Фразеологические единицы и их лингвистическая характеристика на французском языке

Авторы

  • Бухарский государственный университет
Фразеологические единицы и их лингвистическая характеристика на французском языке

Аннотация

Выразительность языка тесно связана с его словарным составом, особенно фразеологизмами. Фразеологизмы играют важную роль в каждом языке, отражая культуру, традиции и мировоззрение народа. Фразеологические единицы играют особенно важную роль в процессе изучения иностранного языка, и их эффективное обучение имеет важное значение для развития способности свободно общаться на иностранном языке. Во французском языке фразеологизмы – это словосочетания, состоящие из двух или более слов, которые выражают сильное значение. Они составляют богатство и уникальность языка как фразеологические единицы или выражения. В статье рассматриваются семантико-структурные типы фразеологических единиц французского языка, их лингвистические особенности, а также различные ситуации, возникающие при их переводе на узбекский язык.

Ключевые слова:

фразеологизм речь культура языковой признак мысль значение перевод.

Frazeologizmlar har qanday tilning ajralmas qismi bo‘lib, ular nutqning ta’sirchanligini, ifodaliligini va boyligini oshiradi. Til ilmida frazeologizm, frazeologik birlik, frazema, ibora, idioma kabi atamalar o‘rganilib kelingan. Frazeologik birliklarni o‘rganish va tadqiq etish tilshunos olimlarni qadimdan qiziqtirib kelgan. XIX asrgacha iboralar lug‘atshunoslik tarkibida o‘rganilib, bunda ularning faqat ma’nolari va etimologiyasi bayon etilgan (Abdurazzakov, 2023, p.343). Frazeologiya tilshunoslikning turg‘un iboralarni tahlil qiluvchi bo‘limi sifatida uzoq o‘tmishga ega. Ammo ko‘plab ilmiy hujjatlarga qaramay, leksik mustahkamlash bilan bog‘liq savollarning aksariyati juda dolzarb bo‘lib, bugungi kunda jonli munozaralar va chuqur tahlillarni keltirib chiqarmoqda. Keyingi paytlarda tilshunoslik va unga aloqador fanlarning yuksalishi frazeologiyaga ham yangicha nuqtai nazardan qarash imkonini beradi (Sułkowska, 2016, p.36).

Frazeologik birliklar tilning madaniyati, tarixi va xalqning dunyoqarashini aks ettiradi. Ularning lug‘at boyligini kengaytirishdagi o‘rni quyidagi jihatlarda namoyon bo‘ladi:

  1. Lug‘at tarkibini boyitish: Frazeologizmlar tildagi so‘zlarning qo‘llanilish doirasini kengaytiradi. Masalan, “qo‘l qovushtirib turmoq” iborasi “hech narsa qilmay turmoq” ma’nosida ishlatiladi. Agar bunday iboralar bo‘lmasa, fikr ifodalash yanada sodda va kam imkoniyatli bo‘lib qolgan bo‘lar edi.
  2. Ifodalilik va obrazlilikni oshirish: Frazeologizmlar orqali nutq yanada jonli va ta’sirchan bo‘ladi. Masalan, “ko‘ngli ochiq” iborasi insonning saxiy va yuksak fazilatli ekanligini obrazli ifodalaydi. Oddiy so‘zlar bilan bu ma’noni ifodalash anchagina uzunroq va samarasizroq bo‘lishi mumkin.
  3. Nutqning rang-barangligini ta’minlash: Frazeologik birliklar nutqqa ta’sirchanlik va xilma-xillik baxsh etadi. Ular gapga hissiy urg‘u beradi va undagi ma’no qatlamlarini kengaytiradi. Masalan, “tilida bol tommoq” iborasi “o‘ta shirinso‘z, iltifotli notiq, muxlis” degan ma’nolarni anglatadi (Davronovna, 2024, p.1418).
  4. O‘ziga xos milliylikni saqlash: Frazeologizmlar xalqning milliy tafakkuri va madaniyatini aks ettirganligi sababli, ular orqali tilning o‘ziga xosligi saqlanadi. Masalan, o‘zbek tilida “Nomus o‘limdan kuchli”, “Kengga keng dunyo, torga tor dunyo” ; fransuz tilida esa “Faute avouée est à moitié pardonnée”, “A cœur vaillant rien d’impossible” kabi maqollar borki, bular xalqning hayotiy tajribalariga asoslangan frazeologik birliklardir.
  5. Fikrni qisqaroq ifoda etish: Frazeologizmlar uzoq tushuntirishni talab qilmaydi, ular orqali fikrni qisqa va lo‘nda yetkazish mumkin. Masalan, o‘zbek tilida “teskari qarash” iborasi “yoqmaslik, norozilik bilan qarash” ma’nosini fransuz tilida esa “avoir la pêche” iborasi “sog‘lom bo‘lmoq, o‘zini yaxshi his qilmoq” ma’nosini qisqacha ifodalaydi.

