Выборы и решения переводчика при правильном отражении гендера
Аннотация
Вопрос адекватного отражения гендера в переводе рассматривается как актуальная проблема на пересечении лингвистики, культурологии и социальных наук. Решения переводчика формируются не только на уровне языка, но и под влиянием социально-культурного контекста. Гендерная нейтральность, равенство полов и предотвращение стереотипов сегодня становятся важными задачами в практике перевода. В статье анализируются выборы и решения переводчика при передаче гендерно маркированных текстов, а также его ответственность за интерпретацию смысла. На основе примеров из художественной и публицистической литературы показано, как отражаются гендерные особенности образов мужчин и женщин, какие стратегии применяются при выборе гендерно нейтральных терминов и как переводчик адаптирует текст в межкультурной коммуникации. Результаты исследования показывают, что переводчик через свои решения влияет не только на сохранение семантики текста, но и на укрепление принципов гендерного равенства в обществе. Статья направлена на развитие профессиональной ответственности и гендерной чувствительности в переводческой практике.
Ключевые слова:
Перевод гендерное равенство решения переводчика межкультурная коммуникация гендерная нейтральность стереотипы образы мужчин и женщин переводческие стратегииKirish
Tarjima nafaqat til vositalarini bir tildan ikkinchisiga o‘tkazish jarayoni, balki ijtimoiy-madaniy kontekstlarda ma’nolarni qayta yaratish faoliyati sifatida qaraladi. Tarjimon qarorlari va tanlovlari ko‘pincha lingvistik omillardan tashqari, madaniy, ijtimoiy, psixologik va axloqiy jihatlar bilan ham belgilanadi. Bugungi globallashuv jarayonida turli tillar va madaniyatlar o‘rtasidagi aloqalar kuchaygani sari tarjimaning roli yanada ortib bormoqda. Ayniqsa, gender masalalarining tarjimada qanday ifodalanishi masalasi tilshunoslik va tarjimashunoslikda alohida ilmiy muammo sifatida qaralmoqda.
Gender tushunchasi nafaqat biologik farqlarni, balki jamiyat tomonidan shakllantirilgan ijtimoiy rollar, qadriyatlar va stereotiplarni ham o‘z ichiga oladi. Shu bois, matnlarda genderning ifodalanishi ko‘pincha yashirin ma’no, konnotatsiya va madaniy kodlar orqali namoyon bo‘ladi. Masalan, ayrim tillarda kasb nomlari yoki sarlavhalar erkak jinsiga yo‘naltirilgan bo‘lsa, boshqa tillarda ular neytral shaklda bo‘lishi mumkin. Tarjimon bunday vaziyatlarda qaysi variantni tanlashni hal qilish orqali nafaqat lingvistik, balki ideologik qaror ham qabul qiladi. Shuning uchun tarjimondan nafaqat lingvistik kompetensiya, balki gender sezgirligi ham talab etiladi.
So‘nggi yillarda feminist tarjimashunoslik, postkolonial nazariya va madaniy tadqiqotlar tarjimada genderni aks ettirish muammosini keng ko‘lamda yoritib kelmoqda. Sherri Simon (1996), Luise von Flotow (2011) va Gayatri Spivak (1993) kabi olimlar tarjimada gender tengligini saqlash, stereotiplardan qochish va ayollar ovozini to‘g‘ri yetkazish masalalariga alohida e’tibor qaratishgan. Ularning nazariyalariga ko‘ra, tarjimon gender neytrallikka intilar ekan, u matnning asl ruhini saqlash bilan bir qatorda, jamiyatdagi ijtimoiy tenglikka ham hissa qo‘shadi.
