Pedagogik faoliyatni amalga oshirishda o‘qituvchining kasbiy kompetensiyasi

Авторы

  • Южно-Казахстанский университет имени Мухтара Аязова
  • Узбекский государственный университет мировых языков
Pedagogik faoliyatni amalga oshirishda o‘qituvchining kasbiy kompetensiyasi

Аннотация

Ushbu ilmiy maqolada “kompetensiya” va “kompetentlik” tushunchalari, shuningdek, O‘zbekistonda bo‘lajak o‘qituvchilarning kasbiy kompetentligini shakllantirishning dolzarb muammolarini aniqlaydigan tadqiqotning ayrim jihatlari ochib berilgan. Maqolaning maqsadi “kasbiy kompetensiya” tushunchasiga oid mahalliy va xorijiy tajribalarning ilmiy-nazariy talqinini o‘rganish hamda o‘qituvchi kasbiy kompetensiyasining tarkibiy asoslarini tahlil qilishdan iborat.

Ключевые слова:

ingliz tili kompetentsiya kompetentik kasbiy kompetentsiya talabalar bo‘lajak o‘qituvchilar pedagogik kompetentlik tuzilma

Kirish. Yangilanayotgan O‘zbekistonda ta’lim sohasini tubdan isloh qilish va zamonaviy uzluksiz ta’lim tizimini yaratish masalasi ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Ta’limning ustuvor vazifalari esa yangi avlod kadrlarini o‘z sohasining mutaxassisi qilib yetishtirish va jamiyatda o‘zining munosib o‘rnini topishi uchun o‘zlashtirgan bilim va ko‘nikmalarini faol tatbiq etish jarayonida shart-sharoit yaratib berishdan iborat. Shunga ko‘ra, “Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining qarorida aynan mutaxassislarning kasbiy kompetensiyasiga urg‘u berilgan (VMQ, 2021). Ushbu qonunda davlatimizda kasbiy kompetensiyalarini baholashni talabgorlar va ish beruvchilar o‘rtasida ommalashtirish, kasbiy malaka, bilim va ko‘nikmalar milliy tizimining rivojlantirilishida hamda kasbiy standartlarning ishlab chiqilishida eng ilg‘or xorijiy tajriba va ilmiy hamjamiyat takliflari qo‘llanilishining ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.

Tadqiqot metodlari. O‘qituvchi kasbiy kompetensiyasini shakllantirishda chet el va mahalliy olimlarning mavzu sohasidagi ilmiy-nazariy qarashlari, g‘oyalari va ilgari surilgan asosli fikrlari muhimdir. Mazkur mavzu ilmiy-pedagogik tadqiq etilishidan oldin atamalarning mazmun va mohiyatiga ko‘ra, mualliflik yondashuvi bo‘lishini talab qiladi. Jumladan, “kompetensiya” va “kompetentlik” tushunchasi keng qamrovli ma’noga ega bo‘lib, uning mazmun va mohiyati turli soha olimlari tarafidan turlicha talqin qilinadi.

Zamonaviy ta’limni modernizatsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar munosabati bilan “kompetensiya” va “kompetentlik” so‘zlari yangi tusga kirdi. Ushbu tushunchalarning mazmun-mohiyatini aniq ifodalashda N.A. Muslimov, A.V. Xutorskoy, I.A. Zimnyaya, John Raven, Robert White, Richard Boyatzis, Lothar Reetz va boshqa olimlar katta hissa qo‘shganlar.

Turli xil izohli lug‘at va ilmiy adabiyotlarda “kompetensiya” va “kompetentlik” tushunchalari turlicha izohlanadi. Ularning ma’nosini to‘g‘ri anglash va tushunish maqsadida quyidagi lug‘atlarga e’tiborimizni qaratdik:

“O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi”da keltirilishicha: “kompetensiya” (lot. Competo – erishyapman, munosibman, loyiqman) demakdir (8; 2008).

Rus tili lug‘atida  “kompetensiya”ga shunday izoh berilgan, [lot. competo – erishyapman; munosibman, loyiqman], 1. qonun, nizom yoki boshqa hujjat bilan muayyan organ yoki mansabdor shaxsga berilgan topshiriq; 2. muayyan sohadagi bilim, tajriba (15, 2007).