Frazeologizmlar tilning ifodaviy imkoniyatlarini kengaytirib, uni jonli va ta’sirchan qiladi. Ular lug‘at boyligini oshirish bilan birga, milliy madaniyat va tarixni ham aks ettiradi. Shuning uchun ham frazeologizmlarni o‘rganish va ulardan to‘g‘ri foydalanish nutqning rivojlanishida muhim ahamiyatga ega.

Frazeologik birliklar obrazlilik va emotsional-ekspressivlikni yuzaga keltiruvchi eng muhim vositalardan biridir. Ular badiiy, siyosiy va publitsistik matnlarning ifodaviy ta’sirchanligini oshirish uchun xizmat qiladi. Shu boisdan frazeologizmlar tilshunoslikning alohida sohasi hisoblangan uslubshunoslikda muhim ahamiyat kasb etadi (Bekiyeva, 2022, p.652). Frazeologizmning asosiy xususiyatlari:

  • Semantik yaxlitlik – frazeologik birikma butun sifatida ma’no ifodalaydi, har bir so‘zning ma’nosi butun birikmaning ma’nosini tushuntirishga xizmat qiladi.
  • Ijodiy qo‘llanilish – frazeologizmni yangi kontekstlarda ishlatish ko‘pincha gapirishda yoki yozishda ijtimoiy, madaniy va shaxsiy nuqtai nazardan turli xil variantlarga ega bo‘lishi mumkin.

Turg‘un iboralar ko‘pincha ona tilida so‘zlashuvchilar tomonidan e’tiborga olinmaydi, lekin chet ellik talabalar tomonidan tezda seziladi. Ularning mavhumligi chet tillarini o‘rganish va tarjima qilishda qiyinchilik tug‘diradi va ko‘pincha o‘quvchilarni ularga e’tibor bermasligiga olib keladi, bu esa ularni o‘rganish maqsad qilingan tilda to‘liq malaka hosil qilishdan uzoqlashtiradi. Har qanday turg‘un konstruksiyalar (idiomatik iboralar, so‘z qo‘shilmalari, paremiyalar va boshqalar) tillarning turg‘un kombinatorikasining bir qismidir va shuning uchun ular ko‘p qirrali va xilma-xil yondashishni talab qiladigan elementlardir(Sułkowska, 2016, p.36).

Frazeologizmlar va madaniyat o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik mavjud. Frazeologizmlar, asosan, milliy va madaniy xususiyatlarni o‘z ichiga oladi. Filologik oliy ta’lim muassasalarida frazeologizmlarni o‘rganish orqali talabalar tilning madaniy asoslarini, xalq tilining o‘ziga xos jihatlarini o‘rganishadi. Ya’ni, frazeologik birikmalar yordamida milliy xarakterni, urf-odatlarni, tarixiy voqealarni anglash osonlashadi. Bu esa talabalarga tilni nafaqat grammatik, balki madaniy nuqtai nazardan ham chuqurroq tushunish imkoniyatini yaratadi.Fransuz tilidagi frazeologik birliklar milliy madaniyat va tilning o‘ziga xosligini aks ettiradi. Masalan, “avoir le cœur sur la main” (olijanob qalbga ega bo‘lmoq) iborasi biror kishining samimiy va saxovatli ekanligini ifodalaydi.

Frazeologizmlar til o‘rganuvchilarda kommunikativ mahoratni shakllantirishda ham muhim o‘rin tutadi. Ularni o‘rganish talabalar uchun tilni nutq jarayonida samarali va to‘g‘ri ishlatishni ta’minlaydi. Frazeologizm orqali gapirish, matn yaratish va nutqni boyitish samarali kechadi. Bu metodologiya talabalarni nafaqat tilni grammatik jihatdan to‘g‘ri ishlatish, balki tilni faol va ijodiy qo‘llashga o‘rgatadi.

Frazeologik birliklarni to‘g‘ri talqin qilish va tarjima qilish uchun ularning lingvistik xususiyatlarini chuqur o‘rganish zarur :

Sxema 1. Frazeologik birliklarning lingvistik xususiyatlari.

 

Fransuz tili boy frazeologik birliklarga ega bo‘lib, ular nafaqat tilning estetik go‘zalligini, balki milliy madaniyat va tarixni ham aks ettiradi. Frazeologik birliklar tilshunoslikda o‘ziga xos tizimga ega bo‘lib, semantik, sintaktik va pragmatik jihatlardan tadqiq qilinadi (Xolova, 2023, p.34).