Tarjima amaliyotida genderni noto‘g‘ri aks ettirish ko‘plab muammolarga olib keladi. Masalan, ayol qahramonlarning hissiyati erkak tilida soddalashtirib berilishi yoki aksincha, erkak obrazining kuchli tomonlari haddan tashqari ta’kidlanishi natijasida muallif maqsadi buzilishi mumkin. Bunday vaziyatlarda tarjimon tanlovlari o‘quvchi ongida yangi konnotatsiyalar va madaniy qarashlarni shakllantiradi. Shu sababli gender tarjima nafaqat adabiy, balki huquqiy, siyosiy va ilmiy matnlar uchun ham dolzarb masaladir. Xususan, inson huquqlari, xalqaro shartnomalar yoki ta’limga oid hujjatlarni tarjima qilishda gender tengligi masalasiga befarq qarash katta ijtimoiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
O‘zbekistonda ham so‘nggi yillarda gender tengligi masalasi davlat siyosati darajasida qo‘llab-quvvatlanmoqda. Shu nuqtayi nazardan tarjimonlik faoliyati ham jamiyatdagi gender madaniyatini shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi. Tarjimon xalqaro hujjatlar, badiiy asarlar va ommaviy axborot vositalaridagi materiallarni o‘zbek tiliga o‘girarkan, u jamiyat uchun muayyan qadriyatlarni ham “import” qiladi. Agar u gender neytrallikka amal qilsa, bu jamiyatda tenglik va adolat tamoyillarining mustahkamlanishiga yordam beradi.
Adabiyotlar tahlili
Gender masalasi tarjimashunoslikda so‘nggi o‘n yilliklarda keng o‘rganilayotgan muhim yo‘nalishlardan biridir. Bu mavzuni turli nazariy oqimlar va yondashuvlar qamrab olgan bo‘lib, ular orasida feminist tarjimashunoslik, postkolonial tarjima nazariyasi va madaniy tadqiqotlar alohida ajralib turadi. Ushbu bo‘limda mazkur nazariy yo‘nalishlarning asosiy g‘oyalari va ularning tarjimadagi genderni to‘g‘ri aks ettirishga qo‘shgan hissasi tahlil qilinadi.
Feminist tarjimashunoslik XX asrning oxirlarida shakllandi va asosan ayollarning ovozini tarjimada to‘g‘ri yetkazishga qaratildi. Sherri Simon (1996) bu yo‘nalishning asoschilaridan biri hisoblanadi. U tarjimon qarorlarini nafaqat lingvistik, balki ijtimoiy-siyosiy jarayon sifatida ko‘radi. Simonning fikricha, tarjimon matnda genderni qanday aks ettirishi o‘quvchining madaniy ongiga bevosita ta’sir qiladi. Shu bois, u tarjimonlarni stereotiplarni mustahkamlash emas, balki gender tenglikni rivojlantirishga xizmat qiluvchi qarorlar qabul qilishga chaqiradi.
Luise von Flotow (2011) ham feminist tarjimashunoslikka katta hissa qo‘shgan olimlardan biridir. U uch asosiy strategiyani taklif qiladi: qo‘shish (supplementing), o‘zgartirish (prefacing) va qayta yozish (hijacking). Bu strategiyalar yordamida tarjimon asl matndagi gender sezgirlikni yanada aniqroq va ko‘rinadigan shaklda ifodalashi mumkin. Bu yondashuv, ayniqsa, adabiy asarlarda muhim ahamiyat kasb etadi, chunki u muallifning ayollar ovozini jamiyatga yetkazishdagi maqsadini buzmaslikka yordam beradi.
Postkolonial nazariya vakillari, jumladan, Gayatri Chakravorti Spivak (1993), tarjimada gender masalasini millat, sinf va irq bilan uzviy bog‘liq holda o‘rganadilar. Spivakning fikricha, tarjima jarayonida “subaltern” – ya’ni jamiyatda chetlashtirilgan guruhlarning ovozi – ko‘pincha yo‘qolib ketadi. Bu holat ayniqsa ayollarga taalluqli. Shuning uchun Spivak tarjimonlarni ehtiyotkorlik bilan ishlashga, matnni faqat lingvistik emas, balki ijtimoiy kontekstda ham tahlil qilishga chaqiradi. Uning yondashuvi gender masalalarini madaniy va siyosiy darajada qayta talqin qilish zaruratini ta’kidlaydi.
Lawrence Venuti (2012) o‘zining “The Translator’s Invisibility” asarida tarjimonning “ko‘rinmasligi” tushunchasini ilgari suradi. Unga ko‘ra, ko‘plab tarjimalarda tarjimon shunday ishlaydiki, uning qarorlari o‘quvchiga sezilmaydi. Biroq bu jarayonda gender ifodalari ko‘pincha dominant madaniyat standartlariga moslashtiriladi. Natijada, gender neytralligi yoki ayol ovozi yo‘qolishi mumkin. Venutining qarashlari gender masalalariga bevosita qaratilmagan bo‘lsa-da, ularning amaliy ta’siri bevosita seziladi. Chunki tarjimonning ko‘rinmasligi gender tenglik masalalarini ham “ko‘rinmas” qiladi.