Bilimli, qobiliyatli, malakali bo‘lish negizidagi “kompetensiya” so‘zining kelib chiqishi chuqur o‘tmishimiz tarixiga borib taqaladi. O‘zbek xalqining asriy an’analari, jumladan, ta’lim-tarbiya sohasidagi yutuqlari ajdodlarimizning tabarruk o‘gitlari bilan bog‘liq. Temuriylar renessansi davrlarida jahon sivilizatsiyasiga bebaho ilmiy-madaniy va ma’rifiy hissa qo‘shgan Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, Imom Termiziy, Alisher Navoiy kabi buyuk ajdodlariga ega o‘zbek xalqining kundalik turmush jarayonlari, jumladan, ta’lim masalalari bilan bog‘liq bo‘lgan. Ijod, ilm-fan, insoniylik, halol mehnat, oliyjanoblik va bag‘rikenglikka undovchi ulamolar hozirgi kunga qadar O‘rta Osiyoda ta’lim-tarbiya va taraqqiyotning ma’naviy asosi bo‘lib kelgan.

Rus olimi I.A. Zimnyayaning ta’kidlashicha, kompetensiya muammosi bo‘yicha olib borilgan ishlarning tahlili shartli ravishda ta’limda yondashuvni shakllantirishning uch bosqichini belgilashga imkon beradi (Zimnyaya, 2006). (1-jadvalga qarang):

1-jadval. I.A. Zimnyayaning ta’limoti bo‘yicha kompetensiya bosqichi

Bosqich

Yillar

Izohi

I

1960-1970

“kompetensiya” toifasini ilmiy foydalanishga kiritish, kompetensiya/kompetentlik tushunchalarini farqlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bilan tavsiflanadi

II

1970-1990

tilni (ayniqsa, chet tili) o‘qitish nazariyasi va amaliyotida kompetensiya va kompetenlik toifalaridan foydalanish, hamda boshqaruv, menejment va muloqotni o‘rgatishda kasbiylikni aniqlashdan iborat

III

1990- h.k.

Rossiya mamlakatida ta’limga nisbatan kompetensiyani ilmiy kategoriya sifatida o‘rganish alohida har tomonlama ko‘rib chiqiladigan obyekt sifatida faoliyat yuritishi bilan ajralib turadi. Bu davrda YuNESKO materiallarida ta’limning istalgan natijasi sifatida qaralishi kerak bo‘lgan bir qator kompetensiyalar paydo bo‘la boshladi

 

Bu borada EQF (The European Qualifications Framework) Yevropa malakaviy doirasi  hujjatida kompetensiyani “ish yoki o‘qish davrida kasbiy va shaxsiy rivojlanish bo‘yicha bilim, ko‘nikma va shaxsiy, ijtimoiy va metodologik qobiliyatlardan foydalanishning tasdiqlangan uslubi” sifatida belgilaydi. Aniqrog‘i, “kompetensiya” o‘zi samarali harakat qilish qobiliyati bilan emas, balki mas’uliyatli yondashish darajasi bilan bog‘liqdir.

Shunday qilib, kompetensiyani talablar to‘plami, deya tushunsa bo‘ladi, kompetentlik esa muayyan kompetensiyani aniqlash bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish malakasi, ya’ni ma’lum bir sohadan xabardorligini bildiradi.

Ba’zi manbalarda “kasbiy kompetensiya” yoki “kasbiy kompetentlik” deb yuritiladigan ta’rifning ma’nosiga izoh berib o‘tamiz. Shuni ta’kidlash joizki, bu ikki so‘z ayrim manbalarda mujmal holda talqin etilgan. Vaholanki, “kasbiy kompetentlik” tushunchasiga bizning nazarimizda, pedagog sifatida faoliyatini olib borayotgan, bosqichma-bosqich shakllangan kasbiy layoqatga nisbatan qo‘llanilganda ularning xususiyatlari va shaxsiy fazilatlari birligini ifodalovchi belgilar mujassamligi sifatida tushunish mumkin. Boshqacha qilib aytganda, pedagoglar kasbiy faoliyatining sifat ko‘rsatkichidir. “Kasbiy kompetensiya” esa bilim, ko‘nikma, malaka, kasbiy munosabatga ega xususiyatlarni o‘z ichiga olgan, kasbiy faoliyatga tayyorlanish davrida shaxs sifatida o‘zini tushunish, o‘z kasbiy imkoniyatlarini anglash, shakllantirish kabi shaxsiyatning barcha tomonlarini qamrab oladi.