Frazeologik birliklar o‘zining semantik yaxlitligi bilan ajralib turadigan birikmalardir. Ular quyidagi turlarga ajratiladi:

  • Frazeologik birikmalar (phrasèmes) – ma’lum bir ma’noga ega bo‘lgan, lekin tarkibiy qismlari o‘z mustaqil ma’nolarini saqlab qolgan iboralar. Masalan: prendre la mouche (tez jahli chiqmoq).
  • Frazeologik butunliklar (locutions et collocations) – butunlay ko‘chma ma’noga ega bo‘lib, tarkibiy qismlari alohida ishlatilganda asl ma’nosini yo‘qotadigan birliklar. Masalan: avoir le cafard (xafa bo‘lmoq, tushkunlikka tushmoq).
  • Matal va maqollar (aphorismes et proverbes) – xalq og‘zaki ijodining mahsuli bo‘lib, ularning semantik tuzilishi an’anaviy ma’noga ega. Masalan: Petit à petit, l’oiseau fait son nid (Asta-sekin qush o‘z uyasini quradi – sabr va mehnat bilan muvaffaqiyatga erishish mumkin).

Frazeologik birliklar quyidagi lingvistik xususiyatlarga ega :

  1. Semantik jihatlar: Frazeologik birliklar semantik jihatdan yaxlitlik va ko‘chma ma’noga ega. Ularning tarkibiy qismlari ba’zan individual ma’nolarini saqlab qolsa, ba’zan esa yangi ma’no hosil qiladi. Masalan, donner sa langue au chat iborasi "savolga javob topa olmaslik" ma’nosini anglatadi, lekin tarkibiy qismlari alohida olinganda bu ma’no yuzaga chiqmaydi.
  2. Sintaktik jihatlar: Frazeologik birliklar odatda bir butun sifatida ishlatiladi va ular tarkibiy jihatdan barqaror bo‘ladi. Ularning tarkibiy qismlari erkin almashtirilmaydi. Masalan, être dans de beaux draps (qiyin ahvolga tushmoq) iborasida beaux draps o‘rniga boshqa so‘z qo‘shish frazeologik birlikni buzadi.
  3. Pragmatik jihatlar: Frazeologik birliklarning ishlatilishi nutq jarayonida muloqotning yanada ifodali bo‘lishini ta’minlaydi. Ular nutq uslubi va kontekstga bog‘liq holda turlicha qo‘llanilishi mumkin. Jumladan, ba’zi frazeologik birliklar rasmiy nutqda kamroq ishlatilsa, norasmiy yoki badiiy uslubda keng qo‘llaniladi.

Frazeologik birliklarni boshqa tillarga tarjima qilishda muayyan qiyinchiliklar yuzaga keladi. Chunki har bir til o‘ziga xos madaniy va tarixiy xususiyatlarga ega. Frazeologik birliklar tarjimada quyidagi usullar bilan ifodalanadi:

  • To‘g‘ridan-to‘g‘ri ekvivalent orqali: Masalan, marcher sur des œufs – "tuxum ustida yurmoq" (ehtiyotkor bo‘lish kerak).
  • Tafsiriy tarjima orqali: Masalan, cordon-bleu, tenir tête, à bon chat, bon rat, ... kabi iboralar til bo‘yicha alohida bilim va ko ‘nikmalarni talab etadi. Yoki, mettre les pieds dans le plat iborasi "noo‘rin gapirish" deb tarjima qilinadi.
  • Muqobil milliy ekvivalent orqali: Masalan, appeler un chat un chat iborasi "oyni oy, quyoshni quyosh deyish" tarzida tarjima qilinishi mumkin.

Frazeologizmlar nafaqat nutqni bezash vositasi, balki uning mazmunini boyituvchi, xalq madaniyatini aks ettiruvchi til birliklaridir. Chet tili sifatida fransuz tilini o‘rganishda frazeologizmlarni egallash quyidagi sabablarga ko‘ra muhimdir:

  • Ular tabiiy nutqni shakllantirishga yordam beradi. Har qanday til o‘rganuvchi grammatik qoidalarga amal qilishi muhim bo‘lsa ham, nutqining tabiiy chiqishi frazeologizmlardan foydalanishiga ham bog‘liq.
  • Leksik boylikni kengaytiradi. Frazeologik birliklarni o‘zlashtirgan o‘quvchi o‘z fikrlarini aniqroq va ta’sirchan ifodalash imkoniga ega bo‘ladi.
  • Kontekstual tushunishni rivojlantiradi. Chet tilida frazeologizmlarning ma’nosi odatda so‘zma-so‘z tarjima qilinmaydi. Ularni o‘zlashtirish orqali talabalar semantik tafakkurini rivojlantiradi.
  • Madaniy tafakkurni oshiradi. Frazeologik birliklar milliy o‘ziga xoslikni aks ettirgani uchun til o‘rganuvchi o‘sha xalqning madaniyati va mentalitetini ham tushunib boradi.