So‘nggi yillarda gender va tarjima bo‘yicha ko‘plab yangi tadqiqotlar paydo bo‘ldi. Chamberlain (1988) tarjima jarayonida “ona til” metaforasi va gender rollarini o‘zaro bog‘liq ravishda o‘rganib, tarjimani patriarxal ijtimoiy tizimlar bilan uyg‘unlashgan jarayon sifatida talqin qiladi. Shu bilan birga, von Flotowning keyingi ishlari (2011) tarjimada gender sezgirlikni oshirishga qaratilgan amaliy tavsiyalarni beradi.
O‘zbekistonda ham so‘nggi o‘n yilliklarda gender masalalari tarjimashunoslikda asta-sekin o‘rganilmoqda. Abdullaeva (2020) va Kadirova (2021) o‘z maqolalarida tarjimada gender neytrallikka erishish usullari, madaniy kodlarni saqlash zarurati hamda tarjimonning mas’uliyatini tahlil qilgan. Ularning fikricha, tarjimon jamiyatdagi gender siyosatini qo‘llab-quvvatlovchi faol subyekt sifatida qaralishi mumkin.
Genderni tarjimada aks ettirish masalasi nazariy muhokamalardan tashqari, amaliy misollar orqali yanada aniqroq tushuniladi. Adabiy va publitsistik matnlarda gender ifodalari ko‘plab shakllarda uchraydi: qahramonlarning nutqi, matndagi kasb nomlari, sarlavhalar, ijtimoiy rollar yoki madaniy stereotiplar orqali. Quyida turli manbalardan misollar keltiriladi.
Virginia Woolfning “A Room of One’s Own” asari feminist adabiyotning yorqin namunasidir. Asarda ayol ijodkorning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi masalasi yoritiladi. Ingliz tilidan o‘zbek tiliga tarjima jarayonida “a woman must have money and a room of her own” iborasi ko‘pincha “ayolning o‘z daromadi va alohida xonasi bo‘lishi kerak” deb tarjima qilinadi. Biroq bu yerda “room” so‘zi nafaqat jismoniy joyni, balki ijodiy erkinlikni ham anglatadi. Agar tarjimon bu ma’noni faqatgina “xona” shaklida qoldirsa, gender tenglik g‘oyasining chuqur mohiyati yo‘qolib ketishi mumkin.
Chimamanda Ngozi Adichiening “We Should All Be Feminists” asari gender tengligi g‘oyalarini keng targ‘ib qiladi. Asarda erkak va ayol o‘rtasidagi teng huquqlilik masalasi global kontekstda tahlil qilinadi. Rus tilidagi tarjimalarda “feminist” so‘zi ba’zan salbiy konnotatsiya bilan qabul qilingan. Tarjimonning qarori bu so‘zni neytral shaklda, izohsiz berishmi yoki uni “gender tengligi tarafdori” tarzida qayta talqin qilishmi, degan muammoni yuzaga keltiradi. Bu qaror o‘quvchilarning feministik g‘oyaga bo‘lgan munosabatini sezilarli darajada shakllantirishi mumkin.
O‘zbek yozuvchilarining asarlarida ham genderga oid masalalar ko‘p uchraydi. Masalan, Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanida Kumush obrazi jamiyatdagi ayolning ijtimoiy va ma’naviy o‘rni haqida muhim ma’lumot beradi. Bu asar ingliz tiliga tarjima qilinganda, Kumushning “uyat” va “iffat” tushunchalari bilan bog‘liq ta’riflari to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima qilinganida o‘zbek madaniyatidagi genderga xos ijtimoiy kodlarni to‘liq yetkazib bera olmaydi. Shu sababli tarjimon qo‘shimcha izohlar yoki madaniy adaptatsiya strategiyasidan foydalanishi.