Kasbiy kompetensiyani shakllantirish muammolariga oid ilmiy adabiyotlarni o‘rganayotganda, birinchidan, so‘nggi o‘n yillikda ushbu muammolarga ko‘plab tadqiqotlar bag‘ishlanganligiga e’tibor qaratdik, ikkinchidan, tadqiqotchilar ushbu tushunchani turli yo‘llar bilan ochib berishgan, ularga mualliflik yondashuvini berishga harakat qilishgan. Jumladan, pedagog  olimlar o‘z ishlarida kasbiy kompetensiya tushunchasini ko‘rib chiqqanlar (N.A. Muslimov, X.A. Mamatqulov, N.N. Karimova, V.A. Sitarov, M.A. Abdullayeva, A.A. Pecherkina, Andreas Schelten va boshqalar).

X.A. Mamatqulov nuqtayi nazaridan kelib chiqib, kasbiy kompetentlik – murakkab xususiyatga ega bo‘lgan, ijtimoiy, axborot, kommunikativ, refleksiv, intellektual, tadqiqotchilik kompetensiyalarini o‘zida aks ettirgan integral tizim ekanligini ham qayd etish o‘rinli bo‘ladi (Mamatqulov, 2017).

Yuqorida keltirilgan fikrimizga mos ravishda tadqiqotchi N.N. Karimova ham shu nuqtayi nazarni qo‘llab-quvvatlagan holda ushbu masalaga “kasbiy kompetentlik” shaxsning o‘z kasbiy bilimlarini tinimsiz rivojlantirib borishi, yangi axborotlarni o‘rganishi, davr talablarini his etishi, yangi bilimlarni izlab topishi, ularni qayta ishlashi hamda o‘z amaliy faoliyatida qo‘llay bilishi, deb hisoblash mumkinligini uqtiradi (Karimova, 2018). Ammo u bizning fikrimizga zid holda kasbiy kompetensiya tushunchasining o‘rniga kasbiy kompetentlikni ta’lim olishda kasbiy sohaga nazariy jihatdan yondashish va bevosita faoliyat jarayonidagi amaliy tayyorgarlikni, ya’ni o‘z ishini amaliyotda qo‘llay bilish ko‘nikmasini o‘zlashtirish ma’nosida ishlatadi.

V.A. Sitarovning maqolasida kasbiy kompetensiyaga “... o‘quv jarayonini shakllantirishdagi maqbullik va samaradorlikni ta’minlaydigan murakkab ta’lim, shu jumladan, bilim, mahorat, shaxsning xususiyatlari va fazilatlari majmuasidir. Uning tarkibi o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘lgan kompetensiya turlarini o‘z ichiga oladi: metodologik, maxsus, pedagogik, psixologik va metodik” (Sitarov, 1991), deya ta’rif berilgan.

Olima M.A. Abdullayeva fikriga ko‘ra, kasbiy kompetensiya o‘qituvchining pedagogik fazilatlarini, uning kasbiy mahoratining butun majmuyini ochib berish sifatida tushuniladi, ya’ni kasbiy malakasini oshirishda, o‘z bilim va ko‘nikmasiga tayangan holda mustaqil qarorlar qabul qila olishi, faoliyat jarayonining muammoli vaziyatidan qiyinchiliksiz o‘tishidir (Abdullayeva, 2017).

A.A. Pecherkinaning monografiyasida o‘qituvchining kasbiy kompetensiyasi tahlil qilinar ekan, bu tushunchaga faoliyatning samaradorligiga erishish, davlat ta’lim standartlari mazmunini amalga oshirishni ta’minlaydigan umumlashtirilgan bilim, ko‘nikma va malakalar jamlanmasi sifatida e’tirof etiladi (Pecherkina, 2011). Shuningdek, u o‘qituvchi kasbiy kompetensiyasining xususiyatlarini o‘rganadi, ta’lim muhiti sharoitlari va o‘qitish tajribasiga qarab uning tarkibiy qismlarini o‘rganish natijalarini taqdim etadi. Zero, kasbiy kompetensiya tegishli bilim, ko‘nikma va shaxsning ichki dunyosini shakllantirish, demakdir.

