqlar;

7.     Konspekt va notalar olish.

Savodxonlikni baholash va rivojlantirish

 

1.     Savodxonlikni baholashning ahamiyati;

2.     Savodxo nlikni baholash usullari;

3.     Savodxonlikni rivojlantirish usullari;

4.     Savodxonlikni baholashning xalqaro dasturlari.

1- jadval. Funksional savodxonlikni shakllantirishning usul va metodlari

 

 

Savodxonlikni baholash va rivojlantirish ta’lim jarayonining ajralmas qismi sanaladi. O‘quvchilarning savodxonlik darajasini aniqlash nafaqat ularning bilim salohiyatini baholash, balki o‘qituvchilarga ta’lim jarayonini takomillashtirish bo‘yicha zarur choralarni belgilash imkonini ham beradi (Leontiev, 2013). Savodxonlikni rivojlantirishda o‘qish va yozish mashqlari, interfaol metodlar, turli o‘qish strategiyalaridan foydalanish hamda kitobxonlikni rag‘batlantirish alohida ahamiyat kasb etadi. Mazkur jarayon natijasida o‘quvchilarning savodxonlik darajasi yuksalib, bilimlari chuqurlashadi va ularning kelajakdagi muvaffaqiyati uchun puxta zamin yaratiladi.

Umuman olganda, umumta’lim maktablari o‘quv jarayonida yangi axborot texnologiyalaridan, fan darsliklaridan hamda badiiy asarlardan maqsadli foydalanish o‘quvchilarning bilim olish jarayonini samarali tashkil etishga xizmat qiladi. Bunday yondashuv ularning ijodiy va tanqidiy fikrlash qobiliyatlarini rivojlantirish bilan birga, funksional savodxonlik darajasini oshirish imkoniyatini ham yaratadi.

Tanqidiy va ijodiy fikrlashni rivojlantirish, axborot bilan ishlash va unga ongli yondashish, samarali kommunikatsiya ko‘nikmalarini shakllantirish hamda raqamli texnologiyalardan to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatish – funksional savodxonlikni rivojlantirishning asosiy vazifalaridan hisoblanadi. Mazkur vazifalar o‘quvchilarni matnni tahlil qilish, hayotiy muammolarni hal etish, ijodiy fikrlash va zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash ko‘nikmalari bilan ta’minlaydi. Natijada ular zamonaviy jamiyatda muvaffaqiyatli faoliyat yuritish uchun zarur bilim va malakalarga ega bo‘ladilar.

Xulosalar

Boshlang‘ich ta’lim jarayonida funksional savodxonlikni shakllantirish bugungi kunda ta’lim tizimining eng dolzarb vazifalaridan biri sanaladi. Chunki bu bosqichda o‘quvchilar bilim olishning dastlabki ko‘nikmalarini egallab, keyingi ta’lim bosqichlariga tayyorlanadilar. Shu bois metodik yondashuvlar, innovatsion usullar va zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etilgan dars jarayoni o‘quvchilarda matn bilan ishlash, tanqidiy va ijodiy fikrlash, axborotni tahlil qilish hamda uni amaliy hayotga tatbiq etish ko‘nikmalarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, funksional savodxonlikni rivojlantirish metodikasi o‘quvchilarda nafaqat bilimlarni o‘zlashtirish, balki ularni amaliy faoliyatda qo‘llash imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu jarayonda kommunikativ kompetensiyalarni rivojlantirish, axborot texnologiyalaridan foydalanish hamda turli hayotiy vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirish alohida ahamiyatga ega. Demak, funksional savodxonlik ta’limning natijaviy samaradorligini ta’minlovchi muhim pedagogik jarayon sifatida qaraladi.

Yuqoridagi tahlillardan kelib chiqib aytish mumkinki, boshlang‘ich sinflarda funksional savodxonlikni shakllantirish metodikasi o‘quvchilarning intellektual salohiyatini rivojlantirish, ularni mustaqil fikrlashga yo‘naltirish va zamonaviy jamiyatda muvaffaqiyatli ijtimoiylashuvini ta’minlashga xizmat qiladi. Shu sababli mazkur jarayonni samarali tashkil etish uchun ta’lim jarayonida innovatsion texnologiyalar, interfaol metodlar va milliy hamda jahon tajribasiga asoslangan ilg‘or pedagogik yondashuvlardan foydalanish dolzarb masaladir.

 

References

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti. (2019, April 29). O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida [Farmon №5712]. Qonun hujjatlari ma’lumotlar milliy bazasi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti. (2020, November 6). O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida [Farmon]. Ziyonet. http://www.ziyonet.uz

Aleksashina, I. Yu., Abdullaeva, O. A., & Kiselev, Yu. P. (2019). Formirovanie i otsenka funktsionalnoy gramotnosti uchashchikhsya: Uchebno-metodicheskoe posobie (160 p.). Sankt-Peterburg.

Leontiev, A. A. (Ed.). (2003). Obrazovatelnaya sistema “Shkola 2100”. Pedagogika zdravogo smysla: Sbornik materialov (368 p.). Balass, Izdatelskiy dom RAO.

Moydinova, E. (2024). Bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchilarining kasbiy kompetensiyasi tuzilmasining tahlili. Lingvospektr, 1(1), 36–41.

Nazarova, G. O‘. (2022). Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining funksional savodxonligini rivojlantirish metodikasi. Toshkent: Fan.

OECD. (2023). PISA 2022 assessment and analytical framework: Mathematics, reading, science and creative thinking (348 p.). OECD Publishing. https://doi.org/10.1787/8d9d10a5-en

Po‘latova, D. T. (2018). Boshlang‘ich ta’limda pedagogik texnologiyalarni qo‘llash. Toshkent.

UNESCO. (2021). Global education monitoring report 2021: Literacy for a changing world (412 p.). UNESCO Publishing.

Vygotsky, L. S. (1978). Mind in society: The development of higher psychological processes. Harvard University Press.

Xodjieva, D. (2021). Funktsional savodxonlik va uning rivojlantirish yo‘llari. O‘zbekiston pedagogika jurnali, 3, 45–53.

Published

Downloads

Author Biography

Qizlarxon Turdaliyeva,
Namangan State University

1st stage basic doctoral student

How to Cite

Turdaliyeva, Q. (2025). Methodology for developing functional literacy in primary school students. The Lingua Spectrum, 9(1), 356–363. Retrieved from https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/1075

Similar Articles

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 > >> 

You may also start an advanced similarity search for this article.