Xalqaro huquqiy hujjatlarda ham gender tarjima muhimdir. Masalan, BMTning “Convention on the Elimination of All Forms of Discrimination Against Women” (CEDAW) hujjati o‘zbek tiliga “Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi konventsiya” deb tarjima qilingan. Agar bu matn noto‘g‘ri talqin qilinsa yoki gender neytral so‘zlar ishlatilmasa, hujjatning xalqaro huquqiy kuchi zaiflashishi mumkin. Keltirilgan misollar shuni ko‘rsatadiki, gender ifodalarini tarjima qilish oddiy lingvistik jarayon emas, balki madaniyatlararo muloqotning muhim qismidir. Tarjimonning tanlovi asarning ma’nosini to‘liq yetkazishi yoki uni buzishi mumkin. Shu bois, gender sezgir strategiyalar amaliyotda juda muhim ahamiyatga ega.
Tahlil va muhokamalar
Genderni to‘g‘ri aks ettirishda tarjimonning qarorlari va tanlovlari ko‘p qatlamli va murakkab jarayon hisoblanadi. Bu qarorlar bir vaqtning o‘zida lingvistik, madaniy va ijtimoiy darajalarni qamrab oladi. Tarjimonning vazifasi faqat semantik ekvivalentni topish emas, balki matnning gender sezgirligini saqlash, stereotiplardan qochish va jamiyatda gender tenglikni mustahkamlashdir.
Lingvistik darajada genderni aks ettirish ko‘pincha kasb nomlari, murojaat shakllari va zamonlarga bog‘liq bo‘ladi. Masalan, ingliz tilidagi “chairman” so‘zi ko‘plab tillarda an’anaviy tarzda erkak shaxsga nisbat beriladi. Tarjimon bu so‘zni “rais” deb neytral tarjima qilsa, gender sezgir yondashuvni qo‘llagan bo‘ladi. Aks holda, “rais (erkak)” yoki “predsedatel” kabi variantlar tanlansa, bu matnni erkak markazida talqin qilish xavfini kuchaytiradi. Shu sababli, tarjimon lingvistik qarorlarida gender neytrallikka intilishi lozim.
Tarjima jarayoni madaniyatlararo muloqot bilan chambarchas bog‘liq. Bir madaniyatda normal qabul qilingan gender ifodasi boshqa madaniyatda stereotip sifatida talqin qilinishi mumkin. Masalan, o‘zbek tilidagi “ayol kishi uy bekasi bo‘lishi kerak” degan jumla ingliz tiliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima qilinganda gender tenglik tamoyillariga zid bo‘lib chiqadi. Tarjimon bu yerda izohli yoki adaptatsion strategiyadan foydalanib, jumlaning ijtimoiy-madaniy konnotatsiyasini tushuntirishi kerak. Shunday qarorlar nafaqat lingvistik ekvivalentni, balki madaniy kontekstni ham hisobga olishni taqozo etadi.
Tarjimon matndagi gender stereotiplarini ko‘r-ko‘rona takrorlash emas, balki ularni tanqidiy yondashuv bilan qayta ishlab chiqishi zarur. Masalan, ba’zi matnlarda ayollar faqat hissiy, erkaklar esa faqat aql bilan bog‘langan holda tasvirlanadi. Agar tarjimon bunday stereotiplarni hech qanday izohsiz tarjima qilsa, u jamiyatdagi gender tengsizligini yanada mustahkamlagan bo‘ladi. Shuning uchun tarjimon mas’uliyati bu kabi stereotiplarni neytral shaklda ifodalash yoki muallif niyatini buzmagan holda ularni yumshatishdir.
Amaliyotda gender tarjima uchun bir nechta strategiyalar qo‘llaniladi:
- Neytrallash strategiyasi – genderga xos bo‘lgan so‘zlarni neytral ekvivalentlar bilan almashtirish. Masalan, “policeman” o‘rniga “police officer”.
- Adaptatsiya strategiyasi – madaniy kontekstdagi genderga oid tushunchalarni boshqa madaniyat uchun mos shaklga keltirish. Masalan, o‘zbek tilidagi “kelin salom”ni ingliz tiliga “bride’s greeting ritual” deb tushuntirish.
- Izohli tarjima – muallifning genderga oid maqsadini o‘quvchiga tushunarli qilish uchun qo‘shimcha sharh berish.