Pedagog olim N.A. Muslimov o‘zining o‘quv-metodik qo‘llanmasida “kasbiy kompetentlikning tarkibiy asoslari negiziga ijtimoiy va maxsus (kasbiy), shaxsiy, texnologik va ekstremal kompetentlik hamda maxsus kompetentlikni psixologik, metodik, informatsion, kreativ, innovatsion va kommunikativ kompetentlik sifatlariga bo‘lgan” (Muslimov, 2015).

Olima B.A. Nazarova esa kasbiy kompetentlikning tarkibiy asoslarini quyidagilarga ajratgan: “maxsus yoki kasbiy (kasbiy faoliyatni yuqori darajada tashkil etish), ijtimoiy kompetentlik (kasbiy faoliyatni hamkorlikda tashkil etish, ijtimoiy mas’ullik), autokompetentlik (o‘zini ijtimoiy-kasbiy rivojlantira olish), ekstremal kasbiy kompetentlik (kutilmagan vaziyatlarda ishlay olish)” (Nazarova, 2009).

Nemis olimi Andreas Shelten (Andreas Schelten) ta’rifiga ko‘ra kasbiy kompetensiya maxsus (kasbga yo‘naltirilgan bilimlarning mavjudligi), ijtimoiy (o‘zi haqida ijobiy fikrga egaligi, boshqa odamlar bilan muloqot qilish qobiliyati, jamoada o‘zini tutish qobiliyati), metodik (murakkab muammolarni mustaqil hal qilish yo‘llarini topish, o‘z-o‘zini tarbiyalash, o‘z-o‘zini rivojlantirish) kompetensiya birikmasi sifatida taqdim etadi. Jumladan, kasbiy kompetensiya tuzilmasini maxsus va uslubiy, individual (shaxsiy) va ijtimoiy-tarkibiy asoslari tashkil etadi (Schelten, 2000).

Natijalar va munozara. Shunday qilib, biz metodist va pedagog olimlar tomonidan amalga oshirilgan ilmiy tadqiqot ishlarini  tahlil qilish va o‘rganish jarayonida o‘qituvchi kasbiy kompetensiyasining tarkibiy asoslari xilma-xil va ularning hammasi muhim ahamiyatga ega ekanligini aniqladik. Yuqorida bayon etilganlarning barchasini inobatga olib o‘z maqsadimizdan kelib chiqqan holda o‘qituvchi kasbiy kompetensiyasining ayrim tarkibiy asoslarini ajratib oldik va ular quyidagilardan iborat (1-rasmga qarang):

1-rasm. O‘qituvchi kasbiy kompetensiyasining tarkibiy asoslari.

Yuqoridagi rasmdan ko‘rinib turibdiki, o‘qituvchi kasbiy kompetensiyasining shakllanishida quyidagi tarkibiy asoslar muhim ahamiyat kasb etadi, bular:

Ijtimoiy kompetensiya – “bu qo‘shimcha faoliyatni olib borish usullarini bilish, hamkorlikda bajarish yo‘llarini aniqlash, ijtimoiy munosabatlarda faollik ko‘rsatish ko‘nikma va malakalariga egalik qilishdir”.

Shaxsiy kompetensiya – “o‘z ustida ishlash va o‘zini namoyon etish yo‘llarini bilish, malaka darajasini rivojlantirib borish, izchil ravishda kasbiy barkamollikka erishish, kasbiy faoliyatda o‘z ichki zaxiralarini namoyon qilish”.

Texnologik kompetensiya – “kasbiy bilim, ko‘nikma va malakani takomillashtiradigan ilg‘or texnologiyalarni o‘z ichiga qamrab olish va o‘zlashtirish, zamonaviy texnologiya vositalaridan oqilona foydalana olish hamda ta’lim sifatini yuqori pog‘onaga ko‘tarish”.