Fransuz tilida frazeologik birliklar tilshunoslikning muhim tarkibiy qismlaridan biri bo‘lib, ularning lingvistik xususiyatlari semantik, sintaktik va pragmatik jihatdan o‘rganiladi. Ushbu birliklar tildagi ifodalilikni oshiradi va tarjima jarayonida muayyan qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Frazeologik birliklar turli darajalarda birikkan va turli darajadagi semantik shaffoflik darajasi bilan tavsiflangan har xil turdagi polileksik tuzilmalarni o‘z ichiga oladi. Natijada, bu turkumga til egalari bo‘lmaganlar uchun yetarlicha oson bo‘lgan so‘z qurilmalari kiradi. Ushbu konstruksiyalar ular uchun juda noqulay bo‘lishi tabiiy, chunki ularning tasvir-ma’no munosabatlari u qadar aniq emasdir. Garchi ajnabiy inson ibora tarkibidagi barcha leksik elementlarning ma’nosini bilsada, idiomatik gap ko‘pincha xorijlik suhbatdosh uchun mutlaqo notanish jumla bo‘lib ko‘rinishi mumkin, chunki u ba’zan uning ma’nosini tushunmaslik holatlari ham uchrab turadi. Modomiki, frazeologik birliklarning ko‘p ishlatilishi har bir til tizimi uchun ancha muhim ekan, o‘quvchining og‘zaki va yozma nutqda yaxshi kommunikativ ko‘nikmalarga ega bo‘lishi uchun ajralmas va turg‘un birikmalarni bilishi mutlaqo zarur ekanligiga shubha yo‘q.

Библиографические ссылки

Sułkowska, M. (2016). Phraséodidactique et phraséotraduction: quelques remarques sur les nouvelles disciplines de la phraséologie appliquée. Yearbook of Phraseology, 7(1), 35-54. https://doi.org/10.1515/phras-2016-0003

Abdurazzakov Yusufjon Usmailovich, & Abdurazzakov D. (2023). FRAZEOLOGIK BIRLIKLARNI TIL VA MULOQOTDAGI O‘RNI. В International Multidisciplinary Research in Academic Science (IMRAS) (Т. 6, Выпуск 06, сс. 340–343). Zenodo. https://doi.org/10.5281/zenodo.10069568

Bekiyeva, Malika Jamoldin Qizi (2022). FRAZEOLOGIK BIRLIKLAR OBRAZLILIK VA EMOTSIONAL-EKSPRESSIVLIKNI YUZAGA KELTIRUVCHI ENG MUHIM VOSITA. Oriental renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences, 2 (1), 650-655.

Xolova, S. (2023). AVOIR. FE’LI ISHTIROKIDAGI INSON HIS-TUYG‘ULARINI IFODA ETUVCHI FRAZEMALAR TARJIMASINING O‘ZIGA XOSLIKLARI. ЦЕНТР НАУЧНЫХ ПУБЛИКАЦИЙ (buxdu. Uz), 33, 33.

Davronovna, K. S. (2024). The Polysemy of Phrasemes Expressing Emotions in French and Uzbek Languages. Miasto Przyszłości, 48, 1417-1420.

Xolova, S. (2023). Frazeologik birlik-frazema-frazeologizm: tasnif va tadqiqot tahlili. ЦЕНТР НАУЧНЫХ ПУБЛИКАЦИЙ (buxdu. Uz), 27, 27.

Davronovna, K. S. (2023). QUELQUES REMARQUES SUR LES PHRASÈMES ÉMOTIFS NEUTRES EN LANGUES FRANÇAISE ET OUZBÈKE. Gospodarka i Innowacje., 42, 741-744.

Davronovna, K. S. (2022). SOME FEATURES OF CERTAIN PHRASEOLOGICAL UNITS TRANSLATION USED IN FRENCH LITERATURE OF THE NINETEENTH CENTURY. European Journal of Interdisciplinary Research and Development, 9, 70-74.

Опубликован

Загрузки

Биография автора

Шахноза Холова ,
Бухарский государственный университет

Преподаватель кафедры французской филологии,

Как цитировать

Холова , Ш. (2025). Фразеологические единицы и их лингвистическая характеристика на французском языке. Лингвоспектр, 3(1), 219–223. извлечено от https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/522

Похожие статьи

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 > >> 

Вы также можете начать расширеннвй поиск похожих статей для этой статьи.