- Feminist qayta yozish – matndagi gender stereotiplarini buzmasdan, ularni tenglik ruhida qayta shakllantirish.
Har bir strategiyaning samaradorligi kontekstga bog‘liq. Tarjimon vazifasi – muallif niyatini buzmagan holda gender sezgirlikni ta’minlash.
Tarjimon shunchaki til vositachisi emas, balki ijtimoiy jarayonlarning faol ishtirokchisidir. U qarorlari orqali jamiyatda gender tenglik haqidagi tasavvurlarni mustahkamlashi yoki zaiflashtirishi mumkin. Xalqaro tashkilotlar, huquqiy hujjatlar va ta’lim materiallari tarjimasida bu masala ayniqsa muhim. Masalan, BMT hujjatlarida gender tengligi qat’iy ta’minlanadi. Agar tarjimon bu hujjatlarni noto‘g‘ri tarjima qilsa, huquqiy talqin ham buziladi. Shu sababli tarjimonning ijtimoiy mas’uliyati juda katta.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, gender tarjima nafaqat adabiyotda, balki ommaviy axborot vositalari va reklama matnlarida ham katta ahamiyatga ega. Reklama matnlarida ayollar faqat go‘zallik bilan bog‘liq sifatlarda tasvirlansa, erkaklar esa kuch va kuchlilik ramzi sifatida ko‘rsatiladi. Tarjimon bu stereotiplarni boshqa tilga ko‘chirayotganda gender tenglikni buzmasdan, neytral yoki balanslangan variantlarni tanlashi lozim.
Xulosa
Genderni tarjimada to‘g‘ri aks ettirish nafaqat lingvistik jarayon, balki ijtimoiy va madaniy mas’uliyatdir. Tarjimon qarorlari matnning semantik mazmuniga bevosita ta’sir qilishi bilan birga, jamiyatdagi gender tenglik haqidagi qarashlarni ham shakllantiradi. Tarjima jarayonida tanlangan strategiyalar – neytrallash, adaptatsiya, izohli tarjima yoki feminist qayta yozish – matnning gender sezgirligini saqlashda muhim rol o‘ynaydi.
Adabiy asarlar, huquqiy hujjatlar va publitsistik matnlardan keltirilgan misollar shuni ko‘rsatadiki, tarjimon qarorlari ko‘pincha muallifning genderga oid niyatini to‘liq yetkazish yoki aksincha, uni buzish imkoniyatiga ega. Tarjimonning asosiy mas’uliyati muallif g‘oyasini buzmasdan, o‘quvchi ongida tenglik, adolat qadriyatlarini mustahkamlashdir.
Shuningdek, global ilmiy tadqiqotlar va o‘zbek tarjimashunoslarining ishlari gender tarjimaning nazariy va amaliy asoslarini boyitmoqda. Ular tarjimonni oddiy vositachi emas, balki ijtimoiy mas’uliyatni zimmasiga oluvchi faol subyekt sifatida talqin qiladilar.
Библиографические ссылки
Abdullaeva, F. (2020). Gender masalalarining tarjimada aks etishi. Filologiya masalalari, 3(2), 77–84.
Bassnett, S. (2014). Translation studies. Routledge.
Chamberlain, L. (1988). Gender and the metaphorics of translation. Signs: Journal of Women in Culture and Society, 13(3), 454–472.
Kadirova, N. (2021). Tarjimonlikda madaniy kod va gender. Til va adabiyot tadqiqotlari, 4(1), 112–120.
Simon, S. (1996). Gender in translation: Cultural identity and the politics of transmission. Routledge.
Spivak, G. C. (1993). Outside in the teaching machine. Routledge.
Venuti, L. (2012). The translator’s invisibility: A history of translation. Routledge.
Von Flotow, L. (2011). Feminist translation. In Y. Gambier & L. van Doorslaer (Eds.), Handbook of translation studies (Vol. 2, pp. 96–101). John Benjamins.
Опубликован
Загрузки
Как цитировать
Выпуск
Раздел
Лицензия
Copyright (c) 2025 Нилуфар Эргашева

Это произведение доступно по лицензии Creative Commons «Attribution» («Атрибуция») 4.0 Всемирная.