Maxsus kompetensiya – “kasbiy faoliyatni rivojlantirishga tayyorlanish, kasbiy faoliyat natijalarini haqqoniy baholash, bilim, ko‘nikma va malakalarni uzviy takomillashtirib borish bo‘lib ushbu kompetentlik asosida metodik, psixologik, kommunikativ, kreativ, informatsion kompetentlik namoyon bo‘ladi”. Ular orqali quyidagi ma’no ifodalanadi:

metodik kompetensiya – “ta’lim yoki tarbiyaviy faoliyat ko‘rinishlarini aniq belgilash, pedagogik jarayonni metodik jihatdan to‘g‘ri shakllantirish, metodlarni samarali va muvaffaqiyatli qo‘llay bilish”;

psixologik kompetensiya – “pedagogik jarayonda sog‘lom psixologik muhitni yaratish, ta’lim jarayonining ishtrokchilari bilan samimiy muloqotni shakllantirish, yuzaga keladigan salbiy psixologik muammolarni o‘z vaqtida bartaraf eta olish”;

kommunikativ kompetensiya – “ta’lim jarayonining qatnashchilari bilan samimiy muloqotga kirishish, ularni tinglay olish va ularga ijobiy ta’sir ko‘rsata bilish”;

kreativ kompetensiya – pedagogik faoliyatga nisbatan tanqidiy va ijodiy yondashish, o‘zining ijodkorlik malakalariga ega ekanligini namoyon eta olish;

informatsion kompetensiya – axborot muhitida kerakli, zarur, muhim, foydali ma’lumotlarni topish, yig‘ish, qayta ishlash va ulardan samarali foydalanish.

I.V. Georgening monografiyasida kasbiy kompetensiya tuzilmasining tarkibiy qismini belgilaganda, uning o‘zgarmas tuzilishiga taalluqli motivatsion-qiymatli, kognitiv, faollik, shaxsiy va refleksiv asoslari keltirilgan (George, 2016). Shunday qilib, ko‘pchilik tadqiqotchilar kasbiy kompetensiyaning tuzilmali asosini dinamik rivojlanayotgan shaxsiy xususiyat sifatida belgilash to‘g‘ridir, deb e’tirof etishgan.

Yuqoridagi jadvalni inobatga olgan holda va amalga oshirilgan nazariy tahlil kasbiy kompetensiya tuzilmasidagi: motivatsion-qiymatli, faoliyatga yo‘naltirilgan, kognitiv, protsessual (jarayonli) va refleksiv tarkibiy qismlarni (kasbiy kompetensiya tarkibiy komponenti sifatida) ajratishga imkon beradi (2-jadvalga qarang):

2-jadval.

O‘qituvchi kasbiy kompetensiyasining tarkibiy qismlari

motivatsion-qiymatli

kognitiv

bo‘lajak o‘qituvchining kasbiy faoliyatiga shaxsiy munosabatini, uning kasbiy mehnat va ta’limga bo‘lgan ishtiyoqini, shaxsiy maqsad va manfaatlarini aks ettiradi. Bunda muvaffaqiyat va muvaffaqiyatsizlikka uchraganda adekvat munosabatning namoyon bo‘lishi, kasbiy faoliyatning ahamiyatini anglash, o‘zini o‘zi rivojlantirish, tarbiyalash va takomillashtirishga ijobiy munosabatni mujassamlashtiradi

kasbiy faoliyatining muhimligini anglash, shu jumladan, kompetensiya mazmuni, uning kelajakdagi kasbiy faoliyati haqidagi bilim va ko‘nikmalar mohiyati

faoliyatga yo‘naltirilgan

protsessual (jarayonli)

bo‘lajak o‘qituvchilarda shakllangan bilim, ko‘nikma va malakalar darajasini ko‘rsatadi, xususan, umumiy kasbiy (o‘quv, kommunikativ, refleksiv va boshqalar) va maxsus (amaliy ko‘nikmalar, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, o‘quv va kasbiy vazifalarni hal qilish usullari), shuningdek, mavjud ko‘nikma va malakalardan oqilona foydalanish qobiliyatining mavjudligi, kasbiy faoliyatni takomillashtirish zarurati va tayyorligi

ya’ni kasbiy kompetensiyani shakllantirish va rivojlantirish ta’lim (tayyorlash, o‘z-o‘zini tarbiyalash) jarayonida sodir bo‘ladi, bu kasbiy ta’lim jarayonida kasbiy kompetensiyani shakllantirish bosqichlarini aniqlash imkonini beradi

refleksiv

bilim olish va rivojlanish vaqtida o‘z-o‘zini baholash, o‘z-o‘zini tahlil va nazorat qilish, kasbiy kompetensiyani shakllantirish samaradorligini aks ettiruvchi faoliyat

 

Xulosa. Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, hozirgi kunda yurtimizda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash ishlari olib borilmoqda, kasbiy kompetensiya masalalariga alohida e’tibor berilmoqda. O‘qituvchilarning “kasbiy kompetensiya”si deganda, o‘z kasbiy bilim va ko‘nikmalarini tinmay boyitib borishi va yangi vazifalarni o‘z oldiga qo‘yishi, ya’ni davr talablarini his etishi hamda o‘z amaliy faoliyatida to‘g‘ri qo‘llay olishi tushuniladi.

Библиографические ссылки

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-sentyabrdagi VMQ-616-son “Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori. Elektron resurs: https://lex.uz/docs/5664463

Kamariddinovna, M. E. (2022). THE STRUCTURE OF PROFESSIONAL COMPETENCE OF PRESCHOOL ENGLISH TEACHERS. International Journal of Pedagogics, 2(07), 1-4.

Kamariddinovna, M. E. (2022). PROFESSIONAL COMPETENCE STRUCTURE OF FUTURE PRE-SCHOOL ENGLISH TEACHERS. Galaxy International Interdisciplinary Research Journal, 10(12), 15-18. -2 (

Karimova N.N. Bo‘lajak kasb ta’limi o‘qituvchilarining kasbiy kompetentligini rivojlantirish:. Ped. fan. fal. dok. … diss. – Toshkent, 2018. – 130 b.

Mamatqulov X.A. Pedagoglarda xorijiy tillar bo‘yicha kasbiy kompetentlikni rivojlantirishning axborot-metodik ta’minotini takomillashtirish. Ped. fan. fal. dok. … diss. – Toshkent, 2017. – 144 b.

Muslimov, N. (2015). Usmonboeva M. va boshqalar. Pedagogik kompetentlik va kreativlik asoslari. Sano-standart. Toshkent, 120.

Nazarova B.A. Pedagogika kollejlari bo‘lg‘usi o‘qituvchilarining kasbiy layoqatini tarbiyalash: Ped. fan. nomz. ... dis. – Toshkent: TDPU, 2009. – 144 b.

O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat milliy nashriyoti, – T.: 2008. 8 tom. B-26.

Office for Official Publications of the European Communities. (2008). The European Qualifications Framework for Lifelong Learning. Luxemburg, 15.

Schelten, A. (2000). Begriffe und Konzepte der berufspädagogischen Fachsprache: eine Auswahl. Franz Steiner Verlag. Stuttgart, 164.

Абдуллаева М.А. Теория и практика развития профессиональной компетентности будущих учителей иностранного языка на коммуникативнограмматической основе в педагогических вузах Республики Таджикистан: Дис. … докт. пед. наук. – Душанбе, 2017. – 418 с.

Георге, И. В. (2016). Формирование профессиональных компетенций студентов образовательных организаций высшего образования на основе организации самостоятельной работы. Тюмень: ТИУ, 143.

Зимняя, И. А. (2006). Ключевые компетенции – новая парадигма результата современного образования. Эйдос, (5).

Мойдинова, Э. К. (2021). Особенности профессиональной компетентности будущих учителей Узбекистана. Экономика и социум, (1-2 (80)), 241-245.

Новая иллюстрированная энциклопедия. Кн. 5. Кл – Ма. – М.: Большая Российская энциклопедия, ООО “ТД Издательство Мир книги”, 2007. – 512 с.

Печеркина, А. А. (2011). Развитие профессиональной компетентности педагога: теория и практика. Урал. гос. пед. ун-т. – Екатеринбург, 233.

Ситаров, В. А. (1991). Формирование методической компетентности будущего учителя. Теория и практика высшего педагогического образования, 74-81.0)), 241-245.

Опубликован

Загрузки

Биографии авторов

Махкамбай Артыкбаев ,
Южно-Казахстанский университет имени Мухтара Аязова

pedagogika fanlari nomzodi, dotsent

Эльмира Мойдинова,
Узбекский государственный университет мировых языков

PhD, katta o‘qituvchi

Как цитировать

Артыкбаев , М., & Мойдинова, Э. (2024). Pedagogik faoliyatni amalga oshirishda o‘qituvchining kasbiy kompetensiyasi. Лингвоспектр, 2(1), 39–44. извлечено от https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/97

Похожие статьи

<< < 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 > >> 

Вы также можете начать расширеннвй поиск похожих статей для этой статьи.